Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazida davolanayotgan bolalar uchun maktabgacha taʼlim va tarbiya hamda umumiy oʻrta taʼlim berish tizimini joriy qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Keyingi tahrirga qarang.
Gematologiya va onkologiya yoʻnalishlari boʻyicha davolanayotgan bolalarga uzluksiz taʼlim-tarbiya berishni taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
Keyingi tahrirga qarang.
1. Xalq taʼlimi vazirligi, Maktabgacha taʼlim vazirligi va Sogʻliqni saqlash vazirligining:
Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazida (keyingi oʻrinlarda — Markaz) davolanayotgan bolalarga maktabgacha taʼlim va tarbiya hamda umumiy oʻrta taʼlim berish maqsadida “Mehrli maktab” loyihasini amalga oshirish;
Markazda davolanayotgan bolalarga maktabgacha taʼlim va tarbiya hamda umumiy oʻrta taʼlim berish jarayonlarini samarali tashkil etish uchun “Mehrli maktab” davlat taʼlim muassasasini (keyingi oʻrinlarda — Mehrli maktab) tashkil etish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
2. Belgilansinki:
Mehrli maktab yuridik shaxs maqomiga ega boʻlib, Xalq taʼlimi vazirligi huzurida tashkil etiladi;
Keyingi tahrirga qarang.
Mehrli maktab rahbar va xodimlarining shtat birliklari Xalq taʼlimi vazirligi hamda Maktabgacha taʼlim vazirligi tizimining amaldagi shtat birliklari hisobidan shakllantiriladi;
Keyingi tahrirga qarang.
Xalq taʼlimi vazirligi va Maktabgacha taʼlim vazirligiga Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda Mehrli maktabning shtatlar jadvaliga amaldagi xodimlar shtatlari doirasida oʻzgartirish kiritish vakolati beriladi;
Keyingi tahrirga qarang.
Mehrli maktab xodimlarining ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlar hamda maktabning faoliyatini samarali tashkil etish bilan bogʻliq xarajatlar (Markaz tomonidan qoplanadigan xarajatlardan tashqari) Xalq taʼlimi vazirligiga respublika budjetidan ajratilgan mablagʻlar hisobidan qoplanadi;
Keyingi tahrirga qarang.
Mehrli maktab tomonidan davolanayotganlar uchun taʼlim jarayonini tashkil etishda Markazda foydalaniladigan xonalarni saqlash bilan bogʻliq barcha xarajatlar (kommunal, joriy taʼmirlash, qoʻriqlash, tozalash va boshqalar) Sogʻliqni saqlash vazirligiga respublika budjetidan ajratilgan mablagʻlar hisobidan qoplanadi;
Keyingi tahrirga qarang.
Mehrli maktab xodimlari mehnatining alohida sharoitlari uchun Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan qoʻshimcha har oylik 100 foiz, Xalq taʼlimi sohasidagi islohotlarga koʻmaklashish jamgʻarmasi hisobidan 100 foiz miqdorida ustama haqi toʻlanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazida davolanayotgan bolalar uchun maktabgacha va umumiy oʻrta taʼlim berishni tashkil etish toʻgʻrisida nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
Keyingi tahrirga qarang.
Mehrli maktab faoliyatining maqsad va vazifalari;
Mehrli maktabning huquq va majburiyatlari;
Mehrli maktabda maktabgacha taʼlim va tarbiya jarayonini tashkil etish;
Mehrli maktabda umumiy oʻrta taʼlim jarayonini tashkil etish;
Mehrli maktabning taʼlim jarayoni ishtirokchilari faoliyatini tashkil etish;
Mehrli maktabni moliyalashtirish.
4. Moliya vazirligi:
Keyingi tahrirga qarang.
joriy yil uchun talab etiladigan zarur mablagʻlarning Xalq taʼlimi vazirligi va Maktabgacha taʼlim vazirligining asoslangan hisob-kitoblariga asosan qoʻshimcha ravishda ajratilishini taʼminlasin;
2023-yildan boshlab har yili Davlat budjeti parametrlarida Xalq taʼlimi vazirligi va Sogʻliqni saqlash vazirligi uchun respublika budjetidan ajratilgan xarajatlarda ushbu qaror ijrosi uchun zarur mablagʻlarni nazarda tutsin.
Keyingi tahrirga qarang.
5. Markazning moddiy-texnika taʼminoti uchun davlat xaridlari toʻgʻrisidagi shartnomalar, shu jumladan ushbu qaror eʼlon qilingan sanadan oldin tuzilgan shartnomalar, kapital qoʻyilmalar boʻyicha shartnomalar ekanligi eʼtiborga olinsin.
