O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining
Qarori
Sudlar tomonidan soliq qonunchiligini qo‘llashning ayrim masalalari haqida
Sud amaliyotini o‘rganish natijalari sudlar soliq qonunchiligini ayrim xatolarni inobatga olmaganda, asosan to‘g‘ri qo‘llayotganliklarini ko‘rsatdi. Soliq nizolarini ko‘rishda sudlar tomonidan qonunchilik hujjatlarini to‘g‘ri va bir xilda qo‘llanilishini ta’minlash maqsadida “Sudlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 22-moddasiga asoslanib, Oliy sud Plenumi qaror qiladi:
I bob. Umumiy masalalar
1. Sudlarning e’tibori soliq qonunchiligining doirasi O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining (bundan buyon matnda Soliq kodeksi, Soliq kodeksining, Soliq kodeksida deb yuritiladi) 2-moddasi bilan belgilanganligiga qaratilsin.
soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha imtiyozlarning amal qilish muddati O‘RQ-599-sonli Qonunning 4-moddasida nazarda tutilganligiga;
yangi tahrirdagi Soliq kodeksi 2020-yil 1-yanvardan e’tiboran kuchga kirganligiga va uning qoidalarini qo‘llash tartibi O‘RQ-599-sonli Qonuni 6-moddasida belgilanganligiga;
maxsus iqtisodiy zonalarning ishtirokchilari bilan bog‘liq soliq nizolarini ko‘rishda Soliq kodeksining 68-bobida nazarda tutilgan normalar qo‘llanilishiga e’tibor qaratsin.
3. Sudlar Soliq kodeksining 13-moddasida belgilangan soliq to‘lovchining haqligi prezumpsiyasi prinsipini qo‘llashda soliqlarni hisoblash, undirish, to‘lash yoki soliq organi va soliq to‘lovchi o‘rtasidagi munosabatlarda vujudga kelgan qarama-qarshiliklar va noaniqliklarga emas, balki aniq qonunchilik hujjatlaridagi bartaraf etib bo‘lmaydigan qarama-qarshiliklar va noaniqliklarga baho berishi lozim.
4. Sudlar shuni nazarda tutishi lozimki, soliq nizolarining taraflari sifatida Soliq kodeksida nazarda tutilgan subyektlar hamda boshqa qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan davlat organlari va boshqa shaxslar ishtirok etishi mumkin.
Shuningdek, ixtiyoriy tugatish jarayonida bo‘lgan yuridik shaxslar nomidan tugatuvchi, to‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atilgan shaxslar nomidan esa sud boshqaruvchisi sudga murojaat qilishga haqli.
5. Soliq kodeksi 88-moddasining to‘rtinchi qismiga ko‘ra, soliq majburiyati bo‘yicha da’vo qilish muddatining o‘tishi O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 156, 157 va 159-moddalariga muvofiq to‘xtatib turilishi, uzilishi va qayta tiklanishi mumkin.
6. Soliq kodeksining 110-moddasiga asosan hisoblangan va belgilangan muddatda to‘lanmagan penya ham Soliq kodeksining 55-moddasiga muvofiq, soliq qarzi deb e’tirof etilishini e’tiborga olgan holda sudlar shuni nazarda tutishi lozimki, hisoblangan penyadan soliq to‘lovchini ozod etishga yoki penya miqdorini kamaytirishga yo‘l qo‘yilmaydi, bundan qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan holatlar mustasno.
7. O‘zbekiston Respublikasi tomonlardan biri bo‘lgan, ikkiyoqlama soliq solishning oldini olish va soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlashni bartaraf etish masalalarini tartibga soladigan xalqaro shartnoma qoidalari shunday shartnomani tuzgan bir yoki ikkala davlatning soliq rezidentlariga nisbatan qo‘llaniladi.
Shunga ko‘ra, bunday toifadagi ishlarni ko‘rishda sudlar zarur hollarda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi yoki Adliya vazirligiga murojaat qilib, sudda ko‘rilayotgan nizoga doir masala yuzasidan xalqaro shartnomalar mavjud yoki mavjud emasligini aniqlash chorasini ko‘rish kerakligiga e’tibor qaratilsin.
