O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING ISh TARTIBI TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 2-fevraldagi 47-sonli qaroriga “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Ish tartibi to‘g‘risida”gi asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining ilova qilinayotgan Ish tartibi tasdiqlansin.
2. Quyidagilar o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin:
Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Ish tartibi to‘g‘risida” 1993-yil 27-noyabrdagi 575-son qarori (O‘zbekiston Respublikasi QT, 1993-yil, 11-son, 40-modda);
Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 7-avgustdagi 392-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlariga kiritiladigan o‘zgartirishlar va qo‘shimchalarning 3-bandi (O‘zbekiston Respublikasi QT, 1997-yil 8-son, 27-modda).
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1997-yil 10-dekabr,
546-son
Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 10-dekabrdagi 546-son qarori bilan
TASDIQLANGAN
TASDIQLANGAN
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
ISh TARTIBI
I. Umumiy qoidalar
1. “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq ushbu Ish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Hukumati faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Vazirlar Mahkamasi iqtisodiyot, ijtimoiy va ma’naviy soha samarali faoliyat ko‘rsatishiga rahbarlik qilishni, qonunlar, Oliy Majlisning boshqa qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari ijrosini ta’minlaydi.
3. Vazirlar Mahkamasiga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirish Vazirlar Mahkamasi Raisining, Bosh vazirning, uning o‘rinbosarlarining — komplekslar rahbarlarining, vazirlarning, davlat qo‘mitalari raislarining, idoralar, korporatsiyalar, konsernlar, uyushmalar, Vazirlar Mahkamasining tarkibiga kiruvchi davlat va xo‘jalik boshqaruvining boshqa organlari rahbarlarining faoliyati, shuningdek Vazirlar Mahkamasi apparatining, doimiy, vaqtinchalik komissiyalarining, tegishli qarorlar bilan tashkil etilgan boshqa ishchi organlarining tashkiliy-amaliy ishi bilan ta’minlanadi.
4. Vazirlar Mahkamasi faoliyatiga rahbarlikni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti — Vazirlar Mahkamasining Raisi amalga oshiradi. Vazirlar Mahkamasi Raisining topshirig‘iga binoan Bosh vazir Vazirlar Mahkamasi ishini tashkil qiladi.
5. Vazirlar Mahkamasi apparati, va uning tarkibiy bo‘linmalarining ish tartibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan tegishli nizomlar bilan belgilanadi.
II. Vazirlar Mahkamasi ishini rejalashtirish
1. Vazirlar Mahkamasining ishi yil choragi yoki yarim yillik rejalariga muvofiq olib boriladi.
Muhim davlat, xo‘jalik va ijtimoiy-madaniy muammolarni hal etish uchun Vazirlar Mahkamasining kompleks yoki maqsadli tadbirlari ishlab chiqiladi, ular Bosh vazirning o‘rinbosarlari — kompleks rahbarlari tomonidan Vazirlar Mahkamasiga ko‘rib chiqish uchun kiritiladi.
2. Ish rejasi loyihasiga masalalarni kiritish to‘g‘risidagi takliflarni, Vazirlar Mahkamasi Rayosati a’zolari vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralar, korporatsiyalar, konsernlar, uyushmalar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent, shahar hokimliklarining takliflarini hisobga olgan holda kiritadilar.
Umumlashtirilgan takliflar rejalashtiriladigan davr boshlangungacha 20 kundan kechikmay Rayosatga ko‘rib chiqish uchun kiritiladi.
3. Rejalashtirilgan masalalarni ko‘rib chiqish muddatlarini o‘zgartirishga yoki ularni chiqarib tashlashga Vazirlar Mahkamasining Raisi ruxsat beradi.
4. Vazirlar Mahkamasining Rayosati ish rejasining o‘tgan davr mobaynida qanday bajarilayotganligi to‘g‘risidagi hisobotlarni muntazam ravishda eshitib boradi.
III. Vazirlar Mahkamasiga masalalarni kiritish tartibi
1. Vazirlar Mahkamasining ko‘rib chiqishi uchun “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida”gi Qonun bilan uning vakolatiga kiritilgan masalalar kiritiladi.
