Oʻzbekiston Respublikasi qurilish vazirining
buyrugʻi
ShNQ 2.04.15-22 “Fotoelektrik stansiyalar (tizimlar)” shaharsozlik normalari va qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2022-yil 30-dekabrda hisobga olindi, hisob raqami 131]
Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirining 2023-yil 1-dekabrdagi 404-sonli “ShNQ 2.04.15-23 “Fotoelektrik stansiyalar (tizimlar)” shaharsozlik normalari va qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi buyrugʻiga (hisob raqami 228, 03.01.2024-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Shaharsozlik kodeksiga asosan buyuraman:
1. ShNQ 2.04.15-22 “Fotoelektrik stansiyalar (tizimlar)” shaharsozlik normalari va qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi, Energetika vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati bilan kelishilgan.
3. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir B. ZAKIROV
Toshkent sh.,
2022-yil 7-dekabr,
234-son
Kelishildi:
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshligʻi B. YuSUPALIYEV
2022-yil 16-noyabr
Favqulodda vaziyatlar vaziri A. KULDAShEV
2022-yil 26-noyabr
Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vaziri Sh. XIDOYATOV
2022-yil 24-noyabr
Energetika vaziri J. MIRZAMAHMUDOV
2022-yil 7-dekabr
Oʻzbekiston Respublikasi qurilish vazirining 2022-yil 7-dekabrdagi 234-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
ShNQ 2.04.15-22 “Fotoelektrik stansiyalar (tizimlar)” shaharsozlik normalari va qoidalari
Ushbu shaharsozlik normalari va qoidalari (bundan buyon matnda ShNQ deb yuritiladi) quyosh fotoelektrik modullari va batareyalaridan foydalangan holda yangi qurilayotgan hamda loyiha quvvati 10 kVt gacha boʻlgan fotoelektrik stansiyalarni loyihalashtirish qoidalarini belgilaydi.
1-bob. Texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga havolalar
1. Ushbu ShNQda quyidagi texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga havolalar keltirilgan:
SanQvaN 0350-17 “Oʻzbekiston Respublikasining aholi yashash hududlarida atmosfera havosini muhofaza qilishning sanitariya meʼyorlari va qoidalari”;
ShNQ 2.01.02-04 “Bino va inshootlarning yongʻin xavfsizligi”;
ShNQ 3.01.04-04 “Tugallangan qurilish loyihalarini qabul qilish. Asosiy qoidalar”;
QMQ 2.01.03-96 “Seysmik hududlarda qurilish”;
QMQ 2.01.01-94 “Loyihalash uchun iqlim va fizik-geologik maʼlumotlar”;
OʻzDSt 3182:2017 “Avtonom fotoelektr tizimlari. Ishlash qobiliyatini nazorat qilish. Nazorat usullari”;
OʻzDSt 3076:2016 “Elektr tarmoqlariga ulanadigan quyosh fotoelektrik stansiyalari. Stansiyalarga, hujjatlarga, qabul qilish va tekshirish boʻyicha minimal talablar”;
OʻzDSt 3075:2016 “Fotoelektr tizimlari. Atamalar va taʼriflar”;
OʻzDSt 61853-1:2018 “Fotoelektrik modullar. Ishchi xarakteristikalarini aniqlash va energetik baholash. Ishchi xarakteristikalarini harorat va energiya yoritilganlikka bogʻliqlikda oʻlchash. Nominal quvvat”;
OʻzDSt 61215-1:2018 “Yer usti fotoelektrik modullar. Tuzilishini baholash va turini tasdiqlash. 1-qism. Sinov talablari”;
OʻzDSt 61215-2:2021 “Yer usti fotoelektrik modullar. Konstruksiyani baholash va turini tasdiqlash. 2-qism. Sinov jarayoni”;
OʻzDSt 61215-1-1:2018 “Yer usti fotoelektrik modullar. Tuzilishini baholash va turini tasdiqlash. Kristall kremniydan tayyorlangan fotoelektrik modullarini sinash uchun maxsus talablar”;
IEC 61215:2005 “Kremniy kristallidan tayyorlangan yer usti fotoelektrik modullar. Tuzilishini va namunaga binoan tasdiqlash”;
IEC 60364-7-712:2002 “Past kuchlanishli elektr qurilmalar. Maxsus elektr qurilmalariga yoki ularning joylashgan nuqtalariga qoʻyiladigan talablar. Fotoelektrik quyosh batareyalaridan foydalanadigan energiya tizimlar”;
IEC 61683:1999 “Fotoelektrik tizimlar. Invertorlar. Samaradorlikni oʻlchash tartibi”;
IEC 62109-1:2010 “Fotoelektrik energiya tizimlarida foydalanish uchun invertorlarning xavfsizligi. Umumiy talablar”;
IEC/TS 62548:2013 “Fotoelektrik batareyalar. Texnik shartlar”;
IEC 60364-5-54:2011 “Past kuchlanishli elektr qurilmalari. Yerga ulanuvchi himoya qurilmalari, himoya oʻtkazgichlari va potensiallarni tenglashtiruvchi himoyalovchi oʻtkazgichlar”.
2-bob. Atamalar va taʼriflar
2. Ushbu ShNQda quyidagi atama va taʼriflardan foydalanilgan:
fotoelement (bundan buyon matnda FE deb yuritiladi) — quyosh nurlanish energiyasini elektr energiyasiga aylantiruvchi eng sodda fotoelektrik qurilma;
fotoelektrik modul (bundan buyon matnda FEM deb yuritiladi) — maxsus tuzilishga ega boʻlgan, toblangan oynadan va ikki tomonidan plyonka yordamida germetik yopishtirilgan quyosh fotoelementlaridan tashkil topgan monolit panel;
fotoelektrik batareya (bundan buyon matnda FEB deb yuritiladi) — ketma-ket yoki parallel ulangan FEMlardan tashkil topgan quyosh nurlanish energiyasini elektr energiyasiga aylantiradigan qattiq tuzilishga ega qurilma;
fotoelektrik stansiya (bundan buyon matnda FES deb yuritiladi) — quyosh nurlanishini elektr energiyasiga aylantirish orqali elektr energiyasini ishlab chiqarish uchun bir yoki bir nechta FEBdan iborat energetik qurilma;
invertor — FEB tomonidan ishlab chiqarilgan oʻzgarmas tokni oʻzgaruvchan bir fazali 220V/50 Nz yoki uch fazali 380V/50 Nz ga aylantirish uchun moʻljallangan elektron qurilma;
kontroller — akkumlyatorlarning zaryad-razryadlanishini va FEB energiya manbalarini boshqaradigan elektron qurilma;
akkumulyator batareyasi (bundan buyon matnda AB deb yuritiladi) — energiyani jamlash va saqlash uchun moʻljallangan qayta ishlatiladigan tok manbai boʻlib, qaytariluvchi oksidlanish-qaytarilish reaksiyasiga asoslangan, parallel yoki ketma-ket ulangan ikki yoxud undan ortiq elektr galvanik elementlardan tashkil topgan qurilma.