II bob. Protsessual qonunchilikni qo‘llash
8. Soliq nizolari sudga taalluqlilik va sudlovga tegishlilikning umumiy qoidalariga asosan tumanlararo, tuman (shahar) sudlari tomonidan birinchi instansiya sudi sifatida ko‘riladi (bundan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar tomonidan ko‘riladigan ishlar mustasno).
9. Sudlarga tushuntirilsinki, jismoniy va yuridik shaxslarning huquq va erkinliklari himoya qilinishi lozim bo‘lgan sud ishi yurituvi turini to‘g‘ri aniqlash (da’vo ish yurituvi yoki ommaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ish yurituvi) sud himoyasi uchun murojaat qilgan shaxsning talabidan kelib chiqqan huquqiy munosabatlarga bog‘liqdir.
Oldingi tahrirga qarang.
10. Sudlarning e’tibori shunga qaratilsinki, soliq qarzdorligini undirish, soliq to‘lovchilarning budjetdan pul summalarini qaytarish, huquqiy ta’sir choralarini qo‘llash to‘g‘risidagi ishlar tegishliligicha iqtisodiy sudlar va fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarning sudloviga, soliq organlarining qarorlari va ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi), soliq organi tomonidan soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhini tashkil etish to‘g‘risidagi shartnomani ro‘yxatdan o‘tkazishni rad etish ustidan ariza (shikoyat) ma’muriy sudlarning sudloviga taalluqli, bundan soliq to‘lovchini soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etganlik uchun ma’muriy javobgarlikka tortish bo‘yicha qabul qilgan qarorlari mustasno.
(10-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-noyabrdagi 34-sonli qarori tahririda)
Soliq organining normativ xarakterga ega bo‘lgan hujjatlari bo‘yicha manfaatdor shaxs O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksining (bundan buyon matnda MSIYUtK, MSIYUtKning deb yuritiladi) 22-bobi tartibida nizolashishi mumkin.
11. Soliq qarzini undirish soliq organi tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki sud orqali amalga oshirilishini inobatga olib, sudlar bu toifadagi ishlarni ko‘rishda Soliq kodeksining 15-bobida nazarda tutilgan tartibga rioya qilinganligiga e’tibor qaratishi lozim.
12. Sudlarning e’tibori da’vo arizasi, ariza (shikoyat) protsessual qonunchilikning tegishli normalari — O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksining 189-moddasi, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksining 149, 218-moddalari, MSIYUtK 128-moddasi, shuningdek Soliq kodeksining maxsus normalarida qayd etilgan talablarga javob berishi lozimligiga qaratilsin.
Masalan, soliq organi tomonidan berilgan da’vo arizasida undirilishi so‘ralgan soliq turi, davri, summasi, soliq organining fikri bo‘yicha huquqni suiiste’mol qilinganligini, bitim qalbakiligini (ko‘zbo‘yamachilik uchun tuzilganligini) tasdiqlovchi va talabni asoslantiruvchi boshqa holatlar ko‘rsatilishi kerak.
13. Ishni sud muhokamasiga tayyorlash jarayonida sudya tegishli protsessual qonunchilikda belgilangan harakatlarni amalga oshirishi, jumladan, da’voni ta’minlash yoki dastlabki himoya choralarini qo‘llash, zarur dalillarni olish choralarini ko‘rishi lozim.
14. Ishda ishtirok etuvchi shaxslarning vakilligiga oid masalalarni hal qilishda sudlar shuni nazarda tutishi lozimki, “Soliq maslahatiga oid faoliyat to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuniga ko‘ra, soliq maslahatchilari tashkilotining yuridik va jismoniy shaxslarga shartnoma asosida xizmatlar ko‘rsatishga doir faoliyatiga soliq maslahatchisining soliqqa oid huquqiy munosabatlar bilan bog‘liq bo‘lgan iqtisodiy, fuqarolik hamda ma’muriy ishlarni ko‘rib chiqishda vakillik qilish ham kiradi. Bunday vakolat ishonch bildiruvchi tomonidan protsessual qonunchilikda belgilangan tartibda berilgan ishonchnoma, soliq maslahatchilari tashkiloti bilan tuzilgan soliq maslahati bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish to‘g‘risida shartnoma (undan ko‘chirma) va malaka sertifikati asosida tasdiqlanadi.
