Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Ozarbayjon Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
xalqaro avtomobil qatnovi toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Ozarbayjon Respublikasi Hukumati, keyingi oʻrinlarda “Tomonlar” deb ataluvchilar,
ikki mamlakat oʻrtasida iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash, yoʻlovchi va yuklarni avtomobilda xalqaro yoʻnalishlarda tashishni va oʻz davlatlarining hududlari orqali tranzitni rivojlantirishga koʻmaklashish, shuningdek, ikki davlat oʻrtasida avtomobilda yoʻlovchi va yuk tashish qatnovlarini yengillashtirish maqsadida,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
I. Qoʻllanish sohasi
1-modda
Mazkur Bitimning qoidalari Tomonlar davlatlari hududlari oʻrtasida, ularning hududlaridan tranzit tarzda va uchinchi davlatlar hududlaridan/hududlariga Tomonlardan birining davlati hududida roʻyxatga olingan tashuvchilarning davlat chegarasidagi belgilangan oʻtkazish maskanlari orqali, xalqaro avtomobil qatnovlari uchun ochiq boʻlgan yoʻllar boʻylab avtomobilda yoʻlovchilar va yuk tashishga nisbatan qoʻllaniladi.
II. Taʼriflar
2-modda
Mazkur Bitimda qoʻllanilgan atamalar quyidagi maʼnolarni anglatadi:
1. “Tashuvchi” — Tomonlardan birining davlati hududida roʻyxatga olingan, mulkchilik huquqi yoki boshqa ashyoviy huquqlar asosida avtotransport vositasiga egalik qiluvchi, ushbu davlatning milliy qonunchiligiga muvofiq yoʻlovchilar va yuklarni avtomobillarda xalqaro tashishlarni amalga oshirishga ruxsat berilgan har qanday jismoniy yoki yuridik shaxsni anglatadi.
2. “Avtotransport vositasi”:
yoʻlovchilarni tashishda — avtobus, yaʼni yoʻlovchilarni tashish uchun moʻljallangan va haydovchining oʻrni bilan hisoblaganda oʻtirish uchun 9 tadan ortiq oʻrindiqqa ega boʻlgan avtotransport vositasini;
yuklarni tashishda — yuk tashishga moʻljallangan avtotransport vositasi, shu jumladan, yuk avtomobili, tirkamali yuk avtomobili, shatakchi avtomobil yoki yarim tirkamali shatakchi avtomobilni anglatadi.
3. “Yoʻlovchilarni muntazam tashish” — tegishli yoʻnalishlar va jadval (harakatlanish oraligʻi) boʻyicha amalga oshiriladigan, ishni boshlash va yakunlash vaqti, yoʻlovchilarni chiqarish va tushirish joylari hamda tariflari oldindan belgilangan yoʻlovchi tashuvlarini anglatadi.
4. “Yoʻlovchilarni nomuntazam tashish” — buyurtmachi tarafidan tuzilgan shartnoma (buyurtma) asosida tashuvchi tarafidan amalga oshiriladigan va muntazam tashishlar turiga tegishli boʻlmagan yoʻlovchi tashuvlarini anglatadi.
5. “Ruxsatnoma” — bir Tomon davlatining vakolatli organi tarafidan beriladigan va boshqa Tomon davlatida roʻyxatdan oʻtkazilgan avtotransport vositasiga ruxsatnoma bergan Tomon davlatining hududi boʻylab yoki hududi orqali oʻtish huquqini beruvchi hujjatni anglatadi.
6. “Tranzit tashishlar” — Tomonlardan birining davlati hududida roʻyxatdan oʻtkazilgan avtotransport vositasida boshqa Tomon davlati hududi orqali amalga oshiriladigan yoʻlovchi va yuk tashuvlarini anglatadi.
7. “Uchinchi mamlakatlardan/mamlakatlarga tashishlar” — bir Tomon davlatining hududida roʻyxatdan oʻtkazilgan avtomobil transporti vositasida ikki punkt oʻrtasida amalga oshiriladigan yuk tashishlarni anglatadi. Bunda, punktlardan biri boshqa Tomon davlati hududida va boshqasi esa mazkur Bitim ishtirokchisi boʻlmagan uchinchi mamlakat hududida joylashgan boʻladi.
