Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
TOSHKENT SHAHRIDA SUV ARALASHTIRGICHLAR VA JOʻMRAKLAR ISHLAB CHIQARUVCHI QOʻSHMA KORXONA TASHKIL ETISH TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Ichki bozorni yuqori sifatli mahsulotlar bilan toʻldirish va importning oʻrnini bosuvchi ishlab chiqarishni tashkil etish, shuningdek, respublikaning eksport imkoniyatini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Toshkent shahar hokimligining “Galfitek Gmbx” (Germaniya), “Smatana”, “Torus-marketing” va “Ekosan” (Slovakiya) kompaniyalari ishtirokida suv aralashtirgichlar va joʻmraklar, shuningdek, ularga ehtiyot qismlar ishlab chiqaruvchi yopiq turdagi aksiyadorlik jamiyati shaklidagi “Oʻzsmatana” qoʻshma korxonasi tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi qoʻllab-quvvatlansin.
2. “Oʻzsmatana” qoʻshma korxonasi muassislarining ulushlarini taqsimlashning taqdim etilgan quyidagi sxemasiga rozilik berilsin:
Oʻzbekiston tomonidan — Toshkent shahar hokimligi investitsiyalar bosh boshqarmasining 147,0 ming AQSH dollari miqdoridagi pul mablagʻlari (49%);
Germaniya tomonidan — “Galfitek Gmbx” firmasining 63,0 ming AQSH dollari miqdoridagi pul mablagʻlari (21%);
Slovakiya tomonidan — “Smatana” (10%), “Torus-marketing” (10%) va “Ekosan” (10%) kompaniyalarining umumiy summasi 90,0 ming AQSH dollari miqdoridagi pul mablagʻlari.
3. Quyidagilar maʼlumot uchun qabul qilinsin:
loyihaning belgilangan qiymati 20,0 mln AQSH dollarini tashkil etadi;
loyiha qiymatining 15 foizi (3,0 mln AQSH dollari) miqdoridagi avans toʻlovi xorijiy muassislarning mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi;
loyiha qiymatining 85 foizi (17,0 mln AQSH dollari) “Germes” eksport-kredit agentligining sugʻurta qoplamasi ostida “Berliner Bank AG” bankining kredit liniyasini qayta moliyalashtirish doirasidagi Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankining krediti qoplanadi;
Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankining kreditini toʻlash va unga xizmat koʻrsatishga oid xarajatlar ilovaga* muvofiq “Oʻzsmatana” qoʻshma korxonasining oʻz mablagʻlari va uning faoliyatidan tushgan daromadlar hisobiga amalga oshiriladi;
* Ilova berilmaydi.
qoʻshma korxonaning xorijiy muassislari ishlab chiqarilgan mahsulotning 40—50 foizini eksportga sotish majburiyatini oʻz ustilariga oladilar.
4. Toshkent shahar hokimligi bir oy muddatda suv aralashtirgichlar va joʻmraklar ishlab chiqaruvchi loyihani texnik-iqtisodiy asoslash ishlab chiqilishini taʼminlasin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi, Moliya vazirligi va Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki bir oy muddatda loyihani texnik-iqtisodiy asoslashni belgilangan tartibda kompleks ekspertizadan oʻtkazsinlar.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki loyiha ekspertizasi natijalari boʻyicha u tamomlangan sanadan boshlab bir oy muddatda “Berliner Bank AG” banki bilan kredit bitimi tuzilishini va mablagʻlarning “Oʻzsmatana” qoʻshma korxonasiga qayta moliyalanishini taʼminlasin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vaziri J.B. Sayfiddinov Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankining “Berliner Bank AG” banki oldidagi va “Oʻzsmatana” qoʻshma korxonasining Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki oldidagi toʻlov majburiyatlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan kafolatlarni imzolashga vakil qilinsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi xorijiy bank uchun maqbul boʻlgan shaklda Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining kafolatlari boʻyicha tegishli yuridik xulosani belgilangan tartibda bersin.
9. “Oʻzqishloqxoʻjaliktaʼminottuzatish” davlat-kooperativ qoʻmitasining “Maxsustuzatishsozlash” RIB Toshkent shahar, J. Ostonov koʻchasidagi qurilishi tugallanmagan ishlab chiqarish bazasi binolarini Toshkent shahar hokimligiga bersin, Toshkent shahar hokimligi esa ularni oʻz balansiga olsin va belgilangan tartibda oʻzaro hisob-kitob qilsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi:
suv aralashtirgichlar va joʻmraklar ishlab chiqarish loyihasini Oʻzbekiston Respublikasining Investitsiya dasturiga kiritsin;
ishlab chiqarishning texnologiya ehtiyojlari uchun har yili 500 tonna hajmdagi mis va 250 tonna rux uchun limitlar ajratilishini taʼminlasin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi Toshkent shahar hokimligi Investitsiyalar bosh boshqarmasining buyurtmanomasiga koʻra loyihani amalga oshirishga jalb qilinadigan qoʻshma korxona muassislari xorijiy xodimlari ishlab chiqarish faoliyatini amalga oshirishlari uchun zarur boʻlgan ruxsatnomalarning oʻz vaqtida berilishini taʼminlasin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi Toshkent shahar hokimligi Investitsiyalar bosh boshqarmasining buyurtmanomasiga koʻra qoʻshma korxonaning xorijiy mutaxassislariga, shuningdek, jalb qilinadigan xorijiy sheriklarga, ularni vizalarni rasmiylashtirganlik uchun yigʻimlar toʻlashdan ozod qilgan holda, koʻp martalik vizalar berilishini taʼminlasinlar.
13. Qoʻshma korxona masalalari boʻyicha ishga keluvchi xorijiy mutaxassislarga respublika hududida yashash va transportning barcha turlarida yurish uchun Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari uchun nazarda tutilgan tariflar boʻyicha haq toʻlash huquqi berilsin.
14. Toshkent shahar hokimligi yiliga 750 ming dona suv aralashtirgichlar va joʻmraklar ishlab chiqarish quvvatiga ega boʻlgan qoʻshma korxona 1998-yilning IV choragida ishga tushirilishini taʼminlasin.
15. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari I.H. Joʻrabekov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1997-yil 15-avgust,
402-son