15. Sudlarga tushuntirish lozimki, soliq qonunchiligiga ko‘ra, soliq to‘lovchilardan undirilgan soliqlar va yig‘imlar belgilangan tartibda budjet tizimiga (budjetga va davlat maqsadli jamg‘armalariga) yo‘naltirilishi sababli, ortiqcha to‘langan yoki ortiqcha undirilgan soliqlarni qaytarish yoki undirish to‘g‘risidagi da’vo qanoatlantirilganda hal qiluv qarorida undiriladigan summa budjet tizimidan qaytarilishi ko‘rsatilishi lozim.
Bunday holatda sudlar Soliq kodeksining 12-bobida nazarda tutilgan normalar qo‘llanilishiga e’tibor qaratsin.
Shu munosabat bilan soliq to‘lovchilar tomonidan ortiqcha to‘langan yoki soliq organi ortiqcha undirgan pul mablag‘larini budjetdan qaytarish to‘g‘risida da’vo arizalari berilganda sudlar O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi va (yoki) uning hududiy organlarini nizo predmetiga nisbatan javobgar tarafida mustaqil talablar bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxs sifatida ishda ishtirok etishga jalb qilish masalasini muhokama qilishi lozim.
16. Soliq kodeksining 14-moddasiga asosan soliq organlari soliq solish maqsadida barcha bitimlar va soliq to‘lovchi kirishadigan boshqa iqtisodiy munosabatlar, ularning yuridik jihatdan rasmiylashtirilishi usulidan yoki shartnomaning nomlanishidan qat’i nazar, o‘zining haqiqiy iqtisodiy mazmunidan kelib chiqqan holda hisobga olish vakolatiga ega.
Bunda qo‘shimcha soliq hisoblanishi natijasida hosil bo‘lgan soliq qarzi soliq organlarining soliq tekshiruvi bo‘yicha huquqni suiiste’mol qilishning, bitim qalbakiligining (ko‘zbo‘yamachilik uchun tuzilganligining) holatlarini aniqlash, shuningdek ularning oqibatlarini qo‘llashga asoslangan va bunga soliq to‘lovchi norozi bo‘lgan taqdirda soliq organi hosil bo‘lgan soliq qarzini undirish haqidagi da’vo arizasi bilan fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga yoki iqtisodiy sudga murojaat qilishi lozim.
Soliq to‘lovchining yuqorida qayd etilgan noroziligi soliq tekshiruvi yakuni bo‘yicha tekshiruv materiallarini ko‘rib chiqish bosqichi tugagunga qadar bildirilmagan bo‘lsa, soliq organining soliqni qo‘shib hisoblash to‘g‘risida qabul qilgan qarori yuzasidan ma’muriy sudda nizolashish mumkin.
Sudlarning e’tibori soliq organining huquqni suiiste’mol qilish yoki bitim qalbakiligining (ko‘zbo‘yamachilik uchun tuzilganligining) holatlari bo‘yicha soliq qarzini sud orqali undirish haqida qabul qilgan qarori soliq to‘lovchi uchun huquqiy oqibat keltirib chiqarmasligi sababli, uni haqiqiy emas deb topish haqidagi talab sudga taalluqli emasligiga qaratilsin.
III bob. Soliq nizolarini sudlarda ko‘rishning o‘ziga xos xususiyatlari
Ma’muriy sudlarda ko‘riladigan soliqqa oid nizolar bo‘yicha
Ma’muriy sudlarda ko‘riladigan soliqqa oid nizolar bo‘yicha
17. Soliq organining, ular mansabdor shaxslarining qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilish to‘g‘risidagi ishlar MSIYUtKning 23-bobi tartibida ko‘rib chiqiladi.
18. Soliq organining sayyor soliq tekshiruvi va soliq auditi natijalari bo‘yicha qabul qilingan qarori ustidan berilgan shikoyat yuqori turuvchi soliq organi tomonidan qonunda belgilangan muddatlarda ko‘rib chiqilmaganligi, soliq to‘lovchining belgilangan muddat o‘tgandan keyin soliq organining qarorini sudda nizolashish huquqini istisno qilmaydi.
