Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Ichki ishlar organlari patrul-post xizmati faoliyatiga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2022 — 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi toʻgʻrisida” 2022-yil 28-yanvardagi PF-60-son Farmoni ijrosini taʼminlash, shuningdek, ichki ishlar organlarining patrul-post xizmati faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish hamda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq 2023-yil 1-yanvardan boshlab ichki ishlar organlari faoliyatiga bosqichma-bosqich “E-patrul” tizimi joriy etilib, fuqaroning shaxsini aniqlash uchun ichki ishlar boʻlimiga olib borish amaliyotidan voz kechiladi hamda barcha maʼlumotlar joyida planshet orqali tekshirilib, ichki ishlar organlari patrul-post xizmati (keyingi oʻrinlarda — patrul-post xizmati) xodimlarining faoliyati “bodikamera”dan foydalangan holda amalga oshirilishi yoʻlga qoʻyiladi.
2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Ichki ishlar organlari patrul-post xizmati saf boʻlinmalari xodimlari tomonidan jamoat joylarida fuqarolarni elektron identifikatsiya qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
patrul-post xizmati saf boʻlinmalari xodimlari tomonidan jamoat joylarida fuqarolarning shaxsini elektron texnik vositalar, shu jumladan planshet orqali aniqlash, xodimlarning fuqarolar bilan oʻzaro muloqotini qayd etib borish tartibi;
“E-patrul” tizimidan foydalanish tartibi hamda patrul-post xizmati saf boʻlinmalari xodimlarining mazkur tizimdan foydalanish jarayonidagi majburiyatlari;
patrul-post xizmati saf boʻlinmalari xodimlari harakatlarini qayd etuvchi texnik vositalardan foydalanish, “bodikamera” orqali qayd etilgan maʼlumotlarni hisobga olish va saqlash tartibi.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:
a) uch oy muddatda:
planshet orqali fuqarolarning shaxsini aniqlashda foydalaniladigan “E-patrul” tizimi texnik topshirigʻi, dasturiy taʼminoti va mobil ilovasini ishlab chiqsin hamda texnik topshiriqni “Kiberxavfsizlik markazi” DUKda ekspertizadan oʻtkazish yuzasidan zarur choralarni koʻrsin;
texnik topshiriq asosida belgilangan tartibda ishlab chiqilgan axborot tizimini ishga tushirishdan avval tizimning texnik topshiriq hamda axborot va kiberxavfsizlik talablariga muvofiqligi yuzasidan ekspertizadan oʻtkazish, dasturiy taʼminot va mobil ilova joriy etilgunga qadar sertifikatlashtirishni taʼminlasin;
Keyingi tahrirga qarang.
b) ikki oy muddatda patrul-post xizmati saf boʻlinmalari xodimlari uchun “E-patrul” tizimi, planshet va “bodikamera”lardan foydalanish boʻyicha mavzuli oʻquv-seminarlarni tashkil etsin;
Keyingi tahrirga qarang.
v) “E-patrul” tizimi va texnikalari, “bodikamera”lar va planshetlar sozligi, elektron axborot tizimlari va dasturiy taʼminotning xavfsizligini hamda doimiy yangilanib borilishini taʼminlasin.
4. Belgilansinki, “E-patrul” tizimi faoliyatini raqamlashtirish uchun zarur kompyuter texnikalari va boshqa uskunalarni xarid qilish bilan bogʻliq xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi bilan birgalikda mazkur qarorning mazmun-mohiyati ommaviy axborot vositalarida muntazam va keng yoritilishini taʼminlasin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri P.R. Bobojonov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2022-yil 22-iyul,
399-son
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 22-iyuldagi 399-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Ichki ishlar organlari patrul-post xizmati saf boʻlinmalari xodimlari tomonidan jamoat joylarida fuqarolarni elektron identifikatsiya qilish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom ichki ishlar organlari patrul-post xizmati (keyingi oʻrinlarda — patrul-post xizmati) saf boʻlinmalari xodimlari tomonidan jamoat joylarida fuqarolarning shaxsini elektron texnik vositalar, shu jumladan planshet orqali aniqlash, shuningdek, patrul-post xizmati saf boʻlinmalari xodimlarining (keyingi oʻrinlarda — xodimlar) fuqarolar bilan oʻzaro muloqotini qayd etib borish tartibini belgilaydi.
