Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Rossiya Federatsiyasi Hukumati oʻrtasida
Yadroviy avariya haqida tezkor xabar berish hamda yadroviy va radiatsiyaviy xavfsizlik sohasida axborot almashish toʻgʻrisida
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Rossiya Federatsiyasi Hukumati, keyingi oʻrinlarda “Tomonlar” deb ataluvchilar,
2017-yil 29-dekabrdagi Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Rossiya Federatsiyasi Hukumati oʻrtasida atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish sohasida hamkorlik toʻgʻrisida Bitim va 2018-yil 7-sentabrdagi Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Rossiya Federatsiyasi Hukumati oʻrtasida Oʻzbekiston Respublikasi hududida atom elektr stansiyasini qurishda hamkorlik toʻgʻrisida Bitimga tayanib,
Oʻzbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi Atom energiyasi boʻyicha xalqaro agentlikning hamda 1979-yil 26-oktabrdagi Yadroviy materialni va yadroviy qurilmalarni jisman himoya qilish toʻgʻrisida Konvensiya aʼzosi ekanligini inobatga olib,
2018-yil 2-noyabrdagi Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi Ishtirokchi-davlatlarining yadroviy avariyalarga yoki radiatsiyaviy avariyalar bilan bogʻliq vaziyatlarga tayyorlikni va ularning oqibatlarini bartaraf etishda oʻzaro yordam koʻrsatishni taʼminlash boʻyicha hamkorlik qilish toʻgʻrisida Bitimni hisobga olgan holda,
Oʻzbekiston Respublikasining 1986-yil 26-sentabrdagi Yadroviy avariya haqida tezkor xabar berish toʻgʻrisida Konvensiyaning ishtirokchisi boʻlish niyatini inobatga olib,
har bir inson va butun jamiyat manfaati uchun atom energiyasidan foydalanishdagi xavfsizlik maqsadlarining ustuvorligini eʼtirof etib,
yadroviy va radiatsiyaviy xavfsizlik sohasida xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlashga intilib,
Tomonlar davlatlari xalqlari manfaati uchun yadroviy va radiatsiyaviy xavfsizlik sohasidagi sheriklik aloqalarini rivojlantirish va chuqurlashtirishga boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasining intilishiga asoslanib,
Tomonlar davlatlari hududlaridagi yadroviy avariyalar va hodisalar toʻgʻrisida zaruriy axborot almashinuvi va tezkor xabar berish tajribasi prinsiplarini oʻrnatish maqsadida,
radioaktiv moddalarni ehtimoliy transchegaraviy tarqalishi mumkinligini hisobga olgan holda,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
1. Mazkur Bitim ushbu moddaning 2-bandida koʻrsatilgan Tomonlardan birining davlati qurilmalari yoki faoliyati natijasida sodir boʻladigan yoki sodir boʻlishi mumkin boʻlgan radioaktiv moddalarning tarqalishi va boshqa Tomon davlatining radiatsiyaviy xavfsizligi nuqtai nazaridan ahamiyat kasb etishi mumkin boʻlgan xalqaro transchegaraviy tarqalishga olib kelgan yoki olib keladigan har qanday avariya holati yuz bergan taqdirda Tomonlar oʻrtasida axborot almashinuvi, shuningdek yadroviy va radiatsiyaviy xavfsizlik holati toʻgʻrisida hamkorlikning shartlarini belgilaydi.
2. Mazkur moddaning 1-bandida koʻrsatilgan qurilmalar va faoliyat turlari quyidagilar hisoblanadi:
a) yadro reaktori;
b) yadro yoqilgʻisi davri (sikli) qurilmasi;
v) radioaktiv chiqindilarni boshqarish qurilmasi;
g) yadro yoqilgʻisi yoki radioaktiv chiqindilarni tashish va saqlash;
d) qishloq xoʻjaligi, sanoat va tibbiy maqsadlarda hamda ushbu sohalarda ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish uchun radioizotoplarni ishlab chiqarish, foydalanish, saqlash, yoʻq qilish va tashish;
e) kosmik obyektlarda energiya ishlab chiqarish uchun radioizotoplardan foydalanish.
2-modda
Tomonlardan birining davlati hududidagi qurilmada yoki atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish faoliyatini amalga oshirish jarayonida boshqa Tomonning davlati hududiga radioaktiv moddalarning transchegaraviy ravishda tarqalishiga olib kelgan yoki olib kelishi mumkin boʻlgan yadroviy avariya sodir boʻlgan taqdirda, oʻz davlati hududida bunday yadroviy avariya sodir boʻlgan Tomon bu toʻgʻrisida boshqa Tomonni zudlik bilan xabardor qiladi va unga radiatsiyaviy oqibatlarni minimallashtirish maqsadida ushbu yadroviy avariya boʻyicha mavjud boʻlgan axborotni zarur hajmda, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasi ishtirokchi boʻlishni niyat qilgan 1986-yil 26-sentabrdagi Yadroviy avariya haqida tezkor xabar berish toʻgʻrisidagi Konvensiya qoidalarini inobatga olgan holda taqdim etadi.
3-modda
Mazkur Bitimni bajarish uchun masʼul boʻlgan Tomonlarning vakolatli organlari quyidagilar hisoblanadi:
Oʻzbekiston tomonidan — Oʻzbekiston Respublikasi Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi (energetik va tadqiqot yadro reaktorlarining radiatsiyaviy va yadroviy xavfsizlik holati boʻyicha axborot almashish qismida); Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi (yadroviy avariya toʻgʻrisida tezkor xabar berish qismida);
Rossiya tomonidan — “Rosatom” atom energiyasi boʻyicha Davlat korporatsiyasi.
