Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
2023-yilda rasmiy sanalarni nishonlash davrida qoʻshimcha ishlanmaydigan kunlarni belgilash va dam olish kunlarini koʻchirish toʻgʻrisida
2023-yilda fuqarolarning rasmiy sanalarni nishonlash davrida toʻliq dam olishi uchun shart-sharoitlar yaratish, “Oʻzbekiston boʻylab sayohat qil!” ichki turizmni rivojlantirish dasturi doirasida ichki va ziyorat turizmini yanada rivojlantirish uchun dam olish va bayram kunlaridan samarali foydalanishni taʼminlash maqsadida:
1. 2023-yilda quyidagi qoʻshimcha dam olish kunlari belgilansin:
barcha xodimlar uchun (ish haftasining turidan qatʼi nazar): 2-yanvar — dushanba, 30-iyun — juma;
olti kunlik ish haftasida ishlaydigan xodimlar uchun: 3-yanvar — seshanba, 20-mart — dushanba, 22-mart — chorshanba, 24-aprel — dushanba, 1-iyul — shanba, 2-sentabr — shanba, 30-dekabr — shanba.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 28-oktabrdagi OʻRQ-798-son Qonuni bilan tasdiqlangan Mehnat kodeksining 208-moddasiga muvofiq:
ishlanmaydigan bayram kuni hisoblanuvchi “1-oktabr — Oʻqituvchi va murabbiylar kuni” 2023-yilda yakshanba — dam olish kuniga toʻgʻri kelganligi munosabati bilan ushbu dam olish kuni 2023-yil 2-oktabr — dushanba kuniga koʻchirilishi;
bunda ishlab chiqarish-texnik va tashkiliy sharoitlar (mavjud uzluksiz ishlab chiqarish, aholiga har kuni xizmat koʻrsatish, navbatchilik asosida ishlash va boshqalar) tufayli ishlanmaydigan bayram kunlari toʻxtatib qoʻyish mumkin boʻlmagan ishlarni bajarishda dam olish kunlari koʻchirilmasligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
3. 2023-yilda besh kunlik ish haftasida ishlaydigan xodimlar uchun dam olish kunlari quyidagi tartibda koʻchirilsin:
7-yanvar — shanba kunidan 3-yanvar — seshanba kuniga;
11-mart — shanba kunidan 20-mart — dushanba kuniga;
25-mart — shanba kunidan 22-mart — chorshanba kuniga.
29-aprel — shanba kunidan 24-aprel — dushanba kuniga.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Bayram (ishlanmaydigan) kunlarining uzaytirilishini hisobga olgan holda, respublika aholisining maroqli dam olishi uchun:
Turizm va madaniy meros vazirligi turizm namoyishi obyektlari (madaniy meros obyektlari, muzeylar) va mehmonxona xizmatlari uchun chegirmalar berilishi hamda aksiyalar oʻtkazilishini tashkillashtirsin;
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasiga Sogʻliqni saqlash vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan birgalikda sanatoriylar va sogʻlomlashtirish muassasalari uchun chegirmalar berish hamda aksiyalar oʻtkazish tavsiya etilsin;
Keyingi tahrirga qarang.
“Uzbekistan Airways” AJ, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJga ichki transport qatnovlari uchun chegirmalar berish va aksiyalar oʻtkazish tavsiya etilsin.
5. Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashiga:
mehnat jamoalari oʻrtasida ushbu Farmonning maqsadi, mazmun-mohiyati toʻgʻrisida tushuntirish ishlarini tashkil etish;
uzaytirilgan bayram kunlarida xodimlar va ularning oila aʼzolari maroqli dam olishini taʼminlash yuzasidan kasaba uyushmalari tashkilotlarining ishini faollashtirish tavsiya etilsin.
6. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi bilan birgalikda bayram kunlari oʻtkaziladigan tadbirlar toʻgʻrisida ommaviy axborot vositalari, shu jumladan Internet jahon axborot tarmogʻi orqali aholining keng xabardor qilinishini taʼminlasin.
7. Mazkur Farmon 2024-yil 1-yanvardan eʼtiboran oʻz kuchini yoʻqotadi.
8. Ushbu Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari S.U. Umurzakov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2022-yil 23-dekabr,
PF-270-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.12.2022-y., 06/22/270/1116-son; 20.04.2023-y., 06/23/58/0221-son; 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son; 20.06.2023-y., 06/23/100/0404-son)