2. Xodimlar tomonidan jamoat joylarida fuqarolar shaxsini elektron texnik vositalar, shu jumladan planshetlar orqali aniqlash Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksi va boshqa qonunlarga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmon va qarorlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari, shuningdek, ushbu Nizom hamda boshqa qonunchilik hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
3. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
“E-patrul” tizimi — tekshirilayotgan shaxsni planshet orqali barmoq izlarini planshetning maxsus skaneri yordamida, agar barmoq izlari bilan identifikatsiya qilish imkoni boʻlmasa, yuz tuzilishi (yuzning old tomoni)ni rasmga olish orqali real vaqt rejimida tekshirish, tegishli maʼlumotlarni shakllantirish, toʻplash, umumlashtirish, saqlash, shuningdek, vakolatli davlat organlari oʻrtasida idoralararo axborot almashishning markazlashtirilgan elektron tizimi;
bodikamera — jamoat joylarida atrofdagi vaziyatni, fuqarolarning harakatlari va ular tomonidan sodir etilishi mumkin boʻlgan huquqbuzarlik holatlarini xodimlar tomonidan xizmat vazifalarini bajarish vaqtidagi harakatlari (harakatsizligi)ni audio-, video yozuv shaklida qayd etuvchi uskuna;
planshet — maʼlumotlar bazasi axborot tizimiga integratsiya qilingan texnik vosita boʻlib, shaxsni biometrik identifikatsiyasi (barmoq izi yoki yuz tuzilishi)ni elektron ravishda olib, uning shaxsiga oid (sudlanganligi, qidiruvdaligi, profilaktik, probatsiya va maʼmuriy nazorat hisobida turishi va boshqa) tezkor maʼlumotlarini mobil holatda joyida tekshirish vositasi.
4. Bodikamera orqali yozib olingan audio-, video yozuvlardan profilaktik tadbirlarda jamoat joylarida shubhali harakatlar sodir etayotgan fuqarolarni tekshirish, sodir etilishi mumkin boʻlgan huquqbuzarliklarning oldini olish, ularni aniqlash hamda jamoat xavfsizligini taʼminlashda ashyoviy dalillarni toʻplash, shuningdek, masʼul rahbarlar tomonidan xodimlarning xizmat oʻtash jarayonini tekshirish hamda nazorat qilish maqsadida foydalaniladi.
5. “E-patrul” tizimi orqali fuqaroning shaxsga doir maʼlumotlari (familiyasi, ismi, otasining ismi, yashash manzili, tugilgan sanasi) hamda huquqbuzarlik yoki boshqa (sudlanganligi, qidiruvdaligi yoki profilaktik, probatsiya yoxud maʼmuriy nazorat hisobida turishi va boshqalar) maʼlumotlari joyida tekshirilib, tezkorlik taʼminlanadi, ortiqcha ovoragarchilikka yoʻl qoʻyilmaydi.
Bunda fuqarolarning shaxsini barmoq izlari yoki yuz tuzilishi orqali identifikatsiya qilishda Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining server qurilmalaridan foydalaniladi.
6. “E-patrul” tizimining hududlarda ishga tushirilishi, uning sifatli faoliyat koʻrsatishi uchun aloqa kanallari uzluksiz ishlashini taʼminlashga Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi masʼul hisoblanadi.
Xodimlar tomonidan fuqaroning shaxsini aniqlashga doir maʼlumotlar elektron tizim orqali roʻyxatdan oʻtkazilgan vaqtning oʻzida “E-patrul” tizimiga avtomatik ravishda bu haqda xabar yuboriladi.
