Oʻzbekiston Respublikasi sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining
qarori
Meva-sabzavot mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi korxonalarga qoʻyiladigan sanitariya-gigiyena talablarni (0043-22-son SanQvaN) tasdiqlash toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2023-yil 2-fevralda hisobga olindi, hisob raqami 146]
Oʻzbekiston Respublikasining “Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi toʻgʻrisida”gi Qonuni va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 25-iyuldagi PF-6035-son “Koronavirus pandemiyasini yumshatish, aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi va salomatligini saqlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati qaror qiladi:
1. Meva-sabzavot mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi korxonalarga qoʻyiladigan sanitariya-gigiyena talablari (0043-22-son SanQvaN) ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Meva-sabzavot konservalari, quritilgan mevalar, sabzavotlar va kartoshka, karam va tuzlangan sabzavotlar ishlab chiqarishning sanitariya qoidalari (0344-17-son SanQvaN) oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
3. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi va Savdo-sanoat palatasi bilan kelishilgan.
4. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Boshliq B. YuSUPALIYEV
Toshkent sh.,
2022-yil 29-dekabr,
46-son
Kelishildi:
Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi D. VAXABOV
2022-yil 30-noyabr
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi bosh direktori D. SATTAROV
2022-yil 22-dekabr
Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil D. KASIMOV
2022-yil 14-dekabr
Oʻzbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining 2022-yil 29-dekabrdagi 46-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Meva-sabzavot mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi korxonalarga qoʻyiladigan sanitariya-gigiyena talablari (0043-22-son SanQvaN)
Mazkur sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari (bundan buyon matnda sanitariya qoidalari deb yuritiladi) meva-sabzavot mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi korxonalarning faoliyatiga qoʻyiladigan sanitariya-gigiyena va epidemiyaga qarshi talablarni belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Meva-sabzavot mahsulotlarining xavfsizlik mezonlari SanQvaN 0366-19-son “Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligiga qoʻyiladigan gigiyena normativlari”ga muvofiq boʻlishi lozim.
2. Mazkur sanitariya qoidalarida quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
ifloslanish — meva-sabzavot mahsulotlarining ifloslantiruvchi moddalar bilan zararlanishi;
xavf — oziq-ovqat mahsulotida mavjud boʻlgan potensial xavf-xatarlarning (biologik, kimyoviy, fizikaviy va boshqa omillar) isteʼmolchilar hayoti va sogʻligʻiga salbiy taʼsir koʻrsatish ehtimoli;
xavfni baholash — ilmiy maʼlumotlar va usullarga asoslangan holda xavfli omillarning xususiyatlarini aniqlash, taʼsirini baholash va xavfni tavsiflash bosqichlardan iborat boʻlgan jarayon;
xavfni tahlil qilish — mavjud maʼlumotlardan foydalangan holda xavfni baholash, xavfni boshqarish va xavf toʻgʻrisida maʼlumot berish oʻzaro bogʻliq uchta tarkibiy qismdan iborat xavf-xatarlarni aniqlash va xavfni tahlil qilish jarayoni;
xavf-xatar manbai — oziq-ovqat mahsuloti yoki uning tarkibida mavjud boʻlgan inson hayoti va salomatligiga salbiy taʼsir koʻrsatadigan biologik, kimyoviy, fizikaviy va boshqa omillar.
2-bob. Korxonalarni loyihalashtirishga qoʻyiladigan sanitariya-gigiyena talablari
3. Ishlab chiqarish obyektlari, transport yoʻl va magistrallar, turar joy va jamoat binolarigacha boʻlgan masofalar tayyor mahsulot xavfsizligiga talablar va ishlab chiqarish texnologiyasidagi oʻziga xosliklarni hisobga olib, korxonalarning sanitariya-himoya mintaqasi SanQvaN 0350-17-son “Oʻzbekiston Respublikasi aholi turar-joy atmosfera havosini muhofaza qilish sanitariya qoidalari va normalari”ga mos boʻlishi kerak.