Vazirlar Mahkamasi majlislarida muhokama etish uchun masalalar vazirlar, davlat qo‘mitalarining raislari, idoralar, korporatsiyalar, konsernlar, uyushmalarning rahbarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, ular bo‘lmagan (xizmat safarida, mehnat ta’tilida bo‘lgan) hollarda esa ularning birinchi o‘rinbosarlari tomonidan kiritiladi,
Tuman va shaharlarning hokimlari, shuningdek respublikaning vazirliklar, idoralar, korporatsiyalar, konsernlar va uyushmalar, ittifoqlar tarkibiga kiradigan birlashmalari, korxonalari, muassasalari va tashkilotlarining rahbarlari Vazirlar Mahkamasiga faqat o‘zlarining yuqori idoralari orqali, davlat sektoriga kirmagan korxonalar esa — o‘zlari hududida joylashgan viloyatlar hokimliklari yoki o‘zlarining respublika organlari orqali murojaat qiladilar va masalalarni kiritadilar.
2. Vazirlar Mahkamasiga kiritiladigan har bir masala bo‘yicha, odatda, davlat tilida aniq bayon qilingan, asoslangan qaror yoki farmoyish loyihasi, shuningdek, masalaning mohiyati bayon etilgan va mazkur hujjatni qabul qilish zarurligi asoslab berilgan qisqacha xat taqdim etiladi. Amalga oshirilishi qo‘shimcha moddiy va boshqa xarajatlarni talab qiladigan qarorlar va farmoyishlar loyihalarini taqdim etishda moliyaviy-iqtisodiy asoslashlar ilova qilinadi.
Qarorlar, farmoyishlarning loyihalari amaldagi qonun hujjatlariga mos bo‘lishi, ularda ko‘rib chiqilayotgan masala puxta tahlil qilingan va xolis baholangan, ijrochilar oldiga aniq ifodalangan maqsad va vazifalar qo‘yilgan bo‘lishi, ularda amalga oshirsa bo‘ladigan muddatlar belgilanishi kerak.
Qarorlar va farmoyishlarning loyihalarida, zaruriyat bo‘lganda, ilgari qabul qilingan qarorlarga o‘zgartirishlar kiritish yoki ularni o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risidagi taklif nazarda tutiladi.
3. Aynan shu masalalar bo‘yicha ilgari qabul qilingan qarorlar bajarilmagan hollarda (yangi vaziyatlar paydo bo‘lgan hollar bundan mustasno) Vazirlar Mahkamasiga ana shu masalalar bo‘yicha qarorlar va farmoyishlar loyihalari kiritilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
4. Davlat va xo‘jalik boshqaruvlari tomonidan Vazirlar Mahkamasiga kiritiladigan O‘zbekiston Respublikasi qonunlari loyihalari “O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarini tayyorlash to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Qonunida bayon qilingan talablarga javob berishi kerak.
Boshqa vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar, korporatsiyalar, konsernlar, uyushmalar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining manfaatlariga yoki vakolatiga daxldor bo‘lgan qarorlar va farmoyishlarning loyihalari, shuningdek ularga ilovalar Vazirlar Mahkamasiga kiritilgunga qadar davlat va xo‘jalik boshqaruvining mana shu organlari bilan kelishib olinadi. Hukumat qarori loyihasi bo‘yicha e’tirozlari bo‘lgan organ rahbari o‘zi rozi bo‘lmagan qoidalar yuzasidan asoslangan mulohazani taqdim etadi.
Normativ tusdagi qarorlarning loyihalari O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan ham kelishib olinadi.
O‘zbekistonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarini amalga oshirish hamda respublika budjeti bilan bog‘liq bo‘lgan qarorlar, farmoyishlarning loyihalari yoki takliflar tegishli ravishda Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi, Moliya vazirligi hamda Mehnat vazirligi bilan, tashqi iqtisodiy faoliyat bilan bog‘liq bo‘lgan masalalar bo‘yicha — Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi bilan kelishib olinishi kerak.
Qonunlar loyihalari yuborilgan rahbarlar 7 kalendar kun mobaynida, qarorlar loyihalari bo‘yicha — 3 kalendar kun, farmoyishlarning loyihalari bo‘yicha esa ko‘pi bilan 2 kalendar kun mobaynida xulosa berishlari lozim.
5. Vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar, korporatsiyalar, konsernlar, uyushmalar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining rahbarlari Vazirlar Mahkamasiga kiritilayotgan qonunlar, qarorlar, farmoyishlar loyihalarining asoslanganligi va sifati, keltirilgan ma’lumotlar va boshqa materiallarning to‘g‘riligi, shuningdek ularning manfaatdor tashkilotlar bilan tegishli ravishda kelishib olinganligi uchun shaxsan javob beradilar.
