Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Tadbirkorlik subyektlari faoliyatida tekshiruvlar oʻtkazishni muvofiqlashtirish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Joriy yilning 22-avgust kuni oʻtkazilgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti doirasida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini taʼminlash, shuningdek, tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga asossiz aralashuvlarning oldini olish, nazorat qiluvchi organlarning masʼuliyatini oshirish va faoliyati ochiqligini taʼminlash maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 15-sentabrdagi PF-6314-son Farmoniga muvofiq Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil (keyingi oʻrinlarda — Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil) tomonidan tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirish jarayonlarini muvofiqlashtirish va ularning ochiqligini taʼminlash, shuningdek, davlat nazorati funksiyalari, majburiy talablar va tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirish huquqiga ega mansabdor shaxslarning elektron reyestrlarini yuritish imkonini beruvchi “Yagona davlat nazorati” axborot tizimi ishga tushirilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Belgilansinki, nazorat qiluvchi organlar tomonidan 2022-yil 1-noyabrdan boshlab:
tadbirkorlik subyektlari faoliyatida oʻtkaziladigan barcha tekshiruvlar “Yagona davlat nazorati” axborot tizimida roʻyxatga olinadi. Bunda, tadbirkorlik subyektlari faoliyatida mazkur tizimda roʻyxatga olinmagan tekshiruvlarni oʻtkazish noqonuniy hisoblanadi;
tadbirkorlik subyektlari faoliyatida oʻtkazilgan tekshiruvlarning natijalari hamda profilaktika tadbirlari toʻgʻrisida maʼlumot tekshiruv yoki profilaktika tadbirlari tugagan kundan boshlab uch kun muddatda “Yagona davlat nazorati” axborot tizimiga kiritiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Bunda, mulkchilik shaklidan qatʼi nazar korxona, muassasa va tashkilotlar tomonidan qishloq xoʻjaligi, melioratsiya va yoʻl-qurilish texnikalaridan foydalanish qoidalariga rioya etilishi ustidan nazorat tadbirlari hamda qishloq xoʻjaligi yerlaridan maqsadli foydalanilishi va ularning muhofaza qilinishini oʻrganish ishlari Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan, istisno tariqasida, “Yagona davlat nazorati” axborot tizimida roʻyxatga olinmagan holda amalga oshiriladi.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 16-fevraldagi PF-36-sonli Farmoniga asosan toʻrtinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.02.2024-y., 06/24/36/0130-son)
Keyingi tahrirga qarang.
3. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
a) nazorat qiluvchi organlar:
“xavfni tahlil etish” tizimi natijalariga asosan oʻtkaziladigan tekshiruvlarning boshlanishi haqida kamida 10 ish kuni oldin tadbirkorlik subyektini xabardor qiladi;
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
tadbirkorlik subyektining ilgari tekshirilgan faoliyat davridagi predmeti va obyekti boʻyicha qayta tekshiruv oʻtkazishga va tadbirkorlik subyekti tomonidan avval taqdim etilgan hujjatlarni talab qilishga haqli emas, davlat yongʻin nazorati organlari tomonidan oʻtkaziladigan nazorat tekshiruvlari bundan mustasno;
(3-band “a” kichik bandining uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 2-avgustdagi PF-125-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.08.2023-y., 06/23/125/0553-son)
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
tadbirkorlik subyektlari uchun profilaktika tadbirlarini reja-grafiklar asosida tadbirkorlik subyektlari moliya-xoʻjalik faoliyatiga aralashmagan holda seminarlar, ommaviy muhokamalar, ommaviy axborot vositalarida chiqishlar, “ochiq eshiklar kuni” tadbirlarini tashkil etish, shuningdek, tarqatma material va qoʻllanmalar bilan taʼminlash, tavsiya va xabarlar yuborish shakllarida amalga oshiradi;
(3-band “a” kichik bandining toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 2-avgustdagi PF-125-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.08.2023-y., 06/23/125/0553-son)
Keyingi tahrirga qarang.
b) tadbirkorlik subyektlari nazorat qiluvchi organlarning mansabdor shaxslarini quyidagi hollarda tekshiruv oʻtkazish uchun oʻz hududiga qoʻymaslik huquqiga ega:
tekshiruv oʻtkazish toʻgʻrisidagi buyruq oʻrnatilgan tartibda rasmiylashtirilmaganda;
tekshiruv belgilangan tartibda Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil bilan kelishilmaganda yoki u xabardor etilmaganda;
Keyingi tahrirga qarang.
tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirish huquqini beruvchi maxsus guvohnoma mavjud boʻlmaganida;
ular Tekshiruvlarni roʻyxatga olish kitobiga maʼlumotlarni kiritishdan bosh tortganida;
v) 2023-yil 1-yanvardan boshlab nazorat qiluvchi organlarga “Yagona davlat nazorati” axborot tizimidagi davlat nazorati funksiyalari reyestriga kiritilmagan funksiyalar boʻyicha tadbirkorlik subyektlari faoliyatida tekshiruvlar oʻtkazish taqiqlanadi.
4. Adliya vazirligi Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil, Savdo-sanoat palatasi va nazorat qiluvchi organlar bilan birgalikda 2022-yil 1-noyabrga qadar davlat nazorati funksiyalari va tekshiruvlarni qisqartirish boʻyicha takliflarni Strategik islohotlar agentligining kengashiga kiritsin.
5. Nazorat qiluvchi organlar Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakilga:
bir oy muddatda tegishli normativ-huquqiy hujjatlar va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga havola qilgan holda majburiy talablar roʻyxatini;
majburiy talablar oʻzgargan taqdirda, oʻzgartirish kiritilgan sanadan boshlab bir hafta muddatda yangilangan majburiy talablar roʻyxatini taqdim etsin.
6. Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 15-sentabrdagi PF-6314-son Farmoni talablariga muvofiq, “Yagona davlat nazorati” tizimida davlat nazorati funksiyalari, majburiy talablar, tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirish huquqiga ega mansabdor shaxslarning elektron reyestrlari lozim darajada (dolzarb) va barcha uchun ochiq holatda yuritilishini taʼminlasin.
7. Nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik subyektlari faoliyatida tekshiruvlar va profilaktika tadbirlarini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
8. Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda Tekshiruvlarni roʻyxatga olish kitobini toʻldirish tartibini, shuningdek, nazorat qiluvchi organlarning “xavfni tahlil etish” tizimlariga qoʻyiladigan minimal talablarni tasdiqlasin.
9. Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil ikki oy muddatda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
10. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil D.S. Qosimov hamda nazorat qiluvchi organlar rahbarlari belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari S.U. Umurzakov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2022-yil 13-sentabr,
PQ-374-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 13-sentabrdagi PQ-374-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik subyektlari faoliyatida tekshiruvlar va profilaktika tadbirlarini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom nazorat qiluvchi organlar va ularning tarkibiy hamda hududiy boʻlinmalari (keyingi oʻrinlarda — nazorat qiluvchi organlar) tomonidan tadbirkorlik subyektlari faoliyatida tekshiruvlar va profilaktika tadbirlarini oʻtkazish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
vakolatli organ — qonunchilik bilan tadbirkorlik subyektlari faoliyatida tekshiruvlarni muvofiqlashtirish hamda nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik subyektlari faoliyatida tekshiruvlar oʻtkazilishining qonuniyligi ustidan nazoratni amalga oshirishga vakolat berilgan tashkilot;
nazorat qiluvchi organlar — tadbirkorlik subyektlari faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilishga qonunchilik bilan vakolat berilgan vazirlik, idora, ularning tizimidagi boʻlinmalar va boshqa tashkilotlar;
nazorat qiluvchi organ mansabdor shaxsi — vaqtincha yoki maxsus vakolat boʻyicha tadbirkorlik subyektlari faoliyatini nazorat qiluvchi, tadbirkorlik subyektlarida yuridik ahamiyatga ega harakatlarni hamda maʼmuriy yoki sud organlarida mazkur vazifalarni amalga oshiruvchi shaxs;
tadbirkorlik subyektlari — belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtgan hamda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan yuridik va jismoniy shaxslar;
tekshiruv — tadbirkorlik subyekti tomonidan faoliyatini tartibga soluvchi qonunchilikka qay darajada rioya etilayotganligini tekshirish uchun kerakli materiallar, hujjatlar yoki ularning faoliyatiga doir maʼlumotlarni olish hamda muayyan harakatlarni amalga oshirish orqali nazorat qiluvchi organlar tomonidan oʻtkaziladigan nazorat tadbiri;
tekshiruv dasturi — tadbirkorlik subyektlari faoliyatida oʻtkaziladigan tekshiruvning nazorat savolnomasi;
“Yagona davlat nazorati” axborot tizimi (keyingi oʻrinlarda — Axborot tizimi) — tadbirkorlik sohasida davlat nazorati bilan bogʻliq katta hajmdagi maʼlumotlarni yigʻish, tahlil qilish va qayta ishlash imkonini beruvchi hamda nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik subyektlari faoliyatida tekshiruv oʻtkazish tashabbusini (kelishish yoki xabardor etish orqali), oʻtkaziladigan tekshiruvlarni va ular natijalarini roʻyxatga olishni taʼminlovchi elektron axborot tizimi.
Oldingi tahrirga qarang.
3. Tekshiruvni oʻtkazish vakolatli organ bilan kelishgan yoki uni xabardor etgan holda Axborot tizimida roʻyxatga olish orqali amalga oshiriladi, bundan tezkor-qidiruv tadbirlari hamda jinoyat-protsessual qonunchiligi asosida oʻtkaziladigan taftish mustasno.
(3-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 21-iyuldagi PF-110-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.07.2023-y., 06/23/110/0506-son)
Axborot tizimi texnik sabablarga koʻra ishlamagan taqdirda tekshiruv oʻtkazishni kelishish va xabardor etish keyinchalik Axborot tizimga kiritish sharti bilan qogʻoz shaklida rasmiylashtirilishi mumkin.
Nazorat qiluvchi organ va vakolatli organ oʻrtasidagi davlat siri bilan bogʻliq boʻlgan tekshiruvlarni oʻtkazishga oid axborot almashinuvi davlat sirlarini saqlash toʻgʻrisidagi qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi hamda bunday tekshiruvlar Axborot tizimida roʻyxatga olinmaydi.
2-bob. Tekshiruv ishtirokchilarining huquq va majburiyatlari
4. Tekshiruv oʻtkazishda tadbirkorlik subyektlari quyidagi huquqlarga ega:
nazorat qiluvchi organlar mansabdor shaxslarining tekshiruv masalalariga aloqasi boʻlmagan talablarini bajarmaslik;
tekshiruv oʻtkazishda shaxsan yoki oʻz vakili orqali ishtirok etish;
talab qilib olinayotgan hujjatlarni, agar ushbu hujjatlar yoki ularning nusxalari tadbirkorlik subyekti tomonidan nazorat qiluvchi organga oldingi oʻtkazilgan tekshiruvlarda taqdim etilgan boʻlsa, taqdim etmaslik;
ekspertni rad etish va ekspertni oʻzi koʻrsatgan shaxslar orasidan tayinlash toʻgʻrisida iltimos qilish;
nazorat qiluvchi organ mansabdor shaxsining ruxsati bilan ekspertiza oʻtkazishda ishtirok etish va ekspertga tushuntirishlar berish, ekspertning xulosasi bilan tanishish;
tekshiruv materiallari bilan tanishish va tekshiruv dalolatnomasini olish;
nazorat qiluvchi organlar mansabdor shaxslarining noqonuniy xatti-harakatlari yuzasidan, shuningdek, belgilangan tartibda tekshiruv natijalari ustidan shikoyat qilish;
tekshiruvni oʻtkazish toʻgʻrisidagi buyruq (qaror, farmoyish) belgilangan tartibda rasmiylashtirilmagan va buyruq nusxasi tadbirkorlik subyektiga berilmagan, tekshiruv belgilangan tartibda vakolatli organ bilan kelishilmagan yoki u xabardor etilmagan, tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirish huquqini beruvchi maxsus guvohnoma mavjud boʻlmagan, Tekshiruvlarni roʻyxatga olish kitobiga maʼlumotlarni kiritishdan bosh tortilgan hollarda, nazorat qiluvchi organ mansabdor shaxslarini tekshiruv oʻtkazish uchun oʻz hududi va binolariga qoʻymaslik, tadbirkorlik subyekti tegishli hujjatlarni olishdan bosh tortgan hollar bundan mustasno.
Tadbirkorlik subyektlari qonunchilikda belgilangan boshqa huquqlarga ham ega.
5. Tekshiruvlarni oʻtkazishda tadbirkorlik subyektlarining majburiyatlari:
nazorat qiluvchi organlar mansabdor shaxslarining qonuniy faoliyatiga toʻsqinlik qilmaslik, ularning tekshiruv bilan bogʻliq qonuniy talablarini bajarish;
tekshiruvni oʻtkazayotgan nazorat qiluvchi organlarning mansabdor shaxslariga tekshiruv bilan bogʻliq, shu jumladan, elektron axborot tashuvchi vositalarda saqlanadigan hujjatlar va axborotni oʻrganish hamda tahlil qilish imkoniyatini taʼminlash.