zaryadlovchi qurilma — ABni zaryadlovchi elektron qurilma boʻlib, elektr akkumulyator batareyalarini va qayta zaryadlanuvchi batareyalarni tashqi manbadan zaryadlash uchun elektron qurilma, elektr energiya oʻzgaruvchan elektr tarmogʻidan olinadi. Avtomatik, yarim avtomatik va qoʻlda boshqariladigan turlari mavjud.
MPPT — batareyani zaryad-razryadlash hamda quyosh panellari bilan ishlashini amalga oshiradigan qurilma.
3-bob. FESni loyihalashtirish va uning elektromexanik qismlari
3. Yangi FESni loyihalashtirish mazkur ShNQ talablari, shuningdek qurilish hududining iqlimiy, muhandislik, geologik va boshqa shart-sharoitlarni inobatga olgan holda ishlab chiqilgan texnik-iqtisodiy asoslarga koʻra amalga oshiriladi.
4. FESni loyihalash zamonaviy va yuqori texnologik asbob-uskunalardan foydalangan holda yuqori ilmiy-texnik darajada amalga oshirilishi kerak.
5. FESni loyihalashda quyidagi asosiy texnik yechimlarni eʼtiborga olish lozim:
dastlabki moliyalashtirilgan mablagʻlarni va ishlab chiqarish sarf-xarajatlarini maksimal tejash;
uskunaning ishonchli va mustahkam ishlashini taʼminlash;
material va metall sarfini kamaytirish;
atrof-muhitni muhofaza qilish, shuningdek SanQM 0350 ga binoan ishlab chiqarish va texnik xodimlar uchun normal sanitariya-maishiy sharoitlar yaratish.
6. FESlarni loyihalashda barcha energiya yoʻqotishlar, shuningdek ularning joylashuvi, quyosh nurlanishi hamda iqlim sharoitida elektr energiyasini ishlab chiqarishda foydalaniladigan FESning maksimal imkoniyatlari hisobga olinishi zarur.
7. FESni loyihalashda quyidagilar eʼtiborga olinishi lozim:
tokning yuqori yuklanishi;
qarshi himoya (izolatsiya) parchalanishi;
Oʻz DSt 3182:2017 va IEC 62124:2004ga muvofiq kuchlanish ortishidan himoyalanish.
8. FES binolarining tomlarida oʻrnatilgan evakuatsiya yoʻllarining soni va joylashuvi ShNQ 2.01.02 ga muvofiq boʻlishi lozim.
9. FES qurilishi uchun quyosh energiyasining zarur miqdori taʼminlanadigan tekis yoki nishab yer maydoni tanlanishi kerak.
10. FES ni loyihalashda maydonning geografik joylashuvi hamda hududning iqlimiy xususiyati tavsifi eʼtiborga olinishi lozim (quyosh nurlanishi parametrlari, shamol esishi darajasi va mahalliy omillar, quyosh nurlari oqimiga va shamolning shakllanishiga taʼsir qiladigan relyef, oʻsimliklar, maydondagi binolar va shu kabilar).
11. FES joylashtirilishi mumkin boʻlgan uchastkaning chegaralarida qurilish bazasini tashkil etishdan oldin qurilish uchun sharoitlarni, belgilangan texnik parametrlarga (boʻylama hamda koʻndalang yonbagʻirlarga, oʻlchamlarga, burchak radiusiga va boshqalarga) ega boʻlgan texnologik yoʻlaklarni hamda montaj qilish maydonchalarini tashkil qilish lozim.
Shuningdek, FES yer ustida joylashganida erning gidrografik xususiyatlari (er usti va yer osti suvlari, oqimlar, botqoqliklar) hamda erning oʻziga xos xususiyatlari (qiyaliklar, jarliklar va dashtlar) inobatga olingan holda maydonning yer qatlami sharoitlari hisobga olinishi lozim. Panellarning oraliq masofasida soyalanish darajasini hisoblash mazkur ShNQning 1-ilovasida keltirilgan.
12. FESni loyihalashda FEBni joylashtirish rejasi ishlab chiqilishi lozim.
13. FESda FEBni maqbul joylashtirishda quyidagilarni eʼtiborga olish lozim:
FESning tanlangan maydoni uchun quyosh nurlari maksimal darajada tushishi mumkin boʻlgan joy;
quyosh insolatsiyasiga taʼsir koʻrsatuvchi tabiiy (oʻrmon, ekinzorlar, balandliklar va boshqalar) va sunʼiy (binolar, baland imoratlar va boshqalar) omillar, yer yuzasi notekisligi hamda atrof muhitning boshqa taʼsir etish xususiyatlari;
shamolning FES maydonida joylashgan FEBning mahkamlangan konstruksiyasiga taʼsiri;
minimal kapital, qurilish-montaj xarajatlari va butun ish davri uchun foydalanish xarajatlari bilan elektr energiyasini maksimal darajada ishlab chiqishni taʼminlash zaruriyati.
14. Muayyan maydoncha chegarasida zarur quvvatga ega boʻlgan FEBni joylashtirish sxemasini ishlab chiqishda quyidagi jihatlar hisobga olinishi lozim:
elektr energiyasini ishlab chiqarishni maksimal darajada koʻpaytirish va ularning oʻzaro soyalari taʼsirida yoʻqotishlarni minimallashtirish maqsadida FEB oʻrtasidagi optimal masofani aniqlash;
chang, shamol esadigan yuqori intensivlik mavjud boʻlgan joylarda, shamol va havo xususiyatlarining salbiy taʼsiridan himoya qiladigan obyektlarga nisbatan FEB joylashishiga eʼtibor qaratish;
FES joylashgan joylarda sanitariya qoidalari va normalariga rioya qilish;
qurilish maydonchasini koʻrib chiqilayotgan iqlimiy sharoitda mavjud infratuzilma va cheklovlarni hisobga olgan holda tashkil etish imkoniyati.
