Oʻzbekiston Respublikasi
Mehnat vazirligining
1999-yil 24-apreldagi 2/6-sonli
Hayʼat qarori bilan
“TASDIQLANGAN”
IShSIZ ShAXSLARNI KASBGA TAYYORLASh VA QAYTA TAYYORLASh, ULARNING MALAKASINI OShIRIShNI TAShKIL ETISh TOʻGʻRISIDA
NIZOM
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 1999-yil 2-iyulda 762-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan]
Mazkur nizom Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 2-dekabrdagi 21-mh-sonli “Ayrim idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarning davlat reyestridan chiqarish toʻgʻrisida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 3340, 03.12.2021-y.) asosan davlat reyestridan chiqarilgan.
I. Umumiy qoidalar
Oldingi tahrirga qarang.
1.1. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida”gi Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1998-y., 5-6-son, 97-modda) hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 6-apreldagi PQ-616-son “Aholi bandligini oshirish hamda mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish organlari faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 15-son, 156-modda) muvofiq ishsiz shaxslarni kasbga tayyorlash va qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirishni tashkil etish tartibini belgilaydi”.
Bozor munosabatlari sharoitida ishsiz shaxslarni kasbga tayyorlash va qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish — toʻla va samarali ish bilan taʼminlashga koʻmaklashuvchi eng muhim omillardan biri boʻlib, unga aholini ijtimoiy himoya qilish choralarining bir turi sifatida qaraladi.
Yangi iqtisodiy-ijtimoiy sharoitda kadrlardan yuksak saviya, ijodiy tashabbus, zamonaviy iqtisodiy fikrlash, ishning yangi uslub va koʻnikmalarini egallash talab qilinadi.
(1.1-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi hayʼatining 2009-yil 12-iyundagi 5/4-sonli (roʻyxat raqami 762-1, 24.06.2009-y.). qarori tahririda — OʻR QHT, 2009-y., 26-son, 305-modda)
1.2. Mazkur Nizomda Oʻzbekiston Respublikasida ishsiz shaxslarni kasbga tayyorlash va qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish tizimi orqali ularni kasbga oʻqitish va qayta oʻqitish, malakasini oshirish bosqichlari va tartibi yoritilgan boʻlib, bu tizim tarkibiga:
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining ishsiz shaxslarni kasbga tayyorlash va qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirishga doir masalalar bilan shugʻullanadigan tuzilmaviy boʻlinmalari;
(1.2-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi hayʼatining 2009-yil 12-iyundagi 5/4-sonli (roʻyxat raqami 762-1, 24.06.2009-y.). qarori tahririda — OʻR QHT, 2009-y., 26-son, 305-modda)
ishsiz shaxslarni kasbga tayyorlash va qayta tayyorlash, malakasini oshirishning barcha turlari va shakllari boʻyicha kasbiy taʼlimni tashkil qiladigan hududiy mehnat organlarining joylardagi Oʻquv markazlari;
kasb-hunar kollejlari;
korxona, muassasa, tashkilotlarning oʻquv boʻlinmalari;
malaka oshirish va qayta tayyorlash tizimining oliy va oʻrta maxsus oʻquv yurtlari (akademik litseylar) qoshidagi oʻquv muassasalari;
taʼlimni tashkil etish xususida ruxsatnomasi boʻlgan tijorat va xoʻjalik hisobidagi tashkilotlar, uyushmalar;
shogirdlarga kasb oʻrgatish imkoniyatlariga ega boʻlgan “Hunarmand” uyushmasiga aʼzo boʻlgan tadbirkor xalq ustalarining maktablari kiradi.
1.3. Mehnat organlarida roʻyxatga olingan va ishsiz deb eʼtirof etilgan shaxslarni kasbga tayyorlash va qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish quyidagi xollarda amalga oshirilishi mumkin, agar:
ishsiz shaxs zarur kasb malakasiga ega boʻlmaganligi tufayli unga maqbul keladigan ish tanlash mumkin boʻlmasa;
ishsiz shaxsning kasb koʻnikmalariga mos keladigan ish yoʻqligi sababli uning kasbini (mutaxassisligini, mashgʻulot turini) oʻzgartirish zarur boʻlsa;
ishsiz shaxs kasbga bogʻliq boʻlgan kasalligi tufayli, uzoq tanaffusdan keyin, ishlab chiqarishda yangi texnologiyalar joriy qilinishi munosabati bilan avvalgi kasbi boʻyicha ish bajarish qobiliyatini yoʻqotgan boʻlsa.
Oldingi tahrirga qarang.