Ushbu Ish tartibida ko‘rsatilgan talablarga rioya qilinmasdan Vazirlar Mahkamasiga kiritilgan qonun, qaror, farmoyishlar loyihalari va respublikadagi tashkilotlarning murojaatlari zarur tartibda rasmiylashtirish uchun qaytariladi.
6. Tayyorlangan va kelishilgan qonun, qaror, farmoyishlarning loyihalari ularni Vazirlar Mahkamasi majlisida ko‘rib chiqish uchun kiritish to‘g‘risidagi masalani hal etish uchun Bosh vazir o‘rinbosarlari kotibiyatlari mudirlari tomonidan Bosh vazirning tegishli o‘rinbosariga taqdim etiladi.
7. Hujjatlarning boshqa turlarini tayyorlash va Vazirlar Mahkamasi rahbariyatiga bildirish tartibi, shuningdek ular bo‘yicha ijrochilarga topshiriqlar (ko‘rsatmalar, rezolyutsiyalar)ni yetkazish tartibi Vazirlar Mahkamasi apparatida ish yuritish bo‘yicha Yo‘riqnoma bilan belgilanadi.
IV. Vazirlar Mahkamasi va uning Rayosati majlislarini tayyorlash va o‘tkazish
1. Vazirlar Mahkamasining majlislari yilning har choragida kamida bir marta o‘tkaziladi. Vazirlar Mahkamasining doimiy organi sifatida Rayosat majlislari muntazam, har oyda kamida bir marta o‘tkaziladi. Majlislarni Vazirlar Mahkamasining Raisi yoki uning topshirig‘iga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri olib boradi.
Zaruriyat tug‘ilganda shoshilinch masalalarni ko‘rib chiqish uchun Vazirlar Mahkamasi va uning Rayosatining rejadan tashqari majlislari o‘tkazilishi mumkin.
2. Vazirlar Mahkamasi Rayosatining ko‘rib chiqishi uchun Vazirlar Mahkamasining vakolatiga kiruvchi har qanday masalalar kiritiladi, “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq faqat Vazirlar Mahkamasi majlislarida ko‘rib chiqiladigan masalalar bundan mustasnodir.
3. Vazirlar Mahkamasi va uning Rayosati majlislarida ko‘rib chiqish uchun masalalarni tayyorlashni Bosh vazir o‘rinbosarlarining kotibiyatlari, bo‘limlar va boshqa bo‘linmalar Bosh vazir o‘rinbosarlarining rahbarligida tegishli vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar, korporatsiyalar, konsernlar, uyushmalar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, mazkur Ish tartibiga muvofiq Vazirlar Mahkamasiga masala kiritish huquqiga ega bo‘lgan davlat va xo‘jalik boshqaruvining boshqa organlari bilan birgalikda amalga oshiradilar. Zarur hollarda masalalarni tayyorlashni Vazirlar Mahkamasi yoki uning Rayosati tomonidan tuziladigan komissiyalar amalga oshiradilar.
4. Bosh vazir o‘rinbosarlarining kotibiyatlari va bo‘limlar takliflari bo‘yicha tayyorlanadigan majlis kun tartibi loyihasi majlis boshlanishidan kamida 10 kalendar kun oldin Vazirlar Mahkamasining Raisi yoki uning topshirig‘iga binoan Bosh vazir bilan kelishiladi. Kun tartibi kelishilgandan keyin unga qo‘shimcha masalalar faqat ularning roziligi bilan kiritilishi mumkin.
5. Vazirlar Mahkamasi yoki uning Rayosati majlisiga kiritiladigan masalalar bo‘yicha materiallar Bosh vazirning tegishli o‘rinbosari — kompleks rahbari tomonidan ko‘rib chiqiladi, u tayyorlangan masalalarning sifati uchun javob beradi.
Qaror loyihasi Bosh vazirning tarmoq bo‘yicha o‘rinbosari — kompleks rahbari, yuridik bo‘lim, boshqa manfaatdor bo‘limlar va Bosh vazir o‘rinbosarlari kotibiyatlari, tegishli vazirliklar, idoralar tomonidan imzolangan hamda Vazirlar Mahkamasining Axborot-tahlil boshqarmasida albatta ma’qullangan bo‘lishi kerak.
