Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlarini moddiy qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Aholi turmush darajasini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar izchilligini taʼminlash, fuqarolarni ijtimoiy himoya qilish va moddiy qoʻllab-quvvatlash, ularning daromadlarini inflyatsiya darajasiga qarab indeksatsiyalab borish hamda tegishli ijtimoiy toʻlovlar miqdorining minimal isteʼmol xarajatlari qiymatidan kam boʻlmasligini taʼminlash maqsadida:
1. 2022-yil 1-maydan boshlab yoshga doir, nogironlik va boquvchisini yoʻqotganlik pensiyalari miqdori 12 foizga oshirilsin.
2. 2022-yil 1-maydan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi hududida:
pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori — oyiga 324 000 soʻm;
yoshga doir eng kam pensiya miqdori — oyiga 633 000 soʻm;
nogironlik pensiyalari, jumladan ish staji toʻliq boʻlmagan chogʻdagi nogironlik pensiyasining eng kam miqdori — oyiga 698 000 soʻm;
mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nogironlik nafaqasi va bolalikdan nogironligi boʻlgan shaxslarga beriladigan nafaqa miqdori — oyiga 698 000 soʻm;
1941 — 1945-yillardagi urush oqibatida nogiron boʻlgan shaxslar va uning qatnashchilari, shuningdek, fashistlar konslagerlarining voyaga yetmagan sobiq mahbuslari va Leningrad shahri qamal qilingan davrda ishlagan shaxslarning eng kam pensiya miqdori ustamalarni inobatga olgan holda — oyiga 3 080 000 soʻm;
belgilangan yoshga doir eng kam pensiya miqdoridan (633 000 soʻmdan) 698 000 soʻmgacha pensiya oluvchilarning yoshga doir pensiyalari miqdori — oyiga 698 000 soʻm etib belgilansin.
3. Pensiyalar va ijtimoiy nafaqalarni minimal isteʼmol xarajatlari qiymatidan kam boʻlmagan miqdorlarda belgilash maqsadida 2022-yil 1-maydan boshlab:
zarur ish stajiga ega boʻlmagan keksa yoshdagi fuqarolarga beriladigan nafaqa miqdori — oyiga 500 000 soʻm;
ish staji toʻliq boʻlmagan chogʻdagi yoshga doir pensiyaning eng kam miqdori qoʻshimcha toʻlovni hisobga olgan holda — oyiga 500 000 soʻm;
boquvchisini yoʻqotganlik nafaqasi oluvchilarning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila aʼzosi uchun nafaqa miqdori — oyiga 500 000 soʻm etib belgilansin va keyingi har bir mehnatga qobiliyatsiz oila aʼzosi uchun — 185 000 soʻmdan qoʻshilsin;
boquvchisini yoʻqotganlik pensiyasi oluvchilarning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila aʼzosi uchun pensiyaning eng kam miqdori — oyiga 500 000 soʻm etib belgilansin va keyingi har bir mehnatga qobiliyatsiz oila aʼzosi uchun amaldagi tartibga muvofiq pensiya toʻlansin.
4. Ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni qoʻshimcha qoʻllab-quvvatlash hamda ularning ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli ogʻirlashishining oldini olish maqsadida “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali 2022-yil 1-aprelga qadar nafaqa va moddiy yordam tayinlash uchun maʼlumotlarning xato taqdim etilishi, kiritilishi va texnik sabablar tufayli fuqarolarga ortiqcha toʻlangan summalar hisobdan chiqarilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
5. Pensiyalar va nafaqalarning oshirilishi bilan bogʻliq xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti va Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplansin.
6. Moliya vazirligi (T. Ishmetov):
“Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali kam taʼminlangan oilalarga bolalar nafaqasi va moddiy yordamni tayinlashda minimal isteʼmol xarajatlari qiymatining mezon sifatida belgilanishi, mazkur turdagi toʻlovlarni oluvchilar sonining koʻpayishi hisobiga Davlat budjetidan qoʻshimcha mablagʻlar ajratilishini taʼminlasin;
2022-yil 1-noyabrga qadar davlat pensiyalari miqdorlarini har yillik inflyatsiya darajasida qayta hisoblash (oshirib borish) tizimini joriy etishni nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasining “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi Qonuniga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqidagi qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining hamda Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
8. Moliya vazirligi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi ushbu Farmonning maqsadi, vazifalari va undan kutilayotgan natijalarni ommaviy axborot vositalari, Internet va ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritish ishlarini tashkil qilsin.
9. Moliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
10. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib moliya vaziri T.A. Ishmetov belgilansin.
