Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
RESPUBLIKA BANK TIZIMI BOShQARUVI TUZILMASINI VA UNING AMALIY FAOLIYATINI TAKOMILLAShTIRISh ChORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-iyuldagi 396-sonli “Qonunchilik bazasini yanada tizimlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Bozor iqtisodiyotiga oʻtish sharoitlarida bank tizimi faoliyatini yanada rivojlantirish va takomillashtirish maqsadida va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 1994-yil 18-martdagi 146-son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati huzurida, zimmasiga quyidagi vazifalarni hal etish yuklatilgan holda, ilovaga* muvofiq tarkibda pul-kredit siyosati boʻyicha komissiya tashkil etilsin:
* Ilova berilmaydi.
pul-kredit muomalasining asosiy parametrlari bajarilishi ustidan qattiq nazorat oʻrnatilishini taʼminlash;
ustuvor tarmoqlarning maqsadli kreditlarga ehtiyojlari boʻyicha Markaziy bankning qayta beriladigan mablagʻlarining yilning har choragi boʻyicha chegaralangan miqdorlarini ishlab chiqish;
iqtisodiyotning ustuvor sohalari boʻyicha Markaziy bankning qayta beriladigan mablagʻlari doirasida ajratilgan maqsadli kreditlarni taqsimlash yuzasidan respublika Hukumatiga takliflar kiritish.
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 24-mart 104-sonli qarori bilan oʻz kuchini yoʻqotgan)
3. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining uning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi hududiy boshqarmalarining vakolatlarini kengaytirish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin va ularga quyidagi funksiyalar yuklatilsin:
Markaziy bankning pul-kredit siyosati boʻyicha Hukumat komissiyasining qaroriga muvofiq beriladigan maqsadli kreditlarini joylarda tijorat banklari oʻrtasida taqsimlash va ular oʻz vaqtida qaytarilishi ustidan nazoratni taʼminlash;
tijorat banklarining va ularning joylardagi mintaqaviy filiallarining majburiy zaxiralarini boshqarib borish;
tijorat banklari filiallarining joriy faoliyatini nazorat qilish.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Respublika aksionerlik-tijorat banklari muassislariga banklarning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi hududiy boʻlinmalariga “mintaqaviy filial” maqomi berish hamda ularni quyidagi muddatlarda bosqichma-bosqich toʻla xoʻjalik hisobiga oʻtkazish tavsiya qilinsin:
“Oʻzsanoatqurilishbank” tizimini — 1995-yil 1-yanvargacha;
“Oʻzdehqonchiliksanoatbank”, “Oʻztadbirkorbank” tizimlarini — 1995-yil 1-iyulgacha.
5. “Oʻzjamgʻarmabank”:
moliyaviy barqaror boʻlinmalarga boshqa tijorat banklari bilan bir qatorda faol kredit faoliyati bilan shugʻullanishga eksperiment tariqasida ruxsat bersin;
kredit resurslari bozori konyunkturasidan kelib chiqqan holda viloyatlardagi filiallarga jalb etilgan mablagʻlarni tijorat banklariga va ularning joylardagi filiallariga quyishiga ruxsat bersin;
1994-yil 1-oktabrgacha oʻziga qarashli muassasalarda hisob va hisobotni bank tizimining birxillashtirilgan hisobi va hisobotiga oʻtkazsin.
6. Belgilab qoʻyilsinki:
ishlab turgan va yangidan tashkil etilgan tijorat banklari oʻz faoliyatini muvofiqlashtirish uchun respublika darajasida ittifoqlar va uyushmalar tashkil etish huquqiga egadirlar;
kredit resurslari, depozitlar va qiymatli qogʻozlarning banklararo bozorini rivojlantirish maqsadida tijorat banklari aksionerlik asosida kredit resurslari va qiymatli qogʻozlar birjalari (Bank uylari), kliring markazlari barpo etishlari mumkin.
7. Belgilab qoʻyilsinki, Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi birlashmalari va firmalarining, uning viloyatlardagi boʻlinmalarining, shuningdek, davlat eksport-import operatsiyalarini taʼminlovchi boshqa tuzilmalarning toʻlov-hisob-kitob operatsiyalariga Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankida va uning respublika viloyatlaridagi filiallarida xizmat koʻrsatiladi.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari B. S. Hamidov va Markaziy bank Boshqaruvining raisi F.M. Mullajonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1994-yil 3-may,
234-son