Bundan tashqari pensiyaning turidan qatʼi nazar, pensiya bilan taʼminlanish huquqiga ega boʻlgan shaxslarni ularning jismoniy imkoniyatlarini hisobga olib, mehnat organlarida roʻyxatdan oʻtgan va kasbga tayyorlash va qayta tayyorlash, malakasini oshirishga muhtoj boʻlsalar, ularni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish mumkin. Bu toifali fuqarolar ishsiz deb eʼtirof etilmaydilar. Ammo mahalliy mehnat organlarida ish qidiruvchi shaxs sifatida roʻyxatga olinish huquqini saqlab qoladilar. Bunda ularga qonunchilik hujjatlarida belgilangan barcha zaruriy xizmatlar (kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish davrida stipendiya toʻlashdan tashqari) koʻrsatilishi lozim.
(1.3-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
Korxonalarning tugatilishi, qayta tashkil etilishi, xodimlar sonining qisqartirilishi tufayli boʻshatilayotgan xodimlarning kasbiy taʼlimi, ularning xohishiga muvofiq, tizimning istalgan oʻquv bazasida tashkil qilinishi mumkin.
1.4. Ishsiz shaxslarni kasbga tayyorlash va qayta tayyorlash, malakasini oshirish tizimida yangi ishchilarni tayyorlash, ishchilarni va mutaxassislarni qayta tayyorlash (qayta oʻqitish), ishchi va mutaxassislarning malakasini oshirish vazifalari roʻyobga chiqarilishi mumkin.
II. Ishsiz shaxslarni kasbga tayyorlash va qayta tayyorlash, malakasini oshirish tizimining tuzilmaviy tarkibi va uning vazifalari
Oldingi tahrirga qarang.
2.1. Ishsiz shaxslarni kasbga tayyorlash va qayta tayyorlash, malakasini oshirish tizimini boshqarish Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi hamda viloyatlar va Toshkent shahar mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish hududiy bosh boshqarmalari tomonidan amalga oshiriladi.
(2.1-band Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi hayʼatining 2009-yil 12-iyundagi 5/4-sonli (roʻyxat raqami 762-1, 24.06.2009-y.). qarori tahririda — OʻR QHT, 2009-y., 26-son, 305-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
2.2. Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi :
ishsiz shaxslarni kasbga tayyorlash va qayta tayyorlash, malakasini oshirish sohasida respublika hududida yagona davlat siyosatini yuritishni taʼminlaydi;
ishsiz shaxslarni kasbga tayyorlash va qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish tizimini shakllantiradi;
kasbiy taʼlim uchun zarur boʻlgan huquqiy va meʼyoriy baza yaratadi;
ishsiz shaxslarni kasbga tayyorlash va qayta tayyorlash, malakasini oshirish, ularga kasbiy maslahatlar berish boʻyicha joylardagi hududiy mehnat organlari qoshidagi oʻquv markazlarining faoliyatini muvofiqlashtirish va umumiy boshqarishni amalga oshiradi;
ishsiz shaxslarni kasbga tayyorlash va qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish masalalari yuzasidan hududlararo hamkorlikka koʻmaklashadi.
(2.2-band Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi hayʼatining 2009-yil 12-iyundagi 5/4-sonli (roʻyxat raqami 762-1, 24.06.2009-y.). qarori tahririda — OʻR QHT, 2009-y., 26-son, 305-modda)
2.3. Hududiy mehnat organlari:
tuman, (shahar) mehnat organlarining ishsiz shaxslarning kasbiy taʼlimini tashkil etish masalalari boʻyicha korxonalarning kadrlar xizmati va oʻquv yurtlari bilan oʻzaro hamkorligiga doir faoliyatini tashkil qiladi va muvofiqlashtiradi;
tuman, (shahar) mehnat organlarini ishsiz shaxslarni kasbga tayyorlash va qayta tayyorlash, malakasini oshirish masalalariga doir meʼyoriy hujjatlar bilan taʼminlaydi va ularning amalga oshirilishini nazorat qiladi.
2.4. Hududlarda ishsiz shaxslarni kasbga tayyorlash va qayta tayyorlash, malakasini oshirish maqsadida hududiy mehnat organlari qoshida ishsizlarni kasbga tayyorlash va qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish va kasbiy maslahatlar berish boʻyicha tashkil qilinadigan oʻquv markazlari faoliyat koʻrsatishi mumkin.