Shu bilan birga, sudlarning e’tibori soliq to‘lovchi sudga yuqori turuvchi soliq organi mansabdor shaxsining shikoyatni muddatida ko‘rib chiqmaslikda ifodalangan harakatsizligi ustidan ariza (shikoyat) bilan murojaat qilishi mumkinligiga qaratilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(19-band O‘zbekiston Respublikasi sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan)
Oldingi tahrirga qarang.
20. Soliq kodeksi 231-moddasining sakkizinchi qismida soliq organlarining qarorlari, mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilish qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda amalga oshirilishi qayd etilganligi sababli, bunday arizalar (shikoyatlar) MSIYUtK 186-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan muddatda berilishi mumkin.
(20-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qarori tahririda)
Soliq to‘lovchi nizolashilayotgan qaror haqida bilgan payt deganda, qaror belgilangan tartibda topshirilmagan bo‘lsa-da, u nizoli qarordan amalda xabardor bo‘lgan vaqt (masalan, soliq organining qarori asosida soliq to‘lovchidan soliqni undirishga qaratilgan harakatlar va hokazo) tushuniladi.
Yuqori turuvchi soliq organiga shikoyat qilinganida soliq organining qarorlari ustidan sudga shikoyat qilish muddati, quyi turuvchi soliq organining qarori qabul qilingan kundan e’tiboran o‘ta boshlaydi (Soliq kodeksining 234-moddasi tartibida ko‘rmasdan qoldirilgan shikoyatlar bundan mustasno).
21. MSIYUtK 186-moddasining uchinchi qismiga ko‘ra, sud ariza (shikoyat) berishning uzrli sabablarga ko‘ra, o‘tkazib yuborilgan muddatini tiklashga haqli.
Sudga murojaat qilishning o‘tkazib yuborilgan muddatini tiklash haqidagi masalani hal qilishda, sudlar arizachining nizolashilayotgan qaror yoki harakat (harakatsizlik) haqida bilgan yoxud bilmaganligi, arizachi o‘zining buzilgan huquqlarini tiklash borasida qanday choralar amalga oshirganligiga e’tibor qaratishi lozim.
Masalan, favqulodda holatlar, karantin, fuqaroning og‘ir va davomli kasalligi, shaxsning soliq qarori haqida bexabarligi sudga murojaat qilishga obyektiv to‘sqinlik qiluvchi holatlar sifatida ariza berishning muddati uzrli sabablarga ko‘ra o‘tkazib yuborilgan deb topilishi uchun asos bo‘lishi mumkin.
Sud har bir ish bo‘yicha arizachi tomonidan qonun bilan belgilangan sudga murojaat qilish muddatlariga rioya qilinganligini aniqlashi, mazkur muddatlar buzilganda esa, manfaatdor shaxsning muddatni o‘tkazib yuborilishiga sabab sifatida keltirilgan vajlarini muhokama qilishi lozim.
22. Soliq kodeksi 231-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan shikoyat yuqori turuvchi soliq organi tomonidan ko‘rib chiqilganidan so‘ng sud tartibida shikoyat qilinganda sud tegishli tartibda yuqori turuvchi soliq organini ishga jalb qilishi lozim, bundan Soliq kodeksi 235-moddasi to‘rtinchi qismining ikkinchi xatboshisida ko‘rsatilgan holat mustasno.
23. Sudlarning e’tibori shunga qaratilsinki, “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 4-moddasiga asosan soliqlar va yig‘imlarni belgilash, joriy etish va bekor qilishga, hisoblab chiqarish hamda to‘lashga doir munosabatlar jamoatchilik nazoratining obyekti hisoblanmasligi, MSIYUtKning 23-bobi tartibida soliq organlarining individual xarakterga ega bo‘lgan qarorlari (mansabdor shaxsning harakati, harakatsizligi) nizolashishi mumkinligidan kelib chiqqan holda sudga yuqorida qayd etilgan Qonun asosida murojaat qilgan jamoatchilik nazorati subyektining arizasini sudya MSIYUtK 134-moddasi birinchi qismining 3-bandiga asosan qaytarishga haqli.