4. Ariqlar (zovurlar), yomgʻir suvlarini oqizish tizimlari va yer usti yomgʻir suvi yigʻish joylari, yoʻlaklar va piyodalar joylarini saqlash, tashkilot binolari va inshootlarining ayvonlari va zinapoyalari, qattiq maishiy chiqindilarni yigʻish uchun maydonchalar va konteyner bilan jihozlash ushbu sanitariya qoidalari talablariga muvofiq boʻlishi kerak.
5. Ishlab chiqarish hududida sexning ishlab chiqarish binolari, meva va sabzavot mahsulotlari omborlari, meva va sabzavot mahsulotlarini yetkazib beruvchi transport vositalari uchun joylar, qozonxona (suyuq va qattiq yoqilgʻi bilan ishlaydigan qozonxonadan tashqari), taʼmirlash va mexanik sexlar joylashtirilishi kerak.
6. Kommunal-xoʻjalik hududida yordamchi xona va inshootlar (nasos stansiyalari, yoqilgʻi moylash materiallari va kimyoviy reagentlar omborlari, qozonxona, kompressor xonasi va boshqalar), qurilish materiallari va idishlarni saqlash uchun xona, qattiq chiqindilarni yigʻish uchun konteynerlar, hojatxonalar va boshqalar joylashtirilishi kerak
7. Korxonaning oqova suv inshootlaridan ishlab chiqarish binolarigacha belgilangan sanitariya muhofaza zonasi saqlanishi lozim.
8. Korxona hududida binolar va inshootlarning joylashuvi xomashyo, toza va ifloslangan idishlarning yuk oqimi, tayyor meva-sabzavot mahsulotlarining yuk oqimi bilan kesishishini oldini olish kerak.
9. Idishlar (tara), qurilish va xoʻjalik buyumlari omborlarda saqlanishi kerak. Idishlarni asfaltlangan yoki qattiq qoplamali joylarda shiyponlar ostida vaqtincha saqlashga yoʻl qoʻyiladi.
3-bob. Meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash jarayonida ifloslanishini oldini olishga qoʻyiladigan sanitariya-gigiyena talablari
10. Meva-sabzavot mahsulotlarining xavfsizligi, idishlarni (tara) ishlab chiqarishda maqbul ishlab chiqarish amaliyotini (GMP) qoʻllash, qayta ishlash zavodida idishlarni qayta ishlash va ishlov berish, tayyor mahsulotni saqlash va tarqatish orqali taʼminlanadi.
11. Ishlab chiqarish nazorati ijobiy baholangan taqdirda xomashyoni ishlab chiqarishga qoʻyiladi.
12. Xavf-xatarni oldini olish maqsadida xomashyo ifloslanmaydigan va buzilmaydigan sharoitlarda saqlanishi kerak.
13. Sabzavot va mevalarni qisqa muddatli saqlash uchun xomashyo maydonchalari tashkil etilishi kerak.
14. Xom ashyo maydonchasida quyidagilar mavjud boʻlishi kerak:
shiypon;
yuvish va dezinfeksiya qilish imkoniyatini beruvchi qattiq qoplama;
suv taʼminoti va oqova suv tizimi.
15. Oziq-ovqat xomashyosi solingan quti va savatlar xomashyo maydonchasiga bir qator qilib joylashtiriladi. Meva-sabzavotlarni ishlab chiqarish korxonasi (bundan buyon matnda korxona deb yuritiladi) tomonidan tasdiqlangan texnologik yoʻriqnomaga muvofiq qattiq qoplamali maydonchada saqlash lozim.
16. Koʻkatlar maxsus peshtaxtalarda saqlanishi kerak.
17. Xom ashyo maydonchasi, oqova suv traplari va quvurlari xomashyo chiqindilaridan har kuni tozalanishi kerak.
18. Xom ashyo, yordamchi materiallar va tayyor mahsulotlar uchun saqlanadigan omborxonalar toza, quruq, ventilatsiya tizimiga ega bolishi, tomlar va pollar shikastlanmagan boʻlishi kerak. Devor va shiftlar oqlangan boʻlishi kerak.