15. FESni loyihalashda FEMning qiya yuzasiga tushadigan quyosh energiyasi miqdori (yoki quyosh nurlanishining intensivligi), FEMning meʼyoriy gorizontal yuzasi va janubiy yoʻnalish (FES azimuti oʻrtasidagi burchak bilan tavsiflanadigan janubga nisbatan yoʻnalishga bogʻliqligi) eʼtiborga olinishi kerak. Standart sharoitlarda quyosh nurlanishining maksimal intensivligini oʻlchash va aniqlash mazkur ShNQning 2-ilovasiga muvofiq amalga oshiriladi.
16. FESni loyihalashda FEB uchun massivning quyidagi turdagi uskunalarini oʻrnatish mumkin:
burchak ostida oʻrnatiluvchi massivlar (quyosh nurlanishining maksimal miqdorini hisobga olish uchun FEMlar gorizontga nisbatan muayyan burchak ostida oʻrnatiladi);
bitta aylanish oʻqiga ega boʻlgan (bir koordinatli), quyoshning yoʻnalishini kuzatuvchi tizimga ega massivlar (gorizontga nisbatan maʼlum burchak bilan joy kengligini hisobga olgan holda joylashtiriladi);
ikkita aylanish oʻqiga ega boʻlgan (ikki koordinatli), quyoshning yoʻnalishini kuzatuvchi tizimga ega massivlar (gorizontga nisbatan har xil yoʻnalishda joylashtirilgan, ikki oʻq atrofida aylanuvchi qurilmalar. Odatda, bu oʻqlar bir-biriga nisbatan perpendikulyar boʻladi).
Yerga nisbatan harakatsiz boʻlgan oʻq asosiy hisoblanadi. Pozitsiyasi asosiy oʻqqa nisbatan aniqlanadigan oʻq qoʻshimcha oʻq hisoblanadi.
Quyoshning yoʻnalishini kuzatuvchi tizimlarga ega ikki oʻqli tizim gorizontga nisbatan bir yoʻnalishda harakatlanuvchi bir nechta aylanish oʻqlaridan iborat boʻlishi mumkin (qoʻshimcha oʻq yoʻnalishi boʻyicha).
17. FEMning koʻtarib turuvchi konstruksiyasi va oʻrnatish mexanizmi QMQ 2.01.03 talablariga muvofiq boʻlishi lozim.
FEMning koʻtarib turish ustuni yuk koʻtarish xususiyatlari OʻzDSt/IEC 3076:2016 (IEC 62446:2009, NEQ) ga muvofiq boʻlishi kerak. Fotoelektrik modullarni qurish va loyihalashda shamol yuklamalari taʼsiriga alohida eʼtibor berilishi lozim.
18. FEMni oʻrnatishda ishlab chiqaruvchining tavsiyalariga muvofiq haroratning deformatsiyalari uchun kompensatsiya berilishi kerak.
19. FESni loyihalash va qurishda FEMga tushadigan ogʻirlikni kamaytirish uchun shamol, qor, toshqinning seysmik taʼsiri hamda qoʻshimcha yuki hisobga olinishi va u Oʻz DSt IEC 61215-1:2018 (IEC 61215-1:2016, IDT) ga muvofiq boʻlishi kerak.
Shamol tezligi taʼsirini baholash uchun shamolning maksimal tezligi uzoq muddatli ob-havo maʼlumotlarini tahlil qilish asosida tanlanishi kerak.
20. FEM tuzilmasini hisoblashda yogʻingarchilik (qor, muz va boshqa yogʻingarchiliklar) miqdori QMQ 2.01.01 ga muvofiq qabul qilinishi kerak.
FEMni binolarning tomlariga oʻrnatishda FESning yuk koʻtarish qobiliyati hisobga olinishi hamda OʻzDSt/IEC 3076:2016 (IEC 62446:2009, NEQ) ga muvofiq boʻlishi lozim.
21. FESning maʼlum bir hududida suv toshqini sodir boʻlganda yoki daryo, koʻl va suv havzasida suv sathining koʻtarilganda, FESni umumiy tarmoqdan uzish imkoniyati taʼminlanishi zarur.
Agar FESlar avtonom boʻlsa, ularni batareyalardan uzish taʼminlangan boʻlishi lozim.
22. Tuzilmalarni loyihalashda haroratning oʻzgarishini hisobga olish hamda OʻzDSt/IEC 3076:2016 (IEC 62446:2009, NEQ) ga muvofiq qoʻllab-quvvatlovchi tuzilmalarga va FEMni mahkamlash mexanizmlariga eʼtibor qaratish lozim.
23. FEM quyosh inshootlari korroziyaga chidamli boʻlgan alyuminiy yoki sirlangan poʻlat materiallaridan yasalishi lozim.
24. FEBni erga oʻtkazuvchanlik (zazemleniye) boʻyicha loyihalashda Oʻz DSt/IEC 60364-7-712: 2002 talablariga rioya etilishi hamda erga oʻtkazish tizimining toʻliq konfiguratsiyasi hisobga olinishi kerak.
Bunday hollarda quyidagi vazifalar hal qilinishi lozim:
ekspluatatsion yoki konstruktiv sabablarga koʻra zarur boʻlganda yuqori kuchlanishli kabellarni erga oʻtkazish (funksional erga oʻtkazish tizimi);
chaqmoqdan himoya qilish yoki potensialni tenglashtirish maqsadida ochiq oʻtkazuvchan qismlarni erga ulash (himoya erga oʻtkazish tizimi).
4-bob. Fotoelektrik stansiyalarning asosiy va yordamchi elementlari
25. FES qurilmalarini tanlashda OʻzDSt/IEC 3076:2016 (IEC 62446:2009, NEQ) talablariga javob beradigan FElardan, FEM va FEBlardan foydalanish lozim.
FESning asosiy qurilmalari quyidagilardan iborat:
FEMlar;
invertorlar;
nazorat qiluvchilar (kontrollerlar);
AB;
ulash simlari;
boshqaruv panellari (qoʻshuvchi va ajratuvchi qutilarda).
FESning yordamchi elementlari quyidagilardan iborat:
ABni mikroprotsessorli zaryad-razryadlantirish kontrolleri;
ABni zaryadlovchi.
26. FEM quyosh elementlar toʻplamidan (fotoelektrik oʻzgartirgichlardan) tashkil topgan boʻlib, quyosh energiyasini elektr energiyasiga toʻgʻridan-toʻgʻri oʻzgartiradi.
