O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining
Qarori
Uchquduq, Zarafshon, Nurobod shaharlari va shahar tipidagi Zafarobod posyolkasining budjet tashkilotlari va muassasalari xodimlariga muayyan davr ishlaganlik uchun oylik to‘lovlar to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirishlar kiritish haqida
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2022-yil 10-noyabrda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 1026-2]
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2024-yil 26-dekabrdagi 33-mh-sonli “Ayrim idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarning davlat reyestridan chiqarish to‘g‘risida”gi buyrug‘iga (ro‘yxat raqami 3594, 27.12.2024-y.) asosan 2025-yil 1-apreldan davlat reyestridan chiqariladi.
O‘zbekiston Respublikasining Budjet kodeksi hamda “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq, shuningdek Uchquduq, Zarafshon, Nurobod shaharlari va shahar tipidagi Zafarobod posyolkasining budjet tashkilotlari xodimlariga muayyan davr ishlaganlik uchun oylik to‘lovlar olish huquqini beradigan ish stajini hisoblab chiqishni tartibga solish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi qaror qiladi:
1. Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi va Moliya vazirligining 2001-yil 5-apreldagi 2 va 33-son qarori (ro‘yxat raqami 1026, 2001-yil 13-aprel) (O‘zbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qo‘mitalari va idoralari normativ hujjatlari byulleteni, 2001-yil, 7-son) bilan tasdiqlangan Uchquduq, Zarafshon, Nurobod shaharlari va shahar tipidagi Zafarobod posyolkasining budjet tashkilotlari xodimlariga muayyan davr ishlaganlik uchun oylik to‘lovlar to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizomga ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar kiritilsin.
2. Ushbu qaror rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri N. XUSANOV
Toshkent sh.,
2022-yil 20-oktabr,
31-2022/QQ-son
Moliya vaziri T. ISHMETOV
Toshkent sh.,
2022-yil 20-oktabr,
57-son
O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining 2022-yil 20-oktabrdagi 31-2022/QQ-son va Moliya vazirligining 2022-yil 20-oktabrdagi 57-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Uchquduq, Zarafshon, Nurobod shaharlari va shahar tipidagi Zafarobod posyolkasining budjet tashkilotlari va muassasalari xodimlariga muayyan davr ishlaganlik uchun oylik to‘lovlar to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizomga kiritilayotgan o‘zgartirishlar
1. 31-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“31. Mulkchilik shaklidan qat’i nazar boshqa tashkilotdan Uchquduq, Zarafshon, Nurobod shaharlari va shahar tipidagi Zafarobod posyolkasidagi budjet tashkilotlariga ishga kirganda, ish staji saqlanib qolinadi.
Bunda, mulkchilik shaklidan qat’i nazar boshqa tashkilotdagi (Uchquduq, Zarafshon, Nurobod shaharlari va shahar tipidagi Zafarobod posyolkasidagi budjet tashkilotlari, shuningdek Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 8-yanvardagi 5-F-son farmoyishiga asosan “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” davlat korxonasi tizimidan Maktabgacha ta’lim vazirligi tizimiga o‘tkazilgan maktabgacha ta’lim tashkilotlaridan tashqari) ish staji, budjet tashkilotlari xodimlariga muayyan davr ishlaganlik uchun oylik to‘lovlar to‘lanishi huquqini beradigan ish stajiga kiritilmaydi.”.
2. 4-bandning birinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“4. “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksida avtomatik tarzda shakllantiriladigan, QR-kod bilan tasdiqlangan elektron mehnat daftari xodimning mehnat stajini tasdiqlovchi asosiy hujjat hisoblanadi.”.
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 10.11.2022-y., 10/22/1026-2/1009-son)