19. Oziq-ovqat xomashyosini saqlash uchun moʻljallangan omborlarda nooziq-ovqat mahsulotlarni saqlash taqiqlanadi.
20. Omborlar xomashyoni tushirish, tayyor meva va sabzavot mahsulotlarini yuklash uchun maxsus platformalar bilan jihozlangan boʻlishi kerak.
21. Tayyor meva va sabzavot mahsulotlarini yuklash va xomashyoni tushirish yomgʻir va qordan himoya qiluvchi shiypon ostida amalga oshirilishi kerak.
22. Xavfni oldini olish uchun xomashyo va mahsulotlar bilan konteynerlarni toʻgʻridan toʻgʻri erga, qorga, qor bilan qoplangan yoki nam pollarga, pastki qavatlarga, platformalarga qoʻyish taqiqlanadi.
23. Xavfni baholash maqsadida omborlar psixrometrlar bilan jihozlangan boʻlishi kerak. Ular eshiklar yonida va poldan 1,6 m balandlikda omborning markaziga joylashtiriladi.
24. Omborlarda meva va sabzavotlarni birgalikda, boshqa sabzavotlar oʻtkir hidli sabzavotlar bilan birgalikda, karamni sabzavotlar bilan saqlashga yoʻl qoʻyilmaydi.
25. Meva-sabzavot mahsulotlariga qoʻshiladigan oziq-ovqat qoʻshimchalari SanQvaN 0296-11-son “Oziq ovqat qoʻshimchalarini ishlab chiqarish, muomalasi va meʼyorlashga qaratilgan gigiyenik talablar”ga muvofiq qoʻllanishi kerak.
26. Korxonada xavf-xatarni oldini olish maqsadida oziq-ovqat qoʻshimchalari ifloslanmaydigan va buzilmaydigan sharoitlarda saqlanishi kerak. Oziq-ovqat qoʻshimchalarini omborni saqlash uchun boshqa idishga quyish taqiqlanadi.
27. Oziq-ovqat qoʻshimchalarining eritmalari korxonaning maxsus ajratilgan xonasida tayyorlanadi. Oziq-ovqat qoʻshimchalarining tayyor eritmalari oziq-ovqat qoʻshimchasining nomi va konsentratsiyasini koʻrsatuvchi belgili idishlarda ishlab chiqarish uchun tayyorlanadi.
28. Xom ashyoni (yangi meva, rezavorlar, sabzavotlar, kartoshkadan tashqari) korxona hududida tashish markirovkalangan yopiq idishlarda amalga oshirilishi kerak.
29. Xavfni oldini olish maqsadida boʻsh idishlar mahsulotni tayyorlash xonasidan yuvish va qayta ishlash uchun boshqa xonaga olib oʻtilishi kerak.
30. Quritilgan oʻtkir hidli oʻsimlik xomashyolari shamollatiladigan xonalarda, alyuminiy qatlam bilan qoplangan yogʻoch qutilarda, qopqoqlar bilan mahkam yopilgan holda saqlanishi kerak. Hidsiz va oʻtkir hidli quritilgan oʻsimlik xomashyolarini oziq-ovqat mahsulotlari uchun moʻljallangan polimer qoplarda saqlashga ruxsat beriladi.
31. Sochma va suyuq tarkibiy qismlar ishlab chiqarishga kirishdan oldin filtrlanishi va magnit ushlagichlar orqali elakdan oʻtkazilishi kerak.
32. Xom ashyoni qoʻllar bilan ushlash va olish, xomashyo solingan idishlarni erga qoʻyish taqiqlanadi.
33. Korxonaning ishlab chiqarish sexlarida “Yaroqsiz mahsulotlar” degan nomga ega maxsus idishlar oʻrnatilishi kerak. Ushbu idishlar har kuni tozalanishi, yuvilishi va dezinfeksiya qilinishi kerak.