8. “Xavfli yuklar” — oʻziga xos xossalari va xususiyatlari tufayli muayyan omillar mavjud boʻlgan taqdirda, tashish, yuk ortish-tushirish ishlari jarayonida tashilayotgan yuklar, texnika vositalari, qurilmalar, bino va inshootlar, boshqa obyektlarning portlashi, yonishi yoki shikastlanishiga. shuningdek. odamlar hayoti va sogʻligʻiga, atrof-muhitga zarar yetkazilishiga sabab boʻlishi mumkin boʻlgan moddalar, materiallar, buyumlar, chiqindilarni anglatadi.
III. Yoʻlovchi tashishlar
3-modda
1. Yoʻlovchilarni muntazam tashish Tomonlar davlatlari vakolatli organlari oʻrtasidagi kelishuv asosida avtobuslarda tashkil etiladi.
2. Bunday tashishlarni tashkil etish boʻyicha takliflar Tomonlar davlatlarining vakolatli organlari tarafidan bir-birlariga oldindan yuboriladi. Koʻrsatilgan takliflar tashuvchining nomi, harakat yoʻnalishi, harakat jadvali, tarif, tashuvchi yoʻlovchilarni olib ketadigan va tushiradigan toʻxtash punktlari, shuningdek, tashishlarni bajarishning rejalashtirilgan davri va muntazamligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga olishi lozim.
3. Tomonlar davlatlarining vakolatli organlari oʻz davlatlarining hududlari orqali yoʻlovchilarni muntazam tashishni tashkil etish tartibini (yozma shaklda) kelishib oladilar.
4-modda
1. Ikki davlat oʻrtasida yoʻlovchilarni nomuntazam tashish yoki ularning hududi orqali tranzit tashishni amalga oshirish uchun Tomonlar davlatlarining vakolatli organlari tarafidan berilgan ruxsatnomalar talab etiladi. Tomonlar davlatlarining vakolatli organlari ruxsatnoma blankalarini almashish tartibi toʻgʻrisida oʻzaro kelishib oladilar.
2. Tomonlar davlatlarining vakolatli organlari ruxsatnomani oʻz davlatlari hududidan oʻtadigan yoʻl qismi uchun beradilar.
3. Ruxsatnomada boshqacha tartib belgilanmagan boʻlsa, har bir nomuntazam yoʻlovchi tashuvi uchun bir marotaba manzilga borish va qaytish huquqini beradigan ruxsatnoma berilishi lozim.
4. Yoʻlovchilarni tashish uchun ruxsatnomalarda ularning egasi nomi aniq koʻrsatilib, boshqa tashuvchiga yoki uchinchi shaxslarga berilmaydi.
5. Nosoz avtobusni boshqa avtobusga almashtirishda ushbu moddada koʻrsatilgan ruxsatnoma talab qilinmaydi.
IV. Yuk tashishlar
5-modda
1. Tomonlar davlatlarining hududlari oʻrtasida, ularning hududlaridan tranzit tarzda va uchinchi mamlakatlarga/mamlakatlardan yuklarni tashish Tomonlar davlatlarining vakolatli organlari tarafidan beriladigan ruxsatnomalar asosida amalga oshiriladi. Mazkur Bitimning 6-moddasida nazarda tutilgan tashishlar bundan mustasno.
2. Ruxsatnomalar quyidagi asosiy turlarga boʻlinadi:
a) Tomonlar davlatlarining hududlari oʻrtasida yuklarni tashish va ularning hududlari orqali tranzit tashish uchun;
b) uchinchi mamlakatlarga/mamlakatlardan yuklarni tashish uchun.
Ushbu ruxsatnomalarga qoʻshimcha ravishda Tomonlar davlatlarining vakolatli organlari ruxsatnomalarning boshqa turlarini ham kelishib olishlari mumkin.
3. Har bir avtotransport vositasiga alohida ruxsatnoma berilishi lozim. Har bir shunday ruxsatnoma bir marotaba manzilga borish va qaytishni amalga oshirish huquqini beradi. Yil davomida berilgan ruxsatnomalar keyingi yilning 31-yanvarigacha haqiqiy hisoblanadi. Yuksiz harakatlanish uchun ham ruxsatnoma talab etiladi.