Tadbirkorlik subyektlari zimmasida qonunchilikda belgilangan boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
6. Tekshiruvlarni oʻtkazishda nazorat qiluvchi organlar mansabdor shaxslarining huquqlari:
tadbirkorlik subyektining tekshiruv bilan bogʻliq, shu jumladan, elektron axborot tashuvchi vositalarda saqlanadigan hujjatlari va maʼlumotlarini talab qilib olish va oʻrganish;
tadbirkorlik subyektining hududlari va binolarini koʻzdan kechirish;
tekshirilayotgan tadbirkorlik subyektlariga aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etish toʻgʻrisida bajarilishi majburiy boʻlgan koʻrsatmalar berish;
tekshiruvlar davomida tadbirkorlik subyektini yozma bildirish asosida nazorat qiluvchi organga u tomonidan tekshiruv bilan bogʻliq tushuntirishlar berishga chaqirish;
tegishli davlat hokimiyati va boshqaruv organlari, tadbirkorlik subyektlari mulkdorlari oldiga aybdor shaxslarning javobgarligi toʻgʻrisidagi masalani qoʻyish;
tekshiruvga auditorlik tashkilotlarini va (yoki) ekspertlarni belgilangan tartibda shartnoma asosida jalb etish;
qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda tegishli javobgarlik choralarini qoʻllash.
Nazorat qiluvchi organlar qonunchilikda belgilangan boshqa huquqlarga ham ega.
7. Tekshiruvlarni oʻtkazishda nazorat qiluvchi organlar mansabdor shaxslari quyidagilarga majbur:
tekshirilayotgan tadbirkorlik subyektlariga tekshiruv oʻtkazish huquqini beruvchi zarur hujjatlarni koʻrsatish;
tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga xalal bermaslik;
tadbirkorlik subyektini tekshiruv maqsadi, tadbirkorlik subyektining huquqlari va majburiyatlari bilan tanishtirish;
Tekshiruvlarni roʻyxatga olish kitobiga qonunchilikda belgilangan tartibda tekshiruvlar haqidagi yozuvlarni kiritish;
davlat siri, tijorat yoki boshqa sirlar saqlanishini taʼminlash;
tekshiruvlar natijalarini dalolatnoma bilan rasmiylashtirib, uning bir nusxasini tekshiruv tugagan kuni tekshirilayotgan tadbirkorlik subyektida qoldirish;
tekshiruv natijalarini Axborot tizimiga kiritish;
profilaktika tadbirlarini oʻtkazish;
huquqbuzarlik holatlari aniqlangan taqdirda qonunchilikda nazarda tutilgan choralarni koʻrish.
Nazorat qiluvchi organlar mansabdor shaxslarining zimmasida qonunchilikda belgilangan boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
3-bob. Tekshiruvlarni kelishish
8. Nazorat qiluvchi organlar quyidagi asoslardan biri mavjud boʻlganda vakolatli organga tekshiruv oʻtkazishni tashabbus qilishga haqli:
jismoniy va yuridik shaxslarning qonunchilik buzilishi yuzasidan murojaatlari, anonim murojaatlar bundan mustasno;
“xavfni tahlil etish” tizimining natijalari;
boshqa davlat organlari tomonidan qonunchilik buzilishi toʻgʻrisida taqdim etilgan maʼlumotlar;
ommaviy axborot vositalari va boshqa axborot manbalaridan, shu jumladan, Internet jahon axborot tarmogʻidan qonunchilik buzilishi toʻgʻrisida olingan maʼlumotlar.
Ushbu banddagi asoslar boʻyicha tadbirkorlik faoliyatida tekshiruv oʻtkazishni tashabbus qilishda, dastlab nazorat qiluvchi organ tomonidan tekshiruv oʻtkazilishi rejalashtirilayotgan tadbirkorlik subyektining amalda faoliyat koʻrsatayotganligi oʻrganib chiqilishi lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
Tadbirkorlik subyektlari faoliyatida tekshiruvlarni oʻtkazish tashabbusi, ular tomonidan qonunbuzilishlarga yoʻl qoʻyilishining oldini olish boʻyicha profilaktika tadbirlari belgilangan tartibda oʻtkazilgandan soʻng amalga oshiriladi, soliq tekshiruvlari, davlat yongʻin nazorati organlari tomonidan oʻtkaziladigan tekshiruvlar, jinoyat ishlari va tezkor-qidiruv faoliyati doirasida, shuningdek, qonunchilik hujjatlari buzilishi yuzasidan murojaatlar va maʼlumotlar asosida oʻtkaziladigan tekshiruvlar bundan mustasno.
(8-bandning yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 2-avgustdagi PF-125-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.08.2023-y., 06/23/125/0553-son)
9. Tadbirkorlik subyektlari faoliyatida bir kunlik muddatda oʻtkaziladigan tekshiruvni kelishish uchun buyurtma nazorat qiluvchi organning hududiy boʻlinmasi orqali vakolatli organning hududiy boʻlinmalariga kiritiladi.
Muddati bir kundan ortiq boʻlgan tekshiruvni kelishish uchun buyurtma nazorat qiluvchi organning markaziy apparati tomonidan vakolatli organga kiritiladi.
Nazorat qiluvchi organning markaziy apparati tomonidan tadbirkorlik subyektlari faoliyatida oʻtkaziladigan tekshiruvlarni kelishish uchun buyurtma nazorat qiluvchi organning markaziy apparati tomonidan vakolatli organga kiritiladi.
10. Nazorat qiluvchi organning tuman (shahar) boʻlinmasi tashabbusi bilan oʻtkaziladigan tekshiruvlarni kelishish tekshiruvga asos boʻlgan hujjatlarni axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda ushbu organning hududiy boʻlinmasi orqali vakolatli organning hududiy boʻlinmalariga taqdim etish orqali amalga oshiriladi.
11. Nazorat qiluvchi organ tomonidan tekshiruvni kelishish uchun Axborot tizimiga quyidagi maʼlumotlarni koʻrsatgan holda buyurtma kiritiladi:
tekshiruv oʻtkazadigan nazorat qiluvchi organ nomi;
tekshiruv oʻtkaziladigan tadbirkorlik subyektining nomi (filiali yoki shoxobchasi), soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami yoki jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami, IFUT kodi va manzili;
tekshiruv oʻtkazish uchun asos;
talablari buzilishi mumkin boʻlgan normativ-huquqiy hujjat toʻgʻrisidagi maʼlumot;
tekshiruv oʻtkazish muddati;
tekshiruv predmeti;
tekshiriladigan faoliyat davri.
Tekshiruv predmeti talablari tekshiriladigan faoliyatga doir normativ-huquqiy hujjatlarga toʻla mos boʻlishi shart.