7. “Shaxsga doir maʼlumotlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq, xodimga biriktirilgan planshet orqali maʼlum boʻlgan shaxsga doir maʼlumotlar oshkor etilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
8. Xodimlar quyidagi hollarda fuqarolarni toʻxtatishi va shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar yoki “E-patrul” tizimi orqali ularning shaxsini aniqlashi mumkin:
shaxs jinoyat yoki maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etgan yoxud qidiruvda deb gumon qilish uchun asoslar mavjud boʻlganda;
shaxsni sodir etilgan jinoyat yoki maʼmuriy huquqbuzarlik haqida maʼlumotga ega deb hisoblash mumkin boʻlganda;
qonunchilikka muvofiq shaxsni ushlab turish uchun boshqa qonuniy asoslar mavjud boʻlganda.
Xodim shaxsni toʻxtatib, undan shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etishni va “E-patrul” tizimi orqali uning shaxsini aniqlashni talab qilganda shaxsga uni toʻxtatganlik hamda undan shaxsini aniqlash talab etilayotganligi sabablari va asoslarini tushuntirib berishi shart, bundan xizmat doirasidagi maʼlumotlar mustasno.
9. Yonida shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari boʻlmagan fuqaro quyidagi hollarda shaxsiga aniqlik kiritish uchun ichki ishlar organlariga olib boriladi:
uning shaxsini planshet orqali aniqlash imkoni boʻlmagan hollarda;
qidiruvda boʻlgan yoki bedarak yoʻqolgan shaxslar aniqlangan hollarda;
shaxsiga aniqlik kiritish jarayonida qarshilik koʻrsatgan hollarda;
jamoat joylarida huquqbuzarlik sodir etish vaqtida ushlangan hollarda (joyida maʼmuriy bayonnoma tuziladigan hollar bundan mustasno).
Oldingi tahrirga qarang.
Shaxsni ushlash chogʻida unga tushunarli tilda oʻz huquqlari va ushlab turilishi asoslari tushuntirilishi shart.
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 3-oktabrdagi 524-sonli qaroriga asosan xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.10.2023-y., 09/23/524/0750-son)
10. “E-patrul” tizimi himoyalangan tarmogʻida ishlaydi va maʼlumotlar arxivi (ish hujjatlarining elektron shakli) Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi server qurilmalarida saqlanadi.
11. “E-patrul” tizimining texnik va dasturiy taʼminoti, shu jumladan “bodikamera” va planshetlar sozligi, elektron axborot tizimi va dasturiy taʼminot axborot xavfsizligini taʼminlash va yangilab borish Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.
2-bob. “E-patrul” tizimidan foydalanish tartibi
12. Xodimlar tomonidan “E-patrul” tizimi orqali fuqarolarning shaxsini aniqlash quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
fuqaro suhbatlashishdan oldin xodim oʻzini tanishtiradi va xizmat guvohnomasini koʻrsatish talab etilgan hollarda xodim tomonidan xizmat guvohnomasi fuqaroga toʻliq tanishib boʻlgunga qadar koʻrsatiladi (biroq guvohnomani fuqaroga berish taqiqlanadi);
fuqaroning shaxsiga aniqlik kiritishda, muomala madaniyatiga rioya qilgan holda “E-patrul” tizimi orqali identifikatsiyalash uchun planshet yordamida shaxsning barmoq izlari planshetning maxsus skaneri yordamida, agar barmoq izi bilan identifikatsiya qilish imkoni boʻlmasa, uning yuz tuzilishi (yuzning old tomoni) rasmga olish orqali tekshiriladi;
muloqotga kirishayotganda xodim hushyorlikni yoʻqotmasdan, oʻzini ogʻir, vazmin tutib, har qanday kutilmagan harakatga tayyor turishi lozim;
suhbat jarayonida xodim shaxsga nisbatan hurmatsizlik deb qabul qilinishi mumkin boʻlgan nojoʻya xatti-harakatlarni sodir etishi shu jumladan uyali aloqa vositasi orqali suhbatlashishi mumkin emas;
taqdim etilgan hujjatlarni ehtiyotkorlik bilan koʻzdan kechiradi, hujjatlarni tekshirayotganda uning ichida ishga taalluqligi boʻlmagan buyumlar boʻlsa, ularni egasiga qaytaradi (muomalada boʻlishi taqiqlangan yoki cheklangan narsalar bundan mustasno).