4. Ruxsatnomalarda ularning egasi nomi aniq koʻrsatilib, boshqa tashuvchiga yoki uchinchi shaxslarga berilmaydi.
5. Tomonlar davlatlarining vakolatli organlari har yili yuklarni xalqaro tashish uchun tenglik asosida oʻzaro kelishilgan miqdordagi ruxsatnoma blankalari bilan almashadilar.
Ushbu blankalarda ruxsatnomalarni bergan Tomon davlati vakolatli organining muhri va masʼul shaxsning imzosi boʻlishi lozim.
Tomonlardan birining murojaatiga koʻra avval kelishilgan miqdordan ortiqcha qoʻshimcha ruxsatnomalar berilishi mumkin.
6. Tomonlar davlatlarining vakolatli organlari ruxsatnomalar almashish tartibini oʻzaro kelishib oladilar.
6-modda
Quyida koʻrsatilgan tashishlarni amalga oshirish uchun ruxsatnoma talab qilinmaydi:
a) mol-mulk bilan koʻchib oʻtish;
b) yarmarka va koʻrgazmalar uchun moʻljallangan materiallar va buyumlar, shu jumladan, sanʼat asarlarini tashish;
v) transport vositalari, sport tadbirlarini oʻtkazish uchun moʻljallangan inventar va sport vositalarini tashish;
g) teatr dekoratsiyalari va rekvizitlari, musiqa asboblari, faqat reklama va axborot maqsadlariga moʻljallangan materiallar va buyumlarni, radioeshittirishlar, kino va teletasvirga tushirish hamda sirk tomoshalari uchun moʻljallangan uskunalarni tashish;
d) vafot etganlarning jasadlari va xoklarini tashish;
e) tabiiy ofatlar roʻy berganda, qutqarish operatsiyalari maqsadida gumanitar va tibbiy yordam sifatida, ikki mamlakat oʻrtasida ushbu sohada tegishli Bitim bilan belgilangan tartibda bajariladigan tashishlar;
j) yuk koʻtarish qobiliyati tirkama bilan 3,5 tonnagacha yoki ruxsat etilgan toʻliq vazni tirkama bilan 6 tonnagacha boʻlgan avtotransport vositalarida amalga oshiriladigan tashishlar;
z) tirik hayvonlarni tashish;
i) pochta joʻnatmalarini tashish.
V. Umumiy qoidalar
7-modda
1. Xalqaro tashishlarni amalga oshiradigan avtotransport vositalari oʻz davlatining roʻyxatga olish va farqlovchi belgilariga ega boʻlishi lozim. Yuk avtomobillari yoki shatakchi avtomobillar Tomonlar davlatlarining roʻyxatga olish va farqlovchi belgilariga ega boʻlgan taqdirda, tirkamalar va yarim tirkamalar boshqa davlatlarning roʻyxatga olish va farqlovchi belgilariga ega boʻlishlari mumkin.
2. Tashuvchiga boshqa Tomon davlatining hududida joylashgan punktlar orasida yoʻlovchilar va yuklarni tashishga ruxsat berilmaydi.
8-modda
l. Tomonlar davlatlarining avtotransport vositalari haydovchilari oʻzlari boshqarayotgan avtotransport vositalarining toifasiga mos milliy yoki xalqaro haydovchilik guvohnomalariga va avtotransport vositasi uchun milliy roʻyxatdan oʻtish hujjatlariga ega boʻlishlari lozim.
2. Milliy yoki xalqaro haydovchilik guvohnomasi hamda avtotransport vositasi uchun milliy roʻyxatdan oʻtish hujjatlari 1968-yil 8-noyabrda Vena shahrida tuzilgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Yevropa Iqtisodiy Komissiyasining yoʻl harakati toʻgʻrisidagi Konvensiyasida belgilangan talablarga muvofiq boʻlishi shart.
3. Mazkur Bitim qoidalari boʻyicha talab qilinadigan ruxsatnoma va boshqa hujjatlar ular tegishli boʻlgan avtotransport vositasida saqlanishi va tegishli nazoratni amalga oshiruvchi davlat organlarining talabi boʻyicha taqdim etilishi lozim.
