Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilari, harbiy xizmatdan rezervga (isteʼfoga) boʻshatilgan (chiqarilgan) fuqarolar va ularning oila aʼzolarini uy-joy bilan taʼminlash tartibini takomillashtirishga qaratilgan oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritish toʻgʻrisida
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning tub mazmunini “Inson qadri uchun” degan ezgu gʻoya tashkil etadi. Soʻnggi yillarda harbiy xizmat jozibadorligini oshirish, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, haqiqiy harbiy xizmat oʻtash uchun munosib va xavfsiz shart-sharoitlarini yaratish, Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilarining qonuniy manfaatlarini taʼminlashning huquqiy kafolatlarini mustahkamlash sohasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi.
Shu bilan birga, bugungi kunda harbiy xizmatning jozibadorligi va Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilarining ijtimoiy himoyasi kafolatlarini taʼminlash borasida ayrim muammolar saqlanib qolmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilari, harbiy xizmatdan rezervga (isteʼfoga) boʻshatilgan (chiqarilgan) fuqarolar va ularning oila aʼzolari ijtimoiy taʼminoti masalalarini oqilona hal etishga qaratilgan tadbirlar koʻlamini kengaytirish, shuningdek, ularni uy-joy bilan taʼminlash tartibini yanada takomillashtirish hamda ayrim normativ-huquqiy hujjatlardagi bir-birini takrorlovchi, oʻxshash normalarni bartaraf etish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga quyidagilarni nazarda tutuvchi oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritilsin:
harbiy xizmat majburiyatlarini bajarish vaqtida orttirilgan kasallik yoki olingan jarohati tufayli harbiy xizmatni oʻtashga yaroqsiz deb topilib, rezervga (isteʼfoga) boʻshatilgan (chiqarilgan) Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilarini (keyingi oʻrinlarda — harbiy xizmatchilar), shuningdek, halok boʻlgan (vafot etgan) harbiy xizmatchilarning, ularning xizmat muddatidan qatʼi nazar, oila aʼzolarini uy-joy bilan taʼminlash;
harbiy xizmatchilar boshqa vazirlik va idoralar tizimiga haqiqiy harbiy xizmatni oʻtash uchun oʻtkazilganda, ularga berilgan xizmat xonadonlarini ham tegishli vazirlik va idoralar tasarrufiga oʻtkazish;
harbiy xizmatchilarga ajratiladigan uy-joy maydonining ijtimoiy normasini aniqlashda ularning oila aʼzolari bilan bir qatorda qaramogʻiga olingan shaxslar toifasiga aniqlik kiritish;
umumiy harbiy xizmat muddati 20 (yigirma) yil boʻlgan harbiy xizmatni oʻtab rezervga boʻshatilgan fuqarolarni davlat hisobidan turarjoy bilan taʼminlash, shu bilan birga ularning oliy taʼlim muassasalarida oʻqish davri hamda davlat organlari va tashkilotlaridagi mehnat faoliyati yillarini haqiqiy harbiy xizmat yillari davriga qoʻshib hisoblash.
2. Belgilansinki, ushbu qarorda nazarda tutilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish bilan bogʻliq xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralarga har yili ajratiladigan budjet mablagʻlari, budjetdan tashqari mablagʻlar va qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
3. Mudofaa vazirligi Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat xavfsizlik xizmati hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
4. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi V.V. Maxmudov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2022-yil 25-avgust,
PQ-362-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 25-avgustdagi PQ-362-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar va qoʻshimcha
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 14-sentabrdagi PQ-694-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilarini uy-joy bilan taʼminlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomda:
a) 3-bandda:
quyidagi mazmundagi ikkinchi — yettinchi xatboshilar bilan toʻldirilsin:
“Uy-joy maydonining ijtimoiy normasini aniqlashda harbiy xizmatchining oilasi tarkibiga eri (xotini), bolalari hamda uning qaramogʻidagi shaxslar kiritiladi. Bunda, quyidagi toifadagi qaramoqdagi shaxslar hisobga olinadi:
mehnatga yaroqsiz, shu jumladan I va II guruh nogironligi boʻlgan ota-onalar;
I va II guruh nogironligi boʻlgan aka-uka va opa-singillar;
farzandlikka olingan shaxslar;
oilaga tarbiyaga olingan bolalar (patronat);
vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxslar”;
ikkinchi va uchinchi xatboshilar tegishlicha sakkizinchi va toʻqqizinchi xatboshilar deb hisoblansin;
b) 4-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“4. Uy-joyga muhtoj boʻlgan quyidagi toifadagi harbiy xizmatchilarga hamda ularning oila aʼzolariga uy-joy qonunchiligida nazarda tutilgan meʼyorlar hamda tartibga koʻra tegishli vazirlik va idoralar tomonidan kvartiralar mulk qilib beriladi:
a) harbiy xizmatning umumiy davomiyligi yigirma yil va undan ortiq boʻlgan harbiy xizmatchilar. Bunda, ularning oliy taʼlim muassasalaridagi oʻqish muddatlari hamda davlat organlari va boshqa tashkilotlardagi oldingi ish joylari boʻyicha mehnat staji haqiqiy harbiy xizmat muddatiga qoʻshib hisoblanadi.