6. Xalq taʼlimi vazirligi:
Keyingi tahrirga qarang.
ikki hafta muddatda Mehrli maktabning ustavi tasdiqlanishi, shuningdek, uning belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazsin;
Maktabgacha taʼlim vazirligi bilan birgalikda Mehrli maktab faoliyatini samarali tashkil qilinishini taʼminlasin;
Keyingi tahrirga qarang.
manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
7. Mehrli maktab Toshkent shahri, Chilonzor tumani, Arnasoy koʻchasi, 17-A-uy manzilida joylashgan Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazi binosiga tekin foydalanish huquqi asosida joylashtirilsin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi xalq taʼlimi vaziri B.O. Saidov hamda Oʻzbekiston Respublikasi maktabgacha taʼlim vaziri A.V. Shin zimmalariga yuklansin.
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2022-yil 5-may,
234-son
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 5-maydagi 234-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazida davolanayotgan bolalarga maktabgacha va umumiy oʻrta taʼlim berishni tashkil etish toʻgʻrisida
NIZOM
Keyingi tahrirga qarang.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazida (keyingi oʻrinlarda — Markaz) davolanayotgan bolalarga maktabgacha va umumiy oʻrta taʼlim berish jarayonlarini tashkil etish tartibini belgilaydi.
Markazda davolanayotgan bolalarga maktabgacha va umumiy oʻrta taʼlim berish jarayonlarini tashkil etish uchun Xalq taʼlimi vazirligi huzurida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan “Mehrli maktab” davlat taʼlim muassasasi (keyingi oʻrinlarda — Mehrli maktab) tashkil etiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Mehrli maktab oʻz ustaviga, mustaqil balansga, shaxsiy gʻazna hisobvaraqlariga (davlat taʼlim muassasalari uchun), bank hisobvaraqlariga, Davlat gerbi tasviri tushirilgan va oʻz nomi davlat tilida yozilgan muhrga, shtampga va blankalarga ega boʻladi.
3. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
davolanayotganlar — Markazda tibbiy xizmat koʻrsatilayotgan 18 yoshga toʻlmagan voyaga yetmagan shaxslar;
Keyingi tahrirga qarang.
taʼlim va tarbiya xizmatlari — maktabgacha va umumiy oʻrta taʼlim tashkil etish xizmatlari;
asosiy maktab — davolanayotganlar doimiy yashash manzili boʻyicha taʼlim olayotgan davlat va nodavlat umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlari.
2-bob. Mehrli maktab faoliyatining maqsad va vazifalari
4. Quyidagilar Mehrli maktab faoliyatining maqsadlari hisoblanadi:
Mehrli maktabda davolanayotlarning hayotga ijtimoiy moslashishini, ularning maktabgacha taʼlim tashkilotlari hamda umumtaʼlim muassasalarida taʼlimni davom ettirishga tayyorligini taʼminlash;
Keyingi tahrirga qarang.
Mehrli maktabda davolanayotganlarning hayoti va sogʻligʻi muhofazasini taʼminlash;
Mehrli maktabda davolanayotganlarga taʼlim va tarbiya xizmatlarini koʻrsatish.
Keyingi tahrirga qarang.
5. Quyidagilar Mehrli maktab faoliyatining asosiy vazifalari hisoblanadi:
a) maktabgacha taʼlimni tashkil etish sohasida:
uzoq muddatli davolanishga muhtoj bolalarga individual taʼlim dasturlarini oʻzlashtirishga imkon beruvchi qulay muhitni yaratish;
ilk va maktabgacha yoshdagi bolalarning rivojlanishiga qoʻyiladigan davlat talablariga, shuningdek, ular asosida ishlab chiqilgan taʼlim-tarbiya va korreksion faoliyatni tashkil etishga doir dasturlarga muvofiq tarbiyalanuvchilarni taʼlim-tarbiya va korreksion-pedagogik yordam bilan taʼminlash;
bolalar rivojlanishidagi nuqsonlarning tibbiy abilitatsiya va reabilitatsiya, kompensatsiya hamda korreksiya ishlarini olib borish;
bolalarning sifatli maktabgacha taʼlim va tarbiya olishiga imkon beruvchi shart-sharoitlar yaratish;
bolalarning ijtimoiy moslashuvi va taʼlim va tarbiya olishni davom ettirishga tayyorligini taʼminlash;
bolalarni maktabgacha taʼlim tashkilotlari va umumtaʼlim muassasalarida oʻqishga tayyorlash;
bolalarda Vatanga muhabbat, oilaga, oʻz xalqining milliy, tarixiy, madaniy qadriyatlariga hurmat tuygʻularini shakllantirish, atrof muhitga ehtiyotkorlik bilan munosabatda boʻlishga oʻrgatish;
bola shaxsini shakllantirish, uning ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirish, ular ijtimoiy tajriba olishini taʼminlash;
davolash guruhlaridagi taʼlim-tarbiya jarayonlariga zamonaviy oʻquv dasturlari va texnologiyalarini joriy etish;
har bir bolaga individual yondashuvni taʼminlash;
shaxsning psixologik xususiyatlarini hisobga olish;
davolash va oʻqitish jarayonlarida bolalar va ota-onalarga har tomonlama yordam berish;
samarali reabilitatsiya qilish maqsadida tibbiy-psixologik va pedagogik korreksiya ishlarini olib borish.