Talab qilinayotgan quvvatda FEM turini tanlash konstruktiv va texnik xususiyatlar bilan belgilanadi hamda Oʻz DSt/IEC 61853-1:2018, Oʻz DSt/IEC 61215-1:2018 va Oʻz DSt/IEC 61215-1-1:2018 talablariga javob berishi kerak.
27. FESning asosiy qismi FEMlardan iborat boʻlib, FEMlarda oʻzaro bogʻlanganda katta quvvat olish uchun moʻjallangan FEBlar tashkil qilinadi.
28. FEBlar isteʼmolchi zanjir uskunasiga quyidagi usullarda ulanadi:
FEBlarni energiyani saqlash moslamasini oʻz ichiga olgan doimiy tok kuchlanishiga ulash;
FEBlarni AB qurilmasiga ulash;
FEBlarni oʻzgaruvchan tok qurilmalariga (zanjiriga, elektr tarqatish tarmogʻiga) oddiy ajratgichli invertor orqali ulash;
FEBlarni oʻzgaruvchan tok qurilmalariga (zanjiriga) invertor orqali ulash;
aralash usulda ulash (bir nechta turdagi uskunalarga ulash).
29. Quyosh batareyalari tomonidan ishlab chiqariladigan energiyani oʻzgaruvchan 220 V/50 Gts yoki uch fazali 380 V/50 Gts oqimlariga aylantirish uchun turli xil invertorlar mavjud boʻlib, ular quyidagilar boʻyicha bir-biridan farqlanadi:
quvvat bilan;
doimiy tok tomonidagi kuchlanish bilan;
chiqish signali shakli bilan;
oʻrnatilgan zaryadlovchi qurilma va toʻgʻridan-toʻgʻri energiya taʼminoti tizimi bilan (boshqa oʻzgaruvchan tok manbasidan);
analog yoki impulsli zanjir bilan.
Invertorlar toʻliq avtonom tizimlarda ishlatiladi yoki elektr energiyasini toʻgʻridan-toʻgʻri tarmoqqa uzatish uchun moʻljallanadi.
30. Fotoelektrik tizimlar uchun invertorni tanlashda uning quyidagi xususiyatlariga eʼtibor berish lozim:
nominal quvvat (doimiy quvvatlash uchun invertorga ulanishi mumkin boʻlgan kuchlanishning umumiy quvvat yigʻindisi boʻlib, nominal quvvat doimiy kuchlanishdan kamida 20 — 30 foiz qoʻshimcha bilan tanlanadi);
eng yuqori quvvat (bu quvvatning maksimal qiymati boʻlib, ABda ishlaganda invertorning juda qisqa vaqt oraligʻida bardosh bera oladigan quvvati hisoblanadi, shuningdek invertorning eng yuqori quvvati ulangan qurilmalarni ishga tushirish quvvatini hisobga olgan holda tanlanadi);
oʻzgaruvchan tok doimiy tokka oʻzgartirilganda (invertorlanganda), chiqish signalining shakli;
oʻrnatilgan zaryadlovchi qurilmaning tok kuchi (agar mavjud boʻlsa) (ABning maksimal sigʻimi qiymatini hisobga olgan holda aniqlanadi);
har xil turdagi ABni zaryad qilish qobiliyati;
germetik va ochiq turdagi batareyalarda zaryadning turli bosqichlari uchun kuchlanishlardagi farqlar;
“uyqu” rejimining mavjudligi (uyqu rejimi — bu elektr yuklamalari boʻlmagan taqdirda invertorning oʻz energiya sarfini kamaytirish qobiliyati);
oʻrnatilgan relening mavjudligi (tashqi tarmoq yoʻqolganda, batareyadan quvvat olishga avtomatik ravishda ulanishga imkon beradi).
31. Ulanish relesiga ega boʻlgan invertor ikkita “kirish” va “chiqish” oʻzgaruvchan tok simlari bilan ulanadi. “Kirish” simi tashqi tarmoqqa ulanib, tokni rele orqali kuchlanishga uzatadi. “Chiqish” simi inventordan chiquvchi oʻzgaruvchan tokka ulangan boʻlib, unga ABdan olinadigan oʻzgaruvchan tok kuchlanishi ulanadi.
32. Atrof-muhit haroratiga qarab zaryad kuchlanishini tartibga solish uchun invertorlarni harorat datchiklari bilan qoʻllash mumkin (bunday zaryadni tartibga soluvchilarsiz kerakli zaryadlash darajasi taʼminlanmaydi, batareyalar zaryadlanmaydi yoki aksincha qayta quvvatlanadi, bu ularning ish qobiliyatiga salbiy taʼsir qiladi va ularning muddatidan oldin ishdan chiqishiga olib kelishi mumkin).
33. FES ni loyihalashda AB ning chuqur quvvatsizlanishining (taxminan, har bir elementda 1,8 V) oldini oladigan, quvvatsizlanish darajasini nazorat qilish moslamasi bilan jihozlangan MPPT turi bilan hamda ABni qayta quvvatlanishiga yoʻl qoʻymaydigan, quyosh batareyalardan quvvatlanishni nazorat qiladigan moslamasi bilan jihozlangan invertorlardan foydalanish mumkin.
34. Fotoelektrik tizim turiga muvofiq invertor ikki turga boʻlinadi:
oʻrnatilgan chastota generatoriga ega avtonom tizimlar uchun invertorlar;
tarmoqlarda foydalaniladigan invertorlar.
Ikkala turdagi invertorning foydali ish koeffitsiyent qiymati 90 foizdan kam boʻlmasligi kerak.
35. Kuchlanish invertorlari alohida qurilma sifatida qoʻllanilishi yoki oʻzgarmas tok elektr energiyasi uskunalarining uzilishlarsiz manbasi tizimiga kirishi mumkin.
36. Invertorlar IEC 61683, IEC 62109-1 talablariga muvofiq tanlanishi, shuningdek foydalanuvchining quyidagi texnik talablari inobatga olinishi kerak:
sinusoidal chiqish kuchlanishini taʼminlashga qaratilgan;
sinusoidal oʻrnini bosadigan oddiy signal koʻrinishadagi chiqish kuchlanishini taʼminlashga qaratilgan.
37. Invertorni oʻrnatishda standart kuchlanishdagi (220 V/50 Gts) energiya isteʼmolining eng yuqori quvvati, shuningdek invertorning quyidagi ishlash rejimlari hisobga olinishi kerak:
uzoq vaqt davomida ishlash rejimi (invertorning nominal quvvatiga mos keladi);
ortiqcha yuklanishda ishlash rejimi (aksariyat invertor modellari nominal quvvat rejimida bir necha daqiqa davomida (30 daqiqagacha) ishlashi mumkin).