34. Meva va sabzavot mahsulotlarini qayta ishlab chiqarish jarayonida hosil boʻladigan chiqindilar doimiy ravishda ishlab chiqarish hududidan tashqariga olib chiqib ketilishi kerak.
35. Ishlab chiqarish chiqindilarini saqlash va tashish shartlari meva va sabzavot mahsulotlarining ifloslanishida xavf-xatar paydo boʻlish ehtimolini istisno qilishi kerak.
36. Oziq-ovqat maqsadlarida qayta ishlanishi mumkin boʻlmagan chiqindilarni belgilangan idishlarda toʻplanishi kerak.
37. Meva-sabzavot mahsulotlarini tashish uchun ajratilgan transport vositalari toza saqlanishi kerak. Tashish sharoitlari meva-sabzavot mahsulotlarini tashish uchun belgilangan shartlarga mos kelishi, ularning ifloslanishi va buzilish xavfini istisno qilishi kerak.
38. Namlangan yashil noʻxatni tashish toza, quruq, dezinfeksiyalangan qutilarda yoki avtotsisternalarda amalga oshiriladi. Yashil noʻxatni maydalash paytidan boshlab uni qayta ishlashga topshirishgacha boʻlgan umumiy muddat 25 °C havo haroratida 4 soatdan oshmasligi kerak.
39. Meva va sabzavot mahsulotlarini tashish, yuklash va tushirishni amalga oshiruvchi xodimlar maxsus kiyimlardan foydalanishlari shart.
4-bob. Suv taʼminoti va kanalizatsiyaga qoʻyiladigan sanitariya-gigiyena talablari
40. Korxonalarni (sexlarni) suv bilan taʼminlash markazlashtirilgan maishiy va ichimlik suv taʼminotiga ulanish orqali taʼminlanishi kerak. Markazlashtirilgan suv taʼminoti mavjud boʻlmagan taqdirda, mustaqil suv taʼminoti tizimi qurilgan boʻlishi zarur.
41. Ichimlik suv taʼminoti tarmoqlarining texnik (ichimlik boʻlmagan) suv taʼminoti tarmoqlari bilan kesishmasligi va oʻziga xos ranglarda boʻyalgan boʻlishi kerak. Ushbu suv taʼminoti tizimlarining suv olish joylari “Ichimlik” va “Texnik” yozuvlar bilan belgilanishi kerak.
42. Ishlab chiqarish texnologiyalarida, shuningdek inventarlarni, uskunalar va idishlarni sanitariya tozalashda faqat ichimlik suvi sifati darajasidagi suvdan foydalanish lozim. Tayyor oziq-ovqat mahsulotlari bilan bevosita bogʻliq boʻlmagan ishlab chiqarish uskunalarini (sovutish jihozlari, vakuum nasoslari, barometrik kondensatorlar va boshqalar) yuvishda suv sifatini yomonlashtiradigan moddalarni (neft mahsulotlari, qattiq moddalar va boshqalar) oʻz ichiga olmagan ochiq suv havzalari suvidan foydalanish mumkin.
43. Har bir ishlab chiqarish boʻlimlarida qoʻl yuvish uchun sharoit yaratilgan boʻlishi, bunda issiq va sovuq suv (20 kishiga bitta rakovina), qoʻl yuvish vositasi, choʻtkalar, elektr quritish moslamalari yoki bir martalik qogʻoz sochiqlar va dezinfeksiyalovchi vositalar bilan jihozlanishi kerak.
44. Xavf-xatarni oldini olish uchun meva-sabzavot mahsulotlari bilan bevosita muloqotda boʻluvchi bugʻ oziq-ovqat xavfsizligi yoki sifatiga xatar solmasligi kerak.
45. Sanoat binolaridagi pollar suv oʻtkazmaydigan, tozalash va dezinfeksiya qilish uchun qulay qoplamaga ega boʻlishi, kanalizatsiya ariqlariga suyuqlik oqishi uchun qiyalik boʻlishi kerak. Beton pol qoplamasi qatronlar, sopol plitkalar yoki plastiklar bilan qoplanishi kerak.