b) umumiy oʻrta taʼlimni tashkil etish sohasida:
davolanayotganlarning umumiy oʻrta taʼlimning Davlat taʼlim standarti va oʻquv dasturlari asosida uzluksiz taʼlim olishlarini taʼminlash;
davolanayotganlarning aqliy va jismoniy rivojlanishiga yordam beradigan shart-sharoitlar yaratish;
davolanayotganlarning individual qobiliyatlarini rivojlantirish, iqtidorli va qobiliyatli bolalarni taqdirlash va qoʻllab-quvvatlash uchun zarur shart-sharoitlar yaratish;
davolanayotganlarning psixofiziologik yosh xususiyati, qobiliyati, qiziqishi hamda hayoti va sogʻligʻi muhofazasi talablariga muvofiq ravishda taʼlim olishlarini taʼminlash;
taʼlim berish jarayonida davolanayotganlarning sogʻligʻini himoyalovchi dars jadvaliga rioya etilishini taʼminlash;
davolanayotganlarning darsdan tashqari vaqtlarida iqtidorini rivojlantirishga qaratilgan toʻgarak mashgʻulotlarini olib borish;
dars mashgʻulotlarini olib borish uchun malakali pedagoglar bilan taʼminlash;
davolanayotganlar va pedagog xodimlariga taʼlim va tarbiya xizmatlarini koʻrsatish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish;
kunlik davolanayotganlarning sogʻligʻi holatidan kelib chiqib darslarga qoʻyilganlarning roʻyxatini tasdiqlash;
darslarga qoʻyilgan davolanayotganlarning sogʻligʻi holatini kuzatish.
davolanayotganlar tomonidan davolanishning ustuvorligini taʼminlash boʻyicha oʻquv dasturlarini, taʼlim xizmatlarini koʻrsatish jadvallarini va imtihon sanalarini muvofiqlashtirish.
3-bob. Mehrli maktabning huquq va majburiyatlari
6. Mehrli maktab quyidagi huquqlarga ega:
maktabgacha va umumiy oʻrta taʼlim berishni taʼminlash maqsadida Markazning tarkibiy boʻlinmalaridan zarur boʻlgan maʼlumotlarni soʻrash;
Keyingi tahrirga qarang.
taʼlim va tarbiya olishga ruxsat etilgan davolanayotganlar roʻyxatiga shifokorlar xulosasiga koʻra oʻzgartirishlar kiritish;
taʼlim va tarbiya olishga jalb etilgan davolanayotganlarning sogʻligʻini himoya qilish uchun taʼlim va tarbiya xizmatlarini koʻrsatishni toʻxtatib turish.
Mehrli maktab oʻziga yuklangan vazifalarni oʻz vaqtida va sifatli bajarishi shart.
4-bob. Mehrli maktabda maktabgacha taʼlim va tarbiya jarayonini tashkil etish
7. Mehrli maktabda quyidagi maktabgacha guruhlar tashkil etilishi va faoliyat koʻrsatishi mumkin:
maktabgacha taʼlim gospital guruhlari — statsionar davolanayotgan, sogʻligʻi sababli maktabgacha taʼlim tashkilotlariga bora olmaydigan 2 yoshdan 7 yoshgacha boʻlgan bolalar uchun davolash-profilaktika muassasalarida tashkil etilgan guruhlar;
ilk rivojlanish yoshidagi bolalarga moʻljallangan oʻyin guruhlari — 1,5 yoshdan 2 yoshgacha boʻlgan bolalar uchun statsionar davolash-profilaktika muassasalarida tashkil etiladigan guruhlar. Ularda parvarish qilish va nazorat qilish ishlari ota-onalarning faol ishtirokida tashkil etiladi;
maktabgacha taʼlim gospital guruhlari, ilk rivojlanish yoshidagi bolalarga moʻljallangan oʻyin guruhlari (keyingi oʻrinlarda — maktabgacha gospital guruhlari).