38. FESlar elektr tarmogʻiga quyidagi usullarda ulanishi mumkin:
elektr energiyasini umumiy tarmoqqa uzatish imkoniyatiga ega boʻlmagan (avtonom ravishda ishlaydigan);
ishlab chiqarilgan elektr energiyasini umumiy tarmoqqa uzatish imkoniyatiga ega boʻlgan;
ishlab chiqarilgan elektr energiyasi quvvatni umumiy tarmoqqa toʻgʻridan-toʻgʻri uzatish hamda energiyani ABlarda saqlash imkoniyatiga ega boʻlgan (kombinatsiyalashtirilgan (gibrid);
koʻp rejimli.
39. Fotoelektrik energiya tizimlarini ishlab chiqishda energiyani toʻplash va saqlash uchun ABlar qoʻllanilishi kerak. Bunda, ABlar turli ekspluatatsiya rejimlarida elektr energiyasining manbadan isteʼmolchiga yetib kelish vaqti va koʻrsatkichlari mutanosibligini, chiqish kuchlanishining barqarorligini taʼminlashi lozim.
40. FESlar uchun ABlar alohida yoki nominal kuchlanishga (12 yoki 24 V) ega boʻlgan monobloklar (batareyalar toʻplami)dan iborat boʻlishi mumkin.
41. ABlar bir xil sigʻimga ega boʻlishi hamda bir vaqtda ishlab chiqilgan va bitta partiyada yetkazib berilgan boʻlishi lozim.
42. Maʼlum bir FESlar uchun ABlarni tanlashda quyidagilar hisobga olinishi kerak:
oʻz-oʻzidan quvvatsizlanish darajasi;
tokning past quvvatida ham ishlash qobiliyati;
ancha quvvatsizlangan holda ham ishlash qobiliyati;
past haroratlarda ham ishlash qobiliyati (yil boʻyi foydalaniladigan tizimlar uchun).
5-bob. FESlarning yordamchi uskunalari
43. ABlarning quvvatlanishi (quvvatsizlanishi)ni nazorat qiluvchi mikroprotsessorli kontrollerlar va ABni quvvatlantiruvchi uskunalar avtonom FESlarning yordamchi uskunalari hisoblanadi.
44. Mikroprotsessorli kontrollerlar quyosh batareyasining maksimal darajada quvvatlanishi va tok zaryadining kenglik-impuls modulatsiyasini (KIM) kuzatish hisobiga ABni 100 foizgacha quvvatlanishini taʼminlash maqsadida qoʻllaniladi.
45. FES larda “shuntli” va “ketma-ket” tipiga mansub boʻlgan kontrollerlar qoʻllanilishi mumkin.
46. ABning xizmat davrini oshirish va FESning energiyasidan samarali foydalanish maqsadida quvvatlantirish kontrolleri qoʻllaniladi.
47. Yirik FESlarda ABning quvvatlanishi va quvvatsizlanishi darajasini nazorat qilish funksiyalari bilan bir qatorda butun tizimni boshqaradigan tizimli kontrollerlardan foydalanish kerak. Nazorat yoritilganlik, harorat, tok, kuchlanish va tizimning boshqa koʻrsatkichlarini qayd etish hamda tahlil qilish yoʻli bilan kompyuterlar yordamida amalga oshiriladi.
48. Har bir FES uchun kontrollerlar FEMning quvvati va yuklanish quvvatiga qarab individual ravishda tanlab olinadi.
49. Zaryadlovchi qurilma germetiklangan, texnik xizmat koʻrsatilmaydigan, qoʻrgʻoshin-kislotali ABlarni avtomatik ravishda quvvatlantirish uchun moʻljallangan boʻladi.
50. Zaryadlovchi qurilma talab etilgan tok zaryadi, ABning turi, quvvatlantirish tezligi va avtomatlashtirilganlik darajasiga qarab tanlab olinadi.
51. AB maksimal tok kuchlanishida quvvatlantirilmaydi.
Tok quvvati oshishi va birxillashishi uchun hamda quvvatlash jarayonini tezlashtirish maqsadida bir nechta quvvatlovchi uskunalar parallel ravishda ulanadi.
6-bob. FESlar qoʻllanishini iqtisodiy asoslash va ularning ekspluatatsion koʻrsatkichlari
52. FESning loyihasida keltirilgan texnik yechimlarning sifati texnik va iqtisodiy hisob-kitoblar koʻrsatkichlari bilan belgilanishi kerak.
53. FES samaradorligini baholashning asosiy koʻrsatkichlari quyidagilardan iborat:
yillik elektr energiyani ishlab chiqarish;
qabul qilingan FEB turlari uchun nominal quvvatdan foydalanish koeffitsiyenti (FES uchun oʻrtachasi);
yetkazib berilgan elektr energiyaning tannarxi.
54. Elektr energiyani ishlab chiqarishni hisoblash uchun dastlabki maʼlumotlar sifatida QMQ 2.01.01 boʻyicha ushbu hududning iqlim parametrlari, shuningdek ishlab chiqaruvchilardan olingan FEMning chiqish parametrlari qoʻllaniladi.
55. Ishlab chiqariladigan elektr energiyasi hajmini hisoblashda FEMni FES hududida joylashtirganda bir-birining yuzasiga soya tushirishdan vujudga keladigan yoʻqotishlar, FESning ichki elektr tizimidagi yoʻqotishlar, FE va FEM yuzalari degradatsiyasi (buzilishi)dan kelib chiqadigan boshqa yoʻqotishlar baholanishi lozim.
56. Elektr energiyasini ishlab chiqarishni hisoblash natijalariga koʻra hamda tizimdagi yoʻqotishlarni kamaytirish va elektr energiyasini ishlab chiqarishni koʻpaytirish maqsadida FEMlarning muayyan burchagi, shuningdek FE va FEM turlari aniqlashtirilishi lozim.
