O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING DAVLAT BOShQARUV ORGANLARI VA KORXONALARIDA YuRIDIK XIZMAT TO‘G‘RISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 24-avgustdagi 182-sonli “Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, davlat korxonalari, muassasalari va tashkilotlari faoliyatini huquqiy ta’minlash darajasini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida” 1992-yil 8-yanvardagi Farmoniga muvofiq va davlat boshqaruv organlari hamda korxonalardagi yuridik xizmat xodimlarining huquq va burchlarini tartibga solish, qonuniylikning ta’minlanishida ularning roli va mas’uliyatini oshirish zaruriyatidan kelib chiqib, Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi davlat boshqaruv organlari va korxonalaridagi yuridik xizmat to‘g‘risidagi ilova qilinayotgan Nizom tasdiqlansin.
2. Belgilab qo‘yilsinki, yuridik xizmat xodimlarini qayta tayyorlash, malakasini oshirish va attestatsiyadan o‘tkazish Adliya vazirligi tomonidan tegishli vazirliklar, davlat qo‘mitalari hamda boshqa boshqaruv organlari va korxonalar bilan tuzilgan shartnomalar asosida olib boriladi. Attestatsiya natijalari haqidagi xulosalar tegishli organlar va korxonalarning rahbarlariga yuboriladi.
3. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi:
1993-yil oxirigacha vazirliklar, davlat qo‘mitalari, boshqa boshqaruv organlari va korxonalarning yuridik xizmat xodimlarini qayta tayyorlasin va attestatsiyadan o‘tkazsin;
bir oy muddat ichida qayta tayyorlash va malaka oshirish Dasturini hamda yuridik maslahatchilarni attestatsiyadan o‘tkazish komissiyalari haqidagi Nizomni ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
davlat boshqaruv organlari va korxonalarning ma’lumotlari asosida yuridik xizmat xodimlarini qayta tayyorlash va attestatsiyadan o‘tkazish jadvalini tuzsin va ularga yetkazsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi 1993/94-o‘quv yilidan boshlab oliy yuridik o‘quv yurtlarining keyinchalik yuridik maslahatchi bo‘lib ishlaydigan talabalarining davlat boshqaruv organlarida va korxonalarda majburiy stajirovkadan o‘tishlarini tashkil etsinlar.
5. Yuridik maslahatchilar ishlayotgan vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar, boshqa boshqaruv organlari, mulkchilikning hamma shakllaridagi korxonalar O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, hokimliklarning adliya boshqarmalari bilan 1993-yilning 1-mayiga qadar ishlayotgan yuridik maslahatchilarning tegishli ravishda Qonunchilik muammolarini tadqiq qilish institutida, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi xo‘jalik hisobidagi “Adolat” huquqiy yordam ko‘rsatish markazida va adliya organlari tomonidan buning uchun joylarda tashkil etiladigan kurslarda malakalarini oshirish va keyinchalik ularni attestatsiyadan o‘tkazish haqida shartnomalar tuzsinlar.
6. Vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar, boshqa boshqaruv organlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, korxonalar:
2 oy muddat ichida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga va uning joylardagi organlariga ishlayotgan yuridik maslahatchilar va ularga bo‘lgan ehtiyojlar haqida ma’lumotlar bersinlar;
yuridik xizmat xodimlarini attestatsiyadan o‘tkazish natijalariga qarab, bu lavozimlarni tegishli ixtisosga ega bo‘lgan mutaxassislar bilan ta’minlash masalasini hal etsinlar.
7. O‘zbekiston SSR Ministrlar Sovetining 1972-yil 10-iyuldagi 285-son qarori (O‘zSSR QT, 1972-y., 6-son, 35-modda) o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
8. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosarlariga yuklatilsin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. Mutalov
Toshkent sh.,
1993-yil 2-mart,
118-son
O‘zbekiston Respublikasining davlat boshqaruv organlari va korxonalaridagi yuridik xizmat to‘g‘risida
NIZOM
Ushbu Nizom davlat boshqaruv organlari, shuningdek, mulkchilikning barcha shakllaridagi korxonalar yuridik xizmatining huquqlari, burchlari va mas’uliyatlarini belgilaydi.