Loyihalar bilan bir vaqtda quyidagilar taqdim etiladi: muhokama qilish tartibi, majlisga taklif etiladigan mansabdor shaxslar ro‘yxati, qaror loyihasining manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan kelishilganligi to‘g‘risidagi ma’lumotnoma, Bosh vazir o‘rinbosari kotibiyatining kiritilgan masalaning mohiyati qisqacha bayon qilingan xati.
Qaror loyihasini to‘liq kelishib olish imkoni bo‘lmagan favqulodda hollarda kelishilmagan masalalar asoslashlar, mulohazalar va takliflar bilan birgalikda kelishilganlik to‘g‘risidagi ma’lumotnomada ko‘rsatilishi kerak.
6. Vazirlar Mahkamasi va uning Rayosati majlislarida ko‘rib chiqish uchun kiritiladigan materiallar Bosh vazir o‘rinbosarlarining kotibiyatlari va bo‘limlar tomonidan majlisdan kamida 7 kun oldin topshiriladi.
7. Vazirlar Mahkamasi yoki uning Rayosati majlisiga taklif etiladigan mansabdor shaxslar ro‘yxati Vazirlar Mahkamasining Raisi yoki uning topshirig‘iga binoan — Bosh vazir bilan kelishiladi.
Vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralar, korporatsiyalar, konsernlar, uyushmalar, davlat va xo‘jalik boshqaruvi boshqa organlari rahbarlarini, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisini, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarini hamda majlisga taklif etiladigan boshqa shaxslarni xabardor qilish, shuningdek, ularning majlisga kelgan-kelmaganliklarini nazorat qilish tegishliligi bo‘yicha Bosh vazir o‘rinbosarlarining kotibiyatlari va bo‘limlar tomonidan amalga oshiriladi.
8. Vazirlar Mahkamasi majlisiga Konstitutsiyaviy sud raisi, Bosh prokuror, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Sudining raisi, Oliy xo‘jalik sudi raisi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Apparati Nazorat inspeksiyasi rahbari, “O‘zdavteleradio” kompaniyasi, Markaziy bank, Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki boshqaruvlarining raislari, O‘zA Bosh direktori, Makroiqtisodiyot va statistika vazirining o‘rinbosarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Doimiy vakili, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi raisi doimiy ravishda, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, ularning o‘rinbosarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari esa — zaruriyatga ko‘ra taklif etiladilar. Boshqa mansabdor shaxslar majlisga faqat ularga daxldor masalalar bo‘yicha taklif etiladilar.
9. Vazirlar Mahkamasi va uning Rayosati majlislarida Ishlar Boshqaruvchisining o‘rinbosarlari, Bosh vazir o‘rinbosarlari kotibiyatlari, bo‘limlar va boshqa bo‘linmalar mudirlari qatnashadilar. Vazirlar Mahkamasi apparatining boshqa mas’ul xodimlari majlislarda tayyorlashda o‘zlari qatnashgan masalalar ko‘rib chiqilayotganda ishtirok etadilar.
10. Majlis materiallari Vazirlar Mahkamasi yoki uning Rayosati a’zolariga, tegishli masalalar bo‘yicha materiallar esa majlisga taklif etiladigan boshqa mansabdor shaxslarga ham majlisdan kamida 3 kalendar kun oldin tarqatiladi.
Kun tartibi va majlis materiallarini tarqatish, Vazirlar Mahkamasi yoki uning Rayosati a’zolarini, majlislarda doimiy ravishda qatnashadigan respublika idoralari rahbarlarini xabardor qilish, taklif etilganlarni ro‘yxatga olish va majlisga xizmat ko‘rsatish Umumiy bo‘lim tomonidan Bosh vazir o‘rinbosarlarining kotibiyatlari va bo‘limlar bilan birgalikda amalga oshiriladi.
11. Vazirlar Mahkamasi yoki uning Rayosati majlislarida masalalar bo‘yicha axborotlar Bosh vazirning o‘rinbosarlari, vazirlar, davlat qo‘mitalarining raislari, idoralar, davlat va xo‘jalik boshqaruvi boshqa organlarining rahbarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, Bosh vazir o‘rinbosarlari kotibiyatlari mudirlari tomonidan bayon qilinadi.