46. Korxonaning (sex) xoʻjalik, mahalliy, yomgʻir suvlaridan hosil boʻladigan oqova suvlar umumiy kanalizatsiya tarmogʻiga tozalangan holda chiqarilishi kerak. Sanoat va maishiy oqava suvlarni tozalash va zararsizlantirmasdan suv omborlariga tushirish taqiqlanadi.
47. Meva-sabzavot mahsulotlari ishlab chiqarish jarayonida xavfni boshqarish maqsadida quyqa-loy toʻplanishi va mikroorganizmlar rivojlanishining oldini olish uchun, suv va kanalizatsiya taʼminotini tashkil qilish kerak.
5-bob. Korxonada yoritish va mikroiqlimga qoʻyiladigan sanitariya-gigiyena talablari
48. Barcha sanoat, maʼmuriy va ichki binolar ventilatsiya (tabiiy, mexanik yoki aralash) bilan taʼminlanishi kerak.
49. Binolar havoning tabiiy almashinuvini taʼminlash maqsadida darchalar va derazalar, panjaralar va boshqa shu kabilar bilan (ularni ochish va mahkamlash uchun mexanik qurilma bilan) taʼminlanishi va ular doimiy ravishda sanitar tozalanishi kerak.
50. Issiqlik va namlikni sezilarli darajada chiqaradigan ochiq manbalar ustida dudboʻronlar boʻlishi, ish joyidagi havo harorati 25°C dan yuqori va nisbiy namlik 75 foizdan yuqori boʻlmasligi zarur.
51. Dud generator xonalari va dudlash kameralaridan tutunni chiqarish uchun mexanik soʻruvchi ventilatsiya bilan taʼminlanishi va yondosh xonalarda tutun va gazlarning kirib ketishini oldini olish uchun havo bosimi yaratilishi kerak.
52. Isitish asboblarining yuzasi silliq va tozalash uchun qulay boʻlishi kerak.
53. Sunʼiy yoritishda shisha boʻlaklarining mahsulotlarga tushishiga yoʻl qoʻymaydigan plafonlar boʻlishi kerak. Yoritish moslamalari har chorakda kamida bir marta tozalanishi kerak.
6-bob. Sanoat, yordamchi va maishiy binolarga qoʻyiladigan sanitariya-gigiyena talablari
54. Maishiy xonalar alohida binolarda yoki asosiy ishlab chiqarish binosida joylashtiriladi. Maishiy xonalar xodimlar soni va texnologik jarayonlarning xususiyatlarini hisobga olgan holda texnik jihatdan tartibga soluvchi hujjat talablariga javob berishi lozim.
55. Maishiy binolarni alohida binoga joylashtirishda ishlab chiqarish sexlariga yopiq oʻtish joylari tashkil etilishi kerak.
56. Dushlar kiyinish xonalari yonida joylashtirilishi lozim. Dush tarmoqlari eng uzoq smenada ishlaydigan odamlar sonidan kelib chiqqan holda aniqlanadi.
57. Maishiy binolarni pardozlashda quyidagilar koʻzda tutilishi kerak:
dush xonalarida devorlar — 1,8 metr balandlikdagi sirlangan plitkalar bilan qoplanadi;
kiyinish xonalari, choyshablar saqlanadigan xona, hojatxonalar — 1,5 metr balandlikdagi panellar bilan qoplanadi;
tutib turuvchi tuzilmani pastki qismigacha yuvilish imkonini beruvchi boʻyoq va materiallar bilan qoplanadi;
barcha ishlab chiqarish xonalaridagi pollar sopol plitkalar yoki boshqa suv oʻtkazmaydigan vositalari bilan qoplanadi.