I. Yuridik xizmat xodimlari lavozimlarini egallash tartibi
1. Oliy yuridik ma’lumotga ega bo‘lgan shaxs boshqaruv organlarida va mulkchilik shaklidan qat’iy nazar, korxonalarda yuridik maslahatchi bo‘lib ishlashi mumkin.
Vazirlik, davlat qo‘mitasi, idora va respublikaning boshqa boshqaruv organi yuridik bo‘linmasining boshlig‘i yoki yuridik maslahatchisi lavozimini egallash uchun kamida 5 yillik yuridik maslahatchi ish tajribasiga ega bo‘lish zarur.
2. Oliy yuridik o‘quv yurtlari keyinchalik yuridik maslahatchi bo‘lib ishlaydigan talabalar uchun tahsilning oxirgi kursida amaliy ko‘nikmalar hosil qilish uchun bevosita davlat boshqaruv organlari yoki korxonalarda stajirovka tashkil etadilar.
3. Davlat boshqaruv organlari va korxonalar, yosh mutaxassislar va homilador ayollardan tashqari, barcha yuridik xizmatchilar xodimlarini 5 yilda bir marta O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining adliya boshqarmalariga qayta tayyorlash va attestatsiyadan o‘tkazish uchun yuborishga majburdirlar.
Attestatsiya komissiyalarining ishlash tartibi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan belgilanadi.
4. Qayta tayyorgarlik va attestatsiyadan o‘tkazishni tashkil etish va tegishli xulosa berish Adliya vazirligi tomonidan tegishli organlar va korxonalar bilan tuzilgan shartnomalar asosida amalga oshiriladi. Qayta tayyorlash va attestatsiyadan o‘tkazish uchun to‘lanadigan haq miqdori O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan belgilanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va uning joylardagi organlari tomonidan qayta tayyorlash va attestatsiyadan o‘tgan yuridik maslahatchilarning ro‘yxatlari olib boriladi.
Yuridik maslahatchi attestatsiyadan o‘ta olmasa u 6 oy muddatdan so‘ng yana qayta tayyorlash va attestatsiyadan o‘tish uchun yuborilishi mumkin.
Agar fuqaro attestatsiya komissiyasining qaroridan norozi bo‘lsa, u Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining adliya boshqarmalari komissiyalarining qarorlari yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga arz qilishi mumkin.
5. Respublika xo‘jalik organlarida va boshqaruv organlarida ishlovchi yuridik maslahatchilarni attestatsiyadan o‘tkazishni O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasining xo‘jalik organlarida, boshqaruv organlarida va korxonalarida ishlovchi yuridik maslahatchilarni attestatsiyadan o‘tkazishni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqaruv organlarida va korxonalarida ishlovchi yuridik maslahatchilarni attestatsiyadan o‘tkazishni tegishli adliya boshqarmalari amalga oshiradilar.
6. Vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar, xo‘jalik organlari va mulkchilikning barcha shakllaridagi korxonalar tomonidan ushbu Nizomning 1-bandida belgilangan yuridik maslahatchi lavozimlarini egallash tartibiga qanday rioya etilayotganligini nazorat qilishni O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi amalga oshiradi.
Ushbu Tartib buzilsa O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va uning joylardagi organlari buzilishlarni bir oy muddat ichida bartaraf etish haqida ijro etilishi majburiy bo‘lgan yozma ko‘rsatma beradilar. Buzilishlar ko‘rsatilgan muddatda bartaraf etilmasa, adliya organi amaldagi qonunni ijro etmagan mansabdor shaxsni javobgarlikka tortish to‘g‘risida sudga murojaat etishga haqlidir.
7. Boshqaruv organlari va korxonalarning huquqlarini va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha yuridik maslahatchilarning samarali ishlashlarini ta’minlash, ularning faoliyatida qonunchilikni ta’minlash maqsadida bu organlar va korxonalar yuridik xizmatlarning bir maromda ishlashi uchun zarur sharoitlar yaratishga majburdirlar.
Adliya vazirligi yuridik xizmatlarni qonunchilik materiallari, to‘plamlar, huquqshunoslik masalalari bo‘yicha boshqa qo‘llanmalar, shuningdek, yuridik adabiyotlar bilan shartnoma asosida ta’minlaydi.