Muhokama etilayotgan masala bo‘yicha ma’ruza qilish uchun 10 minutgacha (rivojlanish istiqbollarini belgilash va respublika budjeti masalalari bo‘yicha — 15 minutgacha), qo‘shimcha ma’ruzalar va nutqlar uchun — 7 minutgacha, ma’lumotlar berish uchun — 3 minutgacha vaqt belgilanadi. Zarur hollarda majlisga raislik qiluvchi boshqa vaqtni belgilaydi.
12. Majlislarda qarorlar Vazirlar Mahkamasi va uning Rayosati a’zolarining ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Majlis tamom bo‘lgandan keyin qabul qilingan qarorning aniq ifodalangan matni Bosh vazir o‘rinbosari kotibiyati mudiri tomonidan imzolangan holda majlis bayoniga kiritish uchun Umumiy bo‘limga beriladi. Majlis bayoni raislik qiluvchi tomonidan imzolanadi.
Vazirlar Mahkamasi va uning Rayosati majlislarida qabul qilingan hujjatlar qarorlar, farmoyishlar yoki majlis qarorlari shaklida chiqariladi.
Shoshilinch tusdagi masalalar bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi yoki uning Rayosati ularning majlislari bayonida qayd etiladigan qarorlar qabul qilishi mumkin. Bunday qarorlar ijrochilarga majlis bayonidan ko‘chirma holida yetkaziladi.
Majlis tamom bo‘lgach qarorlar, farmoyishlar, majlis qarorlarining loyihalari hamda ular bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa materiallar Umumiy bo‘limga topshiriladi.
V. Vazirlar Mahkamasi qarorlarini rasmiylashtirish, tarqatish, e’lon qilish va kuchga kiritish
1. Vazirlar Mahkamasi qarorlar, farmoyishlar va majlis qarorlarini qabul qiladi. Vazirlar Mahkamasining normativ tusdagi yoki muhim ahamiyatga ega bo‘lgan hujjatlari qarorlar shaklida chiqariladi, shoshilinch va boshqa joriy masalalar bo‘yicha hujjatlar Vazirlar Mahkamasining farmoyishlari yoki majlis qarori shaklida chiqariladi.
2. Vazirlar Mahkamasi yoki uning Rayosati majlislarida muhokama etish davomida mulohazalar bildirilgan, qo‘shimchalar yoki o‘zgartirishlar kiritilgan qarorlar loyihalari Bosh vazir o‘rinbosarlarining tegishli kotibiyatlari, bo‘limlar yoki majlislarda tuzilgan komissiyalar tomonidan puxta ishlanadi hamda, agar boshqa muddat belgilanmagan bo‘lsa, majlis bo‘lib o‘tgan kunning ertasiga imzolash uchun taqdim etiladi. Loyihalarga kiritiladigan o‘zgartirishlar Bosh vazirning tegishli o‘rinbosarlari va birinchi o‘rinbosari bilan kelishilishi kerak.
3. Ayrim shoshilinch masalalar yoki Vazirlar Mahkamasi Rayosatida muhokama etilishi zarur bo‘lmagan masalalar bo‘yicha qaror loyihalari Vazirlar Mahkamasi Rayosati a’zolari bilan so‘rab bilish tartibida kelishiladi va rasmiylashtiriladi.
4. Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari ular imzolangan sana bo‘yicha rasmiylashtiriladi hamda Bosh vazir o‘rinbosarlarining tegishli kotibiyatlari, bo‘limlar tomonidan tuziladigan tarqatish ro‘yxati bo‘yicha darhol ijrochilarga tarqatiladi.
5. Vazirlar Mahkamasining normativ tusdagi qarorlari O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari to‘plamida e’lon qilinadi.
6. Vazirlar Mahkamasining normativ tusdagi qarorlarida ularni kuchga kiritish muddatlari ko‘rsatiladi, boshqa hollarda ular imzolangan kundan boshlab kuchga kiradi.
Vazirlar Mahkamasining farmoyishlari, agar ularda boshqa muddatlar belgilanmagan bo‘lsa, imzolangan vaqtidan boshlab kuchga kiradi.
7. Respublikani keng va tezkorlik bilan tanishtirish zarur bo‘lganda qarorlar va farmoyishlar Vazirlar Mahkamasi Raisining yoki Bosh vazirning topshirig‘iga binoan matbuotda, televideniye va radio orqali e’lon qilinadi.
