Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Ozarbayjon Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Mintaqalararo hamkorlik toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Ozarbayjon Respublikasi Hukumati, keyingi oʻrinlarda “Tomonlar” deb ataluvchilar,
1996-yil 27-mayda imzolangan Oʻzbekiston Respublikasi bilan Ozarbayjon Respublikasi oʻrtasida doʻstlik va hamkorlik toʻgʻrisidagi Shartnomaga amal qilib,
ikki mamlakat mintaqalari oʻrtasida savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda hamkorlikni keng qamrovli rivojlantirish zaruriyatini tan olib,
hamkorlikning dolzarb masalalarini mahalliy darajada tezkor hal qilishda hamda tarixan shakllangan aloqalarni chuqurlashtirishda mintaqalararo hamkorlikning amaliy ahamiyati va salohiyatini eʼtirof etgan holda.
ikki mamlakat mintaqalari oʻrtasida faoliyatning turli sohalarida hamkorlikni taʼminlash hamda xoʻjalik yurituvchi subyektlarning rivojlanayotgan aloqalarini faollashtirishga qodir boʻlgan mintaqalararo hamkorlik uchun qulay shart-sharoitlar yaratish va huquqiy asoslarini mustahkamlashga intilib,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Tomonlar oʻz davlatlarining qonunchiligiga hamda davlatlari ishtirokchi boʻlgan xalqaro shartnomalarga muvofiq teng huquqlilik va oʻzaro manfaatdorlik asosida savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda, qishloq xoʻjaligi, sogʻliqni saqlash, turizm va atrof muhitni himoya qilish sohalarida, shuningdek, oʻzaro qiziqish uygʻotadigan boshqa yoʻnalishlarda mintaqalararo hamkorlikni kengaytirish va rivojlantirishga koʻmaklashadilar.
2-modda.
Mazkur Bitim maqsadlari uchun qoʻllaniladigan atamalar quyidagilarni anglatadi:
“mintaqalar” — Oʻzbek tomoni tarafidan: Oʻzbekiston Respublikasining maʼmuriy-hududiy birliklari; Ozarbayjon tomoni tarafidan: Ozarbayjon Respublikasining maʼmuriy-hududiy birliklari;
“vakolatli organlar” — Tomonlar davlatlarining mazkur Bitimni amalga oshirish bilan bogʻliq masalalarni hal qilish boʻyicha mintaqalararo hamkorlikni rivojlantirish sohasida vakolat berilgan hokimiyat organlari;
“xoʻjalik yurituvchi subyektlar” — Oʻzbekiston Respublikasi va Ozarbayjon Respublikasi hududlarida roʻyxatdan oʻtgan xoʻjalik yurituvchi subyektlar.
3-modda
Tomonlar, shuningdek, vakolatli organlar mintaqalararo hamkorlikni amalga oshirish va muvofiqlashtirish maqsadida quyidagilarga koʻmaklashadilar:
mintaqalar oʻrtasidagi aloqalarni oʻrnatish va rivojlantirish;
mazkur Bitimni amalga tatbiq qilishga yoʻnaltirilgan qoʻshma tadbirlar rejalari, harakat dasturlari va “yoʻl xaritalari”ni ishlab chiqish va amalga oshirish;
mintaqalararo hamkorlikning joriy holati hamda uni takomillashtirish istiqbollarini muhokama qilish boʻyicha, zaruriyat boʻlganda, mintaqalar darajasida qoʻshma ishchi guruhlar tuzish va muntazam maslahatlashuvlar mexanizmini yoʻlga qoʻyish;
hamkorlikning oʻzaro qiziqish uygʻotadigan boshqa shakllari.