III. Ishsiz shaxslarni kasbga tayyorlash va qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish
3.1. Mehnat organlarida roʻyxatga olingan va ishsiz deb eʼtirof etilgan, kasbiy tayyorgarlik va qayta tayyorgarlikdan oʻtishga, malaka oshirishga muhtoj boʻlgan fuqarolarga mazkur organlarning mutaxassislari tomonidan kasb tanlash va kasbiy taʼlim olish imkoniyatlariga doir bepul maslahatlar beriladi.
Mehnat organlariga murojaat qilgan shaxslarga kasbiy maslahatlar, asosan, mehnat bozorining talablarini — ishchi xodimlardan yuksak saviya, ijodiy tashabbus, zamonaviy iqtisodiy fikrlash, ishning yangi uslub va koʻnikmalarini egallash talablarini qoʻygan holda, yakka tartibda suhbatlar oʻtkazish, ijtimoiy, psixologik va boshqa sinab koʻrish (test) usullaridan foydalanib, tegishli kasbga tayyorlashga doir hujjatlarni, mehnat daftarchasidagi yozuvlar va boshqalarni oʻrganish, har bir shaxsning sogʻligini, kasbiy qiziqishini, qobiliyatini, shaxsiy xususiyatlarini unga tavsiya qilingan yoki oʻzi tanlangan kasbning xususiyatlariga, taʼlim shakli va oʻrniga muvofiqligini aniqlash maqsadida beriladi.
Kasbiy maslahat berish orqali yordam koʻrsatishda ayrim aholi guruhlariga — nogironlar, bolali ayollarga alohida eʼtibor qaratilmogʻi lozim. Bu holda, ushbu toifadagi shaxslarni ularning kasbiy taʼlimidan keyingi maqbul mehnat faoliyatiga yoʻllashda hududiy xususiyatlarni ham hisobga olmoq zarur. Kasbiy maslahat olish yuzasidan murojaat qilgan shaxslarga maqbul kelishi mumkin boʻlgan bir nechta kasb, mehnat faoliyati, kasbga oʻqitish turi, oʻrni va muddatlari boʻyicha variantlar taklif qilinadi. Mazkur shaxslar ana shulardan oʻzlari uchun eng maqbulini tanlash huquqiga egadirlar.
3.2. Ishsiz shaxslarni kasbga tayyorlash va qayta tayyorlash, malakasini oshirish quyidagi asosiy bosqichlardan iborat:
oʻqitishga boʻlgan ehtiyojni aniqlash;
oʻqitish oʻrnini aniqlash;
oʻqitish va ishga joylashtirish yuzasidan shartnomalar tuzish;
oʻquv guruhlarini butlash va kasbga tayyorlashga yoʻllash;
kasbiy taʼlim jarayoni;
kasbiy taʼlim jarayonini nazorat qilish;
kasbiy tayyorgarlikdan oʻtgan shaxslarni attestatsiya qilish;
kasbiy taʼlimga doir ishlarni hisobga olish va statistik hisobot.
3.3. Kasbga oʻqitishga boʻlgan ehtiyoj mehnat bozorida ishchi kuchiga kasbiy- malakaviy kesimdagi talabni va hududning rivojlanish istiqbollarini inobatga olib, ishsiz shaxslarni ishga joylashtirishning maqbul variantlarini izlab topish orqali aniqlanadi.
Mehnat organlarida roʻyxatdan oʻtgan va ishsiz deb eʼtirof etilgan shaxslar jumlasidan, yangi ishchilarni tayyorlash, ishchi va mutaxassislarni qayta tayyorlash, birinchi navbatda, mehnat bozorida ehtiyoj boʻlgan kasblarni egallashga qaratilgan boʻlishi kerak.
3.4. Mehnat organlari, tuzilgan shartnomalar asosida kasbiy tayyorgarlik va qayta tayyorgarliq malakasini oshirishga muhtoj boʻlgan shaxslarga belgilangan shakldagi kasbga oʻqitishga yoʻllanmalarni beradi, oʻquv muassasalari esa, ularning oʻqishga qabul qilinganligi toʻgʻrisida buyruq chiqaradi.
3.5. Ishsiz shaxslarni kasbga tayyorlash va qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish kursli hamda yakka tartibda tashkil qilinishi mumkin.
Oʻqishni kursli shaklda tashkil etilganda, odatda, oʻquv guruhlaridagi tinglovchilar soni 10 nafardan 30 nafargacha boʻlishi mumkin. Kursli oʻqitishda ishchilarning nazariy taʼlimi oʻquv guruhiga amalga oshiriladi. Guruhlar bir nomli yoki turdosh kasblar (mutaxassisliklar) boʻyicha, tinglovchilarning malakalarini, maʼlumotlarini va kasbiy tayyorgarligini hisobga olgan holda butlanadi. Oʻquv guruhlarini butlash tuman (shahar) mehnat organlari yoʻllagan shaxslar jumlasidan hududiy mehnat organlarining Oʻquv markazlarida va bevosita oʻquv yurtlari, korxonalarning oʻquv boʻlinmalari bilan kelishilgan holda belgilangan muddatlarda amalga oshirilishi mumkin.
