Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining
buyrugʻi
Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari tomonidan kripto-aktivlarni chiqarish, chiqarishni roʻyxatdan oʻtkazish va muomalaga kiritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2022-yil 28-noyabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3397]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 3-iyuldagi PQ-3832-son “Oʻzbekiston Respublikasida raqamli iqtisodiyotni va kripto-aktivlar aylanmasi sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari tomonidan kripto-aktivlarni chiqarish, chiqarishni roʻyxatdan oʻtkazish va muomalaga kiritish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Direktor D. LI
Toshkent sh.,
2022-yil 24-noyabr,
61-son
Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining 2022-yil 24-noyabrdagi 61-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari tomonidan kripto-aktivlarni chiqarish, chiqarishni roʻyxatdan oʻtkazish va muomalaga kiritish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari tomonidan kripto-aktivlarni chiqarish, chiqarishni roʻyxatdan oʻtkazish va muomalaga kiritish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
kripto-aktiv — maʼlumotlarning taqsimlangan reyestridagi raqamli yozuvlar yigʻindisi boʻlgan, qiymati va egasiga ega mulkiy huquq;
token — kripto-aktivning bir turi boʻlgan, smart-kontrakt asosida boshqariladigan, maʼlum bir aktivga boʻlgan majburiyatni yoki mulk huquqini tasdiqlash uchun moʻljallangan maʼlumotlarning taqsimlangan reyestridagi hisob birligi;
smart-kontrakt — raqamli tranzaksiyalarni avtomatik tartibda amalga oshirish orqali huquq va majburiyatlar bajarilishini nazarda tutuvchi elektron shakldagi shartnoma;
taʼminlangan token — biror-bir moddiy va (yoki) boshqa mulk bilan taʼminlangan token;
kripto-aktivlar aylanmasi sohasida xizmatlar provayderi (bundan keyin matnda — xizmatlar provayderi) — jismoniy va yuridik shaxslarga, shu jumladan ularning nomidan kripto-aktivlarni sotib olish, sotish, ayirboshlash, saqlash, chiqarish, joylashtirish va boshqarish boʻyicha xizmatlarni koʻrsatuvchi Oʻzbekiston Respublikasining rezidenti boʻlgan yuridik shaxs;
investitsion token — taʼminlangan tokenlarning emitenti va ularning egalari oʻrtasidagi mulkiy huquqlarni yoki qarz munosabatlarini tasdiqlovchi taʼminlangan tokenning turi. Investitsion tokenlar ularning egasiga asosiy qarz, davriy foizlar va (yoki) emitent daromadining bir qismini olish huquqini beradi;
aktivlar bilan taʼminlangan token — token egasiga moddiy aktivga boʻlgan huquqni beruvchi investitsion tokenning turi;
tovar tokeni — tovarning raqamli analogi boʻlgan, shu jumladan taʼminot zanjirini aniqlash, kuzatib borish va monitoring qilish, qiymatni tovar va (yoki) xizmatga ayirboshlash uchun oʻtkazish vositasi sifatida ishlatiladigan taʼminlangan tokenning turi;
barqaror token — qiymati milliy yoki xorijiy valyutaning nominal qiymatiga teng boʻlgan taʼminlangan tokenning turi;
emitentning ekotizimi — kripto-aktivlarni chiqarish, taqsimlash va aylanmasiga moʻljallangan emitentning axborot tizimi;
taʼminlanmagan token — biror-bir moddiy va (yoki) boshqa mulk bilan taʼminlanmagan token;
utilitar token — emitentning ekotizimida smart-kontrakt bilan belgilangan harakatlarni amalga oshirish uchun moʻljallangan, shu jumladan qiymatiga ega oʻlchov birligi sifatida ifodalangan taʼminlanmagan tokenning turi;
ruxsat berish tokeni — emitentning dasturiy taʼminot funksiyalariga ruxsat berish uchun moʻljallangan, shu jumladan token egasiga uni xizmatlar provayderlarining platformalarida milliy valyutaga va (yoki) kripto-aktivning boshqa turiga almashtirish huquqini beradigan utilitar tokenning turi;