II. Boshqaruv organlari va korxonalar yuridik xizmatining vazifalari
8. Boshqaruv organining yuridik xizmati:
a) boshqaruv bo‘linmalar bilan birgalikda markaziy apparatda hamda vazirlik, idora, boshqa boshqaruv organi tizimida qonunchilikning to‘g‘ri qo‘llanilishini ta’minlashga qaratilgan tadbirlarni ishlab chiqadi va amalga oshiradi; quyi boshqaruv organlari va korxonalarning amaldagi qonunchilikni buzgan holda chiqarilgan hujjatlarini bekor qilish uchun chora-tadbirlar ko‘radi;
qonunlarni qo‘llash tajribasini va uning samaraliligini o‘rganadi va umumlashtiradi, ularni mukammallashtirish yuzasidan takliflar tayyorlaydi, ularni vazirlik, idora, boshqa boshqaruv organlari rahbariyatiga ko‘rib chiqish uchun havola etadi;
b) rahbarlarga imzolash uchun taqdim qilinayotgan buyruqlar va boshqa huquqiy mazmundagi hujjatlar loyihalarining qonunchilikka muvofiqligi uchun javob beradi va ularga viza qo‘yadi.
Idoraviy normativ hujjatlarning amaldagi qonunlarga muvofiqligini yuridik xizmat tomonidan oldindan tekshirilmasdan chiqarilishiga yo‘l qo‘yilmaydi;
v) vazirlikka, idoraga, boshqa boshqaruv organiga keladigan va ular tomonidan chiqariladigan normativ hujjatlarni tartibli hisobga olishni va saqlashni tashkil etadi, boshqa bo‘linmalar bilan birgalikda idoraviy normativ hujjatlarni tartibga solish, bunday hujjatlarning to‘plamlarini nashr etish ishlarini bajaradi; vazirliklar, idoralar, boshqa boshqaruv organlarining amaldagi normativ hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritish yoki o‘z kuchini yo‘qotganlarini bekor qilish to‘g‘risidagi takliflarni tayyorlaydi;
g) tizimda xo‘jalik hisobini mustahkamlash, ijara munosabatlarini va mehnatni rag‘batlantirishni tashkil etishning boshqa samarali shakllarini joriy qilish uchun huquqiy vositalardan foydalanishni yaxshilash, xo‘jalik shartnomalarining rolini oshirish va uning bajarilishi uchun mas’uliyatni kuchaytirish yuzasidan chora-tadbirlar ko‘radi;
d) o‘ziga qarashli korxonalar chet-el kompaniyalari va firmalari bilan iqtisodiy va ilmiy-texnik aloqalar o‘rnatayotganda ularga huquqiy yordam ko‘rsatadi;
e) mahsulot sifatini oshirish, mehnat haqidagi qonunga rioya etilishini ta’minlash, mehnat intizomini mustahkamlash, moddiy resurslarni tejash va ulardan oqilona foydalanish, kamomadlar, o‘g‘irlashlar, qo‘shib yozishlar hamda samarasiz xarajatlar va nobudgarchiliklarning oldini olish, aybdor shaxslarni javobgarlikka tortishga qaratilgan huquqiy tadbirlarni ishlab chiqishda va amalga oshirishda qatnashadi;
j) tarmoqdagi da’vo qo‘zg‘atish ishlarining ahvolini va uning amaliyotini tahlil qiladi, xo‘jalik sudi tomonidan nizolarni ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha korxonalar faoliyatida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan chora-tadbirlar ko‘radi;
z) sudda, xo‘jalik sudida, boshqa tashkilotlarda huquqiy masalalar ko‘rilayotganda belgilangan tartibda vazirlikning, idoraning, boshqa boshqaruv organining manfaatlarini ifodalaydi;
i) vazirlik, idora va boshqa davlat boshqaruv organi tizimidagi huquqiy ishlarga rahbarlikni amalga oshiradi;