9-modda
1. Yuksiz yoki yuk bilan harakatlanayotgan avtotransport vositasining gabarit va vazn parametrlari boshqa Tomon davlatining hududida belgilangan meʼyorlardan ortiq boʻlsa, tashuvchi boshqa Tomon davlatining milliy qonunchiligiga muvofiq tashish boshlangunga qadar ushbu davlatning vakolatli organlaridan maxsus ruxsatnoma olishi lozim.
2. Ushbu moddaning 1-bandida koʻrsatilgan ruxsatnoma avtotransport vositasining muayyan yoʻnalish boʻylab harakatlanishini nazarda tutsa, tashish faqat ushbu yoʻnalish boʻyicha amalga oshirilishi lozim.
10-modda
1. Qurol-yarogʻ, oʻq-dorilar, harbiy uskunalar hamda boshqa maxsus va xavfli yuklarni Tomonlar davlatlarining hududlari boʻylab tashish va tranzit tarzda olib oʻtish Tomonlar davlatlarining milliy qonunchiligiga muvofiq amalga oshiriladi.
2. Tomonlar davlatlari milliy qonunchiligiga muvofiq Tomonlarning davlatlari hududiga olib kirish, hududidan olib chiqish va tranzit tarzda tashish uchun taqiqlangan yuklar roʻyxatini Tomonlar bir-birlariga taqdim etadilar.
11-modda
1. Mazkur Bitimga asosan yoʻlovchi va yuk tashuvlarini amalga oshiradigan bir Tomon davlatining avtotransport vositalari qabul qiluvchi Tomon davlatining milliy qonunchiligiga muvofiq yoʻl soliqlari va yigʻimlarni toʻlaydilar.
2. Pullik avtomobil yoʻllari, koʻpriklar va tunnellar mavjud boʻlgan hollarda, tashuvchi muqobil bepul avtomobil yoʻllari boʻylab tashishni amalga oshirish imkoniga ega boʻlishi lozim.
3. Tomonlar davlatlarining vakolatli organlari oʻz hududlarida amal qilayotgan pullik avtomobil yoʻllari, koʻprik va tunnellar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bilan oʻzaro almashadilar.
12-modda
1. Mazkur Bitimga asosan tashuvlarni amalga oshirishda boshqa Tomon davlatining hududiga olib kirish vaqtida quyidagilar bojxona bojlari, soliq va yigʻimlardan oʻzaro ozod qilinadi:
a) har bir avtotransport vositasi modeli uchun ishlab chiqaruvchi zavodda nazarda tutilgan, dvigatelning taʼminot tizimiga texnologik va konstruktiv jihatdan bogʻliq boʻlgan sigʻimlardagi, shuningdek, ushbu isitish yoki sovitish qurilmalari ishlashi uchun moʻljallangan ishlab chiqaruvchi zavod tarafidan tirkamalarda va yarim tirkamalarda oʻrnatilgan sigʻimlardagi yoqilgʻi;
b) tashish davomida foydalanish uchun zarur boʻlgan miqdordagi moylash materiallari;
v) xalqaro tashishni amalga oshirayotgan nosoz avtotransport vositasini taʼmirlash uchun moʻljallangan va boshqa Tomon davlatining hududiga ishlatish maqsadi ishonchli tasdiqlangan holda olib kiriladigan ehtiyot qismlar, agregatlar va asboblar.
2. Foydalanilmagan ehtiyot qismlar qaytarib olib ketilishi, almashtirilgan ehtiyot qismlar esa davlat hududidan olib chiqilishi yoki tegishli Tomon davlati qonunchiligiga muvofiq belgilangan tartibda boshqa bojxona tartib-taomilida rasmiylashtirilishi lozim.
13-modda
Har bir Tomon oʻz davlatining qonunchiligiga muvofiq chegara, bojxona, sanitariya, veterinariya hamda fitosanitariya nazoratini, shuningdek, atrof-muhit va tabiatni muhofaza qilish boʻyicha nazoratni amalga oshiradi.
14-modda
Tomonlar davlatlarining tashuvchilari va avtotransport vositalari ekipajlari avtotransport vositasi qaysi davlat hududida boʻlsa, oʻsha Tomon davlatining yoʻl harakati qoidalariga va qonunchiligiga rioya qilishlari shart.