b) oʻn va undan ortiq kalendar yil xizmat qilgan va quyidagilarga koʻra harbiy xizmatdan boʻshatilishi lozim boʻlgan (boʻshatilgan) harbiy xizmatchilar:
harbiy xizmatda boʻlishning belgilangan yosh chegarasiga yetganida;
shtatlarning qisqartirilishi yoki boshqa tashkiliy-shtat tadbirlari munosabati bilan;
v) xizmat muddatidan qatʼi nazar harbiy xizmat majburiyatlarini bajarish vaqtida orttirilgan kasallik yoki mayiblik (yaralanish, jarohat olish) tufayli sogʻligʻining holatiga koʻra harbiy xizmatdan boʻshatilgan harbiy xizmatchilar;
g) xizmat muddatidan qatʼi nazar halok boʻlgan (vafot etgan) harbiy xizmatchilarning oilasi:
Ushbu bandning “a”, “b”, “v” va “g” kichik bandlarida koʻrsatib oʻtilgan shaxslar, shuningdek, xizmat kvartiralarida yashayotgan haqiqiy harbiy xizmatni oʻtayotgan (rezervga, isteʼfoga boʻshatilgan) kontrakt boʻyicha harbiy xizmatchilar harbiy xizmatining umumiy davomiyligi oʻn va undan ortiq kalendar yiliga yetganda oʻzlari egallab turgan xizmat kvartiralarini bepul mulk qilib olish huquqiga egadirlar, yopiq harbiy shaharchalardagi xizmat kvartiralari bundan mustasno. Yopiq harbiy shaharchalar hududida yashovchi harbiy xizmatchilarga yopiq harbiy shaharchalar doirasidan tashqarida kvartiralar mulk qilib beriladi.
Ushbu bandda koʻrsatilmagan harbiy xizmatchilar harbiy xizmatdan boʻshatilganda qonunchilikda belgilangan tartibda xizmat kvartiralarini boʻshatadilar”;
v) 15-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“15. Quyidagilar tegishli vazirlik va idoralarning kvartiralardan foydalanish organlari tomonidan uy-joy maydoni olish yoki yashash sharoitlarini yaxshilashga muhtoj boʻlganlar roʻyxatiga kiritiladi:
a) haqiqiy harbiy xizmatga kirgan kontrakt boʻyicha harbiy xizmatchilar tegishlicha markaziy turarjoy komissiyasi, harbiy qismlarning yoki muassasalarning turarjoy komissiyalariga bildirgi topshirgan kundan boshlab;
b) oʻn va undan ortiq kalendar yil xizmat qilgan va quyidagilarga koʻra harbiy xizmatdan boʻshatilishi lozim boʻlgan (boʻshatilgan) harbiy xizmatchilar:
harbiy xizmatda boʻlishning belgilangan yosh chegarasiga yetganida;
shtatlarning qisqartirilishi yoki boshqa tashkiliy-shtat tadbirlari munosabati bilan;
v) xizmat muddatidan qatʼi nazar harbiy xizmat majburiyatlarini bajarish vaqtida orttirilgan kasallik yoki mayiblik (yaralanish, jarohat olish) tufayli sogʻligʻining holatiga koʻra harbiy xizmatdan boʻshatilgan harbiy xizmatchilar;
g) xizmat muddatidan qatʼi nazar halok boʻlgan (vafot etgan) harbiy xizmatchilarning oilasi;
d) harbiy xizmatning umumiy davomiyligi yigirma yil va undan ortiq boʻlgan harbiy xizmatchilar”;
g) 24-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“24. Harbiy xizmatchilar boshqa vazirlik va idoralarga xizmat oʻtash uchun oʻtkazilganda, tegishli vazirlik va idoralar tomonidan ularga ajratilgan xizmat kvartirasi (yopiq harbiy shaharchalardagi xizmat kvartiralari bundan mustasno) harbiy xizmatchi oʻtkazilgan vazirlik va idora uy-joy fondiga oʻtkaziladi.
Xizmat kvartiralarini oʻtkazish va qabul qilib olish tegishli vazirliklar va idoralar rahbarlarining buyrugʻi bilan rasmiylashtiriladi”.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 12-sentabrdagi PQ-4447-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining harbiy xizmatni oʻtash tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 190-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“190. Vazirlik tomonidan uy-joy bilan taʼminlanmagan kontrakt boʻyicha harbiy xizmatchilarga ularning arizasiga binoan taqdim qilinayotgan uy-joyning hisoblangan qiymatining 25 foizi miqdoridagi dastlabki badal pulini Davlat budjeti mablagʻlari yoki qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan toʻlash yoʻli bilan uzoq muddatli imtiyozli ipoteka krediti berish tizimi boʻyicha turarjoylar berilishi mumkin”.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.08.2022-y., 07/22/362/0779-son)