8. Mehrli maktabda davolanayotgan maktabgacha gospital guruhlari uchun taʼlim-tarbiya jarayoni mazmuni Maktabgacha taʼlim vazirligi tomonidan tasdiqlangan Davlat oʻquv dasturi asosida ishlab chiqilgan dastur (jumladan, mualliflik, moslashtirilgan va boshqa dastur) bilan, ilk va maktabgacha taʼlim yoshidagi bolalar rivojlanishiga qoʻyilgan davlat talablariga muvofiq belgilanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
9. Markazda maktabgacha gospital guruhlari Ilk va maktabgacha yoshdagi bolalar rivojlanishiga qoʻyiladigan davlat talablari va Maktabgacha taʼlim davlat oʻquv dasturiga muvofiq bolalarning yoshiga oid xususiyatlarini inobatga olgan holda tashkil etiladi va jihozlanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
10. Davolanayotganlarni maktabgacha gospital guruhlariga qabul qilish Mehrli maktab tomonidan taqdim etiladigan roʻyxatlar asosida amalga oshiriladi.
11. Mehrli maktabning bir guruh xonasida 2 tadan koʻp boʻlmagan maktabgacha gospital guruhlari faoliyatini ikki smenada alohida tashkil etishga ruxsat etiladi.
12. Maktabgacha gospital guruhlari ham bir xil yoshdagi, ham turli yoshdagi davolanayotganlar bilan toʻldirilishi mumkin.
13. Bolalarni guruhlardan chiqarish davolayotgan shifokorning davolanishni tugatish toʻgʻrisidagi koʻchirmasi yoki maʼlumotnomasi asosida amalga oshiriladi.
14. Shifokor tomonidan har kuni oʻtkaziladigan koʻrik natijalariga koʻra, davolanayotganlar darsdan vaqtincha chetlashtirilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
15. Markazda yotgan, harakatlanish va odamlar bilan aloqa qilish tavsiya etilmaydigan davolanayotganlar uchun individual taʼlim va tarbiya xizmatlari tashkil etilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
16. Maktabgacha gospital guruhlari 15 nafargacha davolanayotganlar bilan toʻldiriladi.
17. Taʼlim-tarbiya jarayoni yillik, kalendar-mavzuli rejalar va mashgʻulotlar jadvali bilan tartibga solinadi.
Keyingi tahrirga qarang.
18. Maktabgacha guruhlarda taʼlim-tarbiya jarayoni mazmunan davolanayotgan shaxsga yoʻnaltirilgan hamda rivojlanishini taʼminlaydigan innovatsion pedagogik texnologiyalardan foydalanishni oʻz ichiga oladi.
19. Maktabgacha guruhlarda taʼlim-tarbiya jarayoni statsionar davolash-profilaktika muassasasining tibbiyot xodimlari bilan birgalikda ishlab chiqilgan individual taʼlim yoʻnalishi asosida bolalarning individual xususiyatlarini hisobga olgan holda tashkil etiladi.
20. Taʼlim-tarbiya jarayoni doirasida frontal, kichik guruh va yakka tartibdagi mashgʻulotlar shakllari bolalarning ishtiroki, ularning oʻzaro individual va kattalar bilan birgalikdagi faoliyatini oʻz ichiga oladi. Bunda, mashgʻulotlarning frontal, kichik guruh, individual shakllari “Ilk qadam” Davlat oʻquv dasturi asosida tasdiqlangan kun tartibi va mashgʻulotlar jadvaliga muvofiq olib boriladi.
21. Maktabgacha guruhlarida bolalarni oʻqitish va tarbiyalash quyidagi tamoyillar asosida amalga oshiriladi:
bolaning huquqlari, individual xususiyatlar va rivojlanish salohiyatini hisobga olish;
taʼlim faoliyatida bolaning rivojlanish sohalarining oʻzaro bogʻliqligi;
bolaning salomatligini asrash va mustahkamlash, uning ehtiyojlarini, shu jumladan, harakatga boʻlgan ehtiyojini qondirish;
bolaning ijodiy qobiliyatlarini qoʻllab-quvvatlash;
oʻyin orqali oʻqitish va rivojlantirish;
bolaning rivojlanishi va ijtimoiylashuvi uchun qulay muhit yaratish;
bola uchun xavfsiz muhitni taʼminlash;
oila bilan hamkorlik;
milliy madaniy anʼanalarga, bagʻrikenglikka hurmat ruhida tarbiyalash;
ijtimoiy moslashtirish;
maxsus taʼlim metodologiyasidan foydalanish, taʼlim jarayonini tashkil etishga tabaqalashtirilgan yondashuv.