12. Ushbu Nizomning 8-bandida koʻrsatilgan asoslar boʻyicha batafsil maʼlumotlar va tasdiqlovchi hujjatlar nusxalari, tadbirkorlik subyektlari uchun profilaktika tadbirlari oʻtkazilganligi boʻyicha tasdiqlovchi hujjatlar nusxalari va (yoki) maʼlumotlar hamda tekshiruv dasturi buyurtmaga ilova sifatida Axborot tizimiga kiritiladi.
Tekshiruv dasturi ushbu Nizomning 8-bandida koʻrsatilgan asoslar doirasida tuzilishi va nazorat qiluvchi organ rahbari tomonidan tasdiqlanishi shart.
13. Tekshiruvni kelishish uchun buyurtma vakolatli organ va uning hududiy boʻlinmalari tomonidan uch ish kunidan kechiktirmasdan koʻrib chiqiladi hamda tekshiruvni oʻtkazishni kelishish yoki rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi.
14. Tekshiruv oʻtkazishni kelishish yoki rad etish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilingan kundan boshlab bir ish kunidan kechikmasdan nazorat qiluvchi organga yuboriladi.
Tekshiruv oʻtkazishni rad etish toʻgʻrisidagi qaror quyidagi asoslar mavjud boʻlganda qabul qilinadi:
tekshiruvni kelishish uchun buyurtma mazkur Nizom talablari asosida Axborot tizimiga joylashtirilmagan boʻlsa;
jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisidagi qonunchilik talablari buzilgan holda tekshiruvni oʻtkazish tashabbus qilingan taqdirda;
faoliyatini vaqtincha toʻxtatgan yoki faoliyati tugatilgan tadbirkorlik subyektlarida tekshiruv oʻtkazish tashabbus qilingan taqdirda;
tadbirkorlik subyektida tekshiruv oʻtkazishni tashabbus qilishga asos qilingan holatlar oʻz tasdigʻini topmaganda;
tadbirkorlik subyektlari faoliyati bilan bogʻliq boshqa qonunchilik talablari buzilganda.
15. Nazorat qiluvchi organ tekshiruvni oʻtkazish kelishilgan kundan boshlab uch ish kuni ichida tekshiruv oʻtkazish toʻgʻrisida buyruq (qaror, farmoyish) qabul qiladi hamda bir ish kunida Axborot tizimiga kiritadi.
Buyruqda (qarorda, farmoyishda) tekshiruv oʻtkazish uchun mazkur Nizomning 8-bandida nazarda tutilgan asoslarning biri, nazorat qiluvchi organning tekshiruvda ishtirok etadigan masʼul xodimlari tarkibi, tekshiriladigan tadbirkorlik subyektining nomi (filiali yoki shoxobchasi), soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami yoki jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami, manzili, tekshiruv maqsadi, muddati, tekshiriladigan faoliyat davri va tekshiruv Axborot tizimida roʻyxatga olinganligini tasdiqlovchi tekshiruv kodi koʻrsatiladi hamda tekshiruv dasturi ilova qilinadi.
16. Tadbirkorlik subyektida ikki yoki undan ortiq nazorat qiluvchi organlar tomonidan oʻtkaziladigan tekshiruvlarni vakolatli organ bilan kelishish Axborot tizimi orqali har bir organ tomonidan alohida amalga oshiriladi.
4-bob. Tekshiruvlarni oʻtkazish
Oldingi tahrirga qarang.
17. Nazorat qiluvchi organ “xavfni tahlil etish” tizimi natijalariga asosan oʻtkaziladigan tekshiruvlarning boshlanishi haqida kamida oʻn ish kuni oldin tadbirkorlik subyektini uning Axborot tizimidagi shaxsiy kabineti yoki pochta aloqasi (agar elektron shaklda xabardor etishning texnik imkoniyati mavjud boʻlmasa) orqali xabardor qilishi shart, davlat yongʻin nazorati organlari tomonidan oʻtkaziladigan tekshiruvlar bundan mustasno.
(17-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 2-avgustdagi PF-125-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.08.2023-y., 06/23/125/0553-son)
Bunda, qonunchilik hujjatlarida tadbirkorlik subyektini tekshiruv haqida xabardor etish uchun koʻproq muddat oʻrnatilgan boʻlsa, xabardor etish tegishli qonunchilik hujjatida belgilangan muddatda amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Tadbirkorlik subyektini tekshiruv haqida belgilangan tartibda xabardor qilmasdan tekshiruv oʻtkazishga yoʻl qoʻyilmaydi, davlat yongʻin nazorati organlari tomonidan oʻtkaziladigan tekshiruvlar bundan mustasno.
(17-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 2-avgustdagi PF-125-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.08.2023-y., 06/23/125/0553-son)
Xabarnomada tekshiruv oʻtkazish muddati va predmeti, taraflarning qonunchilikda belgilangan huquq va majburiyatlari, korrupsiyaviy huquqbuzarliklar uchun taraflarning javobgarligi, korrupsiya alomatlari vujudga kelganda xabar berish tartibi, mansabdor shaxslarning harakatlari ustidan shikoyat berish tartibi va manfaatlar toʻqnashuvi bilan bogʻliq masalalar majburiy tartibda koʻrsatilishi lozim.
Xabarnoma tadbirkorlik subyektiga Axborot tizimi orqali joʻnatiladi va ushbu tizimning maʼlumoti bilan tasdiqlanadi yoki pochta orqali buyurtma xat bilan tadbirkorlik subyektiga joʻnatiladi hamda u joʻnatilgandan keyin uch kun oʻtgach topshirilgan hisoblanadi.
Tekshiruv boshlanishi haqida xabarnomani olgan tadbirkorlik subyekti tekshiruv oʻtkazilishidan oldin yuridik manzilini oʻzgartirgan yoki boshqa tadbirkorlik subyektiga qoʻshib yuborilgan hollarda tekshiruv nazorat qiluvchi organ tomonidan qayta xabardor qilmasdan oʻtkaziladi.
Tadbirkorlik subyekti Axborot tizimi yoki pochta aloqasi orqali yuborilgan tekshiruv boshlanishi haqida xabarnomani shaxsan olmaganligi tekshiruv oʻtkazishga toʻsqinlik qilmaydi.
18. Nazorat qiluvchi organning masʼul xodimlari tekshiruv boshlanishidan oldin tadbirkorlik subyekti rahbarini (rahbar vazifasini bajaruvchi shaxsni) tekshiruv maqsadi bilan tanishtiradi, unga oʻz xizmat guvohnomasi va tekshiruv oʻtkazish huquqini beruvchi maxsus guvohnomani koʻrsatadi, tekshiruvni oʻtkazishga asos boʻlgan hujjatlar (tekshiruv oʻtkazish kelishilganligi yoki vakolatli organ tekshiruv haqida xabardor etilganligini tasdiqlovchi hujjat nusxasi, nazorat qiluvchi organning tekshiruv oʻtkazish toʻgʻrisidagi buyrugʻi va tekshiruv dasturi) nusxalarini tilxat olgan holda taqdim qiladi, shuningdek, Axborot tizimiga tekshiruvning unikal kodini kiritish orqali tekshiruvga doir maʼlumotlarni olish huquqini tushuntiradi, ushbu Nizomning 40-bandi oʻn birinchi xatboshisida belgilangan hollar bundan mustasno.