Ishsizlarni yakka tartibda kasbga tayyorlashga yoʻllanganda, ularni iloji boricha oʻquv yurtlari, korxonalarning oʻquv boʻlinmalari butlayotgan guruhlar tarkibiga kiritib oʻqitish tavsiya qilinadi. Yakka tartibda kasbga tayyorlashda taʼlim oluvchi nazariy bilimlar kursini oʻqituvchilardan maslahatlar (konsultatsiyalar) olish yoʻli bilan va mustaqil ravishda oʻrganadi.
Yakka tartibda oʻqitish turlaridan biriga ishsizlarni milliy hunarmandchilik kasblariga “Usta-shogird” usulida oʻrgatish kiradi.
Milliy va badiiy hunarmandchilik kasblariga oʻrgatish faqat “hunarmand” uyushmasiga aʼzo boʻlgan ustalar hamda soliq organlarida roʻyxatga olingan, ijtimoiy sugʻurta badallarini toʻlayotgan, yakka tartibda faoliyat koʻsatayotgan tadbirkor ustalarning maktablarida amalga oshiriladi.
Milliy hunarmandchilik kasblarini oʻrgatadigan xalq ustalari “Usta-shogird” usulida kasb oʻrgatishda oʻzlarining imkoniyatlariga qarab, taʼlim oluvchi shogirdlarning sonini ixtiyoriy ravishda belgilashlari mumkin, biroq ularning umumiy soni 4-5 kishidan koʻp boʻlmasligi lozim. Shogirdlarning yoshi turlicha boʻlishi mumkin. Bu usulda oʻqishga yoʻllashdan oldin, joriy tartib boʻyicha oʻqish muddatlari koʻrsatilib shartnoma tuziladi. Shartnomada koʻrsatilgan muddat tugagandan soʻng, zarurat boʻlsa, usta va shogirdlar oʻrtasida maʼlum muddatga ikki tomonlama qoʻshimcha shartnomalar tuzilib, shogirdlar oʻzlari tanlagan kasblarini yanada mukammalroq oʻrganishlari mumkin, biroq bu holda qoʻshimcha taʼlim muddati mehnat organlari tomonidan moliyaviy taʼminlanmaydi. Shartnomada oʻqishni tugatgan shogirdni ish bilan taʼminlash (ishga joylashtirish) shartlari aks ettiriladi. Mehnat organlari xalq ustalari bilan shartnomalar tuzishdan oldin ularning ustaxonalaridagi mehnat va sanitariya sharoitlarini, material (xomashyo), asbob-uskuna va jihozlar bilan taʼminlanganliklarini, ishlab-chiqarilayotgan mahsulot turlari va aholining unga boʻlgan ehtiyojini, ustaning istiqboldagi moʻljallarini atroflicha oʻrganib chiqishlari shart.
Mehnat organlari joylarda faoliyat koʻrsatayotgan xalq ustalari haqida batafsil maʼlumotlar toʻplab, ularning imkoniyatlari, istaklarini (qonunchilik chegarasida) inobatga olgan holda ish yuritadilar. Bu maʼlumotlar majmuasi muntazam ravishda toʻldirilib boriladi. Mehnat organlari va joylardagi oʻquv Markazlari kasb oʻrgatuvchi xalq ustalariga ular shogirdlarga berayotgan taʼlim xususida zaruriy uslubiy yordam koʻrsatadilar.
Ustalarning ish oʻrinlarida xavfsizlik texnikasi qoidalari boʻyicha shogirdlarga beriladigan yoʻriqlarni hisobga olib borish daftari ochiladi. Shogirdlar xavfsizlik texnikasi qoidalari boʻyicha yoʻriq olganliklari toʻgʻrisida ushbu daftarga imzo chekadilar.
Shogirdlarga beriladigan oʻquv maslahatlari uchun ajratilgan vaqt, kasb oʻrgatish uchun ajratilgan umumiy vaqtning 30—40 foizini tashkil qiladi.