VI. Vazirlar Mahkamasining doimiy, vaqtinchalik komissiyalari va boshqa ishchi organlari
1. Davlat hokimiyati va boshqaruvi yuqori organlarining qarorlarini hayotga tatbiq etishga ko‘maklashish, Vazirlar Mahkamasi qabul qilgan hujjatlarning qanday bajarilayotganligini nazorat qilish hamda vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari) davlat xo‘jalik boshqaruvining boshqa organlari faoliyatini muvofiqlashtirib borish maqsadida Vazirlar Mahkamasi tomonidan uning doimiy komissiyalari tuzilishi mumkin.
Vazirlar Mahkamasi ularning vazifalarini hamda faoliyat tartibini belgilaydi.
2. Davlat va xo‘jalik boshqaruvining alohida masalalari bo‘yicha takliflar tayyorlash, Vazirlar Mahkamasi hujjatlari loyihalarini ishlab chiqish yuzasidan, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining alohida topshiriqlarini bajarish uchun Vazirlar Mahkamasining vaqtinchalik komissiyalari va ishchi organlari tuzilishi mumkin.
3. Vazirlar Mahkamasining doimiy, vaqtinchalik komissiyalarining hamda ishchi organlarining hujjatlari majlis bayonlari bilan rasmiylashtiriladi hamda tegishli ijrochilarga yetkaziladi. Ko‘rsatib o‘tilgan komissiyalar va ishchi organlarining majlis bayonlari ularga boshchilik qilayotgan rahbarlar tomonidan imzolanadi.
4. Doimiy komissiyalar tomonidan ko‘rib chiqilishi kerak bo‘lgan materiallarni tayyorlash hamda komissiyalar qarorlarining bajarilishini nazorat qilish Bosh vazir o‘rinbosarlarining kotibiyatlari, ularga tashkiliy-texnikaviy xizmat ko‘rsatish esa Ishlar Boshqarmasining tegishli bo‘linmasi tomonidan amalga oshiriladi. Zarurat bo‘lganda bu materiallarni tayyorlashga vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar va boshqa manfaatdor tashkilotlarning mutaxassislari jalb qilinishi mumkin.
VII. Vazirlar Mahkamasida boshqa masalalarning ko‘rib chiqilishi
Vazirlar Mahkamasining topshiriqlari vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar, korporatsiyalar, konsernlar, uyushmalar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, davlat va xo‘jalik boshqaruvining boshqa organlari tomonidan hujjat jo‘natilgan kundan boshlab 10 kalendar kun mobaynida agar boshqa muddat belgilanmagan bo‘lsa, bajarilishi kerak.
Qonunchilik hujjatlarini va Hukumat qarorlarini O‘zbekiston Respublikasining qabul qilingan qonunlariga muvofiqlashtirish bo‘yicha topshiriqlar davlat va xo‘jalik boshqaruv organlari tomonidan bir oy mobaynida, agar Oliy Majlis qarorida boshqa muddat nazarda tutilmagan bo‘lsa bajarilishi kerak. Ushbu topshiriqlarni Adliya vazirligi va yuridik bo‘lim bilan birgalikda bajarish mazkur qonunlarni tayyorlagan vazirliklarga, idoralarga, Vazirlar Mahkamasining kotibiyatlariga (bo‘limlariga) yuklanadi.
Bosh vazir o‘rinbosarlarining kotibiyatlari, bo‘limlar kiritilgan materiallarni Vazirlar Mahkamasi rahbariyatiga bildirish uchun zarur hollarda, o‘rganishni va puxta ishlab chiqishni 3 kun mobaynida, respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturini amalga oshirish bilan bog‘liq bo‘lgan, bir necha vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar va boshqalarning manfaatlariga tegishli, puxta ishlab chiqishni talab qiladigan hujjatlar bo‘yicha esa, boshqa muddat belgilanmagan bo‘lsa, 10 kungacha muddatda ta’minlaydilar. Bajarish muddatlarini faqat topshiriqni imzolagan rahbar uzaytirishi mumkin.