Tadbirkorlik subyekti oʻz soʻroviga koʻra oʻtkazilayotgan tekshiruv haqidagi axborotni Axborot tizimidan bepul real vaqt rejimida Internet tarmogʻi orqali yoki qisqa xabar (SMS) koʻrinishida olishi mumkin.
19. Tekshiruv oʻtkazish uchun asos boʻlgan hujjatlar nusxasi tekshirilayotgan tadbirkorlik subyektiga tilxat olingan holda topshirilgan kun tekshiruvni oʻtkazish boshlangan kun hisoblanadi.
Tekshirilayotgan tadbirkorlik subyektining tekshiruv oʻtkazish uchun asos boʻlgan hujjatlarni olishdan bosh tortganligi tekshiruvni bekor qilish uchun asos boʻlmaydi.
Tekshirilayotgan tadbirkorlik subyekti mazkur hujjatlarni olishdan bosh tortgan taqdirda, bu haqda nazorat qiluvchi organning mansabdor shaxsi tomonidan dalolatnoma tuziladi. Bunda, dalolatnoma rasmiylashtirilgan vaqt tekshiruvni oʻtkazish boshlangan vaqt hisoblanadi.
20. Nazorat qiluvchi organning masʼul xodimlari tadbirkorlik subyekti tomonidan taqdim etilgan Tekshiruvlarni roʻyxatga olish kitobini qonunchilikda belgilangan tartibda toʻldirishi shart.
21. Tekshiruvni faqat tekshiruv oʻtkazishga ruxsat berilgan nazorat qiluvchi organ va uning tekshiruv oʻtkazish huquqini beruvchi maxsus guvohnomaga ega boʻlgan mansabdor shaxslari oʻtkazishga haqli.
Nazorat qiluvchi organning tegishli tarkibiy boʻlinmasi tomonidan oʻtkaziladigan tekshiruvga uning boshqa tarkibiy boʻlinmalarining tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirish huquqiga ega boʻlgan mansabdor shaxslari jalb etilishi mumkin.
Nazorat qiluvchi organ tekshiruvni oʻzining hududiy boʻlinmalariga yuklatishga haqli.
22. Nazorat qiluvchi organning mansabdor shaxslari Tekshiruvlarni roʻyxatga olish kitobini toʻldirishdan bosh tortgan taqdirda yoki mazkur Nizomning 18-bandida koʻrsatilgan hujjatlarni toʻliq taqdim etmagan hamda tekshiruvga nazorat qiluvchi organning buyrugʻida (qarori, farmoyishi) koʻrsatilmagan boshqa shaxslarni jalb etish holatlarida, tekshiruvga shartnoma asosida auditorlik tashkilotlari va (yoki) ekspertlarni jalb etish holatlari bundan mustasno, tadbirkorlik subyekti tekshiruv oʻtkazilishiga yoʻl qoʻymaslikka hamda ushbu holat haqida vakolatli organga, Savdo-sanoat palatasiga va prokuratura organlariga xabar berishga haqli.
23. Nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik subyektlari faoliyatida oʻtkaziladigan tekshiruvlar muddati vakolatli organ bilan kelishish yoki vakolatli organni xabardor etish tartibida oʻtkaziladigan tekshiruvlar roʻyxatlarida belgilangan muddatlardan oshmasligi shart.
24. Tekshiruv oʻtkazish jarayonida nazorat qiluvchi organning mansabdor shaxslari oʻz vakolatlari va tekshiruv dasturida belgilangan masalalar doirasidan chetga chiqmasligi lozim.
25. Tekshiruv tadbirkorlik subyektining ish vaqti davomida oʻtkaziladi.
26. Tadbirkorlik subyekti faoliyatida oʻtkaziladigan tekshiruvlarda uning soʻroviga koʻra Savdo-sanoat palatasining vakillari, tadbirkorlik subyektlari birlashmalarining aʼzosi boʻlgan tadbirkorlik subyektining faoliyatida tekshiruv oʻtkazishda esa mazkur birlashmalar vakillari ishtirok etishi mumkin.
Tekshiruv davomida tadbirkorlik subyektiga soliq maslahatchilari, tarjimon va (yoki) advokatlar tomonidan shartnoma asosida tegishli xizmatlar koʻrsatilishi mumkin.
Nazorat qiluvchi organning mansabdor shaxslari tekshiruv boshlanishidan oldin tadbirkorlik subyekti rahbariga (rahbar vazifasini bajaruvchi shaxsga) mazkur bandning birinchi va ikkinchi xatboshilarida nazarda tutilgan shaxslarni tekshiruvda ishtirok etishga jalb qilish huquqini tushuntiradi hamda bu haqda tadbirkorlik subyekti rahbari (rahbar vazifasini bajaruvchi shaxs) tomonidan tekshiruv oʻtkazishga asos boʻlgan hujjatlar nusxalari olinganligini tasdiqlovchi tilxatda maʼlumot qayd etiladi.
Tadbirkorlik subyekti tomonidan maʼlum qilingan mazkur bandning birinchi va ikkinchi xatboshilarida nazarda tutilgan shaxslarning tekshiruvda ishtirok etish uchun yetib kelmasligi tekshiruv oʻtkazilishiga toʻsqinlik qilmaydi.
27. Tekshiruv davomida nazorat qiluvchi organning mansabdor shaxslari hamda tekshirilayotgan tadbirkorlik subyektlari ushbu Nizomda belgilangan huquqlardan foydalanadilar va majburiyatlarga amal qiladilar.
28. Tekshiruv bilan tadbirkorlik subyektining bevosita tekshiruv predmeti bilan bogʻliq boʻlgan faoliyat davri qamrab olinadi. Bunda:
tekshiruv oʻtkazish vaqtidan oldingi uch kalendar yildan, moliya-xoʻjalik faoliyati bilan bogʻliq boʻlgan masalalarda esa besh kalendar yildan koʻp boʻlmagan muddatdagi faoliyat qamrab olinishi mumkin;
tekshiruvni oʻtkazayotgan nazorat qiluvchi organ tomonidan ilgari tekshirilgan faoliyat davri, predmeti va obyekti boʻyicha qayta tekshiruv oʻtkazilmaydi.