58. Dush va hojatxonalar har smenada kamida ikki marta yuvilishi va dezinfeksiyalanishi kerak.
59. Korxona hududi, ishlab chiqarish, maishiy va xoʻjalik xonalari tozalash maxsus ajratilgan, malaka va koʻnikmaga ega boʻlgan xodimlar tomonidan amalga oshirilishi kerak, ularni oziq-ovqat qoʻshimchalari ishlab chiqarish uchun jalb qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
60. Ish tugagandan soʻng ishlab chiqarish va maishiy binolardagi pollar, jihozlar, asbob-uskunalar va idishlar ishqoriy eritma va issiq suv bilan tozalanishi kerak.
61. Sanoat binolarida pollarni tozalash ish jarayonida va smenaning oxirida nam usulda amalga oshirilishi kerak.
62. Dezinseksiya va deratizatsiya tadbirlari davomida meva-sabzavot mahsulotlarini ishlab chiqarish taqiqlanadi.
7-bob. Meva-sabzavot mahsulotlarni ishlab chiqarish texnologiyalari, uskunalarini saqlash va ishlatishga qoʻyiladigan sanitariya-gigiyena talablari
63. Uskunani saqlash va ishlatish ushbu sanitariya qoidalariga muvofiq boʻlishi kerak.
64. Uskunalarni ishlatishda quyidagi talablarga rioya etilishi lozim:
xodimlarning asbob-uskunalar orasida erkin harakatlanishi;
ishlab chiqarish jarayonlarini nazorat qilish;
uskunalarni yuvish va dezinfeksiya qilish, shuningdek u oʻrnatilgan korxona xonalarini tozalash;
xomashyo, tayyor meva va sabzavotlar, ishlab chiqarish chiqindilarining toʻqnashishini oldini olish.
65. Ishlab chiqarishda ishlatiladigan uskunalar va idishlar texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga muvofiq, oziq-ovqat va suv bilan foydalanish uchun moʻljallangan materiallardan (xavfsiz materiallardan) tayyorlanishi kerak.
66. Uskunalar, konteynerlar va inventarlar toza saqlanishi va maqsadli foydalanilishi kerak.
67. Uskunaning ichki yuzalarida, shu jumladan idishlar va taralarda yoriqlar boʻlmasligi hamda oson tozalanadigan silliq yuzaga ega boʻlishi kerak.
68. Kislota eritmalarini tayyorlash uchun idishlar kislotalarga chidamli materiallardan tayyorlanishi kerak.
69. Sexlararo taralar va tashuvchi uskunalar har bir xomashyo turlariga koʻra markirovkalanishi kerak. Sex ichida turli rangda belgilangan taralardan foydalanish kerak.
70. Mahsulotlarni oʻtkazish uchun shlanglar maxsus ilgaklarda osilgan holda saqlanishi, uchlari yopiladigan boʻlishi kerak. Ushbu shlanglarni ishchilar va jihozlar harakatlanadigan joylarda polga qoʻyish taqiqlanadi.
71. Tayyor mahsulotlar korxonaning omborlari va ekspeditsiya xonalarida saqlanishi shart.
72. Xavf-xatarni oldini olish maqsadida qadoqlash materiali meva va sabzavot mahsulotlarni ifloslantirmaydigan va ifloslanish xavfini yuzaga keltirmaydigan holda saqlanishi kerak.
73. Qadoqlash mahsulotning ifloslanishidan va qadoqlashning barcha bosqichlarida uning sifati va xavfsizligini saqlashni taʼminlash maqsadida amalga oshirilishi kerak.
74. Avtoklavlar, uzluksiz sterilizatorlar va boshqa sterillovchi qurilmalar sterilizatsiya rejimlarini tartibga solish va boshqarish uchun haroratni belgilovchi qurilmalari yoki avtomatik tizimlar bilan jihozlanishi kerak.
75. Meva-sabzavot mahsulotlarini ishlab chiqarishda, meva va sabzavotlarni quritishda, yuvishdan soʻng texnologik jarayonning barcha bosqichlarida xomashyo, materiallar va yarim tayyor mahsulotlarni saqlash uchun yogʻoch idishlardan foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi.
