Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Mehnat va ijtimoiy masalalar qoʻmitasining
Qarori
Aholini ijtimoiy himoya qilish tizimiga zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalarini, shuningdek aholining zaif qatlamlariga davlat ijtimoiy xizmatlari va Ijtimoiy himoya yagona reyestri axborot tizimini joriy etish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar holatini Sirdaryo viloyati misolida nazorat-tahlil tartibida oʻrganish yakunlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2022-yil ikkinchi yarim yillikdagi faoliyatining asosiy yoʻnalishlari hamda Mehnat va ijtimoiy masalalar qoʻmitasining 2022-yil ikkinchi yarim yillik ish rejasiga muvofiq Mehnat va ijtimoiy masalalar qoʻmitasi tomonidan joriy yilning 15 — 17-sentabr kunlari “Aholini ijtimoiy himoya qilish tizimiga zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalarini, shuningdek aholining zaif qatlamlariga davlat ijtimoiy xizmatlari va Ijtimoiy himoya yagona reyestri axborot tizimini joriy etish” yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar holati Sirdaryo viloyatida nazorat-tahlil tartibida oʻrganildi.
Joriy yilning 1-sentabr holatiga Sirdaryo viloyati boʻyicha 62 615 nafar oilalarga bolalar nafaqasi va 1 478 nafar oilaga moddiy yordam toʻlovlari amalga oshirilmoqda. Ushbu maqsadlar uchun 29,4 mlrd.soʻm budjet mablagʻlari ajratilgan.
“Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi joriy etilishi natijasida Sirdaryo viloyati boʻyicha kam taʼminlangan oilalarga nafaqa va moddiy yordam qamrovi oshib bormoqda. Jumladan, 2019-yilning soʻnggi 3 oyida nafaqa va moddiy yordam olish uchun 11 ming nafar fuqarolardan ariza taqdim etilib, 3,2 ming nafariga (28,6%) nafaqalar tayinlangan boʻlsa, 2020-yilda ariza taqdim etgan 60,5 ming nafar oilaning 27,1 ming nafariga (44,7%), 2021-yilda ariza taqdim etgan 118,3 ming nafar oilaning 54,3 ming nafari (45,9%) hamda 2022-yilning 8 oyi davomida ariza bergan 84,9 ming nafar oilaning 43,5 ming nafariga (51,3%) bolalar nafaqasi va moddiy yordam tayinlangan.
Shu bilan birga, viloyat aholisi oʻrtasida “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimining afzalliklari, inson omilining bartaraf etilganligi toʻgʻrisidagi ishlarning samarali tashkil etilganligi natijasida aholi oʻrtasida kam taʼminlangan oilalar tomonidan nafaqalar tayinlash masalasida murojaatlar soni kamaygan. Jumladan, 2019-yilning 4 choragida 203 ta, 2020-yilda 3 295 ta, 2021-yilda 5 658 ta va 2022-yilning 8 oyida 2 259 ta murojaatlar kelib tushgan.
Murojaatlardan kelib chiqib, tizim toʻgʻrisida fuqarolarga tushuntirishlar berish hamda aholi oʻrtasida targʻibot ishlarini amalga oshirish maqsadida Pensiya jamgʻarmasi Sirdaryo viloyati boshqarmasi va uning tuman (shahar) boʻlimlari rahbarlari tomonidan tumanlar va mahalla fuqarolar yigʻinlarida muntazam ravishda fuqarolar bilan sayyor uchrashuvlar tashkil etib bormoqda.
Tahlillar natijasi aholi tomonidan nafaqa tayinlashning elektron tizimiga boʻlgan ishonch tobora ortib borayotganligini koʻrsatmoqda.
Ushbu yoʻnalishda fuqarolarning murojaatlari va muammolari tahlili natijasida kam taʼminlangan oilani belgilash meʼyorlari doimiy ravishda tahlil etilib, takomillashtirib borilmoqda.
