Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qoʻmitasining 2021-yildagi faoliyati toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qoʻmitasi (bundan buyon matnda Qoʻmita deb yuritiladi) 2021-yilda oʻz faoliyatini “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” davlat dasturida belgilangan ustuvor yoʻnalishlarga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga Murojaatnomasida belgilangan vazifalarga, Qonunchilik palatasining 2021-yilga moʻljallangan ish rejasiga, Qoʻmitaning 2021-yilga moʻljallangan ish rejasiga muvofiq amalga oshirgan.
Oʻtgan davrda Qoʻmita xalqaro tajribadan unumli foydalangan holda, qonun ijodkorligi faoliyatining samaradorligini yanada oshirishga, shuningdek mamlakatdagi ijtimoiy-iqtisodiy hayotning muhim masalalari ustidan taʼsirchan parlament nazoratini oʻrnatishga alohida eʼtibor qaratgan.
Hisobot davrida Qoʻmita tomonidan 7 ta qonun va 1 ta kodeks loyihasini ishlab chiqish yuzasidan ishlar olib borilgan. Qoʻmita qonunchilik tashabbusi huquqi subyektlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga (bundan buyon matnda Qonunchilik palatasi deb yuritiladi) kiritilgan 7 ta qonun loyihasi uchun masʼul boʻlgan va ularning barchasi Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan.
Qonun loyihalari muhokamasi boʻyicha ishchi guruhning 97 ta, ekspertlar guruhining 24 ta yigʻilishi oʻtkazilgan.
Oʻtgan davrda Qoʻmita tomonidan qonunlar va qonunosti hujjatlar ijrosini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarni nazorat-tahlil tartibida oʻrganish hamda oʻrganishlar yakunlari boʻyicha davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari mansabdor shaxslarining axborotini eshitishga alohida eʼtibor qaratilgan.
Mazkur davrda nazorat-tahlil faoliyati doirasida 13 ta tadbir oʻtkazilgan va ulardan 9 tasi qonun va qonunosti hujjatlarining ijro etilishi holatini oʻrganishga, 4 tasi davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari rahbarlarining axborotini eshitishga taalluqlidir.
Qoʻmita aʼzolari tomonidan saylovchilar koʻtargan masalalar asosida hamda joylarda olib borilayotgan oʻrganishlar davomida aniqlangan kamchiliklar va muammolarni mutasaddilar eʼtiborini qaratgan holda hal etishga ustuvor ahamiyat berilgan.
Bu borada Qoʻmita tashabbusi bilan 3 ta parlament soʻrovi, shuningdek Qoʻmita aʼzolarining mansabdor shaxslarga saylovchilarning qonuniy huquq va manfaatlarini taʼminlash bilan bogʻliq masalalar yuzasidan jami 35 ta deputat soʻrovi yuborilgan.
2021-yilda Qoʻmitaga jismoniy va yuridik shaxslardan 285 ta murojaat kelib tushgan. Shuningdek Qoʻmita aʼzolarining saylov okruglaridagi faoliyati mobaynida fuqarolar tomonidan taqdim etilgan 354 ta murojaat belgilangan tartibda koʻrib chiqilgan.
Qoʻmita faoliyati haqida keng jamoatchilikni oʻz vaqtida xabardor qilish, nazorat-tahlil tadbirlari yakunlari va Qoʻmita masʼulligida koʻrib chiqilayotgan qonun loyihalarining mazmun-mohiyatini aholiga muntazam ravishda tushuntirib borishga qaratilgan 138 ta yigʻilish va 47 ta tadbir tashkil etilgan.
Hisobot davrida Qoʻmita aʼzolari tomonidan ommaviy axborot vositalarida jami 2061 marotaba chiqishlar qilingan hamda qonun ijodkorligi va Qoʻmita faoliyatiga oid materiallarning muntazam yoritib borilishi taʼminlangan.
Yuqorida bayon etilganlardan kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qoʻmitasining 2021-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qoʻmitasi:
qonun loyihalarini ishlab chiqish hamda Qoʻmita masʼul boʻlgan qonun loyihalarini maromiga yetkazishda keng jamoatchilikning takliflari va fikr-mulohazalarini hisobga olish, nazorat-tahlil tadbirlariga soha mutaxassislarini va ekspertlarni jalb etish;
davlat organlari va tashkilotlari mansabdor shaxslarining ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, aholini ichimlik suvi bilan taʼminlash, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan faoliyati yuzasidan axborotini eshitib borish amaliyotini davom ettirish;
jismoniy va yuridik shaxslarning Qoʻmita nomiga yuborilgan murojaatlarida koʻtarilgan dolzarb muammolarni har tomonlama tahlil qilish, ularda keltirilgan muammolarni joyiga chiqib oʻrganish, koʻtarilgan muammolarni toʻliq bartaraf etish borasida mutasaddi vazirliklar, davlat qoʻmitalari hamda idoralar tomonidan koʻrilayotgan choralar ustidan taʼsirchan parlament nazoratini amalga oshirish choralarini koʻrsin.
3. Ushbu Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari X. Gapporov zimmasiga yuklatilsin.
4. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2022-yil 11-aprel,
2011-IV-son