13. Xodimlarga biriktirilgan planshetlar doimiy ravishda soz, batareya quvvati toʻldirilgan va dasturiy-texnik taʼminoti ishchi holatda boʻlishi lozim.
14. Xodimlarga planshetlar “E-patrul” tizimiga kirish uchun moʻljallangan login va parol bilan birgalikda biriktirib beriladi.
15. Xodimlar xizmat vazifalaridan boʻshatilganda planshet tegishli moddiy-texnik taʼminot uchun masʼul xodimga topshiriladi.
16. Xodim oʻziga biriktirilgan planshetni ish vaqti tugaganidan soʻng (yoxud boshqa sabablarga koʻra planshetdan foydalanish zarurati mavjud boʻlmagan hollarda) ichki ishlar organi rahbari belgilagan joy (masʼul xodim)ga topshiradi hamda ushbu joy (masʼul xodim)dan qabul qilib oladi.
3-bob. Xodimlarning harakatlarini qayd etuvchi texnik vositalardan foydalanish tartibi
17. Bodikamera xodim koʻkrak sohasining yelka qismiga yaqin joyga taqiladi, shuningdek, maxsus jilet va plashga, xizmat vazifasini bajarayotgan va profilaktik tadbir oʻtkazayotgan xodim harakatlariga xalaqit bermaydigan qilib joylashtiriladi, shuningdek, davlat tilida: “Diqqat! Audio va video yozib olinmoqda”, rus tilida: “Vnimaniye! Vedetsya audio i videozapis”, ingliz tilida: “Attention! Audio and video recording in progress” yozuvlari aks ettiriladi.
18. Bodikamerani yoqish xodim xizmat vazifalarini bajarishga kirishgan vaqtdan amalga oshiriladi va xizmat vaqti tugagunga qadar bodikamera ishchi rejimda boʻladi.
19. Bodikamerani ruxsatsiz yechib tashlash, oʻchirish va audio-, video yozuvga toʻsqinlik qilish mumkin emas.
20. Dam olish, ovqatlanish vaqtida faqat navbatchilik qismi yoki bevosita boshligʻi (komandir)ning ruxsati bilan audio-, video yozuv olib borilishini vaqtinchalik toʻxtatadi va bu haqda “bodikamera”larni berish hamda qabul qilishni qayd etish avtomatlashtirilgan dasturiy taʼminotiga tegishli yozuvlar kiritadi.
21. Bodikamerada nosozliklar yoki akkumulyator quvvati tugaganda xodim darhol navbatchilik qismi yoki bevosita boshligʻi (komandir)ga xabar beradi va bu haqida dasturiy taʼminotiga tegishli yozuvlar kiritadi.
Bunda, navbatchilik qismi yoki bevosita boshliq (komandir) ushbu holatni tekshirish hamda imkon darajasida nosozliklarni bartaraf etish uchun javobgar shaxs — administratorni yuboradi.
22. Xizmat vazifasini bajarish vaqtida fuqarolar bilan nizoli yoki munozarali vaziyatlar yuzaga kelganda, jinoyat yoki maʼmuriy huquqbuzarliklar hamda sudlangan va nazorat ostidagi shaxslar tomonidan qoidabuzarliklar sodir etilgan holatlar toʻgʻrisida navbatchilik qismiga yoki bevosita boshligʻi (komandir)ga oʻrnatilgan tartibda voqea haqida bildirgi bilan axborot beradi va navbatchilik qismida monitoring guruhi tomonidan dasturiy taʼminotga tegishli yozuvlar kiritiladi.