22. Maktabgacha gospital guruhlaridagi mashgʻulotlar davomiyligi statsionar davolash-profilaktika muassasasining tibbiyot xodimlari bilan birgalikda pedagoglar tomonidan bolalarning individual va yosh xususiyatlarini hisobga olgan holda belgilanadi, bunda haftalik oʻquv yuklamasi va mashgʻulotlar soni belgilangan eng koʻp miqdordan oshib ketishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
23. Maktabgacha guruhlarda bolalar bilan metodik ishlar va taʼlim-tarbiya jarayonining tashkil etilishi, hujjatlar yuritilishini nazorat qilish maktabgacha taʼlim va tarbiyani tashkil etish boʻyicha direktor oʻrinbosari (metodist) tomonidan amalga oshiriladi.
24. Bolaning qonuniy vakillari bilan oʻzaro munosabatlari Markazga qabul qilingan paytda tuzilgan shartnoma bilan tartibga solinadi.
Keyingi tahrirga qarang.
25. Maktabgacha guruhlarda taʼlim va tarbiya “Davlat tili haqida”gi Qonunga muvofiq davlat tilida va boshqa tillarda olib boriladi.
5-bob. Mehrli maktabda umumiy oʻrta taʼlim jarayonini tashkil etish
26. Markazda davolanayotganlar uchun Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan tasdiqlangan namunaviy tayanch oʻquv rejasi va taʼlim dasturlariga muvofiq alohida ishlab chiqilgan oʻquv rejasi asosida 1 — 11-sinflar hajmida umumiy oʻrta taʼlim beriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
27. Xalq taʼlimi vazirligi har yili 1-iyulga qadar Mehrli maktab uchun alohida tasdiqlangan oʻquv rejasi va oʻquv dasturlarini ishlab chiqadi.
Keyingi tahrirga qarang.
28. Davolanayotganlar Markazda boʻlib turgan vaqtda davolovchi shifokor xulosasiga koʻra ota-onalar yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar (keyingi oʻrinlarda — ota-onalar) roziligi bilan umumiy oʻrta taʼlimga jalb qilinadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Bunda, oʻquvchilar davolanishga kelgan kundan boshlab uch kun mobaynida davolovchi shifokorning umumiy oʻrta taʼlimga jalb etish boʻyicha xulosasi beriladi.
Davolovchi shifokorning ijobiy xulosasi va ota-onalarning yozma roziligi Mehrli maktabga taqdim etiladi.
Zaruriyatga koʻra davolovchi shifokor xulosasi bilan oʻquvchi uchun tashkil etilgan dars jarayonlari vaqtinchalik toʻxtatilishi ham mumkin.
29. Markazda davolanayotganlarni oʻqitish muddati davolovchi shifokorlarning tibbiy koʻrsatmalariga muvofiq ota-onalar roziligi bilan belgilanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
30. Davolanayotganlar uchun dars mashgʻulotlari davolovchi shifokor xulosasiga koʻra guruhlarda (sinf) yoki markazda yotgan, harakatlanish va insonlar bilan muloqot qilish tavsiya etilmagan davolanayotganlar uchun individual tarzda olib boriladi.
31. Davolanayotganlar Markazga kelgan kunidan boshlab davolanish muddatiga koʻra, Mehrli maktabga qabul qilinadi. Bunda oʻquvchi doimiy yashash manzilida taʼlim olayotgan asosiy maktabning oʻquvchilar safidan chiqarilmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
32. Davolanish muddati tugaganidan soʻng oʻquvchilar Markazdan chiqarilgan kundan boshlab Mehrli maktabdan chiqariladi. Buning uchun shifokorning davolanish muddati yakunlanganligini tasdiqlovchi xulosasi asos boʻladi.
Keyingi tahrirga qarang.
33. Mehrli maktab tomonidan davolanayotganlarga davolanish muddati davomida umumiy oʻrta taʼlim dasturlari asosida tegishli fanlar boʻyicha oʻzlashtirish natijalari koʻrsatilgan maʼlumotnoma beriladi.
Ushbu hujjat davolanayotganlarning doimiy tarzda taʼlim olayotgan asosiy maktabida oʻqishni davom ettirishi uchun asos boʻladi.