76. Yuvish va dezinfeksiyalovchi eritmalarni tayyorlash maxsus belgilangan xonada (xonalarda) markazlashgan holda amalga oshirilishi kerak. Dezinfeksiyalovchi moddalar ishlab chiqarish obyektlariga smena ehtiyojidan oshmaydigan miqdorda yetkazib berilishi kerak.
77. Yuvish va dezinfeksiyalash vositalari maxsus belgilangan xonada yoki maxsus shkaflarda saqlanishi kerak.
78. Aylanma idishlarni yuvish sexlararo idishlar va inventarlarni yuvishdan alohida holda amalga oshiriladi.
79. Ish tugagandan soʻng barcha foydalanilgan asbob-uskunalar va idishlarining ichki va tashqi yuzalari yaxshilab tozalanishi, issiq suv bilan yuvilishi va dezinfeksiya qilinishi kerak.
80. Yashil noʻxat pishirish uchun blansher (qozon) dagi suvni har bir smenada oʻzgartirilishi, kuniga kamida 1-marta uni butunlay noʻxatdan tozalash kerak. Issiq suv bilan choʻtkalar yordamida (burchaklar, boʻshliqlar, qopqoq) yuviladi, dezinfeksiyalanadi va suv bilan chayiladi.
81. Gidrotransportyorlar kuniga kamida bir marta xomashyo qoldiqlaridan tozalanishi va suv bilan yuvilishi kerak.
82. Peshtaxtalar, tarozilar va yuk tashuvchi uskunalarning yuzalari har kuni yuvilishi va quritilishi kerak.
83. Korxona uskunalarini sanitariya sharoitida qayta ishlashda xodimlar maxsus kiyim, shaxsiy himoya vositalari va shikastlanishlarda zarur yordam koʻrsatish vositalari bilan taʼminlanishi kerak. Dezinfeksiyalash tadbirlarida ishlab chiqarish jarayonida foydalaniladigan maxsus kiyimlardan foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Ish tugagandan soʻng maxsus kiyimlar yuvilishi kerak.Toza maxsus kiyimlarni alohida shkaflarda saqlanadi.
84. Texnologik katta sigʻimli idishlarni qoʻlda sanitariya ishlovi berishda xodimlar alohida maxsus kiyimlar, inventar, rezina gilamchalar bilan taʼminlanishi kerak. Ushbu narsalar belgilangan alohida shkaflarda saqlanadi. Ish oxirida ular yuviladi, dezinfeksiyalanadi va quritiladi.
85. Uskunani taʼmirlashda begona narsalarning meva-sabzavot mahsulotlariga tushishiga yoʻl qoʻyilmaslik kerak.
86. Taʼmirlashdan soʻng asbob-uskunalarni topshirishga sanitariya ishlovi berilgandan keyingina ruxsat etiladi.
87. Meva-sabzavot mahsulotlarini ishlab chiqarishning texnologik jarayoni quyidagicha tashkil etilgan boʻlishi kerak:
xomashyo oqimlari va tayyor mahsulotlarining kesishishini istisno qilish;
sifatli va xavfsiz meva-sabzavot mahsulotlarini ishlab chiqarishni taʼminlash.
88. Xavfni baholash maqsadida meva va sabzavot mahsulotlarini ishlab chiqarishning barcha bosqichlari quyidagi tartibda boʻlishi kerak:
korxonada belgilangan tartibda tasdiqlangan texnologik yoʻriqnomalarga muvofiq amalga oshirish;
korxonada ishlab chiqarishni nazorat qilish dasturiga muvofiq davriy nazoratni taʼminlash.
89. Ishlab chiqarish texnologiyasini qayd etish uchun foydalaniladigan shakllar (texnologik jurnallar, kompyuterda hisobga olish va h.k.) meva-sabzavot mahsulotlari ishlab chiqarishning har bir bosqichini aks ettirishi kerak.