Sirdaryo viloyatida “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi imkoniyatlaridan foydalanish, aholiga qulaylik yaratish borasidagi ijobiy ishlar bilan birgalikda ayrim kamchiliklar ham mavjudligi aniqlandi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholiga davlat ijtimoiy xizmatlari va yordam taqdim etish tartib-taomillarini avtomatlashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 4797-sonli qarorining 4-ilovasi, 7-bandida “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi tomonidan ijtimoiy nafaqalarni tayinlash toʻgʻrisidagi arizalarni elektron koʻrinishda onlayn rejimida qabul qilishni taʼminlash vazifasini 2022-yil 1-aprelgacha yakunlash vazifasi belgilangan boʻlsada amalda bajarilmagan. Shuningdek, joriy yil “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining 1-maqsad, 3-vazifasida ham “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida arizalarni elektron koʻrinish hamda onlayn rejimida 2023-yil yakuniga qadar 70 — 80 foiz qabul qilishni taʼminlash boʻyicha choralarni koʻrishni 2022-yil yakuniga qadar amalga oshirish belgilangan boʻlsada, bu vazifani bajarilishida bir qancha muammolar mavjud.
Hozirgi kunda 2021-yil 21-oktabrdagi Vazirlar Mahkamasining 654-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Kam taʼminlangan oilalarni ijtimoiy himoya yagona reyestri axborot tizimi orqali aniqlash, ularga kam taʼminlangan oilalar bolalari uchun nafaqa va moddiy yordam tayinlash va toʻlash tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomning 3, 3a, 3b, 4 va 5 ilovalaridagi ariza va maʼlumotlar fuqarolarning oʻzini-oʻzi boshqarish organlari tomonidan budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasining tuman, shahar boʻlimlariga qogʻoz shaklida topshirilmoqda.
Garchi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholiga davlat ijtimoiy xizmatlari va yordam taqdim etish tartib-taomillarini avtomatlashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 4797-sonli qarorining 4-ilovasida 2021-yil 1-yanvarigacha FHDE arxivlarida qogʻoz tashuvchilarda saqlanadigan barcha hujjatlarni (nikoh tuzish, nikohdan ajralish, tugʻilish va oʻlim toʻgʻrisidagi yozuvlarni) raqamlashtirishni tugatish va “FHDY elektron arxivi” axborot tizimiga kiritish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirish vazifa etib belgilangan boʻlsada bu ishlar yakunlanmagan. Buning natijasida ariza beruvchilardan nikoh tuzish, nikohdan ajralish, tugʻilish va oʻlim toʻgʻrisidagi hujjatlarning nusxalarini taqdim etish talab etilmoqda.
Tanlov asosida oʻrganilgan Pensiya jamgʻarmasi Boyavut va Guliston tuman boʻlimlarida haqiqatdan ham yuqoridagi hujjatlar barcha arizalarga ilova shaklida olinayotganligi tasdiqlandi. Masʼul xodimlardan ushbu holat boʻyicha izoh soʻralganda FXDYo elektron arxivida maʼlumotlar toʻliq shakllantirilmaganligi bois umumiy arizalarning 15 — 20% ni FXDYo boʻlimlari bilan individual tarzda taqdim etilgan hujjatlar asosida koʻrib chiqilishiga toʻgʻri kelinayotgani maʼlum qilindi.