34. Davolanayotganlarning bosqichli va yakuniy davlat attestatsiyasini oʻtkazish Markazda davolanish vaqtiga toʻgʻri kelganda bosqichli va yakuniy davlat attestatsiyasi Mehrli maktab tomonidan tashkil etiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Bunda bitiruvchi sinf oʻquvchilariga (9 va 11-sinflar) davlat namunasidagi hujjat (shahodatnoma) Mehrli maktab tomonidan berilgan yakuniy davlat attestatsiyasi natijalari va oʻzlashtirish tabeli asosida oʻquvchining doimiy tarzda taʼlim olayotgan asosiy maktabi tomonidan beriladi.
35. Davolanayotganlarning taʼlim olish, ixtiyoriy ravishda turli toʻgaraklarga qatnashish, davolanish va dam olishni asosli ravishda uygʻunlashtirishni taʼminlaydigan kun tartibi bolalarning Markazda boʻlishi muddatini hisobga olgan holda tuziladi.
Keyingi tahrirga qarang.
36. Dars mashgʻulotining davomiyligi boshlangʻich taʼlim (maktab)ning 1 — 4 sinflarda — 35 daqiqa, 5 — 11 sinflarda — 40 daqiqa boʻladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Bunda bir kunlik dars mashgʻulotlari 1 — 4 sinflarda 3 soatdan, 5 — 11 sinflarda 4 soatdan oshmasligi lozim.
Oʻquv haftasi davomiyligi 5 kunlik asosida olib boriladi.
37. Markazda davolanayotganlar uchun turli toʻgaraklar, qiziqishlariga koʻra seksiyalar va bolalarning intellektual hamda ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirishga moʻljallangan studiyalar tashkil etilishi mumkin.
38. Davolanayotganlarni psixologik jihatdan qoʻllab-quvvatlash, ularning maxsus kasbiy tayyorgarlik koʻnikmalarini shakllantirish hamda rivojlanishiga toʻsqinlik qilayotgan omillarni aniqlash, shuningdek ularga turli koʻrinishdagi psixologik yordam berish maqsadida professional psixologik yordam koʻrsatish xonasi tashkil etiladi.
6-bob. Mehrli maktabning taʼlim jarayoni ishtirokchilari faoliyatini tashkil etish
39. Mehrli maktab tashkilotiga uning direktori rahbarlik qiladi.
Mehrli maktab direktori Xalq taʼlimi vazirining buyrugʻi bilan tayinlanadi hamda lavozimdan ozod etiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
40. Direktor Mehrli maktabga yuklatilgan maqsadlar amalga oshirilishiga hamda belgilangan vazifalar va majburiyatlar oʻz vaqtida va sifatli bajarilishiga masʼul hisoblanadi.
Shuningdek, Mehrli maktab direktori tashkiliy-huquqiy, oʻquv-tarbiyaviy, maʼnaviy-maʼrifiy va moliyaviy faoliyatining tashkil etilishiga bevosita masʼul hisoblanadi.
41. Mehrli maktab xodimlari Xalq taʼlimi vazirligi bilan kelishgan holda direktor tomonidan tayinlanadi va egallab turgan lavozimidan ozod etiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
42. Mehrli maktab direktori va xodimlarning lavozim majburiyatlari Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan, maktabgacha taʼlim va tarbiya berish boʻyicha xodimlarning lavozim majburiyatlari Maktabgacha taʼlimi vazirligi bilan kelishgan holda tasdiqlanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
43. Mehrli maktab xodimlariga mazkur Nizom talablarini bajarish bilan bogʻliq boʻlmagan koʻrsatmalar berish taqiqlanadi.
44. Xalq taʼlimi vazirligi Mehrli maktabning shtatlar jadvalini tasdiqlaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
45. Mehrli maktabning shtatlar jadvaliga tajriba-sinov tariqasida quyidagi lavozimlarning shtat birliklari kiritiladi:
Keyingi tahrirga qarang.
Mehrli maktab direktori — 1 nafar shtat birligi;
umumiy oʻrta taʼlimni tashkil etish boʻyicha direktor oʻrinbosari — 1 nafar shtat birligi;
maktabgacha taʼlim va tarbiyani tashkil etish boʻyicha direktor oʻrinbosari (metodist) — 1 nafar shtat birligi;
Keyingi tahrirga qarang.
umumiy oʻrta taʼlimni tashkil etish boʻyicha pedagog xodimlar uchun 20 nafar shtat birligi;
maktabgacha taʼlim va tarbiyani tashkil etish uchun 1 nafar defektolog, 1 nafar psixolog, 1 nafar musiqa rahbari hamda har 1 gospital guruh uchun — 1 stavka tarbiyachi va 1 stavka tarbiyachi yordamchisi shtatlar birligi.