o‘ziga qarashli korxonalarda bu ishlarning ahvolini tekshirib boradi, bu ishlarni takomillashtirish yuzasidan takliflarni ko‘rib chiqish uchun vazirlik, idora, boshqa boshqaruv organining rahbariyatiga, hay’atiga kiritadi;
vazirlik, idora, boshqa boshqaruv organlari tizimidagi huquqiy ishlarning va yuridik xizmatlar faoliyatining ijobiy tajribasini o‘rganadi va umumlashtiradi, uning amalda tadbiq etilishiga ko‘maklashadi;
huquqiy ishlar va yuridik xizmat faoliyatining turli yo‘nalishlari bo‘yicha tavsiyanomalar va ko‘rsatmalar ishlab chiqadi;
k) vazirlik, idora, boshqa boshqaruv organlari markaziy apparati xodimlarining yuridik umumiy o‘quvini tashkil etishda va o‘tkazishda qatnashadi, tarmoq yuridik xizmatga uni korxonalarda tashkil etishda yordam beradi;
qonunchilikni tushuntirishga oid ishlarni olib boradi;
l) zamonaviy texnika vositalaridan foydalanish asosida qonunchilik bo‘yicha axborot-ma’lumotnoma ishlarini olib boradi; amaldagi normativ hujjatlarga kiritilgan yangi o‘zgartirishlar haqidagi axborotni, Adliya vazirligi ko‘rsatmalari va respublika xo‘jalik sudlarining tajribasini o‘ziga qarashli korxonalarga tezkorlik bilan yetkazadi; vazirlik, idora rahbariyatiga qonunchilik bo‘yicha ma’lumotnoma materiallarini tayyorlaydi, huquqiy masalalar bo‘yicha maslahatlar beradi;
m) vazirlik, idora, boshqa boshqaruv organi tizimida qonun buzilishlari aniqlangan taqdirda yuridik xizmat zarur choralar ko‘rish, bunday kamchiliklarni bartaraf etish hamda ularning oldini olish uchun tegishli rahbarga bu haqda axborot beradi.
9. Korxonalarning yuridik xizmati:
a) korxona ishining huquqiy jihatdan ta’minlanishini tashkil etadi;
bo‘linmalarning o‘zaro munosabatlarini va bo‘linmalarning iqtisodiy javobgarligini tartibga soluvchi huquqiy hujjatlar tizimini, korxonaning ishlab chiqarish-xo‘jalik va ijtimoiy faoliyatining boshqa masalalarini tayyorlash va joriy qilishda ishtirok etadi; rahbariyat bilan kelishib bu ishda qatnashish uchun mansabdor shaxslarni va mutaxassislarni jalb etadi;
korxonada belgilangan ichki xo‘jalik da’volarini qo‘zg‘ash va ko‘rib chiqish tartibiga rioya etilishini nazorat qiladi;
iqtisod, moliya, hisob-kitob xizmatlari va boshqa bo‘linmalar bilan birgalikda korxonaning xo‘jalik faoliyati natijalarini iqtisodiy-huquqiy tahlil qiladi, samarasiz xarajatlarning tarkibini va ularning kelib chiqish sabablarini, balans hisobidagi debitorlik va kreditorlik qarzlari ahvolini o‘rganadi, sud va tergov organlariga jo‘natish uchun pul mablag‘lari va tovar-moddiy boyliklarning kamomadi va ularni o‘g‘irlashlar bo‘yicha materiallarni rasmiylashtiradi;
b) qonunchilik aktlarini, yuqori boshqaruv organlarining normativ hujjatlarini, korxona mahalliy normativ aktlarining tartibga solingan hisobini va saqlanishini tashkil etadi; boshqa bo‘linmalar bilan birgalikda korxonaning idoraviy normativ hujjatlarini tartibga solish ishlarini olib boradi;
v) korxona rahbariga imzolash uchun taqdim qilinayotgan buyruqlar va huquqiy mazmundagi boshqa hujjatlar loyihalarining qonunga muvofiqligini tekshiradi va ularga viza qo‘yadi.