chipta tokeni — token egasiga emitent tomonidan oʻtkaziladigan tadbirlarga bir marta borish huquqini tasdiqlovchi utilitar tokenning turi;
vaucher-tokeni — token egasiga elektron tovarlar va xizmatlar, shu jumladan xizmatlar provayderlarining elektron platformalari doirasida chegirma olish huquqini beruvchi utilitar tokenning turi;
boshqaruv tokeni — token egasiga emitent ekotizimi doirasidagi loyiha yuzasidan ovoz berish jarayonida qatnashish huquqini beruvchi utilitar tokenning turi;
oʻzaro oʻzgarmas token — moddiy va (yoki) boshqa mulk bilan taʼminlanmagan, mulkdorning raqamli shakldagi noyob kontentga (matn, audiovizual, musiqiy, fotografik asarlar, shuningdek tasviriy sanʼat asarlari va boshqalar) boʻlgan huquqini tasdiqlovchi kripto-aktivning alohida turi;
kripto-aktivni chiqarish — kripto-aktivning paydo boʻlishiga qaratilgan tashkiliy-texnik tadbirlar;
kripto-aktivlar chiqarishni roʻyxatdan oʻtkazish — chiqarilgan kripto-aktivlarni kripto-depozitariy tomonidan muomalaga kiritishga ruxsat berish uchun ushbu Nizom talablariga muvofiq tekshirish va kripto-aktivlarning elektron reyestriga kiritish;
taʼminlangan tokenning dastlabki taklifini joylashtirish — faoliyatni moliyalashtirish va investitsiyalarni jalb qilish maqsadida taʼminlangan tokenlarni kripto-depozitariy va kripto-birjaning elektron platformalarida yoki emitentning ekotizimida muomalaga kiritish;
yopiq savdo — taʼminlangan tokenlarni cheklangan investorlar orasida ommaviy eʼlon qilmasdan va reklama kompaniyasi oʻtkazmagan holda joylashtirish orqali oʻtkaziladigan savdo turi;
ochiq savdo — taʼminlangan tokenlarni cheklanmagan investorlar orasida reklama kompaniyasini oʻtkazgan holda, shu jumladan taʼminlangan tokenlarning ommaviy taklifini joylashtirish orqali oʻtkaziladigan savdo turi;
vakolatli organ — Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi;
kripto-depozitariy — kripto-aktivlarni chiqarish, ularni dastlabki joylashtirish va saqlash boʻyicha xizmatlar koʻrsatish boʻyicha elektron platforma va (yoki) texnik va dasturiy vositalar majmuini taqdim etuvchi Oʻzbekiston Respublikasining rezidenti boʻlgan yuridik shaxs;
“White paper” deklaratsiyasi — kripto-aktivlar va tokenlarni joylashtirish orqali investitsiyalar jalb qilinadigan emitent tashkilotning faoliyati haqida maʼlumotni oʻz ichiga olgan hujjat;
emitent — kripto-aktivlarni chiqaruvchi hamda ular yuzasidan kripto-aktiv egalari oldida “White paper” deklaratsiyasi va (yoki) shartnomada belgilangan majburiyatlarni zimmasiga oladigan, Oʻzbekiston Respublikasining rezidenti boʻlgan yuridik shaxs va yakka tartibdagi tadbirkor;
kripto-aktivlarning elektron reyestri (bundan buyon matnda reyestr deb yuritiladi) — vakolatli organning Oʻzbekiston Respublikasi hududida chiqarilgan va kripto-depozitariy tomonidan roʻyxatdan oʻtkaziladigan kripto-aktivlar chiqarilishini hisobga oluvchi axborot resursi;
kripto-aktivning egasi — emitent tomonidan chiqarilgan va belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilgan kripto-aktivlarga egalik qilish huquqini olgan yuridik yoki jismoniy shaxs.
2. Kripto-depozitariy Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlariga shartnoma asosida kripto-aktivlarni chiqarish, roʻyxatdan oʻtkazish, muomalaga kiritish va saqlash boʻyicha xizmatlar koʻrsatadi. Mazkur xizmatlarni koʻrsatish uchun taqdim etiladigan hujjatlar, koʻrsatiladigan xizmatlar uchun tariflar kripto-depozitariy tomonidan belgilanadi hamda uning elektron platformasiga joylashtiriladi.
3. Kripto-depozitariy oʻz faoliyatini kripto-depozitariyning elektron platformasi va (yoki) texnik va dasturiy vositalar majmui orqali elektron shaklda amalga oshiradi.
