Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining oʻttiz bir yillik bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni yuqori saviyada oʻtkazish borasida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi tomonidan amalga oshiriladigan chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining oʻttiz bir yillik bayramini yuksak tashkiliy va gʻoyaviy darajada oʻtkazish, ommaviy axborot vositalarida keng yoritish, shuningdek 2022 — 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasida xalqparvar davlat barpo etish, inson huquq va manfaatlari, qadr-qimmatini yanada samarali taʼminlash borasida belgilangan keng koʻlamli vazifalar doirasida olib borilayotgan shiddatli islohotlarning mazmun-mohiyati va ahamiyatidan keng jamoatchilikni xabardor qilish, “Yangi Oʻzbekistonda el aziz, inson aziz” degan bosh gʻoyani oʻzida mujassam etgan tashkiliy-amaliy, maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar hamda targʻibot-tashviqot ishlari dasturidan kelib chiqadigan vazifalarni amalga oshirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining oʻttiz bir yillik bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazishga doir chora-tadbirlar rejasi ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
*ilova berilmaydi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalariga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan saylov okruglarida mustaqillik yillarida olib borilgan keng qamrovli islohotlar, 2022 — 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar, qabul qilingan qonunlar va ularning jamiyat farovonligini taʼminlash hamda odamlar hayotini yaxshilashda tutgan oʻrni va ahamiyatini, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarning mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka tushuntirish ishlarini olib borish tavsiya etilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining qoʻmitalari Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining oʻttiz bir yillik bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazishga doir chora-tadbirlar rejasida belgilangan tegishli tadbirlarning oʻz vaqtida va samarali oʻtkazilishini taʼminlasin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari O. Tojiyev va Devoni rahbari K. Ernazarov Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining oʻttiz bir yillik bayrami munosabati bilan Qonunchilik palatasi tomonidan oʻtkaziladigan tadbirlarni ommaviy axborot vositalari orqali keng yoritib borish choralarini koʻrsin.
5. Ushbu Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosarlari zimmasiga yuklatilsin.
6. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2022-yil 3-avgust,
2382-IV-son