Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston xalq shoiri Toʻra Sulaymon uy-muzeyini tashkil etish toʻgʻrisida
Oʻzining yuksak badiiy asarlari bilan oʻzbek adabiyotida oʻziga xos ijodiy maktab yaratgan otashin ijodkor, Oʻzbekiston xalq shoiri Toʻra Sulaymonning ona Vatanga cheksiz muhabbat va sadoqat, milliy qadriyatlarimizdan faxrlanish va iftixor tuygʻulari singdirilgan asarlarining xalqimiz maʼnaviyatini yuksaltirish va yosh avlod tarbiyasidagi oʻrni va ahamiyatini hisobga olib, shuningdek, adibning boy ijodiy merosini chuqur oʻrganish, targʻib qilish hamda uning nomini abadiylashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Turizm va madaniy meros vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Sirdaryo viloyati hokimligi hamda keng jamoatchilikning Oʻzbekiston xalq shoiri Toʻra Sulaymon yashab ijod qilgan Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumani Turgʻun Ahmedov nomidagi mahalla fuqarolar yigini Baxmal koʻchasi 7-uy manzilida Turizm va madaniy meros vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligining yuridik shaxs boʻlgan Toʻra Sulaymon uy-muzeyini (keyingi oʻrinlarda — uy-muzey) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼkullansin.
2. Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumani Turgʻun Ahmedov nomidagi mahalla fuqarolar yigini Baxmal koʻchasi 7-uy manzilida Oʻzbekiston xalq shoiri Toʻra Sulaymonning mulk huquqi asosida istiqomat qiluvchi qarindoshlari bilan ushbu manzildagi binoni uy-muzeyga aylantirish boʻyicha oʻzaro kelishuv asosida rozilik olinganligi va shu asosda ularni belgilangan tartibda uy-joy bilan taʼminlash nazarda tutilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
3. Sirdaryo viloyati hokimligi ikki oy muddatda loyiha tashkilotlari bilan birgalikda uy-muzeyni tashkil etish loyihalarini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin.
Bunda, uy-muzey hovlisida shoirning haykalini oʻrnatish, uy-muzey binosini rekonstruksiya qilish, qoʻshimcha binolar qurish va atrofini obodonlashtirish, 2022-yil oxiriga qadar uy-muzeyni foydalanishga topshirish bilan bogʻliq chora-tadbirlar nazarda tutiladi.
4. Quyidagilar:
Sirdaryo viloyati hokimligi huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi — uy-muzey binosini rekonstruksiya qilish, qoʻshimcha binolar qurish va atrofini obodonlashtirish hamda uy-muzey ekspozitsiyasini yaratish boʻyicha;
Sirdaryo viloyati hokimligi — Toʻra Sulaymon haykalini yaratish boʻyicha buyurtmachi etib belgilansin.
5. Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi bir oy muddatda Toʻra Sulaymon haykalini yaratish boʻyicha ijodiy tanlov eʼlon qilsin va uni belgilangan tartibda oʻtkazsin.
6. Belgilab qoʻyilsinki:
a) uy-muzey binosini rekonstruksiya qilish, qoʻshimcha binolar qurish va atrofini obodonlashtirish, shoir haykalining postamentini barpo etish, haykalni oʻrnatish boʻyicha loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish va ekspertizadan oʻtkazish ishlarini moliyalashtirish:
Sirdaryo viloyati mahalliy budjeti mablagʻlari;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga;
b) uy-muzeyni saqlash, shu jumladan, xodimlar mehnatiga haq toʻlash bilan bogʻliq xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarida ijtimoiy sohaga nazarda tutilgan mablagʻlar hisobiga amalga oshiriladi.
7. Qurilish vazirligi haykalning postamentini barpo etsin va mazkur qaror doirasida haykalni oʻrnatishda bajariladigan ishlarning sifati yuzasidan davlat arxitektura-qurilish nazoratini oʻrnatsin.
8. Sirdaryo viloyati hokimligi:
a) Turizm va madaniy meros vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligi, manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda:
ikki oy muddatda uy-muzeyning konsepsiyasini ishlab chiqish va tasdiqlash;
uy-muzey xodimlari shtatlar jadvalini belgilangan tartibda ishlab chiqish va tasdiqlash hamda uy-muzeyni malakali kadrlar bilan toʻldirish;
uy-muzeyni zamonaviy interfaol axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan taʼminlash;
b) Jizzax viloyati hokimligi va Yozuvchilar uyushmasi bilan birgalikda uy-muzey ekspozitsiyasini muzey ashyolari bilan toʻldirish choralarini koʻrsin.
9. Quyidagilarga:
a) Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasiga Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Madaniyat vazirligi, Kinematografiya agentligi, Turizm va madaniy meros vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligi, Sirdaryo viloyati hokimligi hamda boshqa manfaatdor tashkilotlar bilan birgalikda shoir hayoti va ijodiga bagʻishlangan:
uy-muzeyda davra suhbatlari, ijodiy uchrashuvlar, madaniy-maʼrifiy tadbirlarni muntazam ravishda tashkil etib borish;
hujjatli film suratga olish, musiqa asarlari va qoʻshiqlar, Internet va ijtimoiy tarmoqlar uchun moʻljallangan audiovizual asarlar yaratish ishlarini tashkil qilish;
b) Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va boshqa ommaviy axborot vositalariga uy-muzey faoliyatini, shu jumladan uy-muzeyda oʻtkaziladigan tadbirlarni keng yoritib borish tavsiya etilsin.
10. Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 11-dekabrdagi 975-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti hisobidan moliyalashtiriladigan muzeylari, ularning filial va boʻlimlari roʻyxatiga ilovaga muvofiq qoʻshimcha kiritilsin.
11. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri oʻrinbosari — turizm va madaniy meros vaziri A.A. Abduhakimov hamda Sirdaryo viloyati hokimi Gʻ.Gʻ. Mirzayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2022-yil 9-iyun,
321-son
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 9-maydagi 321-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 11-dekabrdagi 975-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti hisobidan moliyalashtiriladigan muzeylari, ularning filial va boʻlimlari roʻyxatiga kiritilayotgan qoʻshimcha
Quyidagi mazmundagi 131-pozitsiya bilan toʻldirilsin:
|
|
Toʻra Sulaymon uy-muzeyi |
Mirzaobod tumani |
|
”. |
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.06.2022-y., 09/22/321/0503-son)