Vakolatli organlar, ularning nomlari yoki funksiyalari oʻzgargan taqdirda, Tomonlar bunday oʻzgarish toʻgʻrisida bir-birlarini diplomatik kanallar orqali yozma ravishda xabardor qiladilar.
4-modda
1. Tomonlarning vakolatli organlari, basharti Tomonlarning oʻzgacha kelishuvlari yoki zaruriyat boʻlmagan hollarda, amaliy chora-tadbirlarda belgilangan qurilmalar hamda faoliyat turlarining yadroviy va radiatsiyaviy xavfsizligi holati boʻyicha har yili oʻzaro axborot almashadilar.
2. Mazkur Bitim kuchga kirgandan soʻng, Tomonlarning vakolatli organlari mazkur Bitimning 2, 4 va 5-moddalarida nazarda tutilgan majburiyatlarning bajarilishi boʻyicha amaliy chora-tadbirlarni, shu jumladan:
Tomonlarning davlatlari hududlaridagi muayyan qurilmalarning roʻyxati, axborot hajmi, shakllari va uzatish tartib-tamoyillari, shuningdek aloqa kanallarini tekshirish reglamenti;
Tomonlarning mazkur Bitim qoidalarida mavjud majburiyatlarini bajarish uchun aloqa punktlarining rekvizitlari roʻyxatini birgalikda ishlab chiqadilar va tasdiqlaydilar.
3. Tomonlarning vakolatli organlari vakillari zaruratga qarab, biroq bir yilda kamida bir marta, mazkur Bitim doirasidagi hamkorlik masalalarini muhokama qilish uchun yigʻilishlar oʻtkazadilar.
5-modda
1. Mazkur Bitim doirasida axborot almashinuvi begʻaraz asosda amalga oshiriladi.
2. Mazkur moddaga muvofiq bir Tomondan axborot olgan boshqa Tomon qoʻshimcha tushuntirishlarni soʻrashga haqlidir.
3. Basharti mazkur Bitim doirasida Oʻzbekiston Respublikasi davlat sirlari va (yoki) Rossiya Federatsiyasining davlat sirlarini tashkil etuvchi maʼlumotlarni yetkazish zarurati vujudga kelsa, ularni yetkazish 2003-yil 31-oktabrda imzolangan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Rossiya Federatsiyasi Hukumati oʻrtasida maxfiy axborotni oʻzaro himoya qilish toʻgʻrisidagi Bitim qoidalariga muvofiq amalga oshiriladi.
4. Mazkur Bitim bilan qamrab olinmagan masalalar boʻyicha, shu jumladan, taqdim etuvchi Tomon maxfiylikni saqlashga rioya etish, intellektual faoliyat natijalarini himoya qilishni taʼminlash, mazkur Bitimni amalga oshirish va eksport nazorati uchun zarur boʻlgan birgalikda olingan intellektual mulk va muqaddam yuzaga kelgan intellektual mulkni himoya qilish zaruriyatini taʼkidlagan axborotga nisbatan muhofaza qilish masalalari yuzasidan 2017-yil 29-dekabrda imzolangan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Rossiya Federatsiyasi Hukumati oʻrtasida atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish sohasida hamkorlik toʻgʻrisidagi Bitimning tegishli qoidalari qoʻllaniladi.
6-modda
Tomonlarning oʻzaro kelishuviga koʻra mazkur Bitimga alohida bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladigan va mazkur Bitimning ajralmas qismi hisoblanadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
7-modda
Mazkur Bitimning qoʻllanilishi va (yoki) talqin qilinishi bilan bogʻliq Tomonlar oʻrtasidagi har qanday kelishmovchiliklar, basharti Tomonlar oʻzgacha kelishib olmagan boʻlsalar, Tomonlarning vakolatli organlari oʻrtasida maslahatlashuv va muzokaralar orqali hal etiladi.
8-modda
Mazkur Bitimning amalga oshirilishi bilan bogʻliq har qanday axborot almashinuvi uchun rus tili qoʻllaniladi.
9-modda
1. Mazkur Bitim diplomatik kanallar orqali uning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan davlat ichki protseduralarining Tomonlar tarafidan bajarilganligi toʻgʻrisida soʻnggi yozma xabarnoma olingan sanadan boshlab 30 kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
2. Mazkur Bitim muddatsiz hisoblanadi.
3. Tomonlarning har biri boshqa Tomonga diplomatik kanallar orqali mazkur Bitimning amal qilishini tugatish niyati toʻgʻrisida yozma xabarnoma yuborish orqali uning amal qilishini tugatishi mumkin. Mazkur Bitimning amal qilishi Tomonlardan biri bunday yozma xabarnomani olgandan boshlab olti oydan soʻng tugatiladi.
4. Basharti Tomonlar boshqacha kelishib olmagan boʻlsalar, mazkur Bitim amal qilishining tugatilishi uning amal qilish muddati tugagunga qadar vujudga kelgan Tomonlarning huquq va majburiyatlariga taʼsir qilmaydi.
Toshkent shahrida 2021-yil 18-noyabrda va Moskva shahrida 2021-yil 19-noyabrda ikki nusxada, har biri oʻzbek va rus tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
(imzolar)