Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining
buyrugʻi
Koʻzi ojizlar jamiyatining oʻquv-ishlab chiqarish tashkilotlari xodimlari uchun mehnatni muhofaza qilish qoidalariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2022-yil 13-sentabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2092-1]
Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 17-maydagi OʻRQ-770-son “Oʻzbekiston Respublikasida tibbiy-ijtimoiy xizmatlar tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonuni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 25-iyuldagi PF-6035-son “Koronavirus pandemiyasini yumshatish, aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi va salomatligini saqlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirining 2010-yil 9-martdagi 101-B-son buyrugʻi (roʻyxat raqami 2092, 2010-yil 8-aprel) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 14-15-son, 115-modda) bilan tasdiqlangan Koʻzi ojizlar jamiyatining oʻquv-ishlab chiqarish tashkilotlari xodimlari uchun mehnatni muhofaza qilish qoidalariga ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir N. XUSANOV
Toshkent sh.,
2022-yil 26-avgust,
23-2022/B-son
Oʻzbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vazirining 2022-yil 26-avgustdagi 23-2022/B-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Koʻzi ojizlar jamiyatining oʻquv-ishlab chiqarish tashkilotlari xodimlari uchun mehnatni muhofaza qilish qoidalariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. Muqaddima quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Mazkur Qoidalar Koʻzi ojizlar jamiyatiga qarashli oʻquv-ishlab chiqarish tashkilotlari xodimlari uchun mehnatni muhofaza qilish tartibini belgilaydi.”.
2. 8-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“8. Oʻzbekiston Respublikasi “Mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Qonunining 12-moddasiga muvofiq ishlab chiqarish faoliyatini amalga oshiruvchi, xodimlarining soni ellik kishi va undan ortiq boʻlgan har bir tashkilotda mehnatni muhofaza qilish talablariga rioya etilishini taʼminlash, ularning bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshirish maqsadida mehnatni muhofaza qilish xizmati tashkil etiladi yoki mehnatni muhofaza qilish boʻyicha tegishli tayyorgarlikka ega boʻlgan mutaxassis lavozimi joriy etiladi. Ellikta va undan ortiq transport vositasi mavjud boʻlgan tashkilotda yoʻl harakati xavfsizligi xizmati ham tashkil etiladi yoki yoʻl harakati xavfsizligi boʻyicha mutaxassis lavozimi joriy etiladi.
Xodimlarining soni ellik nafardan kam boʻlgan tashkilotda mehnatni muhofaza qilish xizmatini tashkil etish yoki mehnatni muhofaza qilish boʻyicha mutaxassis lavozimini joriy etish toʻgʻrisidagi qaror ish beruvchi tomonidan mazkur tashkilot faoliyatining oʻziga xos xususiyati hisobga olingan holda qabul qilinadi.”.
3. 10-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“10. Tashkilotlarda mehnat faoliyati bilan bogʻliq ravishda sodir boʻlgan baxtsiz hodisalar va boshqa jarohatlanishlarni tekshirish va hisobini yuritish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 6-iyundagi 286-sonli qarori bilan tasdiqlangan Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarni va xodimlar salomatligining mehnat vazifalarini bajarish bilan bogʻliq boshqa xil zararlanishini tekshirish va hisobga olish toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq amalga oshirilishi lozim.”.
4. 15-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“15. Tashkilotlarda xodimlarning salomatligini nazorat qilish Xodimlarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom (roʻyxat raqami 2387, 2012-yil 29-avgust) asosida amalga oshirilishi lozim.”.
5. 32-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“32. Oʻn sakkiz yoshdan kichik shaxslarning mehnati qoʻllanishi taqiqlanadigan noqulay mehnat sharoitlari ishlari roʻyxatiga (roʻyxat raqami 1990, 2009-yil 29-iyul) muvofiq oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan shaxslar zararli va noqulay mehnat sharoiti mavjud ishlarga qabul qilinmasligi lozim.”.
6. 66-banddagi “davlat sanitar nazorati organlari” degan soʻzlar “sanitariya-epidemiologiya xizmatlari” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
7. 82-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“82. Tashkilotlarda elektr qurilmalarini va tarmoqlarini montaj qilish va ishlatish vaqtida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 11-noyabrdagi 712-son qarori bilan tasdiqlangan Isteʼmolchilar elektr qurilmalarini texnik ekspluatatsiya qilish qoidalari hamda Isteʼmolchilar elektr qurilmalarini ekspluatatsiya qilishda xavfsizlik texnikasi qoidalari talablariga rioya qilinishi kerak.”.
8. 5-bobning nomidagi “nogiron” degan soʻz “nogironligi boʻlgan” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.09.2022-y., 10/22/2092-1/0816-son)