Guliston tuman FXDYo boʻlimiga ushbu muammoni oʻrganish uchun borilganda boʻlim mudiri tomonidan axborotlashtirish tizimida haqiqatdan ham muammolar borligi, aniqlangan muammolarning 70 — 80 foizi boʻlimning oʻzida hal etilayotganligi, 20 foizi esa otani (sharʼiy otani) bazaga kiritish hamda chaqaloqlarning oʻlimini qayd etilmaslik holatlari bilan bogʻliq boʻlib, boshqa viloyatlar bilan axborot almashish uchun muayyan vaqt talab etishi taʼkidlandi. Bu holat butun respublika boʻyicha bazani toʻliq shakllantirish bilan bogʻliq muammolarning mavjudligidan yaʼni jismoniy shaxslarning shaxsiy identifikatsion raqami (JShShIR) toʻliq koʻrinmasligidan kelib chiqayotganligi maʼlum boʻldi. Bundan tashqari sud qarori bilan ajrim boʻlganda ajrim guvohnomasi ham FXDYo boʻlimlari tomonidan berilayotganligi va ajrim guvohnomasini ayol olsada, er tomonidan olinmasligi ham elektron bazada ajrashganlik holati koʻrinmasligi taʼkidlandi. Bu ham ijtimoiy nafaqalarni tayinlashda elektron bazada muayyan muammo keltirib chiqarmoqda.
Bundan tashqari, pensiya jamgʻarmasi boʻlimi va bandlikka koʻmaklashish markazlari oʻzaro integratsiya jarayonlarida ham bir qator muammolar mavjudligi maʼlum boʻldi. Boyavut tumani bandlikka koʻmaklashish markazi faoliyati oʻrganilganda fuqaroning maslahat soʻrab murojaat qilganligi, ish qidiruvchi sifatida roʻyxatga olinganligi yoki ishsizlik nafaqasi tayinlanganligi ijtimoiy himoya yagona reyestrida boshqa idora foydalanuvchilari uchun ochiq maʼlumot. Lekin qayta aloqa yaʼni fuqaroga pensiya jamgʻarmasi boʻlimi tomonidan nafaqa tayinlanganligi, fuqaro subsidiya olib oʻzini oʻzi band etib faoliyat boshlaganligi, banklardan mikrokreditlar olganligi toʻgʻrisida maʼlumotlar bandlik markazining dasturida koʻrish imkoniyati mavjud emas.
Natijada tuman bandlikka koʻmaklashish markazi tomonidan ishsizlik nafaqasini tayinlashga doir arizalarni koʻrib chiqishda budjetdan tashqari pensiya jamgʻarmalari fuqarolarga ijtimoiy nafaqalar tayinlanganligi, xalq banki tuman boʻlimiga bir foizlik jamgʻarilib boriladigan pensiya hisob raqamiga mablagʻlarning kelib tushayotganligi, Davlat soliq inspeksiyalariga soliq toʻlovchi sifatida roʻyxatda turishi toʻgʻrisidagi soʻrov xatlarini chiqarishga va yozma tarzda javob olishga majbur boʻlmoqda. Guliston tuman bandlikka koʻmaklashish markazi xodimlari ham ular foydalanayotgan tizimni boshqa taalluqli idoralar bilan integratsiya qilish ish samaradorligini oshirishga xizmat qilishini taʼkidlashdi.
Shu bilan birga bunday holat fuqarolarga bir muddat davomida bir nechta imtiyozlardan foydalanishga imkoniyat yaratib bermoqda.