4. Kripto-depozitariyning elektron platformasida quyidagilar amalga oshiriladi:
kripto-aktivlarni saqlash;
kripto-aktivlarni chiqarish va (yoki) chiqarishni roʻyxatdan oʻtkazish uchun talabnomalarni qabul qilish;
taʼminlangan tokenlarning dastlabki taklifini joylashtirish va saqlash;
kripto-aktivlarni muomalaga kiritish, shu jumladan ularni xususiy va (yoki) ochiq savdolarga chiqarish;
oʻzaro oʻzgarmas tokenlarni chiqarish, chiqarishni roʻyxatdan oʻtkazish va saqlash;
kripto-depozitariyning elektron platformasida amalga oshirilgan operatsiyalar boʻyicha hisobot hujjatlarini tayyorlash va shakllantirish;
kripto-aktivlarni chiqarish, chiqarishni roʻyxatdan oʻtkazish va muomalaga kiritish bilan bogʻliq operatsiyalarni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan maʼlumotlarni saqlash, qayta ishlash va oshkor qilish;
kripto-depozitariy faoliyatini amalga oshirish bilan bogʻliq boshqa operatsiyalar.
Kripto-depozitariy mazkur bandda nazarda tutilgan operatsiyalarni amalga oshirish uchun qoʻyiladigan talablarni nazarda tutuvchi oʻzining lokal hujjatlarini ishlab chiqadi va elektron platformasiga joylashtiradi.
5. Quyidagilar kripto-depozitariyning vazifalari hisoblanadi:
oʻz elektron platformasining zarur darajada ishlashini va uning axborot xavfsizligini taʼminlash;
har kuni kun yakuni boʻyicha amalga oshirilgan operatsiyalar haqida barcha maʼlumotlarning zaxira nusxasini yaratish;
kripto-aktivlarni chiqarish, chiqarishni roʻyxatdan oʻtkazish va muomalaga kiritish boʻyicha emitent va kripto-aktiv egalarining talabnomalarini bajarish;
vakolatli organning soʻroviga koʻra emitent yoki kripto-aktiv egalarining talabnomalari, takliflari va shikoyatlarini koʻrib chiqish natijalari toʻgʻrisida axborot taqdim etish;
xodimlar va fuqarolik-huquqiy shartnomalar asosida jalb qilingan shaxslarning kripto-depozitariy faoliyatini tartibga soluvchi, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasidagi qonunchilik hujjatlari va kripto-depozitariy tomonidan tasdiqlanadigan boshqa lokal hujjatlarni bilish darajasini doimiy oshirib borish;
kripto-aktivlarni reklama qilishda qonunchilik hujjatlarida belgilangan talablarga rioya qilish;
kripto-depozitariy tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlardan foydalanish uchun murojaat qilgan yuridik shaxslarning rahbarlari, yakka tartibdagi tadbirkorlar va ularning vakillari, shuningdek jismoniy shaxslarni mazkur Nizomning 6-bandida koʻrsatilgan shaxslar toifasiga kirishini tekshirish;
taʼminlangan tokenlarni dastlabki taklifini joylashtirish maqsadida ularni taʼminlash uchun kiritilgan moddiy va (yoki) boshqa mulkning haqiqatda mavjudligini tekshirish;
oʻzining elektron platformasida kripto-aktivlarning chiqarilishi va (yoki) chiqarishni roʻyxatdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi yozuv kiritilishini taʼminlash;
emitentning utilitar tokenlarni muomalaga kiritish, ularni yoʻq qilish yoki amal qilish muddati tugaganidan soʻng muomaladan chiqarishga qaratilgan ekotizimi mavjudligini tekshirish.
6. Kripto-depozitariyga quyidagilar taqiqlanadi:
jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasidagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq terrorchilik faoliyati yoki ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishda ishtirok etayotgan yoki ishtirok etishda gumon qilinayotgan shaxslar roʻyxatiga kiritilgan shaxslarga kripto-aktivlarni chiqarish, ularni roʻyxatdan oʻtkazish va muomalaga kiritish boʻyicha xizmatlar koʻrsatish;
oʻz elektron platformasida chiqarilgan yoki roʻyxatdan oʻtkazilgan kripto-aktivlarning nomlanishi yoki ramzlarida “davlat”, “davlat tomonidan taʼminlangan”, “davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlangan”, “Oʻzbekiston”, “oʻzbek”, “milliy”, “soʻm (UZS)” hamda Oʻzbekiston Respublikasi shaharlarining nomlarini toʻliq yoki qisqartirilgan shaklda, ularning birliklaridan foydalangan holda, istalgan tilda va har qanday shaklda ishlatish.