29. Tadbirkorlik subyekti rahbari (rahbar vazifasini bajaruvchi shaxs) tekshiruvda ishtirok eta olmagan, talab etilgan hujjatlar taqdim etilmagan yoki sohaviy mutaxassislar mavjud boʻlmagan taqdirda, tekshiruv nazorat qiluvchi organning buyrugʻi (qarori, farmoyishi) asosida toʻxtatilishi hamda nazorat qiluvchi organning asoslantirilgan murojaatiga koʻra tekshiruv yoki uning qolgan muddati vakolatli organ bilan kelishilgan holda boshqa vaqtga koʻchirilishi mumkin.
Muddati koʻchirilgan tekshiruvni oʻtkazish tekshiruv toʻxtatilgan oydan keyingi oyning soʻnggi kunidan kechiktirmasdan taʼminlanishi lozim. Ushbu muddatda oʻtkazilmagan tekshiruv oʻtkazilmagan deb hisoblanadi. Bunday tekshiruv keyinchalik umumiy tartibda oʻtkazilishi mumkin.
30. Tekshiruv muddatini maksimal uzaytirish nazorat qiluvchi organning asoslantirilgan soʻroviga muvofiq vakolatli organ bilan kelishilgan holda faqatgina bir marta va dastlab belgilangan tekshiruv muddatidan oshmagan muddatga amalga oshirilishi mumkin. Bunda, dastlab oʻtkazilgan va uzaytirilayotgan tekshiruvlarning jami muddatlari qonunchilikda belgilangan tekshiruvlarni oʻtkazish muddatlaridan oshmasligi kerak.
31. Tekshiruv muddatini koʻchirish va uzaytirish tekshiruv oʻtkazishni kelishish uchun belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Bunda, xabardor etish tartibida oʻtkaziladigan tekshiruvlar muddatini uzaytirish va koʻchirish vakolatli organ bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.
32. Tekshiruvni tadbirkorlik subyekti roʻyxatdan oʻtgan yoki faoliyat yuritayotgan manzilda oʻtkazish imkoniyati boʻlmagan taqdirda, uni tadbirkorlik subyektining yozma roziligi bilan ushbu subyekt roʻyxatdan oʻtgan yoki faoliyat yuritayotgan hududdagi nazorat qiluvchi organ binosida oʻtkazish mumkin.
33. Tekshiruvlar natijalari tekshiruv dalolatnomasi bilan rasmiylashtiriladi. Tekshiruv dalolatnomasi kamida ikki nusxada tuziladi.
Bir kunlik muddatda oʻtkaziladigan tekshiruv dalolatnomasi tekshiruv oʻtkazilgan kunda, muddati bir kundan ortiq boʻlgan tekshiruv boʻyicha esa, tekshiruv muddatining oxirgi kunidan kechiktirmasdan rasmiylashtirilishi shart.
Bunda, tekshiruv dalolatnomasining nusxalari nazorat qiluvchi organning mansabdor shaxslari va tadbirkorlik subyektining rahbari (rahbar vazifasini bajaruvchi shaxs) tomonidan imzolanadi, bir nusxasi tadbirkorlik subyekti rahbariga (rahbar vazifasini bajaruvchi shaxsga) uni olgan sanani koʻrsatgan holda imzo qoʻydirib topshiriladi.
34. Tekshirilgan tadbirkorlik subyekti oʻtkazilgan tekshiruv natijasi boʻyicha oʻz eʼtirozlarini dalolatnomada yozma ravishda aks ettirishi mumkin.
35. Tekshirilgan tadbirkorlik subyekti tekshiruv dalolatnomasini olishdan va (yoki) uni imzolashdan bosh tortganda, nazorat qiluvchi organning mansabdor shaxsi bu haqda dalolatnomaga qayd etadi va shu paytdan eʼtiboran tekshiruv tugagan hisoblanadi.
Bu holda tekshiruv dalolatnomasining bir nusxasi u tuzilgan kundan keyingi ish kunidan kechiktirmasdan tadbirkorlik subyektiga pochta orqali buyurtma xat bilan yuboriladi.
36. Oʻtkazilgan tekshiruv natijalari boʻyicha tuzilgan dalolatnoma, qayd etilgan qonunbuzilish holatlari va tekshiruv oʻtkazish haqida tadbirkorlik subyekti xabardor etilganligini tasdiqlovchi hujjatlar (pochta kvitansiyasi va elektron axborot tizimlarining maʼlumotlari) tekshiruv yakunlangandan soʻng uch ish kuni ichida, tadbirkorlik subyektiga nisbatan qoʻllanilgan taʼsir choralari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (yozma koʻrsatma, maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi bayonnoma, jarimalarni qoʻllash toʻgʻrisida qarorlar va sud qarorlari) mazkur choralar qoʻllanilgandan soʻng bir ish kunidan kechiktirilmasdan nazorat qiluvchi organlar tomonidan Axborot tizimiga kiritilishi lozim.
37. Tekshiruv natijasida aniqlangan bank siri va qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirlarga oid maʼlumotlar Axborot tizimiga kiritilmaydi.
Tekshiruvda jinoyat alomatlari aniqlangan taqdirda, nazorat qiluvchi organ darhol huquqni muhofaza qiluvchi organga xabar berishi hamda tekshiruv yakunlangan vaqtdan boshlab oʻn kun ichida ushbu holat boʻyicha barcha hujjatlarni yuborishi shart. Soliq tekshiruvida jinoyat alomatlari aniqlangan taqdirda esa, bu haqda xabar berish soliq qonunchiligiga muvofiq amalga oshiriladi.
5-bob. Vakolatli organni xabardor etish tartibida tekshiruvlar oʻtkazishning oʻziga xos xususiyatlari
38. Oʻrnatilgan tartibda tasdiqlangan vakolatli organni xabardor etish tartibida oʻtkaziladigan tekshiruvlar roʻyxatida (keyingi oʻrinlarda — Roʻyxat) belgilangan tekshiruvlar nazorat qiluvchi organlar tomonidan ularni Axborot tizimida roʻyxatdan oʻtkazish orqali vakolatli organni xabardor etish tartibida oʻtkaziladi.
39. Roʻyxatda nazarda tutilgan holatlar boʻyicha xabardor etish tartibida oʻtkaziladigan tekshiruvlarning tashabbusi nazorat doirasining oʻziga xos xususiyatlaridan kelib chiqib, Roʻyxatda belgilangan tartibda tizimli ravishda amalga oshiriladi.
Vakolatli organni xabardor etgan holda tekshiruvlarni oʻtkazish ushbu Nizomning 8-bandida nazarda tutilgan asoslar va tartib boʻyicha ham tashabbus qilinishi mumkin.
Agar jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarida bir nechta masala koʻrsatilib, ulardan hech boʻlmaganda bittasi kelishish tartibida tekshiruv oʻtkazilishini talab qilsa, tekshiruv vakolatli organ bilan kelishilgan holda oʻtkaziladi.