3.6. Kasbga tayyorlashga yoʻllash, odatda, kasbga tanlash negizida, kasbga tayyorlash va qayta tayyorlashga yoʻllanayotgan shaxsning moyilligi, qobiliyati va psixologik-fiziologik xususiyatlarini u bilan suhbatlar, sinovlar oʻtkazish asosida amalga oshirilmogʻi lozim. Ayollar va voyaga yetmaganlar faqatgina belgilangan tartibda ularning mehnatidan foydalanish ruxsat etilgan ishlab chiqarish sohalariga doir kasblarga oʻqitiladilar.
3.7. Qozon nazorati va yer osti inshootlariga xizmat koʻrsatish bilan bogʻliq boʻlgan kasblar (qozon mashinisti, qozonxona oʻtyoqarlari, kran mashinistlari, elektromexaniklar, liftchilar va boshqalar) boʻyicha ishsizlarni oʻqitish mehnat organlarining mazkur toifali ishchilar zarur boʻlgan korxonalar bilan tuzgan shartnomalari asosida faqat kasb-hunar kollejlarida, oʻquv markazlarida, oʻquv-kurs kombinatlarida, texnika maktablarida amalga oshiriladi. Ishchilarni bunday kasblarga yakka tartibda tayyorlashga yoʻl qoʻyilmaydi.
3.8. Ishlab chiqarish taʼlimi, odatda, ikki bosqichda:
birinchi bosqichi — ishlab chiqarish taʼlimi ustasi (yoʻriqchisi) rahbarligida kasb-hunar kolleji, oʻquv markazi, oʻquv-kurs kombinati, texnika maktabi va korxonalarning ana shu maqsadlar uchun yaratilgan oʻquv-moddiy bazasida;
ikkinchi bosqichi — korxonalarning ish oʻrinlarida oʻquv guruhi tarkibida ishlab chiqarish taʼlimi ustasi (yoʻriqchisi) rahbarligida oʻtkaziladi.
Oʻquv muassasasining zaruriy oʻquv-moddiy bazasi boʻlmagan taqdirda, ishlab chiqarish taʼlimi butkul korxonalarning ish oʻrinlarida oʻtkaziladi.
Yakka tartibda kasbga tayyorlashda ishlab chiqarish taʼlimi asosiy ishidan ozod qilinmagan malakali ishchi — ishlab chiqarish taʼlimi yoʻriqchisi rahbarligida ish oʻrnida oʻtkaziladi.
Ishsiz shaxslarni milliy hunarmandchilik kasblariga “Usta-shogird” usulida kasbga tayyorlashda xalq ustalari ishlab chiqarish taʼlimini oʻz ish oʻrinlarida oʻtkazadilar.
3.9. Ishlab chiqarish taʼlimini (amaliyotini) oʻquv ustaxonalarida, oʻquv amaliyot-mashq maydonchalarida va bitiruvchilar ishga joylashtirilishi uchun moʻljallangan korxonalarning ishlab chiqarish sharoitida oʻtkazish tavsiya qilinadi.
Taʼlim oluvchilar kasbiy mohirlik va koʻnikmalarni, odatda, mahsulot ishlab chiqarish sharoitida yoki tegishli ishlarni bajarish jarayonida egallamoqlari maqsadga muvofiqdir.
Ushbu maqsadlarda xar bir oʻquvchiga ishlab chiqarish taʼlimi (amaliyotini) boshlab yuborishdan oldin zaruriy asbob, uskuna, ashyolar bilan jihozlangan ish oʻrni ajratib beriladi.
3.10. Ishsiz shaxslar jumlasidan fuqarolarni kasbga tayyorlash muddati, odatda, 6 (olti) oydan oshmasligi shart.
3.11. Ishsiz shaxslarni kasbga tayyorlash va qayta tayyorlash, malakasini oshirish uchun asosiy kasblar boʻyicha xalq xoʻjaligining umumiy yoki ayrim tarmoqlariga doir oʻquv reja va dasturlari tarmoq vazirlik va idoralarning uslubiy xizmatlari, Oʻquv yurtlari, korxonalarning oʻquv boʻlinmalari, tijorat tashkilotlari, muallif jamoalari va boshqalar tomonidan ishlab chiqilib, oʻzlari uchun ishchilar tayyorlanayotgan korxonalar, tashkilotlarning mutaxassislari bilan kelishilgandan soʻng, joriy tartibda tasdiqlanadi.
3.12. Kasbga tayyorlashda nazariy mashgʻulotlar va ishlab chiqarish taʼlimi Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi tomonidan yoshi, kasbi va ishlab chiqarish turiga muvofiq ishchilar uchun joriy qilingan ish vaqti mobaynida amalga oshiriladi. Kasbga tayyorlashda, mashgʻulotlar oʻtkazish vaqti mehnat organlari bilan oʻzining bazasida taʼlim amalga oshirilayotgan oʻquv yurtlari, korxonalarning oʻquv boʻlinmalari tomonidan oʻzaro kelishilgan holda belgilanadi.