Boyavut tumani Madaniyat mahalla fuqarolar yigʻinida, mahalla raisi, xokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli va yoshlar yetakchisi bilan suhbatlashildi. Ayollar daftarining “Aziz ayol”, yoshlar daftarining “Yoshlar balansi”, temir daftarning “Onlayn mahalla.uz” elektron platformalarida aks ettirilganligi koʻrildi. Ushbu platformalar alohida alohida faoliyat koʻrsatib kelmoqda. Daftarlarning “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga integratsiyalashuvi jarayoni amalga oshirilmagan. Mahalladagi hokim yordamchilari bilan suhbat jarayonida shu narsa aniqlandiki, “Onlayn mahalla.uz” elektron platformasidan faqatgina tuman sektorlari rahbarlari foydalanishi mumkin. Temir daftarda roʻyxatda turganlar soni mahalla raisi va mahalladagi hokim yordamchilarining maʼlumotlaridan farq qiladi. Masalan, Madaniyat MFY mutasaddilari temir daftarga kiritilgan oilalar soni 34 ta ekanligini tasdiqlashsada, elektron platformada 29 tani tashkil qiladi. Mahallabay ishlash va kambagʻallikni qisqartirish agentligining tumandagi boʻlimlari xodimlarida ham bu platformadan foydalanish imkoniyati mavjud emas. Bu tizimni faqat sektor rahbarlari va ularning sektordagi kotiblari foydalanishlari mumkinligi tizimning yopiq ekanligidan dalolat beradi. Xokim yordamchilari foydalanadigan elektron bazalar soliq va bandlikka koʻmaklashish markazi bazalari bilan ham integratsiya qilinmagan. Vaholanki, xokim yordamchilari mahalladagi aholining bandligi, oʻzini oʻzi band qilganlar toʻgʻrisidagi elektron maʼlumotlar bilan bevosita ishlaydilar.
Ijtimoiy daftarlarga kiritilgan fuqarolar toʻgʻrisida ularga berilgan imtiyozlardan foydalanish uchun maʼlumotnomalarni davlat xizmatlari agentligi boʻlimlaridan olishlari mumkin boʻlgan. Yaʼni ijtimoiy daftarlarga kiritilgan fuqarolar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bazasi davlat xizmatlari agentligi bazasida shakllangan. Biroq joriy yilda bu maʼlumotlarni davlat xizmatlari agentligi bazasida koʻrinmasligi oqibatida bugungi kunda fuqarolar ijtimoiy daftarlarda roʻyxatda turishi toʻgʻrisida mahalla fuqarolar yigʻinidan maʼlumotnoma olishmoqda. Bu holatlar ijtimoiy daftarda turuvchi talabaning yotoqxonaga joylashishdagi imtiyoz, maktabgacha taʼlim muassasasiga farzandini joylashda berilgan imtiyozdan foydalanish kabi vaziyatlarda koʻrinmoqda.
Ushbu masalada davlat xizmatlari agentligining Boyavut tuman boʻlimiga borib oʻrganilganda haqiqatdan ham “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilganlar toʻgʻrisida bugungi kunda maʼlumotlar mavjud emasligi aniqlandi.
“Aholini ijtimoiy himoya qilish tizimiga zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalarini, shuningdek aholining zaif qatlamlariga davlat ijtimoiy xizmatlari va Ijtimoiy himoya yagona reyestri axborot tizimini joriy etish” yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar holati Sirdaryo viloyatida nazorat-tahlil tartibida oʻrganish yakunlariga bagʻishlangan yigʻilishda bildirilgan taklif va mulohazalardan kelib chiqib, Mehnat va ijtimoiy masalalar qoʻmitasi qaror qiladi:
1. Aholini ijtimoiy himoya qilish tizimiga zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalarini, shuningdek aholining zaif qatlamlariga davlat ijtimoiy xizmatlari va Ijtimoiy himoya yagona reyestri axborot tizimini joriy etish” yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar holatini Sirdaryo viloyatida nazorat-tahlil tartibida oʻrganish yakunlari boʻyicha Ishchi guruhi (N. Tilavoldiyev)ning axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga:
2022 — 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida koʻrsatilgan quyidagi vazifalarning ijrosini oʻz vaqtida va sifatli taʼminlash maqsadida quyidagilar:
Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida arizalarni elektron koʻrinishda onlayn rejimida 2023-yil yakuniga qadar 70 — 80 foiz qabul qilishni taʼminlash boʻyicha amaliy chora-tadbirlarni 2022-yil yakuniga qadar bajarish choralarini koʻrish (1-maqsad, 2-vazifa);