2-bob. Kripto-aktivlarni chiqarish, chiqarishni roʻyxatdan oʻtkazish va muomalaga kiritish
1-§. Kripto-aktivlarni chiqarish va chiqarishni roʻyxatdan oʻtkazish
7. Emitent kripto-aktivlarni, jismoniy shaxslar esa faqat oʻzaro oʻzgarmas tokenlarni kripto-depozitariy yoki boshqa elektron platformalar orqali chiqarishlari mumkin, bundan mazkur Nizomning 6-bandi ikkinchi xatboshisida koʻrsatilgan shaxslar mustasno.
8. Oʻzbekiston Respublikasi hududida quyidagi kripto-aktivlarni rezidentlar tomonidan chiqarish va kripto-depozitariy tomonidan chiqarishni roʻyxatdan oʻtkazish taqiqlanadi:
taʼminlanmagan tokenlar, ushbu bobning 4-paragrafida koʻrsatilgan hollar bundan mustasno;
barqaror tokenlar.
9. Emitent tomonidan chiqariladigan kripto-aktivlarning nominal qiymati milliy valyutada ifodalanadi.
10. Emitent yoki uning boshqaruv organi tomonidan kripto-aktivlarni chiqarish toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi va unda quyidagilar koʻrsatiladi:
qaror chiqarilgan sana;
emitentning toʻliq nomi, joylashgan eri (pochta manzili) va elektron pochta manzili;
chiqarilgan kripto-aktivlarning soni;
kripto-aktivlarga boʻlgan huquqlarning turi va hajmi, shuningdek smart-kontrakt va maʼlumotlarning taqsimlangan reyestri toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
kripto-aktivlarga boʻlgan huquqlarni ularning egasiga oʻtkazish tartibi;
kripto-aktivlar egasining huquqlari;
kripto-aktivlarni joylashtirish va boshqarish shartlari.
Kripto-aktivlarni chiqarish toʻgʻrisidagi qarorda qonunchilikka muvofiq boshqa maʼlumotlar ham koʻrsatilishi mumkin.
11. Kripto-aktivlarni chiqarish toʻgʻrisidagi qaror uning dastlabki joylashtirilishidan bir oy oldin emitentning rasmiy veb-saytida yoki boshqa axborot resursida eʼlon qilinishi lozim.
12. Kripto-aktivlar chiqarishni roʻyxatdan oʻtkazish faqat kripto-depozitariy tomonidan amalga oshiriladi.
13. Kripto-depozitariyga kripto-aktivlar chiqarishni roʻyxatdan oʻtkazish uchun emitent tomonidan “White paper” deklaratsiyasi taqdim etilishi lozim. Bunda, “White paper” deklaratsiyasida quyidagi maʼlumotlar koʻrsatilishi kerak:
a) emitent toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (yuridik shaxsning toʻliq nomi, yakka tartibdagi tadbirkorning familiyasi, ismi va otasining ismi, faoliyat turi, emitent tomonidan ishlab chiqariladigan mahsulot yoki koʻrsatiladigan xizmat);
b) kripto-aktivni chiqarish, saqlash va (yoki) taqsimlash uchun foydalaniladigan maʼlumotlarning taqsimlangan reyestri texnologiyasi va elektron platforma toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, shuningdek emitent va (yoki) tizimning egasi tomonidan tizim xavfsizligini taʼminlash uchun koʻrilgan choralar;
v) kripto-aktivni chiqargan dasturchi (dasturchilar guruhi) toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
g) kripto-aktivning asosiy xarakteristikalari, shu jumladan kripto-aktivga boʻlgan huquqlar va ularni ayirboshlash orqali moliyalashtiriladigan loyiha tafsilotlari;
d) kripto-aktivlarga egalik huquqini oʻtkazish usullari yoki mexanizmlari (sertifikatlash, maʼlumotlar reyestri va boshqalar) toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
e) kripto-aktivlarning qiymatini baholash uslubiyoti;
j) firibgarlik, xakerlik hujumlari va (yoki) boshqa moliyaviy jinoyatlar natijasida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan xavflar va ularga qarshi harakatlar toʻgʻrisida maʼlumot;
z) taʼminlangan tokenlar xizmatlar provayderining elektron platformasida dastlabki joylashtirilishidan soʻng ularni qaytarib sotib olish tartibi va usullari (holatlari, hajmi, pul mablagʻlarini qaytarish usuli va boshqalar) toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
k) kripto-aktivlarni muomalaga kiritishdan olingan mablagʻlar hisobidan amalga oshiriladigan loyiha va uni rivojlantirish boʻyicha maʼlumotlar (qanday loyiha amalga oshirilishi, uning muddatlari va mexanizmlari);
l) kripto-depozitariyning lokal hujjatlari bilan belgilangan qoʻshimcha maʼlumotlar, shu jumladan kripto-aktivlar reklamasi.