Bunda Xalq taʼlimi vazirligi, Maktabgacha taʼlim vazirligi hamda Moliya vazirligiga Mehrli maktabning shtatlar jadvaliga oʻzgartirish kiritish, jumladan, qoʻshimcha shtat birliklarini kiritish vakolati beriladi. Shuningdek, mazkur organlarga amaldagi qonunchilikda belgilangan tegishli lavozimlar va shtat birliklari kiritiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
46. Oʻquv jarayonini tashkil etish uchun Mehrli maktab xodimlariga haq toʻlash shartlari quyidagicha belgilanadi:
Mehrli maktab direktori uchun oʻquvchilar kontingentining birinchi guruh uchun belgilangan umumtaʼlim muassasasi direktorining bazaviy tarif stavkasi qoʻllaniladi;
Mehrli maktab umumiy oʻrta taʼlimni tashkil etish boʻyicha direktor oʻrinbosari uchun oʻquvchilar kontingentining birinchi guruhi uchun belgilangan umumtaʼlim muassasalari oʻquv ishlari boʻyicha direktor oʻrinbosarining bazaviy tarif stavkasi qoʻllaniladi;
Keyingi tahrirga qarang.
umumiy oʻrta taʼlimni tashkil etish boʻyicha pedagog xodim lavozimi uchun umumtaʼlim muassasalari birinchi malaka toifali oʻqituvchisining bazaviy tarif stavkasi qoʻllaniladi;
maktabgacha taʼlim va tarbiyani tashkil etish boʻyicha direktor oʻrinbosari (metodist) uchun maktabgacha taʼlim tashkiloti direktorining bazaviy tarif stavkasidan 5 foizga kamaytirilgan holda qoʻllaniladi;
Keyingi tahrirga qarang.
maktabgacha taʼlimni tashkil etish boʻyicha pedagog xodim lavozimi uchun maktabgacha taʼlim tashkilotining oliy maʼlumotli pedagoglarining bazaviy tarif stavkasi qoʻllaniladi;
Mehrli maktab bosh buxgalteri uchun Psixologik-pedagogik respublika tashxis markazining bosh buxgalteriga belgilangan mehnatga haq toʻlash razryadi qoʻllaniladi.
47. Umumiy oʻrta taʼlimni tashkil etish boʻyicha direktor oʻrinbosari:
oʻquv jarayonini tashkil qiladi, davlat taʼlim standartlariga muvofiq oʻquv rejasi va dasturlarning bajarilishini taʼminlaydi;
pedagogik xodimga belgilangan ish yuklamasini, jumladan, oʻquv jarayoni, oʻquv jarayonining metodik taʼminoti va tashkiliy-pedagogik jarayonlarga oid ishlar oʻz vaqtida bajarilishini taʼminlaydi;
xodimlarning vakolatlarini belgilaydi, ular oʻrtasida vazifalarni taqsimlaydi va ularning masʼullik darajasini belgilaydi;
oʻquvchilarning oʻzlashtirishining monitoringini amalga oshiradi, toʻgaraklarning faoliyatini tashkil qiladi;
oʻquv rejasiga muvofiq dars jadvallarini sanitariya qoidalari va meʼyorlarini inobatga olgan holda tuzadi;
pedagoglar va oʻquv-tarbiya xodimlari tarkibining ish vaqtini hisobga olish tabelini yuritadi.
Umumiy oʻrta taʼlimni tashkil etish boʻyicha direktor oʻrinbosari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa funksiyalarni ham amalga oshirishi mumkin.
