Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni roʻyxatga olish tartibi takomillashtirilganligi munosabati bilan Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 28-sentabrdagi 593-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi hududida chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatga olish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirishlar kiritish haqida
Bugungi kunda mamlakatimizda turizm salohiyatini jadal rivojlantirish, investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish, shuningdek, chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni roʻyxatga olish tartibini soddalashtirish borasida tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, respublikamizga kirib kelayotgan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni ichki ishlar organlarida vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatga olish jarayonlarida ayrim noqulayliklar borligi dolzarb muammo boʻlib qolmoqda.
Mamlakatimizning ichki va tashqi turizm salohiyatini yanada oshirish, investitsiyaviy jozibadorligini yanada oshirish, shuningdek, chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni roʻyxatga olish tartibini takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 28-sentabrdagi 593-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi hududida chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatga olish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ilovaga muvofiq quyidagilarni nazarda tutuvchi oʻzgartirishlar kiritilsin:
Oʻzbekiston Respublikasida vaqtincha boʻlib turgan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni vaqtincha roʻyxatga olishni ular Oʻzbekiston Respublikasiga kirib kelganlaridan keyin migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boʻlinmalari, joylashtirish vositalari yoki davolash muassasalariga uch ish kuni davomida murojaat qilish orqali amalga oshirish;
Oʻzbekiston Respublikasida boʻlish qoidalarini buzgan, shuningdek, boshqa qoidabuzarliklarga yoʻl qoʻygan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni joylashtirish vositalari va davolash muassasalarining maʼmuriyati, xususiy uy-joy egalari hududiy ichki ishlar organlariga “E-mehmon” dasturi orqali xabar bergan holda joylashtirish;
Oʻzbekiston Respublikasida boʻlish qoidalarini buzgan, shuningdek, boshqa qoidabuzarliklarga yoʻl qoʻygan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni joylashtirish vositalari va davolash muassasasida vaqtincha roʻyxatga olishni faqat ichki ishlar organlaridan ruxsat olingandan keyin amalga oshirish tartibini bekor qilish.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri P.R. Bobojonov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2023-yil 30-yanvar,
35-son
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 30-yanvardagi 35-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 28-sentabrdagi 593-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi hududida chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatga olish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. 10-bandning birinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“10. Oʻzbekiston Respublikasida vaqtincha boʻlib turgan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar tegishli ravishda milliy pasport yoki harakatlanish hujjati bilan vaqtincha roʻyxat asosida yashaydilar. Vaqtincha roʻyxatga olish chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar Oʻzbekiston Respublikasiga kirib kelganlaridan keyin uch ish kuni davomida ularni taklif qilgan (qabul qilayotgan) va ularga turar joy bergan jismoniy shaxslar, xususiy uy-joy egalari, tashkilotlarning yotoqxonalari maʼmuriyati, joylashtirish vositalari yoki davolash muassasalari tomonidan “E-mehmon” dasturi orqali yoki hududiy MvaFRBga murojaat qilgan holda amalga oshiriladi”.
2. 12-bandning “v” kichik bandidagi “ikki kun” soʻzlari “uch ish kuni” soʻzlari bilan almashtirilsin.
3. 25-band oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
4. 26-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“26. Oʻzbekiston Respublikasida boʻlish qoidalarini buzgan, shuningdek, boshqa qoidabuzarliklarga yoʻl qoʻygan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni joylashtirish vositalari va davolash muassasalarining maʼmuriyati, xususiy uy-joy egalari hududiy ichki ishlar organlariga “E-mehmon” dasturi orqali xabar bergan holda joylashtiradi”.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.01.2023-y., 09/23/35/0061-son)