14. Kripto-depozitariy mazkur Nizom, kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilik hujjatlari va oʻzining lokal hujjatlariga muvofiq kripto-aktivlarni chiqarish va chiqarishni roʻyxatdan oʻtkazishni amalga oshirish boʻyicha mustaqil qaror qabul qiladi.
15. Kripto-depozitariy kripto-aktivlar chiqarishni roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilgan kundan boshlab bir kun ichida bu haqda vakolatli organni xabardor qilishi kerak.
Vakolatli organni xabardor qilish reyestrga tegishli maʼlumotlarni kiritish va avtomatik ravishda berilgan tartib raqamini olish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
Kripto-aktivlar reyestrga tegishli maʼlumotlar kiritilgan va tartib raqami olingan sanadan eʼtiboran roʻyxatdan oʻtkazilgan deb hisoblanadi.
2-§. Kripto-aktivlarni muomalaga kiritish
16. Kripto-aktivlarni muomalaga kiritish kripto-depozitariy tomonidan ularning dastlabki taklifini oʻzining, kripto-birjalar yoki kripto-aktivlar sotiladigan boshqa elektron platformalarning listingiga kiritish orqali amalga oshiriladi.
17. Kripto-aktivlarni muomalaga kiritish uchun listingga kiritish tartibi va shartlari kripto-depozitariy va kripto-birja yoki kripto-aktivlar sotiladigan boshqa elektron platformalar oʻrtasida tuziladigan shartnomada belgilanadi.
3-§. Taʼminlangan tokenlarni chiqarish va roʻyxatdan oʻtkazishning oʻziga xos xususiyatlari
18. Taʼminlangan tokenlarni chiqarish va chiqarishni roʻyxatdan oʻtkazish emitent tomonidan oʻz faoliyatiga investitsiyalarni jalb qilish va faoliyatini rivojlantirish maqsadida mazkur Nizom va kripto-depozitariyning lokal hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
19. Kripto-depozitariy emitent tomonidan taqdim etilgan taʼminlangan tokenlarni chiqarish toʻgʻrisidagi qaror va boshqa hujjatlardagi maʼlumotlarning toʻgʻriligini tekshiradi, shuningdek taʼminlangan tokenlarga boʻlgan huquqlarni tokenlar egasiga oʻtkazish imkoniyatini aniqlaydi.
20. Kripto-depozitariy taʼminlangan tokenlarni chiqarish toʻgʻrisidagi qarorda koʻrsatilgan maʼlumotlarni Internet jahon axborot tarmogʻiga ommaviy joylashtiradi.
Kripto-depozitariy taʼminlangan tokenlarni chiqarish toʻgʻrisidagi qarorda koʻrsatilgan maʼlumotlarni ular eʼlon qilingan kundan boshlab taʼminlangan tokenlar egalariga oʻtkazilguniga qadar mavjud boʻlishini taʼminlaydi.
21. Taʼminlangan tokenlarni chiqarish toʻgʻrisidagi qarorda faqat bitta turdagi taʼminlangan tokenlarni chiqarish va chiqarishni roʻyxatdan oʻtkazish nazarda tutilishi lozim.
22. Kripto-depozitariy taʼminlangan tokenlarni chiqarishni roʻyxatdan oʻtkazishda ularning taʼminoti sifatida qoʻyilgan moddiy va (yoki) boshqa mol-mulkning mavjudligini tekshirishi shart.
23. Emitent tomonidan chiqarilgan taʼminlangan tokenlar uchun kripto-aktivlardan taʼminot sifatida foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi.
4-§. Utilitar tokenlarni chiqarish va roʻyxatdan oʻtkazishning oʻziga xos xususiyatlari
24. Emitent tomonidan quyidagi utilitar tokenlar chiqarilishi mumkin:
ruxsat berish tokeni;
chipta tokeni;
vaucher-tokeni;
boshqaruv tokeni.