3.13. Ishsiz shaxslarga ularning mavjud kasblariga va malaka darajasiga mos keladigan maqbul ish taklif qilinmasa, yoxud ular mehnat bozori talablariga muvofiq oʻz kasblarini oʻzgartirish istagini bildirsalar yoki avvalgi malakasi boʻyicha ish bajarish qobiliyatini yoʻqotgan boʻlsalar, bu holda ularni qayta tayyorlash (qayta oʻqitish) tashkil qilinadi. Qayta tayyorlashning muddati oʻz bazasida oʻqitilayotganlarning kasbiy darajasini, ishlab chiqarish tajribasini, egallanayotgan kasblar murakkabligining talab qilinayotgan kasbiy bilim hajmiga va tegishli oʻquv dasturlarining mazmuniga nisbatan mutanosibligini hisobga olgan holda, mehnat organlarining oʻquv markazlari korxonalarning oʻquv boʻlinmalari bilan oʻzaro kelishib belgilanadi.
3.14. Mehnat organlarining yoʻllanmasi boʻyicha yuborilgan ishsiz mutaxassislarni qayta tayyorlash oliy va oʻrta maxsus oʻquv yurtlari (akademik litseylar) qoshidagi malaka oshirish va qayta tayyorlash tizimidagi oʻquv yurtlarida yangi (turdosh) ixtisoslikni egallashlari maqsadida joriy tartibda tashkil qilinadi. Mutaxassislarni qayta tayyorlashning muddati ularning bilimlariga ishlab chiqarish tomonidan qoʻyilgan talablarni hisobga olgan holda va manfaatdor tomonlarning kelishuvi asosida turlicha belgilanishi mumkin, lekin olti oydan oshmasligi shart. Bu holda ularning ilgarigi faoliyati boʻyicha kasbiy bilimlari eʼtiborga olinmogʻi lozim. Ilgʻor ish tajribasini chuqur oʻrganish maqsadida vazirliklar, idoralar, korxonalar, ilmiy tashkilotlar, oliy oʻquv yurtlarining (shu jumladan, muddati va moliyalashtirilishi qonunchilik tomonidan belgilangan tartibda, chet ellarda ham) tegishli boʻlinmalarida mutaxassislarning stajirovkasi oʻtkazilishi mumkin. Stajirovka muddati (6 oy chegarasida, moliyalashtirish tartibi mazkur Nizomning VI boʻlimida koʻrsatilganidek ) yuzasidan manfaatdor tomonlar oʻzaro kelishadilar.
3.15. Ishsiz mutaxassislarni qayta tayyorlash uchuv yurtlari ishlab chiqqan oʻquv reja va dasturlari asosida oʻzlari uchun qayta tayyorlash tashkil qilingan korxona, tashkilot, muassasalarning mutaxassislari bilan kelishib olingandan keyin amalga oshiriladi. Oʻquv reja va dasturlari joriy tartibda tasdiqlanadi.
3.16. Ishchi kasblari boʻyicha ishga joylashish istagini bildirgan, biroq ana shunday kasblari boʻlmagan ishsiz mutaxassislarga ishlab chiqarish ehtiyojlarini hisobga olgan holda, tegishli ishchi kasblari boʻyicha kasbiy tayyorgarlikdan oʻtish imkoniyati berilishi mumkin.
3.17. Ishchilar jumlasidan boʻlgan ishsiz shaxslarning kasbiy mahoratini oshirish va keyinchalik ularni ishga joylashtirish, ularda mavjud boʻlgan kasblar boʻyicha, ushbu guruh fuqarolarning manfaatlarini koʻzlab va ishlab chiqarish talablariga, ishga joylashtirish imkoniyatlariga muvofiq yuqoriroq tarif razryadlarini (klass, toifa) egallash, progressiv texnika va texnologiyalarni, yangi jihoz va materiallarni oʻrganish maqsadida ularning malakasini oshirish tashkil qilinadi.
3.18. Mutaxassislar jumlasidan boʻlgan ishsiz shaxslarning malakasini oshirish, birinchi navbatda, ular tomonidan progressiv texnika va texnologiyani, mehnat bozori munosabatlarini, tadbirkorlikni, huquq, ishlab chiqarishni boshqarish va mehnatni tashkil etishning zamonaviy uslublarini oʻrganish kabi maqsadlarda tashkil qilinadi. Mutaxassislarning malakasi ularning yangi mansab vazifalarini, boʻlajak ish faoliyatining oʻziga xos xususiyatlarini egallashlari maqsadida ham amalga oshirilishi mumkin. Mutaxassislarning malakasini oshirishda oʻquv reja va dasturlarini ishlab chiqish tartibi ularni qayta tayyorlashdagi kabidir.