8-bob. Kemiruvchilar va hasharotlarga qarshi kurashish tizimiga qoʻyiladigan sanitariya-gigiyena talablari
90. Korxonaning ishlab chiqarish va omborxonalariga hasharotlar va kemiruvchilar kirishini oldini olish choralari (pol, shiftlar, devorlar, maxsus tuynuklar atrofidagi boʻshliqlar sement, gʻisht yoki temir bilan mahkamlangan, ventilatsiya tizimi teshiklari va kanallari metall toʻrlar bilan yopilgan boʻlishi) koʻrilishi kerak. Kemiruvchilar paydo boʻlganda ularni yoʻq qilishning mexanik usullari (qopqon, tuzoqlar) qoʻllaniladi.
91. Hasharotlar va boshqa zararkunandalarning koʻpayishiga yoʻl qoʻymaslik uchun quyidagilarni amalga oshirish kerak:
gigiyena qoidalariga rioya qilish;
hasharotlarni kirib kelishining oldini olish, boshpana joylarini yoʻq qilish;
hasharotlarni mahsulotga tushishini oldini olish, aniqlash va yoʻq qilish choralarini koʻrish.
9-bob. Xodimlarning shaxsiy gigiyenasiga qoʻyiladigan gigiyenik talablari
92. Ishlab chiqarish sexlarida ishlaydigan barcha xodimlar quyidagi qoʻllarni yuvish va dezinfeksiya qilish talablariga rioya qilishlari lozim:
ishlab chiqarish bilan bogʻliq har qanday jarayonlardan oldin;
hojatxonaga borganda ikki marta (hojatxonaga borgandan soʻng va ish joyida bevosita ish boshlashdan avval).
Kesish va qayta ishlash jarayonlari bilan bogʻliq xonalarda quyidagilar taqiqlanadi:
chekish,
tupurish,
ovqatlanish,
ochiq mahsulotlar ustida aksirish yoki yoʻtalish,
zargarlik buyumlari va soatlarni yechish, sochni yigʻib bosh kiyim ostiga berkitish.
93. Mazkur sanitariya qoidalarini ishlab chiquvchilar roʻyxati ilovada keltirilgan.
Meva-sabzavot mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi korxonalarga qoʻyiladigan sanitariya-gigiyena talablariga
ILOVA
ILOVA
|
Tuzuvchilar roʻyxati: |
| |
| | | |
| A.S. Xudayberganov | | Sanitariya, gigiyena va kasbiy kasalliklar ilmiy-tadqiqot instituti, Ovqatlanish gigiyenasi laboratoriya mudiri, t.f.d., professor |
| E.B. Navruzov | | Sanitariya, gigiyena va kasbiy kasalliklar ilmiy-tadqiqot instituti katta ilmiy xodimi, t.f.n. |
| A.R. Nosirova | | Sanitariya, gigiyena va kasbiy kasalliklar ilmiy-tadqiqot instituti katta ilmiy xodimi |
| G.M. Israilova | | Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini oshirish markazi, Gigiyena kafedrasi dotsenti, t.f.n; |
| S.M. Kitaybekov | | Sanitariya, gigiyena va kasbiy kasalliklar ilmiy-tadqiqot instituti tayanch doktoranti |
| M.D. Muzafarrov | | Sanitariya, gigiyena va kasbiy kasalliklar ilmiy-tadqiqot instituti tayanch doktoranti |
| | | |
|
Taqrizchilar roʻyxati: |
| |
| | | |
| D.A. Zaredinov | | Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi, Gigiyena kafedrasi mudiri, t.f.d., professor |
| Sh.Y. Zokirxodjayev | | Toshkent tibbiyot akademiyasi, Dietologiya oʻquv-ilmiy markazi direktori, t.f.d., professor |
| Sh.S. Baxridinov | | Toshkent tibbiyot akademiyasi, Bolalar va oʻsmirlar gigiyenasi va ovqatlanishi kafedrasi t.f.d., professor |