Mazkur bandda nazarda tutilgan utilitar tokenlarni chiqarish, chiqarishni roʻyxatdan oʻtkazish va muomalaga kiritish ushbu Nizom, kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilik hujjatlari va kripto-depozitariy tomonidan belgilangan talablarga muvofiq amalga oshiriladi.
25. Utilitar tokenlardan emitentning ekotizimidan tashqarida foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi, bundan mazkur Nizomga belgilangan holatlar mustasno.
26. Muomalaga chiqarilgan utilitar tokenlar “White paper” deklaratsiyasi yoki emitentning rasmiy veb-saytida koʻrsatilgan muddatda amal qiladi.
Kripto-depozitariy utilitar tokenlarning amal qilish muddati tugaganidan soʻng bu haqda oʻzining elektron platformasi va (yoki) rasmiy veb-sahifasida xabar berishi shart.
Utilitar tokenlar amal qilish muddati tugaganidan soʻng, ular emitent tomonidan muomaladan chiqarilishi va yoʻq qilinishi kerak.
3-bob. Kripto-aktivlarning elektron reyestrini yuritish
27. Vakolatli organ tomonidan reyestr elektron shaklda yuritiladi. Reyestrga chiqarilishi roʻyxatdan oʻtkazilgan barcha kripto-aktivlar toʻgʻrisidagi quyidagi maʼlumotlar kiritiladi:
emitentning nomi, uning tashkiliy-huquqiy shakli, joylashgan joyi (pochta manzili), elektron pochta manzili, soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami (STIR) yoki jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (JShShIR), telefon raqami;
chiqarilayotgan kripto-aktivning nomi va miqdori toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
kripto-aktivlar chiqarilgan maʼlumotlarning taqsimlangan reyestri haqidagi maʼlumotlar;
kripto-aktivlarni chiqarish va chiqarishni roʻyxatdan oʻtkazish sanasi hamda tartib raqami.
28. Reyestrga kiritilgan maʼlumotlar vakolatli organning rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi hamda barcha uchun ochiq hisoblanadi.
4-bob. Kripto-aktivlarga boʻlgan huquqlarni hisobga olish
29. Chiqarishni roʻyxatdan oʻtkazilgan kripto-aktivlarga boʻlgan huquqlarni hisobga olish kripto-depozitariyning elektron platformasi va maʼlumotlarning taqsimlangan reyestrida roʻyxatga olish orqali amalga oshiriladi.
30. Kripto-aktivlarga boʻlgan huquqlar kripto-depozitariyning elektron platformasiga tegishli yozuv kiritilgan paytdan boshlab kripto-aktivlar egasiga oʻtadi.
5-bob. Kripto-aktiv egasining huquqlari
31. Kripto-aktivlar egasi quyidagi huquqlarga ega:
kripto-aktivlarni tasarruf etish, shartnomada belgilangan miqdorda foyda yoki boshqa imtiyozlar olish;
kripto-aktivlarni, agar shartnomada boshqacha tartib belgilanmagan boʻlsa, sotish, oʻtkazish va (yoki) ayirboshlash;
kripto-depozitariydan oʻziga tegishli doirada va hajmda amalga oshirilgan operatsiyalar toʻgʻrisida axborot soʻrash hamda olish.
Kripto-aktivlar egasi kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilik hujjatlari va kripto-depozitariy tomonidan belgilangan talablarga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
32. Kripto-aktivlar egasi:
kripto-aktivlarni sotib olish toʻgʻrisidagi shartnomada belgilangan talablar va shartlarni bajarishi, agar mavjud boʻlsa;
emitent tomonidan chiqarilgan jami kripto-aktivlarning 35 yoki undan ortiq foizini sotib olganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oshkor qilishi lozim.
Kripto-aktivlar egasi tomonidan maʼlumotlarni oshkor qilish tartibi va muddatlari kripto-depozitariyning lokal hujjatlarida belgilanadi.
6-bob. Yakuniy qoidalar
33. Kripto-depozitariy, emitentlar va kripto-aktivlar egalari oʻrtasidagi nizolar tomonlarning kelishuviga koʻra yoki sud tartibida hal qilinadi.
34. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.11.2022-y., 10/22/3397/1050-son)