57. FESning bir yilda nominal quvvat bilan ishlab chiqaradigan energiya hajmining oʻrtacha qiymati quyidagi (1) formula boʻyicha aniqlanadi:
1) WFES = Pfm(Eumum. / Isin)K0(1-Kyoʻq), kW•h,
Bu erda:
Rfm — quyosh FEMlarining umumiy quvvati, kW;
Eumum. — gorizontal tekislikda yer yuzasiga tushayotgan umumiy quyosh energiyasi, kW•h/m2;
Isin — FEMlarni sinovdan oʻtkazgandagi quyosh nurlanishining intensivligi, Isin = 1,0 kW•h/m2;
K0 — quyosh energiyasining umumiy oqimini gorizontal tekislikdan FEMlar yuzasiga oʻtkazish uchun tuzatish koeffitsiyenti;
Kyoʻq — elektr energiyasini transformatsiya qilish va uzatish jarayonida quyosh batareyasining yoʻqotishlarini hisobga olish koeffitsiyenti.
FESlar ishlab chiqaradigan elektr energiyasi hajmini hisoblash misoli mazkur ShNQning 3-ilovasida keltirilgan.
58. Isteʼmolchiga bir yilda yetkazib beriladigan elektr energiyasi hajmi quyidagi (2) formula yordamida aniqlanadi:
2) Web = WFEC — Wty — Weh — Wyou
Bu erda:
WFEC — FESda bir yilda ishlab chiqarilgan elektr energiyasi, kW•h/yil;
Wty — transformatsiya qilish va uzatish jarayonida elektr energiyasining texnologik yoʻqotishlari, kW•h/yil;
Weh — FES (asosiy uskunalari)ning oʻz ehtiyojlari uchun isteʼmol qilinadigan elektr energiyasi, kW•h/yil;
Wyou — yordamchi uskunalarning ehtiyojlari uchun isteʼmol qilinadigan elektr energiyasi, kW•h/yil.
7-bob. Fotoelektrik stansiyalarda texnika xavfsizlik qoidalari va yongʻin xavfsizligi
59. Quyosh FEBlarining juda past kuchlanishli xavfsizlik tizimidan (JPKX) himoyalanishi IEC/TS 62548:2013 talablariga muvofiq boʻlishi lozim.
Boshqa tizimlarda, tok oʻtkazuvchilarning biri oʻzgarmas tok tomonidan erga ulangan hamda doimiy va oʻzgaruvchan toklar oʻzaro ajratilgan hollarda tok oʻtkazuvchilar hamda tok oʻtkazuvchining erga ulangan yoki ularning ochiq qismlari ikki qoplamali yoki kuchaytirilgan izolatsiya bilan himoyalanishi talab etiladi.
Elektr toki urishidan himoyalash OʻzDSt/IEC 60364-5-54:2011 talablariga muvofiq amalga oshiriladi.
60. Modullarda, tarqatish qutilarida va FEM oʻtkazgichlarida haddan tashqari yuqori kuchlanishli tok oqimi vujudga kelganda yoki quyosh FEBning erga ulangan oʻtkazgichlarida qisqa tutashuvlar hosil boʻlganda, uskunalar yuqori kuchlanishli tok oqimidan himoyalangan boʻlishi lozim. Fotoelektrik zanjirlarda maksimal tokdan himoyalanish talablari quyidagi rasmda koʻrsatilgan.
Rasm. Fotoelektrik zanjirlarda maksimal tokdan himoyalanish talablari.
61. FEMlar tok kuchlanishi boʻyicha chegaralangan boʻlsada, tashqi manbalarga (masalan, batareya) parallel ravishda ulanishi yoki qoʻshilishi mumkinligini inobatga olib, bir necha parallel ulangan zanjirlardan yoki tashqi manbalardan yoxud har ikkala usul qoʻllanilganda vujudga keladigan ortiqcha tok oqimlarga duchor boʻlishi mumkinligini hisobga olish kerak.
62. FEMlarning tokdan maksimal himoyalanishi quyosh FEBlari qismlaridan kelib chiqadigan qisqa tutashuv toklari yuzaga kelganda, dastlab himoyaning pastki darajasida oʻchirilishiga qarab tavsiflanishi kerak.
63. Agar parallel zanjirlar soni ikkitadan ortiq boʻlsa, qisqa tutashuvning maksimal toki biror bir zanjir sxemasida (zanjirlar soni bitta boʻlganda) oʻtishi mumkin boʻlgan qisqa tutashuv tokiga teng boʻladi.
Parallel zanjirlar soni bir yoki ikkita boʻlganda va hech qanday ABlar boʻlmaganda hamda FEMlar qisqa tutashuv tokiga teng boʻlgan teskari tok oqimiga bardoshli boʻlganda, maksimal tokdan himoyalash tizimining nosozligi ahamiyat kasb etmasligi inobatga olinishi kerak.
64. Kristalli kremniydan tayyorlangan FEMlar uchun parallel zanjirlar soni uchtadan oshmasligi kerak.
Boshqa FEMlar uchun zanjirlar soni ishlab chiqaruvchining qoʻllash yoʻriqnomalariga muvofiq boʻlishi lozim. Qoʻllash yoʻriqnomalari boʻlmaganda, har bir zanjirga himoya qurilmalari (predoxranitel) oʻrnatilishi kerak.
65. Quyosh modullariga ulanadigan kabellar izolatsiyasini tanlashda atrof-muhitning ehtimoli boʻlgan eng yuqori harorat darajasi hisobga olinishi kerak. Atrof-muhit taʼsiri ostida boʻlganda, kabellar ultrabinafsha nurlanishiga chidamli boʻlishi yoki ultrabinafsha nuridan yongʻinga qarshi himoya vositalari bilan taʼminlanishi kerak.
66. FESni yuqori kuchlanishdan himoya qilish Elektr uskunalarining tuzilishi qoidalariga (IV boʻlim) (2006-yil 2-noyabr, 20-15-232/11-son) muvofiq amalga oshiriladi.
8-bob. FESni chaqmoqdan himoya qilish
67. Chaqmoqdan kelib chiqadigan xavf darajasini hisobga olgan holda FEB va meteorologik machtalar chaqmoqdan himoya qilish boʻyicha uchinchi toifaga mansub boʻlib, FESlarni loyihalash Elektr uskunalarining tuzilishi qoidalariga (VII boʻlim) (2006-yil 18-iyul 20-15-143/14-son) muvofiq amalga oshirilishi kerak.
68. Toʻgʻridan-toʻgʻri chaqmoq urishidan himoya qilishda chaqmoq toki FEB (meteomachta) konstruksiyasi va jihozlarini buzmagan hamda boshqarish va tartibga solish elektronika uskunalariga zarar yetkazmagan holda oʻtishi kafolatlanishi kerak.
69. Tok oʻtkazgichlar ustun minorasining konstruksiyasi boʻylab yotqizilishi va impuls qarshiligi bilan erga oʻtkazgichga ulanishi kerak.