kambagʻal oilalar bilan manzilli ishlash tizimini avtomatlashtirish. “Temir daftar”, “Yoshlar daftari”, “Ayollar daftari”ni “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga integratsiya qilish (85-maqsad, 309-vazifa);
“Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida yordamga muhtoj ayollar, yoshlar va nogironligi boʻlgan shaxslar boʻyicha alohida maʼlumotlar bazasini yaratish (85-maqsad, 311-vazifa);
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 4-avgustdagi “Aholiga davlat ijtimoiy xizmatlari va yordam taqdim etish tartib taomillarini avtomatlashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-4797-sonli qarorining 4-ilovasi “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi va manfaatdor vazirlik va idoralar axborot tizimlari oʻrtasidagi oʻzaro elektron hamkorlikni yanada yaxshilash va kengaytirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturining barcha bandlarini sifatli bajarilishini taʼminlash;
“Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi tomonidan ijtimoiy nafaqalarni tayinlash toʻgʻrisidagi arizalarni elektron koʻrinishda onlayn rejimida qabul qilish tizimini joriy etish;
aholining keng qatlamlarini bugungi kunda shaxsiy aloqa vositalari orqali My.gov.uz platformasidan foydalangan holda elektron maʼlumotlarni olish mumkinligi boʻyicha tushuntirish va koʻnikma shakllantirish choralarini koʻrish tavsiya etilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga:
“FXDE elektron arxivi” axborot tizimiga FHDY arxivlarida qogʻoz tashuvchilarda saqlanadigan barcha hujjatlarni (nikoh tuzish, nikohdan ajralish, tugʻilish va oʻlim toʻgʻrisidagi yozuvlarni) raqamlashtirish maqsadida maʼlumotlarni kiritishdagi yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarni bartaraf etish choralarini koʻrish;
“FHDE elektron arxivi” axborot tizimi tomonidan fuqaroning oila aʼzolarining tarkibi, jumladan qarindoshlik darajasi va oilaviy holati toʻgʻrisidagi maʼlumotni taqdim etish va tasdiqlash hamda ushbu maʼlumotni “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” ATga arizachining davlat ijtimoiy xizmatlari va yordamini olish uchun shaxsiy identifikatsiya raqami yordamida taqdim etish orqali funksional imkoniyatlarini kengaytirish ishlarini yakunlash choralarini koʻrish vazifasi topshirilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligiga tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda mahalladagi hokim yordamchilari, xotin-qizlar faoli va yoshlar yetakchilarini yagona axborot tizimi reyestrlaridan va integratsiya qilingan vazirliklarning maʼlumotlar bazasidan foydalanishi boʻyicha seminar-treninglar tashkil etish tavsiya etilsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi vazirlikning elektron axborotlar bazasini tegishli vazirlik va idoralar elektron axborot bazalari bilan integratsiyasini qayta koʻrib chiqib, maʼlumotlar almashish imkoniyatini kengaytirish orqali ish samaradorligini oshirishga alohida eʼtibor qaratsin.
6. Sirdaryo viloyati hokimligiga:
viloyatda “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi samarali ishlashiga masʼullar va mahallalardagi hokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari, xotin-qizlar faollarining huquqiy, siyosiy bilimlarini oshirish boʻyicha tizimli ravishda seminarlar tashkil etib borish;
“Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali viloyatda kam taʼminlangan oilalarga nafaqa va moddiy yordam ajratilishining shaffofligi borasida amalga oshirilayotgan ishlar holatini mahalliy Kengash sessiyalarida muhokama etib borish;
amalga oshirilgan ishlar haqida joriy yilning 25-dekabr kuniga qadar Mehnat va ijtimoiy masalalar qoʻmitasiga maʼlumot taqdim etish vazifasi yuklatilsin.
7. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish Mehnat va ijtimoiy masalalar qoʻmitasi raisi oʻrinbosari N. Tilavoldiyev zimmasiga yuklatilsin.
Qoʻmita raisi M. XODJAYEVA
Toshkent sh.,
2022-yil 5-oktabr,
04/3-02-34qq-son