24. Ariza (shikoyat) soliq to‘lovchi yoki uning vakili tomonidan imzolanib, kamchiliklar bartaraf etilganidan so‘ng qo‘zg‘atilgan ma’muriy ishni ko‘rishda sud, arizachining iltimosiga ko‘ra jamoatchilik nazorati subyektini mustaqil talab bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxs sifatida jalb qilish masalasini hal qiladi.
25. Sudlarga tushuntirilsinki, MSIYUtKning 79-moddasida ko‘rsatilgan masalalar yuzaga kelganda, sud tomonidan ekspertiza tayinlanishi mumkin.
Soliqqa oid nizolar yuzasidan tayinlanadigan ekspertiza turini aniqlashda sudlar ekspert tekshiruvi obyektining xususiyatidan kelib chiqishi lozim (masalan, sud-soliq, sud-buxgalteriya va hokazo).
Sudlar ma’muriy ish bo‘yicha tayinlangan ekspertizani o‘tkazish uchun to‘lov undirilishi masalasini “Sud ekspertizasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 25-moddasi talablari asosida hal etishi lozim.
Sudlar ishlarni ko‘rishda sansalorlik va ishlarni ko‘rish muddati cho‘zilib ketishining oldini olish maqsadida o‘z vaqtida ekspertga zarur hujjatlarni taqdim etish bo‘yicha choralar ko‘rishi lozim.
Ekspert xulosasi sud uchun oldindan belgilangan kuchga ega emas va ish bo‘yicha boshqa dalillarning yig‘indisi bilan baholanishi lozim. Sudning ekspertiza xulosasiga qo‘shilmaganligi sud qarorida asoslantirilishi shart.
26. Soliq organi qarori, mansabdor shaxsining harakati (harakatsizligi) ustidan berilgan ariza (shikoyat)ni ko‘rishda ma’muriy sudlar quyidagilarni tekshirishi kerak:
soliq tekshiruvini o‘tkazish haqidagi qaror vakolatli shaxs tomonidan qabul qilinganligi;
soliq tekshiruvini o‘tkazishda qonunchilikda belgilangan tartib-taomillarga amal qilinganligi;
tekshiruv ro‘yxatga olinganligi holatlari.
27. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 1878-moddasi surishtiruvchining, tergovchining, prokurorning qarori yoki sudning ajrimi asosida tayinlangan taftish natijalari to‘g‘risidagi dalolatnoma nusxasi qonuniy choralar ko‘rish uchun tegishli vakolatli organga yuborilishini ham nazarda tutadi.
Taftish natijalari ustidan tekshirilayotgan subyektning mansabdor shaxslari yoki vakillari O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 18710-moddasiga asosan surishtiruvchiga, tergovchiga, prokurorga yoki sudga qo‘shimcha yoki qayta taftish tayinlash to‘g‘risida shikoyat qilishga haqli ekanligi belgilangan.
Vakolatli organ tomonidan qonuniy choralar ko‘rish yuzasidan qabul qilingan qaror ma’muriy hujjat hisoblanadi va uning ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin.
Ma’muriy hujjat uni qabul qilishning qonunchilikda belgilangan tartib-taomillari buzilganligi asosida haqiqiy emas deb topilgan taqdirda, sud qarori bilan vakolatli organ zimmasiga tekshirish natijalarini qayta ko‘rib chiqish majburiyati yuklanishi lozim.
Ma’muriy ishni tergov harakatlari olib borilayotgan yoki jinoyat ishlari bo‘yicha sudda ko‘rilayotgan jinoyat ishi yuzasidan qaror qabul qilinguniga qadar ko‘rish mumkin bo‘lmaganda (nizolashilayotgan qarorda ko‘rsatilgan hisob-kitoblarga e’tiroz bildirilgan hollarda) sud MSIYUtK 99-moddasining 1-bandiga asosan ish yuritishni to‘xtatishi shartligiga e’tibor qaratilishi lozim.