70. FEBning erga oʻtkazgichining, meteorologik machtaning va transformator stansiyasining konturlarini birlashtirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
ShNQ 2.04.15-22 “Fotoelektrik stansiyalar (tizimlar)” shaharsozlik normalari va qoidalariga
1-ILOVA
1-ILOVA
Oʻzaro soyalanishni hisobga olgan holda panellarni joylashtirish
FEB panellarining oʻzaro soyalanishini hisobga olgan holda joylashtirishni hisoblash sxemasi.
Bu erda: a — yon tomondan koʻrinish; b — yuqoridan koʻrinish.
Uzlukli chiziqlar bilan L masofadan kam boʻlgan oraliqda joylashgan soyalangan modullar koʻrsatilgan.
ShNQ 2.04.15-22 “Fotoelektrik stansiyalar (tizimlar)” shaharsozlik normalari va qoidalariga
2-ILOVA
2-ILOVA
Quyosh nurlanishining intensivligini aniqlash
FEMlarni pasport xususiyatlari quyosh nurlanishining intensivligida standart sinovlari natijalari asosida oʻtkaziladi, Iisp = 1000 Vt/m2.
FESni loyihalashda oʻrtacha bulutli sharoitda gorizontal yuzaga tushuvchi quyosh nurlanish intensivligining maksimal va jami oʻrtacha kunlik darajasi toʻgʻrisida maʼlumotga ega boʻlish kerak.
Texnik-iqtisodiy hisob-kitoblarni oʻtkazishda oʻrtacha bulutli sharoitda gorizontal yuzaga tushuvchi quyosh nurlanish intensivligining oylik va yillik oʻrtacha koʻrsatkichi inobatga olinishi lozim.
Gorizontal yuzaga tushadigan quyosh nurlanishining maksimal intensivligi toʻgʻri va tarqoq nurlanishning yigʻindisi sifatida quyosh vaqtining 11-12 soatlik intervalda FES qurilish maydonining tegishli kengliklari uchun QMQ 2.01.01 ning 7-jadvali asosida aniqlanadi:
I0 = Ismax+ Idmax, W/m2
Muayyan oy uchun oʻrtacha bulutli sharoitda gorizontal yuzaga tushadigan toʻgʻri va tarqoq quyosh nurlanishining kunlik oʻrtacha miqdori FES qurilish maydonchasiga eng yaqin joylashgan aholi punkti uchun maʼlumotlar asosida QMQ 2.01.01 ning 10-jadvali boʻyicha olinadi. Ushbu qiymat tegishli oydagi kunlar soniga koʻpaytirilganda, quyosh nurlanishining gorizontal yuzaga tushadigan oʻrtacha oylik yigʻindisi aniqlanadi.
Oʻrtacha bulutli sharoitda gorizont yuzaga tushadigan toʻgʻri va tarqoq quyosh nurlanishining kunlik oʻrtacha miqdori QMQ 2.01.01 ning 10-jadvali boʻyicha olinadi. Ushbu qiymatni yilning kunlari soniga koʻpaytirilganda, quyosh nurlanishining gorizontal yuzasiga tushadigan oʻrtacha yillik yigʻindisi aniqlanadi.
(Misol: 41° shimoliy kenglikda joylashgan Toshkent shahri uchun iyul oyi davomida gorizontal yuzaga tushadigan quyosh nurlanishining maksimal intensivligi QMQ 2.01.01 ning 7-jadvaliga muvofiq quyidagiga teng:
I0= Is+ Id= 782+140 = 922, W/m2.)
QMQ 2.01.01-94 ning 10-jadvaliga muvofiq, Toshkent shahri uchun iyul oyi davomida oʻrtacha bulutli kunlar sharoitida gorizontal yuzaga tushayotgan quyosh nurlanishining oʻrtacha kunlik miqdori quyidagiga teng:
Eoʻr.sutiyul= 21,27+6,92 =28,19MDj/(m2*sut) =7,83 kW•h/(m2•d).
Toshkent shahri uchun oʻrtacha bulutli sharoitda gorizontal yuzaga tushayotgan quyosh nurlanishining oʻrtacha kunlik miqdori quyidagiga teng:
Eoʻr.sutyil= 10,77+5,84=16,61MDj/(m2*sut) =4,61 kW•h/(m2•d).
Toshkent shahri uchun oʻrtacha bulutli sharoitda gorizontal yuzaga tushayotgan quyosh nurlanishining oʻrtacha yillik miqdori quyidagiga teng:
Eyil = 16,61 ∙ 365 = 6 062,65 MDj/(m2*yil) = 1 684 kW•h/(m2•yil).
ShNQ 2.04.15-22 “Fotoelektrik stansiyalar (tizimlar)” shaharsozlik normalari va qoidalariga
3-ILOVA
3-ILOVA
Fotoelektrik stansiyalar ishlab chiqaradigan elektr energiya miqdorini hisoblash
FESning pasportdagi xususiyatlari quyosh nurlanishining intensivligi boʻyicha oʻtkazilgan standart sinov natijalari asosida, odatda Isin = 1000 kW/m2 ga teng boʻlgan miqdorda keltiriladi.
Quyosh fotoelektrik modullari tomonidan hosil qilinadigan energiya miqdori quyidagi formula boʻyicha aniqlanadi:
WFES = PFM (Eumum. / Isin) K0 (1-Kyoʻq), kW•h,
bunda:
RFM — quyosh fotoelektrik modullarining umumiy quvvati, kW;
Eumum. — gorizontal tekislikda yer yuzasiga tushayotgan umumiy quyosh energiyasi miqdori, kW•h/m2. FESning asosiy va yordamchi uskunalarini tanlashda, hisoblangan jami quyosh energiyasi miqdori quyosh nurlanishining (I0, kW•h/m2) maksimal intensivligiga teng ravishda, mazkur ShNQning 2-ilovasiga muvofiq aniqlanadi;
Hsin — fotoelektrik modullar sinovdan oʻtkaziladigan quyosh nurlanishining intensivligi, Iisp = 1,0 kW/m2;
K0 — quyosh energiyasining umumiy oqimini gorizontal tekislikdan FEMlar yuzasiga oʻtkazish uchun tuzatish koeffitsiyenti; mazkur ShNQning 3-ilovasi 3.1-jadvaliga muvofiq, FEM yoʻnalishi va qiyalik burchagiga qarab qabul qilinadi;
Kyoʻq — elektr energiyasini oʻtkazish va uzatish paytida quyosh batareyasining yoʻqotishlarini hisobga oladigan koeffitsiyent.