4-modda
Mazkur Bitim doirasida Tomonlar mintaqalararo hamkorlikni quyidagi shakllarda amalga oshiradilar:
mintaqaviy investitsiyaviy siyosatini amalga oshirish va mintaqalarda investitsiyaviy faollikni oshirish;
mintaqalar tomonidan tadbirkor va ishbilarmon doiralar vakillari ishtirokidagi uchrashuvlar, biznes-seminarlar, konferensiyalar, simpoziumlar, koʻrgazmalar va yarmarkalarni oʻtkazishda koʻmaklashish;
mintaqalararo hamkorlik masalalari boʻyicha maʼlumot almashish;
xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan mintaqalarni iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor loyihalarini amalga oshirishda koʻmaklashish;
mintaqalarning turistik jozibadorligini oshirishga qaratilgan qoʻshma chora-tadbirlarni amalga oshirish;
mintaqalarni rivojlantirish va samarali boshqarish boʻyicha tajriba almashish;
millatlararo muomala, madaniyatlararo va dinlararo muloqot, shuningdek, etnik-madaniy rivojlanish madaniyatini mustahkamlash sohasida mintaqalar hamkorligini rivojlantirishga qaratilgan qoʻshma loyihalar va boshqa tadbirlarni amalga oshirish;
iqlim ssenariylarini tayyorlash, agrometeorologiya va erta ogohlantirish tizimi sohasida mintaqalar oʻrtasida hamkorlikni amalga oshirish;
Tomonlar kelishuvi bilan aniqlanadigan boshqa shakllar.
5-modda
Vakolatli organlar mintaqalar oʻrtasida bevosita turistik almashinuvni tashkil qilish, mintaqalar jozibadorligini oshirishga qaratilgan turizm sohasidagi qoʻshma dastur va loyihalarni amalga oshirishga koʻmaklashadilar.
Vakolatli organlar ishbilarmonlik faolligini oshirish va mintaqaga turistik oqimni koʻpaytirish maqsadida transport qatnovini yaxshilash hamda infratuzilmani rivojlantirishga koʻmaklashadilar.
6-modda
Vakolatli organlar mintaqa maʼmuriyatlari oʻrtasida kasb aloqalarining rivojlanishiga hamda mintaqalarda ularning samaradorligini oshirish maqsadida mahalliy boshqaruvning ilgʻor tajribasini tarqatishga, shuningdek, ularning oldilarida turgan oʻxshash vazifalarni hal qilishda tajriba almashishga koʻmaklashadilar.
Vakolatli organlar shaharsozlik hamda qurilish boʻyicha tajriba almashish sohasida hamkorlikni rivojlantiradilar.
7-modda
Vakolatli organlar oʻzaro yaxshiroq tushunish. hamkorlik va doʻstlikni mustahkamlashga erishish uchun tarix va madaniyat bilan oʻzaro tanishish maqsadida turli darajalarda muntazam aloqalarni qoʻllab-quvvatlaydilar.
Vakolatli organlar mintaqalarning ijtimoiy-madaniy va xoʻjalik-iqtisodiy hayotini ommaviy axborot vositalarida xolisona yoritishga koʻmaklashadilar.
Vakolatli organlar millatlararo muomala, madaniyatlararo muloqot, etnik-madaniy rivojlanish madaniyatini mustahkamlash sohasida mintaqalar hamkorligini rivojlantirishga qaratilgan loyihalar va boshqa tadbirlarni amalga oshirishga koʻmaklashadilar.
8-modda
Tomonlar mazkur Bitim qoidalarini talqin qilish va qoʻllashda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan kelishmovchiliklarni muzokaralar va maslahatlashuvlar orqali hal etadilar.
9-modda
Mazkur Bitimga Tomonlar roziligi bilan uning ajralmas qismi boʻlgan va mazkur Bitimning 10-moddasida belgilangan tartibda kuchga kiradigan alohida bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
10-modda
Mazkur Bitim Tomonlar uning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan davlat ichki protseduralarini bajarganliklari haqida oxirgi yozma xabarnoma diplomatik kanallar orqali olingan sanadan boshlab kuchga kiradi.
Mazkur Bitim nomuayyan muddatga tuziladi va uning amal qilishi Tomonlardan biri boshqa Tomonning Bitim amal qilishini tugatish niyati toʻgʻrisidagi tegishli yozma xabarnomasini diplomatik kanallar orqali olgan sanadan boshlab olti oydan soʻng tugatiladi.
Mazkur Bitim amal qilishining tugatilishi u amal qilgan paytda bajarilishi boshlangan va uning amal qilishi tugatilgunga qadar yakunlanmagan loyihalar boʻyicha Tomonlarning majburiyatlariga daxl qilmaydi.
Toshkent shahrida 2022-yil 21-iyunda, ikki asl nusxada, har biri oʻzbek, ozarbayjon va rus tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar teng autentikdir.
Matnlar oʻrtasida tafovutlar yuzaga kelgan hollarda, Tomonlar rus tilidagi matnga murojaat qiladilar.
(imzolar)