3.19. Mehnat organi korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning boshqa korxonalar, muassasalar va tashkilotlardan ishdan boʻshatilgan shaxslarni ishga qabul qilishda ularning oʻqishini tashkil etish xarajatlarini toʻliq yoki qisman qoplashi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
3.20. Ishsiz shaxslarni kasbga tayyorlash va qayta tayyorlash, malakasini oshirishning sifati ustidan nazoratni Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining tegishli boʻlimlari, hududiy mehnat organlari va oʻzining bazasida taʼlimni tashkil etgan oʻquv yurtlari, korxonalarning oʻquv boʻlinmalari joriy tartibda amalga oshiradilar.
(3.20-band Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi hayʼatining 2009-yil 12-iyundagi 5/4-sonli (roʻyxat raqami 762-1, 24.06.2009-y.). qarori tahririda — OʻR QHT, 2009-y., 26-son, 305-modda)
3.21. Ishsiz shaxslarni kasbga tayyorlash jarayoni taʼlim tashkil qilingan oʻquv yurtlarida, korxonalarning oʻquv boʻlinmalarida oʻquv reja va dasturlarida koʻzda tutilgan malaka imtihon yoki zachyotlarini (referat, bitiruv ishlarini yoqlash) joriy tartibda topshirish bilan yakunlanadi. Ishsiz shaxslarning zaruriy tayyorgarligi boʻlgan hollarda malaka imtihonlari kasb va tegishli malaka darajasi olish uchun yoki mavjud kasbi (mutaxassisligi) boʻyicha malaka razryadini (klass, toifasini) oshirish, hamda maʼlum ishlarni bajarish huquqini olish maqsadida tayinlangan muddatdan oldin topshirilishiga yoʻl qoʻyiladi.
Malaka imtihonlari komissiyasining tarkibiga oʻqishga yoʻllanma bergan mahalliy mehnat organining vakilini kiritish tavsiya qilinadi.
Kasbga tayyorgarlikdan oʻtgan va malaka imtihonlarini (zachyot, referat va bitiruv ishlarini) topshirgan shaxslarga taʼlimni tashkil qilgan oʻquv yurtlari va korxonalarning oʻquv boʻlinmalari tomonidan tegishli hujjat (guvohnoma) beriladi.
3.22. Mehnat organlari tomonidan kasbga tayyorlash uchun yuborilgan va oʻqishni yakunlagan fuqarolarning mehnat daftarchalariga yozuvlar amaldagi qonunchilik tomonidan belgilangan tartibda kiritiladi. Bu holda, koʻrsatilgan taʼlim olish davri mehnat stajiga qoʻshiladi.
3.23. Bazalarida ishsiz shaxslarni kasbga oʻqitish amalga oshirilayotgan oʻquv yurtlari, korxonalarning oʻquv boʻlinmalari Oʻquv muassasalaridagi joriy meʼyoriy hujjatlarga muvofiq (nazariy va ishlab chiqarish taʼlimi jurnallari va ulardagi yozuvlar, davomatning hisobga olinishi, ishlab chiqarish amaliyoti kundaliklarining toʻldirilganligi, bitiruv malaka imtihonlari bayonnomalarining toʻgʻri rasmiylashtirilganligi va b. q.) oʻquv ishlarining hisobini olib boradilar.
Oldingi tahrirga qarang.
3.24. Hududiy mehnat organlari ishsiz shaxslarni kasbga tayyorlash va qayta tayyorlash, malakasini oshirishning hisobini, tahlillarini amalga oshiradilar va belgilangan muddatlarda Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligiga tasdiqlangan shakllar boʻyicha hisobot yoʻllaydilar.
Mehnat organlari oʻqishga yoʻllangan ishsiz shaxslarni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil qilish boʻyicha ishlarning samaradorligini tahlil qiladilar, kasbga tayyorlash tuzilmasi va mazmuniga uning sifatini va natijalarini yaxshilash maqsadida takliflar kiritadilar.