FESlar elektr energiyasini ishlab chiqarishi mumkin boʻlgan maksimal quvvati quyidagi formula bilan aniqlanadi:
RFEB = Pfm (I0 / Isin) K0 , kW,
Quyosh fotoelektrik modullarining umumiy quvvati (RFM, kW) ularning pasport xususiyatlarida keltirilgan umumiy quvvatini qabul qilish kerak.
Kyoʻq koeffitsiyenti fotoelektrik tizimda quyosh nurlanishini elektr energiyaga aylantirish jarayonidagi quyidagi umumiy yoʻqotishlarni hisobga oladi:
oʻtkazgichlardagi yoʻqotish koeffitsiyenti, 1%, Koʻt= 0,01;
invertorlardagi yoʻqotish koeffitsiyenti. Quvvatga qarab 3 — 7% oraligʻida oʻzgarib turadi, Kinv= 0,03 ÷ 0,07;
modulning harorati oshishi bilan bogʻliq yoʻqotish koeffitsiyenti 4 — 8% oraligʻida oʻzgarib turadi Ktem= 0,04 ÷ 0,08;
quyosh nurlanishining qiymati kam boʻlganda quyosh batareyasi ishlash jarayoni davomida yoʻqotish koeffitsiyenti — 1 — 3%, Kkam.hol = 0,01 ÷ 0,03;
quyosh panellarining soyalanishi va ifloslanishi bilan bogʻliq boʻlgan yoʻqotish koeffitsiyenti — 1 — 3% , Kz= 0,01 ÷ 0,03;
chetlab oʻtuvchi diodlarda yoʻqotish koeffitsiyenti — 0,5%, Kd =0,005.
Kyoʻq= Koʻt+ Kinv+ Ktem+ Kkam.xol+ Kz+ Kd .
Jadval
Misol: NFES = 5 kW boʻlgan quyosh FEMdan iborat FESni umumiy quvvatini hisoblash. FES Toshkent shahrida joylashtirilmoqda. FEBlarni joylashtirish azimuti — 15º. Joylashtiriladigan FEBning gorizontga nisbatan qiyalik burchagi — 40º.
Bitta FEMning oʻrnatilgan quvvati — 250 W = 0, 250 kW.
Umumiy statsionar modullar soni quyidagiga teng:
NFM.stats = 5 kW / 0, 25 kW = 20 dona
FES jihozlarining xususiyatlaridan kelib chiqib, quyosh stansiyasini bajarish sxemasi qabul qilinadi.
Stansiya 2 qatordan iborat boʻlib, ularning har bir qatorida 10 donadan FEM joylashtiriladi.
Fotoelektrik tizimda quyosh nurlanishini elektr energiyaga aylantirishdagi energiyaning yoʻqotilishi quyidagicha qabul qilinadi:
oʻtkazgichlarda yoʻqotish koeffitsiyenti — Koʻt= 0,01;
invertorlarda yoʻqotish koeffitsiyenti — Kinv= 0,05;
modulning harorati oshishi bilan bogʻliq yoʻqotish koeffitsiyenti — Ktem = 0,06;
quyosh nurlanishining qiymati kam boʻlganda quyosh batareyasi ishlash jarayoni davomida yoʻqotish koeffitsiyenti — Kkam.xol = 0,02;
quyosh panellarining soyalanishi va ifloslanishi bilan bogʻliq boʻlgan yoʻqotish koeffitsiyenti — Kz= 0,02;
chetlab oʻtuvchi diodlarda yoʻqotish koeffitsiyenti — Kd =0,005.
Fotoelektrik tizimda quyosh nurlanishining elektr energiyasiga aylanishi davomida energiya yoʻqotishning umumiy miqdorini hisobga oladigan Kyoʻq koeffitsiyenti quyidagiga teng:
Kyoʻq= Koʻt + Kinv + Ktem + Kkam.xol + Kz + Kd;
Kyoʻq = 0,01 + 0,05 + 0,06 + 0,02+ 0,02 + 0,005 = 0,165
41° shimoliy kenglikda joylashgan Toshkent shahri uchun, iyul oyida, soat 11-12 oraligʻida gorizontal yuzaga tushadigan quyosh nurlanishining maksimal intensivligi QMQ 2.01.01 ga muvofiq quyidagiga teng boʻladi (mazkur ShNQning 2-ilovasiga qarang):
I0 = Is+ Id = 782+140 = 922 W/m2
Quyosh energiyasining umumiy oqimini gorizontal tekislikdan FEMlar yuzasiga oʻtkazish uchun K0 tuzatish koeffitsiyenti ShNQning 3-ilovasi 3.1-jadvaliga muvofiq, FEBlarni joylashish azimuti — 15º va FEBning gorizontga nisbatan qiyalik burchagi — 40ºga teng. K0 = 1,12.
Iyul oyi davomida FEBning elektr energiyasini ishlab chiqarishi mumkin boʻlgan maksimal quvvati quyidagi formula bilan aniqlanadi:
RFEB = PFM(I0 / Isin)K0 = 5000 *(922 /1000) • 1,12 = 5163 W = 5,16 kW
Iyul oyida Toshkent shahri uchun oʻrtacha bulutli sharoitda gorizontal yuzaga tushayotgan quyosh nurlanishining oʻrtacha sutkalik miqdori quyidagiga teng:
Eoʻrt.sut.iyul = 7,83 kW•h/(m2•d) (mazkur ShNQning 2-ilovasiga qarang). Bunday holda, oʻrtacha sutkalik elektr energiyasini ishlab chiqish quyidagiga teng:
WFES = PFM • (Eoʻr.sut/iyul / Isin) K0 (1-Kyoʻq) =5,0 • (7,83 / 1,0) • 1,12 • (1 — 0,165) = 36,61, kW•h/d.
Toshkent shahri uchun oʻrtacha bulutli sharoitda gorizontal yuzaga tushayotgan quyosh nurlanishining oʻrtacha yillik miqdori 1684 kW•h/(m2•yil) (mazkur ShNQning 2-ilovasiga qarang).
Bunday holda, oʻrtacha yillik elektr energiyasini ishlab chiqish quyidagicha aniqlanadi:
WFES = PFM • (Eyil / Isin ) K0 (1-Kyoʻq) = 5,0 • (1684 / 1,0) • 1,12 • (1 — 0,165) = 7874, kW•h/yil