28. Sudlarning e’tibori qo‘shilgan qiymat solig‘i summasini hisobga olish bekor qilinganligi natijasida hisoblangan soliq summasini undirish to‘g‘risidagi qarorni nizolashish bo‘yicha ishlarni ko‘rishda Soliq kodeksining 267-moddasida nazarda tutilgan asoslarni tasdiqlovchi dalillar mavjudligiga qaratilishi lozim (masalan, soliq to‘lovchi tomonidan yengil avtomobillar, mototsikllar, vertolyotlar, motorli qayiqlar, samolyotlar, shuningdek motorli vositalarning boshqa turlari va ular uchun yoqilg‘i sotib olinganda, ushbu tovarlarning yuridik shaxs amalga oshirayotgan faoliyat turiga bog‘liqligiga aniqlik kiritish uchun faoliyatni amalga oshirish uchun berilgan litsenziyalar, transport vositasini boshqarish uchun haydovchini (pilotni) biriktirish haqida buyruq, transport vositasini boshqaruvchi shaxsga berilgan sug‘urta polisi, transport vositasi ekspluatatsiyasiga oid hujjatlar yoxud alkogol va tamaki mahsulotlari sotib olinganida, ularga aksiz markasi mavjudligi va hokazo).
29. Soliq bazasini yashirish (kamaytirib ko‘rsatish) bilan bog‘liq nizolarni ko‘rishda, soliq to‘lovchining harakatlarida Soliq kodeksining 223-moddasida nazarda tutilgan, soliq bazasini yashirish (kamaytirib ko‘rsatish) deb baholanadigan holatlar mavjud yoki mavjud emasligiga e’tibor qaratish lozim.
Soliqni (yig‘imni) noto‘g‘ri hisoblab chiqarish deganda — soliq summasini hisoblashdagi xatoliklar tushuniladi (masalan, soliq summasini hisoblashda soliq to‘lovchi tomonidan soliq stavkalarining noto‘g‘ri qo‘llanilishi).
Soliq kodeksining 223, 226 va 227-moddalarida nazarda tutilgan soliqqa oid huquqbuzarliklar alomatlari soliqni (yig‘imni) noto‘g‘ri hisoblab chiqarish sifatida baholanmaydi.
30. Tushuntirilsinki, soliq tekshiruvi jarayonida inventarizatsiya o‘tkazilganda, inventarizatsiyani o‘tkazish uchun soliq organi rahbari (rahbar o‘rinbosari) buyruq chiqarishi, inventarizatsiya o‘tkazish jarayoni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 7-yanvardagi 1-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Soliq tekshiruvlarini tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom 5-bobining 11-paragrafi hamda 6-bobining 7-paragrafida belgilangan qoidalarga mos bo‘lishi kerak.
31. Sudlar soliq to‘lovchi ishchi-xodimlarining haqiqiy soni va soliq hisobotida aks ettirilgan ishchi-xodimlar soniga muvofiqligi bilan bog‘liq holatlarga baho berishda, soliq organi tomonidan tekshirishda soliq to‘lovchining haqiqatda faoliyat yuritayotgan ishchi-xodimlari soni aniqlanganligi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 7-yanvardagi 1-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Soliq tekshiruvlarini tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning 11-ilovasiga muvofiq shaklda bayonnoma tuzilganligi, soliq hisobotlarida mavjud bo‘lmagan ishchi-xodimlardan ularning ishlash davri hamda olayotgan daromadlari summasi (ish haqi) to‘g‘risida yozma ravishda tushuntirishlar yoki boshqa dalillar olinganligiga e’tibor qaratishi lozim.
32. Soliq organi qarori haqiqiy emas, mansabdor shaxsining harakati (harakatsizligi) qonunga xilof deb topilgan taqdirda, sudlar MSIYUtK 189-moddasining beshinchi qismiga muvofiq, tegishli soliq organi yoki mansabdor shaxsning zimmasiga soliq tekshiruvi materiallarini qayta ko‘rib chiqish yoxud shaxsning buzilgan huquq va qonuniy manfaatlarni tiklash uchun qonunda nazarda tutilgan harakatlarni amalga oshirish majburiyatini yuklash masalasini muhokama qilishi lozim.