15-modda
Mazkur Bitimga asosan yoʻlovchilar va yuklarni tashish avtotransport vositalari egalarining uchinchi shaxslarga yetkazilgan zarar uchun fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurtalash sharti bilan amalga oshiriladi. Tashuvchi koʻrsatilgan tashuvlarni amalga oshiradigan har bir avtotransport vositasini Tomonlar davlatlarining milliy qonunchiligiga muvofiq oldindan sugʻurtalashi shart.
16-modda
Tashuvchi yoki uning haydovchilari tarafidan boshqa Tomon davlatining qonunchiligi yoki mazkur Bitim qoidalari buzilgan taqdirda, ushbu qoidabuzarlik sodir etilgan hududdagi Tomon davlatining vakolatli organi boshqa Tomon davlatining vakolatli organiga xabar beradi, u esa oʻz davlatining milliy qonunchiligida nazarda tutilgan zarur choralarni koʻradi. Tomonlar davlatlarining vakolatli organlari koʻrilgan choralar toʻgʻrisida bir-birlarini xabardor qiladilar.
IV. Qoʻshma komissiya
17-modda
1. Mazkur Bitim qoidalarining talab darajasida bajarilishini taʼminlash va uni qoʻllash munosabati bilan yuzaga keladigan va Tomonlar davlatlarining vakolatli organlari oʻrtasida bevosita muloqotlar orqali hal qilib boʻlmaydigan munozarali masalalarni tezkor hal qilish maqsadida Qoʻshma komissiya tuziladi.
2. Ikkala Tomon davlatlarining vakolatli organlari vakillaridan tashkil topgan Qoʻshma komissiya majlisi Tomonlardan birining murojaatiga binoan navbat bilan Tomonlar davlatlari hududlarida oʻtkaziladi.
3. Tomonlar Qoʻshma komissiya qarorlarini bajarish majburiyatini oʻz zimmalariga oladilar.
4. Qoʻshma komissiya mazkur Bitim moddalariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish yuzasidan tavsiyalar berishi mumkin.
18-modda
1. Mazkur Bitim qoidalarini amalga oshirish uchun quyidagilar Tomonlarning vakolatli organlari hisoblanadi:
Ozarbayjon Respublikasi Hukumati nomidan — Ozarbayjon Respublikasi Raqamli rivojlanish va transport vazirligi;
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan — Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi.
2. Tomonlar davlatlari vakolatli organlarining rasmiy nomi va funksiyalari oʻzgargan taqdirda, Tomonlar bir-birlariga diplomatik kanallar orqali oʻz vaqtida xabar beradilar.
19-modda
Mazkur Bitim qoidalarini talqin qilish yoki qoʻllashdan kelib chiqadigan nizoli masalalar Tomonlar oʻrtasida maslahatlashuvlar va muzokaralar orqali hal qilinadi.
VI. Yakuniy qoidalar
20-modda
Tomonlarning oʻzaro kelishuviga koʻra mazkur Bitimga uning ajralmas qismi hisoblangan va mazkur Bitimning 22-moddasida nazarda tutilgan tartibda kuchga kiradigan alohida bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
21-modda
Mazkur Bitim Tomonlar davlatlari ishtirokchi hisoblangan boshqa xalqaro shartnomalardan kelib chiqadigan huquq va majburiyatlarga daxl qilmaydi.
22-modda
1. Mazkur Bitim uning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan davlat ichki protseduralari Tomonlar tarafidan bajarganligini tasdiqlovchi soʻnggi yozma xabarnoma diplomatik kanallar orqali olingan sanadan boshlab oʻttiz (30) kun oʻtgandan soʻng kuchga kiradi.
2. Mazkur Bitim nomuayyan muddatga tuziladi va Tomonlardan biri mazkur Bitimning amal qilishini tugatish niyati toʻgʻrisida diplomatik kanallar orqali yozma ravishda xabardor qilgan kundan boshlab olti oy oʻtgunga qadar amal qiladi.
Toshkent shahrida 2022-yil 21-iyunda, ikki asl nusxada, har biri oʻzbek, ozarbayjon va rus tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Mazkur Bitim qoidalarini talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan hollarda, rus tilidagi matn ustuvor hisoblanadi.
(imzolar)