(3.24-band Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi hayʼatining 2009-yil 12-iyundagi 5/4-sonli (roʻyxat raqami 762-1, 24.06.2009-y.). qarori tahririda — OʻR QHT, 2009-y., 26-son, 305-modda)
IV. Ishsiz shaxslarni kasbga tayyorlash oʻquv ishlab chiqarish bazasi va oʻqitishni uslubiy taʼminlash
4.1. Ishsiz shaxslarni kasbga tayyorlash va qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish uchun tanlangan oʻquv muassasalari joriy tartibda davlat attestatsiyasi va akkreditatsiyasidan oʻtgan boʻlishlari lozim. Ishsiz shaxslarning kasbiy taʼlimi uchun tanlangan tijorat tashkilotlari taʼlim faoliyatiga doir ruxsatnoma (litsenziyaga) olgan boʻlishlari shart. Oʻquv yurtlarning faoliyati joriy tartibda tasdiqlangan Nizomlar asosida tashkil qilinadi.
4.2. Kasbga tayyorlash uchun oʻquv-ishlab chiqarish bazasi:
oʻquv yurtining, korxona oʻquv boʻlinmasining kasbiy yoʻnalishiga muvofiq, zaruriy jihoz, asbob-uskunalar, taʼlimning texnik vositalari, koʻrgazmali qurollar bilan jihozlangan oʻquv xonalari (laboratoriya, sinf xonalari, kabinetlar) ustaxonalar, oʻquv — mashq maydonchalaridan tarkib topadi.
4.3. Bazasida ishsiz shaxslarni kasbga tayyorlash va qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirishni taʼminlay oladigan oʻquv yurtlarining roʻyxati joylardagi mehnat organlari tomonidan belgilanadi.
4.4. Mehnat organlarining kasbga tayyorlash va qayta tayyorlash, malakasini oshirish markazlari qoshida oʻz imkoniyati chegarasida, ijtimoiy himoyaga muhtoj boʻlgan ishsiz shaxslarni — mehnat qilish qobiliyati cheklangan nogironlar, koʻp bolali fuqarolarni kasbga tayyorlash uchun alohida sinflar, oʻquv xonalari tashkil etish mumkin.
4.5. Mehnat organlari tomonidan kasbga tayyorlash uchun oʻzga mintaqalarga yoʻllangan tinglovchilar oʻquv yurtlari, korxonalarning yotoqxonasiga yoki mehmonxonalarga joylashtirilishi mumkin.
V. Ishsiz shaxslarni kasbga tayyorlash va qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirishni moliyaviy taʼminlash tartibi
Mehnat organlarida roʻyxatdan oʻtgan va ishsiz deb eʼtirof etilgan shaxslarni kasbga tayyorlashni moliyaviy taʼminlash Ish bilan taʼminlashga koʻmaklashuvchi davlat jamgʻarmasining ana shu maqsadlar uchun nazarda tutilgan mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
Ishsiz shaxslarni kasbga tayyorlash va qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish uchun moʻljallangan sarf-xarajatlar quyidagilardan tarkib topadi:
oʻqituvchilar, ishlab chiqarish taʼlimi ustalari (yoʻriqchilari) va xalq ustalarining mehnatiga haq toʻlash;
oʻquv yurtlari, korxonalarning oʻquv boʻlinmalarining malaka imtihonlari komissiyasi aʼzolarining mehnatiga haq toʻlash;
boshqa hududlardan kelib oʻqiyotgan fuqarolarning transport va mehmonxonada yashashlari uchun sarflangan xarajatlar;
oʻqish davrida qonunchilik tomonidan belgilangan miqdorda stipendiyalar toʻlash;
oʻquv reja va dasturlari, oʻquv-uslubiy hujjatlarni ishlab chiqish va xarid qilish uchun toʻlanadigan mablagʻlar;
jihozlarni, boshqa ashyoviy zaxiralarni qisman xarid qilish, zaruriy oʻquv-ishlab chiqarish maydonlarini ijaraga olish, oʻquv yurtlari va korxonalarning xizmatlaridan foydalanish uchun haq toʻlash;
ishsiz shaxslarni kasbga tayyorlash va qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirishni tashkil qilish va amalga oshirish bilan bevosita bogʻliq boʻlgan oʻzga xarajatlar.
Ish bilan taʼminlashga koʻmaklashuvchi davlat jamgʻarmasi hisobidan ishsiz shaxslarni kasbga tayyorlash va qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish uchun mablagʻ xarajatlari smetasi joriy tartibda mehnat organlari tomonidan tasdiqlanadi.
Mehnat vazirligining 1992-yil 26-iyun 45-son buyrugʻi bilan qabul qilingan “Korxonalardan boʻshatilgan xodimlar va band boʻlmagan aholini kasbga yoʻllash, tayyorlash, qayta oʻqitish va malakasini oshirish toʻgʻrisida”gi Nizomi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.