Masalan, soliq tekshiruvi materiallarini ko‘rib chiqishning tartib-taomilining muhim shartlarini (soliq tekshiruvi materiallarini ko‘rib chiqish jarayonida soliq to‘lovchi shaxsan va (yoki) o‘z vakili orqali ishtirok etish imkoniyati ta’minlanmaganligi, soliq to‘lovchiga tushuntirishlar berish imkoni yaratilmaganligi, soliq tekshiruvi materiallari vakolatsiz shaxs tomonidan ko‘rilganligi) buzilishiga yo‘l qo‘yilganda, soliq tekshiruvi materiallarini qayta ko‘rib chiqish majburiyati yuklanishi lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
Shu bilan birga sudlarning e’tibori qonun hujjatlarida soliq organlarining zimmasiga tadbirkorlik subyektlarida qayta tekshirish o‘tkazish majburiyatini yuklash nazarda tutilmaganligiga qaratilsin.
(32-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qaroriga asosan uchinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan)
33. Sudlarning e’tibori soliq nizolari yuzasidan qabul qilingan hal qiluv qarorining xulosa qismida haqiqiy emas deb topilgan soliq organi qarori haqida batafsil ma’lumotlar, jumladan qarorning nomi, sanasi, raqami, bandi hamda mansabdor shaxsning harakati (harakatsizligi) nimada ifodalanganligi aniq aks ettirilgan bo‘lishi lozimligiga qaratilsin.
Iqtisodiy sudlarda ko‘riladigan soliqqa oid nizolar bo‘yicha
34. Sudlarga tushuntirilsinki, sudga soliq organi Soliq kodeksida nazarda tutilgan soliqqa oid huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha moliyaviy sanksiya qo‘llash to‘g‘risida ariza bilan murojaat etganda, moliyaviy sanksiya qo‘llash soliq organining vakolatiga kirishi sababli, bunday arizani O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksi 154-moddasi birinchi qismining 1-bandiga asosan qabul qilish rad etilishi, agar ariza ish yuritishga qabul qilingan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksi 110-moddasi birinchi qismining 1-bandiga asosan ish yuritish tugatilishi lozim.
Soliq organi tomonidan soliq to‘lovchining (soliq agentining) bankdagi hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turish to‘g‘risida ariza bilan murojaat etilganda sudlar soliq to‘lovchining (soliq agentining) bankdagi hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turish uchun Soliq kodeksi 111-moddasining uchinchi qismida ko‘rsatib o‘tilgan asoslar mavjudligini hamda soliq organi tomonidan soliq to‘lovchining (soliq agentining) bankdagi hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni soliq organining rahbari (rahbar o‘rinbosari) tomonidan o‘n kundan ko‘p bo‘lmagan muddatga to‘xtatib turish to‘g‘risidagi qarori mavjudligini o‘rganishi lozim.
35. Sudning qaroriga asosan to‘lovga qobiliyatsiz deb topilgan va tugatishga doir ish yuritish davom etayotgan yuridik shaxs yoki yakka tartibdagi tadbirkorga nisbatan soliq organi tomonidan moliyaviy jarima qo‘llash yoxud banklardagi hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turish haqidagi ariza bilan murojaat qilingan bo‘lsa, ushbu talablar to‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risidagi ish doirasida ko‘rilmasligi sababli ariza sudda mazmunan ko‘rib chiqilishi lozim.
Biroq, sudning qaroriga asosan to‘lovga qobiliyatsiz deb topilgan va tugatishga doir ish yuritish davom etayotgan yuridik shaxsga nisbatan soliq organi tomonidan banklardagi hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turish haqidagi ariza bilan murojaat qilinganda, “To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 148-moddasiga binoan tugatish boshqaruvchisi tomonidan qarzdorning barcha hisobvaraqlari yopilishi va yagona hisobvaraq ochilishini inobatga olib, ushbu arizani qanoatlantirish rad etilishi lozim.
36. Soliq kodeksi 269-moddasi birinchi qismining 3-bandida yetkazib beruvchi tomonidan taqdim etilgan hisobvaraq-fakturalar qonunchilikda belgilangan tartibda haqiqiy emas deb e’tirof etilishi nazarda tutilgan bo‘lib, bu o‘z navbatida hisobvaraq-fakturalarni haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi nizo sudga taalluqli ekanligini anglatmaydi.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarda ko‘riladigan soliqqa oid nizolar bo‘yicha
37. Fuqarolar va soliq organlari o‘rtasidagi soliqlar hamda boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha har qanday nizo fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan hal qilinadi.