40. Vakolatli organni xabardor etgan holda tekshiruvlarni oʻtkazishdan oldin Axborot tizimiga quyidagi maʼlumotlar kiritiladi:
tekshiruv oʻtkazadigan nazorat qiluvchi organning nomi;
tekshiruv oʻtkaziladigan tadbirkorlik subyektining nomi (filiali yoki shoxobchasi), soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami yoki jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami, IFUT kodi va manzili;
tekshiruv oʻtkazish uchun asos (ishonchli maʼlumotlarni tasdiqlovchi hujjatlar yoki tekshiruv oʻtkazish yuzasidan tasdiqlangan grafik);
talablari buzilishi mumkin boʻlgan normativ-huquqiy hujjat toʻgʻrisidagi maʼlumot;
tekshiruv oʻtkazish muddati;
tekshiruv predmeti;
tekshiriladigan faoliyat davri;
tekshiruv oʻtkazish toʻgʻrisida buyruq (qaror, farmoyish).
Tekshiruv predmeti talablari tekshiriladigan faoliyatga doir normativ-huquqiy hujjatlarga toʻla mos boʻlishi shart.
Roʻyxatda nazarda tutilgan ayrim tekshiruvlar ular boshlangandan soʻng 24 soat ichida nazorat qiluvchi organlar tomonidan ushbu bandda koʻrsatilgan maʼlumotlarni Axborot tizimiga kiritish orqali roʻyxatga olinadi.
41. Roʻyxatda koʻrsatilgan ikki yoki undan ortiq nazorat qiluvchi organlar tomonidan oʻtkaziladigan tekshiruvlar boʻyicha vakolatli organni xabardor qilish har bir organ tomonidan alohida amalga oshiriladi.
42. Xabardor etish tartibida oʻtkaziladigan tekshiruvlar ushbu Nizomning 4-bobida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
6-bob. Tekshiruvlar oʻtkazilishini monitoring qilish va jamoatchilik nazoratini amalga oshirish
43. Vakolatli organ nazorat qiluvchi organlar tomonidan tekshiruvlar belgilangan tartibda oʻtkazilganligini Axborot tizimi orqali doimiy ravishda monitoring qilib boradi.
44. Vakolatli organ tomonidan monitoring natijalariga koʻra nazorat qiluvchi organlarning mansabdor shaxslari tadbirkorlik subyektlari faoliyatida noqonuniy tekshiruv oʻtkazganligi yoki tekshiruv davomida qonunbuzilish holatlariga yoʻl qoʻyganligi aniqlanganda ularni belgilangan tartibda javobgarlikka tortish choralari koʻriladi.
45. Tadbirkorlik subyektlari faoliyatida oʻtkaziladigan tekshiruvlarning qonuniyligi ustidan jamoatchilik nazorati Savdo-sanoat palatasi va uning hududiy boshqarmalari hamda qonunchilikda belgilangan shaxslar tomonidan amalga oshiriladi.
7-bob. Profilaktika tadbirlarini oʻtkazish
46. Profilaktika tadbiri nazorat qiluvchi organlarning mansabdor shaxslari tomonidan tadbirkorlik subyektlariga amaldagi qonunchilik hujjatlari va ularga kiritilgan oʻzgartirishlarni tushuntirish, ularning talablari buzilishining oldini olishga qaratilgan tavsiyalar, shuningdek, tadbirkorlik subyektining faoliyat xususiyatlaridan kelib chiqqan holda unga soliq, bojxona va boshqa toʻlovlar yuzasidan berilgan imtiyozlar va preferensiyalar haqida tushuntirishlar berish maqsadida oʻtkaziladi.
Oldingi tahrirga qarang.
47. Nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik subyektlarida profilaktika tadbirlari tasdiqlangan choraklik reja-grafiklar asosida quyidagi shakllarda amalga oshiriladi:
(47-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 2-avgustdagi PF-125-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.08.2023-y., 06/23/125/0553-son)
bevosita joyiga chiqmagan va tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga aralashmagan holda huquqiy targʻibot, seminarlar, tushuntirish ishlari va amaliy mashgʻulotlar tashkil etish;
tadbirkorlik subyektlariga pochta aloqasi yoki elektron axborot tizimlari orqali ularning faoliyati yuzasidan qonunchilik talablari buzilishining oldini olishga qaratilgan tavsiyalar, tadbirkorlik subyekti faoliyat yuritayotgan sohada sodir etilayotgan tizimli huquqbuzarliklarning sabablari va ularga imkon beruvchi shart-sharoitlar boʻyicha xabarnomalar yuborish;
amaldagi qonunchilik talablarini tushuntirish yuzasidan ommaviy axborot vositalarida chiqishlar qilish;
tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishda yuzaga kelayotgan muammolarni ommaviy muhokama qilish maqsadida Internet jahon axborot tarmogʻida veb-saytlar, shu jumladan, ijtimoiy tarmoqlarda blog va chatlarni tashkil etish;
“ochiq eshiklar kuni” tadbirlarini tashkil etish va ularda qatnashish;
tadbirkorlik subyektlarini qonunchilik talablari aks ettirilgan tarqatma materiallar va boshqa qoʻllanmalar bilan taʼminlash.
Yongʻin xavfsizligini, fuqaroviy va xizmat quroli hamda uning oʻq-dorilari, sanoat uchun moʻljallangan portlovchi materiallar, pirotexnika buyumlari, giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar, ularning analoglari va prekursorlar saqlanadigan joylar (obyektlar)ning texnik mustahkamligini, obyekt ichki va ruxsat berish rejimini taʼminlash maqsadida oʻtkaziladigan profilaktika tadbirlari tadbirkorlik subyektlariga tegishli obyektlarni koʻzdan kechirish orqali amalga oshirilishi mumkin.
Oʻtkazilgan profilaktika tadbirlari boʻyicha bayonnoma yuritilib, qayd etilgan muammolarni bartaraf etish boʻyicha takliflar ishlab chiqiladi.
Oʻtkazilgan profilaktika tadbirlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar nazorat qiluvchi organlar tomonidan Axborot tizimga kiritib boriladi.
48. Profilaktika tadbiri jarayonida sodir etilishi mumkin boʻlgan qonunbuzilish holatlarini aniqlash, ularga barham berish, shuningdek, ularni bartaraf etish yuzasidan aniq tavsiyalar va amaliy yordamlar beriladi.
49. Davlat tomonidan nazorat qilishning tegishli sohasida qonunchilik takomillashgan taqdirda, nazorat qiluvchi organlar yangi qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun va mohiyatini profilaktika tadbirlarini amalga oshirish doirasida tadbirkorlik subyektlariga tushuntirishlari zarur.