48. Maktabgacha taʼlim va tarbiyani tashkil etish boʻyicha direktor oʻrinbosari (metodist):
Markazdagi metodik faoliyatga rahbarlik qiladi;
maktabgacha taʼlim sohasiga oid normativ-hujjatlarni amaliyotga toʻlaqonli tatbiq etadi;
Markazning oʻquv-metodik faoliyatini samarali tashkil etadi;
bolalarni har tomonlama intellektual, maʼnaviy-estetik va jismoniy rivojlantiruvchi zamonaviy taʼlim dasturlari va texnologiyalarini taʼlim-tarbiya jarayoniga joriy etadi, ularning maktabga tayyorgarlik darajasini tubdan oshirish yuzasidan pedagog kadrlar bilan ish olib boradi, ularga metodik maslahatlar berib boradi;
Markaz pedagog xodimlarining ish rejalari, oʻquv-mavzuli rejalari hamda mashgʻulotlarga tayyorgarlik holatlarini nazorat qiladi;
Markazda tarbiyalanuvchilarning intellektual, axloqiy, estetik va jismoniy jihatdan rivojlanishini kuzatadi, baholashga doir maʼlumotlarni umumlashtirish, tahlil qilish va natijasiga koʻra aniqlangan boʻshliqlarni toʻldirish yuzasidan zarur chora-tadbirlarni belgilaydi;
Markazning yillik ish rejasida belgilangan vazifalar tegishliligi boʻyicha sifatli va samarali, oʻz vaqtida bajarilishini taʼminlaydi, pedagogik jamoaga taʼlimdagi yangiliklarni yetkazish boʻyicha nazariy, amaliy seminar mashgʻulotlarini tashkil etadi;
Markazdagi guruh xonalarini bolalar yoshiga mos ravishda jihozlash yuzasidan tegishli maslahatlar beradi;
taʼlim-tarbiya jarayonida bolalarda umumiy asosiy kompetensiyalar va rivojlanish sohalari kompetensiyalarini shakllantirish uchun zarur chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
axborot va pedagogik texnologiyalarni, jumladan masofaviy oʻqitish usullarini tashkil etish ishlarini qoʻllash va takomillashtirishni taʼminlaydi;
bayram ertaliklari, ochiq mashgʻulotlar, koʻrik-tanlovlar oʻtkazilishini tashkil etadi;
Markaz xodimlariga vakolati doirasida topshiriqlar berish va ularning bajarilishini nazorat qilish, xodimlarning kasbiy mahorati va metodik salohiyatini oshirish ishlarini tashkil etadi;
tashkilotni oʻquv-didaktik, metodik va koʻrgazmali materiallar, oʻyinchoqlar, oʻyin va musiqa asboblari bilan jihozlashga boʻlgan ehtiyojni aniqlaydi va rahbariyatga taklif kiritadi;
Markazda ichki mehnat tartibi qoidalariga, jamoa shartnomasiga, sanitariya qoidalari va gigiyena normalariga, shuningdek, mehnatni muhofaza qilish, texnika va yongʻin xavfsizligi qoidalariga qatʼiy rioya qilishni taʼminlaydi;
maktabgacha taʼlim pedagog xodimlariga metodik yordam beradi va ularning pedagogik faoliyatini tahlil qiladi;
maktabgacha taʼlim pedagog xodimlarining tasdiqlangan ish rejalarida belgilangan vazifalar bajarilishini nazorat qiladi.
Maktabgacha taʼlim va tarbiyani tashkil etish boʻyicha direktor oʻrinbosari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa funksiyalarni ham amalga oshirishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
49. Mehrli maktabning pedagog xodimlari mehnat qonunchiligida belgilangan tartibda intizomiy javobgarlikka tortilishi mumkin.
7-bob. Mehrli maktab taʼlim jarayoni ishtirokchilari va ularning huquqlari
50. Davolanayotganlar, ota-onalar, pedagogik, tibbiy va boshqa xodimlar taʼlim va tarbiya jarayoni ishtirokchilari hisoblanadi.
51. Davolanayotganlar bepul maktabgacha va umumiy oʻrta taʼlim olish, qiziqishlariga qarab turli toʻgaraklar, seksiyalarga, bolalarning intellektual va ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirishga qaratilgan studiyalarga qatnash huquqiga ega.
52. Ota-onalar bolalarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish, Mehrli maktab tomonidan tashkil etilgan taʼlim-tarbiyaviy faoliyat bilan tanishish huquqiga ega.
53. Tegishli pedagogik maʼlumotga, tayyorgarlikka hamda yuksak axloqiy sifatlarga ega shaxslar Mehrli maktabda pedagogik faoliyat bilan shugʻullanish huquqiga egadir.
8-bob. Mehrli maktabni moliyalashtirish
54. Moliya yili davomida Mehrli maktab xodimlariga Davlat budjeti hisobidan bir oylik ish haqi fondini yoʻnaltirgan holda moddiy yordam va ikki oylik ish haqi fondini yoʻnaltirgan holda moddiy ragʻbatlantirish koʻrsatiladi.
55. Mehrli maktab xodimlariga qoʻshimcha ustama, mukofotlar va moddiy ragʻbatlantirishlarning boshqa turlari qoʻllanilishiga ruxsat etiladi.
56. Mehrli maktabning budjetdan tashqari jamgʻarmasi mablagʻlarini shakllantirish hamda ulardan foydalanish Vazirlar Mahkamasining “Xalq taʼlimi tizimidagi tashkilotlarning budjetdan tashqari jamgʻarmalari mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2021-yil 27-apreldagi 243-son qarori asosida tartibga solinadi.
9-bob. Yakunlovchi qoida
57. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilikka muvofiq javob beradilar.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.05.2022-y., 09/22/234/0382-son; 30.03.2023-y., 09/23/134/0181-son; 15.07.2025-y., 09/25/439/0619-son)