Sudlar shuni nazarda tutishi lozimki, O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksi 171-moddasi birinchi qismining 6-bandiga muvofiq, soliq organining fuqarolardan soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha qarzdorlikni undirish to‘g‘risidagi talab fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan sud buyrug‘i berish orqali hal qilinadi.
Soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lash hamda ushbu to‘lovlar miqdori to‘g‘risida taraflar o‘rtasida nizo vujudga kelgan taqdirda, ushbu masala da’vo ishini yuritish tartibida hal qilinadi.
38. Soliq organining fuqarolardan soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni undirish yoki fuqarolarning soliq organidan ortiqcha miqdorda to‘langan to‘lovlarni qaytarish yoxud uni qayta hisoblash to‘g‘risidagi ishlarni hal qilishda, sudlar fuqarolarning qarzdorligi yoki to‘lovlarni ortiqcha to‘langanligi qaysi soliq turidan kelib chiqqanligini hamda uning miqdori to‘g‘ri hisoblanganligini tekshirishi lozim.
39. Sudlar fuqarolardan mulkni realizatsiya qilishdan olingan daromadlardan hisoblangan soliqni undirish haqidagi talablarni ko‘rib chiqishda, Soliq kodeksi 375-moddasining 4-bandidan kelib chiqib, ushbu daromadlar mazkur mol-mulkni realizatsiya qilish summasining hujjatlar bilan tasdiqlangan uni olish qiymatidan oshgan qismi sifatida aniqlanishiga, mazkur qiymatni tasdiqlovchi hujjatlar mavjud bo‘lmagan taqdirda, mol-mulkni realizatsiya qilish qiymati, ko‘chmas mulk bo‘yicha esa — kadastr qiymati hamda realizatsiya qilish narxi o‘rtasidagi ijobiy farq daromad deb e’tirof etilishini inobatga olishi kerak.
Sudlarga tushuntirilsinki, realizatsiya qilingan ko‘chmas mulkning kadastr qiymati aniqlanmagan (nol qiymatda belgilangan) taqdirda, mazkur soliqning miqdori faqat kadastr organi tomonidan ushbu ko‘chmas mulkning kadastr qiymati belgilangandan keyingina hisoblanishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
Ayni vaqtda, olingan daromad Soliq kodeksining 54-bobida nazarda tutilgan soliqqa tortilmaydigan daromad turlari (soliq imtiyozlari) ro‘yxatiga kiritilgan-kiritilmaganligini sudlar sinchkovlik bilan tekshirishlari zarur.
(39-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qaroriga asosan uchinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan)
Yakunlovchi qoidalar
40. Sudlar soliqqa oid nizolarni ko‘rib chiqish natijasi bo‘yicha qonunchilik buzilgan har bir holat bo‘yicha mansabdor shaxslarning javobgarligi masalalarini hal etib, huquqbuzarlikni keltirib chiqargan sabab va shart-sharoitlarni puxta o‘rganib, xususiy ajrim chiqarish yo‘li bilan ularni bartaraf etish choralarini ko‘rishi lozim.
41. Yuqori instansiya sudlari soliq munosabatlaridan kelib chiqadigan ishlar bo‘yicha birinchi instansiya sudlari chiqargan sud qarorlarining qonuniyligi va asosliligini tegishli tartibda tekshirilishini ta’minlashi, yo‘l qo‘yilgan qonun buzilishlarini o‘z vaqtida aniqlashi va bartaraf etishi lozim.
42. Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma’muriy sudi, viloyatlar va Toshkent shahar ma’muriy sudlari soliq qonunchiligini qo‘llashga doir ishlar bo‘yicha sud amaliyotini muntazam ravishda umumlashtirib borishi va mazkur toifadagi ishlar ko‘rilishida sud xatolarining oldini olish yuzasidan choralar ko‘rishi lozim.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi B. ISLAMOV
Plenum kotibi, Oliy sud sudyasi I. ALIMOV
Toshkent sh.,
2023-yil 20-fevral,
4-son