Bildirgi yoki videoyozuvlar asosida qayd etilgan maʼlumotlar boʻyicha masʼul xodimlar tomonidan qonuniy qaror qabul qilish maqsadida, oʻrganib chiqish uchun ular “E-patrul” tizimining umumiy saqlash xotirasidan, huquqbuzarliklarning turlariga koʻra, “E-patrul” tizimining differensial zaxira xotirasiga koʻchiriladi.
4-bob. Bodikameralar orqali qayd etilgan maʼlumotlarni hisobga olish va saqlash tartibi
23. Bodikamerani berish va topshirishni qayd etish avtomatlashtirilgan dasturiy taʼminot orqali amalga oshiriladi.
Avtomatlashtirilgan ish joylari va undagi dasturiy taʼminotda ishlash tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan belgilanadi.
24. Bodikamera bilan olingan audio-, video yozuvlar maxsus va yordamchi qurilmalar orqali avtomatik tartibda koʻchirib olinadi.
25. Maʼlumotlarni saqlash serveriga koʻchirib olish jarayoni bodikamera akkumulyatori quvvatlanish vaqtida avtomatik tartibda amalga oshiriladi.
26. Olingan audio-, video yozuvlar quyidagi muddatlarda saqlanadi:
jinoyatlar boʻyicha — 5 yil;
maʼmuriy huquqbuzarliklar va nazorat tekshiruv tadbirlari boʻyicha — 1 yil;
jinoyat va huquqbuzarliklar alomatlarini oʻz ichiga olmagan boshqa holatlar boʻyicha — 1 oy.
5-bob. “E-patrul” tizimidan foydalanishda xodimning majburiyatlari
27. Xodim tomonidan fuqaroning shaxsiga aniqlik kiritish toʻgʻrisidagi qonuniy talablarini barcha davlat organlari, boshqa tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan bajarilishi “Ichki ishlar organlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga asosan amalga oshiriladi.
28. Fuqarolarning shaxsiga doir maʼlumotlar (familiyasi, ismi, otasining ismi va tugilgan sanasi)ni planshet orqali “E-patrul” tizimiga toʻgʻri kiritilishiga xodim (patrul-post xizmati xodimi) masʼul hisoblanadi.
29. Xodim “E-patrul” tizimidagi shaxsga doir maʼlumotlarni uchinchi shaxslarga oshkor etilmasligi hamda ushbu maʼlumotlardan gʻarazli maqsadlarda foydalanilmaslik uchun javobgardir.
30. Xodim planshet yoki bodikameradan ehtiyotkorona foydalanishi kerak, shuningdek, uni oʻzga shaxslarga berishi mumkin emas.
31. Planshet yoki bodikamera xodimning masʼuliyatsizligi oqibatida yoʻqolgan, uchinchi shaxslarga berilgan, qasddan nobud qilingan, unga oʻrnatilgan dastur va ilovalar qasddan yaroqsiz holga keltirilgan taqdirda, yetkazilgan zarar biriktirilgan xodim hisobidan toʻliq qoplanadi.
Bunda, xodim noqonuniy xatti-harakatlarini yashirish yoki boshqa maqsadlarda qasddan qilgan harakatlari oqibatida ushbu vositalarga shikast yetkazsa, qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka sabab boʻladi.
32. Bodikamera nosozligi yoki quvvati tugaganligi xodimga maʼlum boʻlgan, xodim ushbu kamchilikni darhol bartaraf etish imkoniyatiga ega boʻlmagan holatlarda, oʻzining yoki birga xizmat oʻtayotgan hamkasbining uyali aloqa vositasidan, bodikameradan hamda boshqa videoyozuv uskunalaridan foydalangan holda nizoli holatni aks ettirishning choralarini koʻrishi lozim.
6-bob. Yakunlovchi qoida
33. Planshet va bodikameradan foydalanish borasida ushbu Nizomda nazarda tutilmagan masalalar qonunchilik hujjatlariga va Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining tegishli hujjatlariga muvofiq tartibga solinadi.
Keyingi tahrirga qarang.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.07.2022-y., 09/22/399/0658-son; 04.10.2023-y., 09/23/524/0750-son; 02.12.2025-y., 09/25/754/1119-son)