Korxona huquqiy aktlarining, ularning amaldagi qonunga muvofiqligi to‘g‘risida yuridik xizmatning vizasi bo‘lmasa, chiqarilishiga yo‘l qo‘yilmaydi;
g) korxonaning tuzilma birliklari va bo‘linmalari rahbarlari tomonidan chiqarilgan yuridik hujjatlarning qonunlarga muvofiqligini nazorat qilishni amalga oshiradi;
d) boshqa korxonalar bilan xo‘jalik shartnomalari, shuningdek, chet el kompaniyalari va firmalari bilan kontraktlar tayyorlash, tuzish va ularning ijrosini nazorat qilishga oid ishlarda qatnashadi, shartnomalar va kontraktlar loyihalariga viza qo‘yadi;
e) da’vo ishlarini olib boradi, sudda, xo‘jalik sudida, shuningdek, boshqa organlarda huquqiy masalalar ko‘rilayotganda belgilangan tartibda korxona manfaatlarini himoya qiladi; da’vo ishlari agar boshqa bo‘linmalar tomonidan olib borilsa, bu ishga rahbarlikni amalga oshiradi;
j) moddiy boyliklarni hisobdan chiqarish hujjatlari, buzilishlar va suiiste’molliklar topilgan taftish va qayta ro‘yxatga olish aktlari bo‘yicha huquqiy xulosalar beradi;
z) mehnat jamoasi tomonidan ishlab chiqarish va ijtimoiy rivojlanish masalalarini hal etishda o‘zini-o‘zi boshqarishni amalga oshirishda qonunchilikka rioya etilishiga yordam beradi; jamoa shartnomasini tayyorlashda va tuzishda qatnashadi, mehnat jamoasi kengashiga, kasaba uyushmasi qo‘mitasiga va boshqa jamoat tashkilotlariga o‘z vakolatlarini amalga oshirishda huquqiy yordam ko‘rsatadi;
i) yuridik umumiy o‘quvini tashkil etishda va uni amalga oshirishda qatnashadi, xodimlarni amaldagi qonunlar bilan tanishtiradi, ularni qo‘llanish tajribasini tushuntiradi;
k) korxona faoliyatida qonunchilikni buzish hollari aniqlansa, bu haqda ularni bartaraf etish va oldini olish yuzasidan zarur choralar ko‘rish uchun rahbarni xabardor qiladi.
III. Yuridik xizmatning huquqi va mas’uliyati
10. Yuridik xizmat quyidagi huquqlarga ega:
a) davlat boshqaruv organi, korxona, tuzilma birliklari faoliyatida qonunchilikka rioya etilishining ahvoli bilan tanishish; taftish o‘tkazishlarda va qayta ro‘yxatga olishlarda qatnashish;
b) mansabdor shaxslardan davlat boshqaruv organlarida, korxonalarda belgilangan tartibda hujjatlar, ma’lumotnomalar, hisob-kitoblar va o‘z burchlarini bajarish uchun zarur bo‘lgan boshqa ma’lumotlarni olish;
v) rahbariyatga qonun buzishlarni bartaraf etish, keltirilgan zararni qoplash, amaldagi qonunlarning bajarilishini ta’minlamagan yoxud buzayotgan bo‘linmalar va xizmatlarning rahbarlarini, boshqa xodimlarni javobgarlikka tortish haqida takliflar taqdim etish;
g) davlat boshqaruv organi va korxona rahbariyati bilan kelishilgan holda normativ hujjatlar yoki boshqa hujjatlar loyihalarini tayyorlash, shuningdek, o‘ziga yuklatilgan vazifalarga muvofiq yuridik xizmat tomonidan o‘tkaziladigan tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish uchun boshqa bo‘linmalar va xizmatlarning xodimlarini jalb etish;
d) davlat boshqaruv organi, korxona rahbariyati tomonidan chaqiriladigan hay’at majlislarida, tegishli kengashlarda, yig‘ilishlarda ishtirok etish.
11. Yuridik xizmat xodimlari O‘zbekiston Respublikasi mehnat qonunchiligiga muvofiq ushbu Nizomda ko‘zda tutilgan vazifalarni bajarmaganliklari uchun intizomiy va moddiy javobgardirlar. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi organlari davlat boshqaruv organlari, korxonalarning yuridik xizmat xodimlarini o‘tkazilgan tekshirishlar natijalari bo‘yicha ularni o‘z xizmat vazifalarini bajarmaganliklari uchun intizomiy javobgarlikka tortish haqida taqdimnoma kiritishga haqlidirlar.
12. Yuridik xizmat xodimlariga huquqiy ishlarga taalluqli bo‘lmagan boshqa ishlarning yuklatilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Yuridik xizmatga yuklatilgan vazifalarni bajarishga va unga berilgan huquqlardan foydalanishga qarshilik ko‘rsatuvchi mansabdor shaxslar, buning oqibatida qonunchilikning buzilishiga yo‘l qo‘yilsa, fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlariga zarar yetsa, mansabdor shaxslar O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va uning organlari taqdimnomasi bo‘yicha yuridik javobgarlikka tortiladilar.