Agar topshiriq bir necha ijrochiga taalluqli bo‘lsa, u holda uni bajarishga mas’ul bo‘lgan vazirlik, davlat qo‘mitasi, idora, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, Bosh vazir o‘rinbosarlarining kotibiyatlari, bo‘limlar yoki muvofiqlashtirish (chaqirish) topshirilgan mansabdor shaxs uning bajarilishini tashkil etishga majburdir. Ijrochilar topshiriqlarning o‘z vaqtida bajarilishi uchun bab-baravar javob beradilar.
Topshiriqda qo‘yilgan masalalar hal qilingan yoki asosiy masala bo‘yicha javob berilgan taqdirda u bajarilgan hisoblanadi.
VIII. O‘zbekiston Respublikasining MDHdagi muxtor vakolatxonasi
1. O‘zbekiston Respublikasining MDHdagi muxtor vakolatxonasi (Minsk shahridagi muxtor vakolatxonasi) MDHda O‘zbekiston Respublikasi nomidan vakillik hamda MDH davlat boshliqlari Kengashi va hukumat boshliqlari Kengashi majlislarini tashkiliy-texnik jihatdan tayyorlash va o‘tkazishni ta’minlash bo‘yicha doimiy tezkor aloqani amalga oshiradi.
2. O‘zbekiston Respublikasining MDHdagi muxtor vakolatxonasi o‘z faoliyatini Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan Nizomga, MDH davlat boshliqlari va hukumat boshliqlari Kengashi qabul qilgan normativ hujjatlarga muvofiq amalga oshiradi.
3. O‘zbekiston Respublikasining MDHdagi muxtor vakolatxonasi Vazirlar Mahkamasini O‘zbekiston Respublikasiga taalluqli qarorlarning loyihalari, boshqa hujjatlar va tadbirlar haqida muntazam xabardor qilib turadi.
IX. Vazirlar Mahkamasi tomonidan nazorat qilish vakolatlarining amalga oshirilishi
1. Vazirlar Mahkamasi o‘zining vakolatiga kiruvchi masalalar bo‘yicha vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar, davlat va xo‘jalik boshqaruvining boshqa organlari, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari faoliyati ustidan muntazam nazoratni amalga oshiradi.
2. Vazirlar Mahkamasi qarorlarining, farmoyishlarining, majlis qarorlarining bajarilishini tashkil etish va tekshirish Bosh vazir o‘rinbosarlarining kotibiyatlari, bo‘limlar tomonidan ta’minlanadi.
3. Vazirlar Mahkamasi vazirlarining, davlat qo‘mitalari raislarining, idoralar, korporatsiyalar, konsernlar, uyushmalar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari rahbarlarining O‘zbekistonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha topshiriqlarning qanday bajarilayotganligi, davlat budjetining ijrosi, shuningdek, davlat hokimiyati va boshqaruvi yuqori organlari qarorlarining bajarilishi to‘g‘risidagi hisobotlarini muntazam ravishda eshitib boradi, ularning so‘zsiz ro‘yobga chiqarilishini ta’minlash choralarini ko‘radi.
4. Hujjatlarning ijrosini nazorat qilish ishlarini tashkil etish Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan Ish yuritish bo‘yicha yo‘riqnoma hamda hujjatlarning ijrosini va nazoratini tashkil etish tartibi bilan belgilanadi.
5. Bajarilgan qarorlarni nazoratdan chiqarish to‘g‘risidagi qaror Vazirlar Mahkamasi Rayosati tomonidan qabul qilinadi.
X. Fuqarolarning xatlari, arizalari va shikoyatlarini ko‘rib chiqish hamda keluvchilarni qabul qilish
1. Vazirlar Mahkamasi apparatida fuqarolarning xatlari, arizalari va shikoyatlari bilan ishlash hamda keluvchilarni qabul qilish tartibi tegishli Nizom bilan belgilanadi.
2. Fuqarolarning xatlari, arizalari va shikoyatlari bilan ishlashni hamda keluvchilarni qabul qilishni tashkil etish uchun mas’uliyat Vazirlar Mahkamasining fuqarolarni qabul qilish, xat va arizalarni ko‘rib chiqish bo‘limi, Bosh vazir o‘rinbosarlari kotibiyatlari, bo‘limlar mudirlariga yuklanadi.
XI. Ish yuritish
Vazirlar Mahkamasi apparatida ish yuritish Vazirlar Mahkamasi Rayosati tomonidan tasdiqlanadigan Yo‘riqnomaga muvofiq amalga oshiriladi.