50. Profilaktika tadbiri jarayonida aniqlangan kamchiliklarni asos qilib tekshiruvlarni tashabbus qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
51. Profilaktika tadbirini oʻtkazish uchun vakolatli organ bilan kelishish yoki uni xabardor qilish talab etilmaydi.
52. Profilaktika tadbiri oʻrnatilgan tartibda tasdiqlangan reja-grafiklar asosida tizimli ravishda oʻtkazib boriladi.
Tadbirkorlik subyektlari oʻrtasida profilaktika tadbirlarini oʻtkazish reja-grafigi tadbirkorlik subyektlari tomonidan huquqbuzarliklar sodir etilishining oldini olish va ularni bartaraf etish choralarini koʻrish maqsadida ularga tizimli ravishda yoʻl qoʻyish va qasddan sodir etilmagan qonunbuzilishlar sabablari tahlilidan kelib chiqib ishlab chiqilishi lozim.
53. Profilaktika tadbirlarini oʻtkazishda tadbirkorlik subyektlarining faoliyatiga aralashish, ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini cheklash, tadbirkorlik subyekti faoliyatiga doir hujjatlar va tushuntirishlar talab qilib olish, tekshiruvlar oʻtkazish va har qanday huquqiy taʼsir choralarni qoʻllashga yoʻl qoʻyilmaydi.
54. Profilaktika tadbiri jarayonida aniqlangan kamchiliklar boʻyicha ularning xususiyatlaridan kelib chiqqan holda nazorat qiluvchi organ mansabdor shaxsi tadbirkorlik subyektiga ularni bartaraf etishda koʻmaklashadi, shu jumladan, sohani tartibga soluvchi qonunchilik bilan taʼminlaydi, kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha tushuntirishlar yoki tavsiyalar beradi.
55. Profilaktika tadbirini oʻtkazish natijasi boʻyicha nazorat qiluvchi organ Axborot tizimga quyidagi maʼlumotlarni kiritadi:
profilaktika tadbirini oʻtkazgan nazorat qiluvchi organ va uning tegishli tarkibiy boʻlinmasi nomi;
profilaktika tadbirining shakli;
profilaktika tadbiri ommaviy ravishda oʻtkazilgan taqdirda unda ishtirok etgan tadbirkorlik subyektlarining umumiy soni, oʻtkazilgan tadbir bayoni;
profilaktika tadbiri manzilli amalga oshirilganda unda qatnashgan tadbirkorlik subyektlari soni va ularga berilgan tavsiya va xabarnomalar soni va mazmuni;
ommaviy axborot vositalarida chiqishlar, Internet jahon axborot tarmogʻida veb-saytlar, shu jumladan, ijtimoiy tarmoqlarda blog va chatlar orqali oʻtkazilgan muhokamalar, ular oʻtkazilgan sana, manzili (ommaviy axborot vositalaridagi koʻrsatuv yoki loyiha nomi, muhokamaning Internet jahon axborot tarmogʻidagi manzili).
56. Nazorat qiluvchi organlar har chorak yakunlari boʻyicha keyingi oyning 10 sanasigacha mazkur Nizomning 55-bandida belgilangan maʼlumotlarni Axborot tizimga kiritib boradi.
57. Tadbirkorlik subyektlari faoliyatida koʻp takrorlanuvchi qonunbuzilish holatlarining oldini olish maqsadida:
nazorat qiluvchi organlar har yarim yil yakunlari boʻyicha 1-avgustga qadar, yil yakunlari boʻyicha 1-fevralga qadar ular tomonidan amalga oshirilgan tekshiruv va profilaktika tadbirlari tahlilini vakolatli organga kiritadi;
vakolatli organ har yarim yil yakunlari boʻyicha 1-sentabrga qadar, yil yakunlari boʻyicha 1-martga qadar tadbirkorlik subyektlari faoliyatida koʻp takrorlanuvchi huquqbuzarliklar hamda ular sodir etilishining oldini olish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida maʼlumotni Axborot tizimiga joylashtiradi va jamoatchilikka eʼlon qiladi.
8-bob. Yakuniy qoidalar
58. Vakolatli organ va nazorat qiluvchi organlarning mansabdor shaxslari mazkur Nizom talablariga rioya etilishi, tekshiruv munosabati bilan oʻziga maʼlum boʻlgan tijorat siri, xizmat siri va qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirlar, shuningdek, oshkor etilmaydigan axborotlar muhofaza qilinishini taʼminlashi shart.
59. Nazorat qiluvchi organlarning:
rahbarlari tekshiruv oʻtkazishni kelishish yoki vakolatli organni tekshiruv oʻtkazish toʻgʻrisida xabardor etish uchun taqdim etilgan maʼlumotlarning ishonchliligi va toʻliqligi hamda tekshiruvlarni qonunchilikda belgilangan tartibda Axborot tizimida roʻyxatdan oʻtkazgandan soʻng amalga oshirilishi uchun;
mansabdor shaxslari oʻz vakolatlari va nazorat sohasidan tashqari masalalar boʻyicha har qanday tekshiruv oʻtkazilmasligi hamda tekshiruvlarni qonunchilikda belgilangan tartibda Axborot tizimida roʻyxatdan oʻtkazgandan soʻng amalga oshirilishi, shuningdek, oʻtkazilgan tekshiruvlar boʻyicha zarur hujjatlarning oʻz vaqtida Axborot tizimiga kiritilishi uchun javobgardir.
60. Tadbirkorlik subyektlari ularda oʻtkazilayotgan tekshiruv haqidagi hamda ularning faoliyatini tekshirayotgan nazorat qiluvchi organlar toʻgʻrisidagi maʼlumotni vakolatli organdan yozma shaklda yoki axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan, shu jumladan Axborot tizimidan foydalangan holda elektron shaklda bepul olishga haqlidir.
61. Tashabbus qilingan va oʻtkazilgan tekshiruvdan norozi boʻlgan tadbirkorlik subyektlari nazorat qiluvchi organlarning yuqori tashkilotlariga, vakolatli organga, Savdo-sanoat palatasiga yoki belgilangan tartibda sudga murojaat qilish huquqiga ega.
62. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda javob beradilar.
Keyingi tahrirga qarang.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 14.09.2022-y., 07/22/374/0821-son; 21.07.2023-y., 06/23/110/0506-son; 03.08.2023-y., 06/23/125/0553-son; 16.02.2024-y., 06/24/36/0130-son; 24.10.2024-y., 06/24/164/0843-son; 23.11.2024-y., 06/24/184/0954-son; 01.04.2025-y., 06/25/57/0291-son; 08.08.2025-y., 06/25/126/0704-son; 29.09.2025-y., 06/25/176/0878-son; 07.05.2026-y., 06/26/74/0453-son)