Farmon ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2022-yil 29-aprel,
PF-128-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 29-apreldagi PF-128-son Farmoniga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining hamda Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga 2022-yil 1-maydan kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 12-iyuldagi “Ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish toʻgʻrisida”gi PF-5765-son Farmonining 3-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“3. Belgilansinki, 2019-yil 1-avgustdan boshlab II guruh nogironligi boʻlgan yolgʻiz shaxslar — pensionerlarning pensiyalariga ustama miqdori pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining 50 foizidan 75 foiziga oshiriladi”.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 11-maydagi “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarining moddiy taʼminotini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-6224-son Farmonining 1-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“1. 2022-yil 1-maydan boshlab 1941 — 1945-yillardagi urush oqibatida nogiron boʻlgan shaxslar va uning qatnashchilari, shuningdek, fashistlar konslagerlarining voyaga yetmagan sobiq mahbuslari va Leningrad shahri qamal qilingan davrda ishlagan shaxslarning eng kam pensiya miqdori ustamalarni inobatga olgan holda — 3 080 000 soʻm etib belgilansin”.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 17-avgustdagi “Ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish toʻgʻrisida”gi PF-6279-son Farmonining 2-bandidan toʻrtinchi — oʻn ikkinchi xatboshilar chiqarib tashlansin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 17-fevraldagi “Nogironligi boʻlgan shaxslarni hamda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qoʻllab-quvvatlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-74-son Farmonining 1-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“1. 2022-yil 1-maydan boshlab nogironlik pensiyalari, shu jumladan ish staji toʻliq boʻlmagan chogʻdagi nogironlik pensiyasi hamda mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nogironlik nafaqasining eng kam miqdori 698 000 soʻm etib belgilansin”.
5. Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 7-apreldagi “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga hamda Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini amalga oshirish uchun zarur boʻlgan normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash haqida”gi 107-son qarorida:
a) 1-bandning uchinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Davlat pensiyasini tayinlash uchun zarur boʻlgan ish stajiga ega boʻlmagan shaxslarga, yoshidan qatʼiy nazar ish stajiga ega boʻlmagan I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxslarga, bolalikdan nogironligi boʻlgan farzandi bor (boʻlgan) onalarga hamda oʻzgalar parvarishiga muhtoj nogironligi boʻlgan 18 yoshgacha bolaning parvarishi bilan band boʻlgan qonuniy vakilga nafaqalar tayinlash va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin”;
b) 1-ilovada:
quyidagi mazmundagi ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi hududida belgilangan tartibda karantinli va inson uchun xavfli boʻlgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo boʻlishi va tarqalishi munosabati bilan cheklovchi choralar (karantin) joriy etilganda, agar fuqarolar cheklovchi choralar (karantin) davrida yoki ular tugatilgandan keyin nafaqa tayinlashni soʻrab bir oy ichida murojaat qilgan boʻlsa, ularga nafaqa uni olish huquqi yuzaga kelgan kundan eʼtiboran tayinlanadi”;
ikkinchi — beshinchi xatboshilar tegishincha uchinchi — oltinchi xatboshilar deb hisoblansin;
15-bandning oltinchi va yettinchi xatboshilari chiqarib tashlansin;
v) 2-ilovada:
nomlanishi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Davlat pensiyasini tayinlash uchun zarur boʻlgan ish stajiga ega boʻlmagan shaxslarga, yoshidan qatʼiy nazar ish stajiga ega boʻlmagan I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxslarga, bolalikdan nogironligi boʻlgan farzandi bor (boʻlgan) onalarga hamda oʻzgalar parvarishiga muhtoj nogironligi boʻlgan 18 yoshgacha bolaning parvarishi bilan band boʻlgan qonuniy vakilga nafaqalar tayinlash va toʻlash tartibi toʻgʻrisida nizom”;
1-bandning birinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Ushbu Nizom “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq davlat pensiyasini tayinlash uchun zarur boʻlgan ish stajiga ega boʻlmagan shaxslarga, yoshidan qatʼiy nazar ish stajiga ega boʻlmagan I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxslarga (keyingi oʻrinlarda — mehnatga layoqatsiz fuqarolar), bolalikdan nogironligi boʻlgan farzandi bor (boʻlgan) onalarga hamda oʻzgalar parvarishiga muhtoj nogironligi boʻlgan 18 yoshgacha bolaning parvarishi bilan band boʻlgan qonuniy vakilga har oylik nafaqalarni (keyingi oʻrinlarda — nafaqa) tayinlash va toʻlash tartibini belgilaydi”;
quyidagi mazmundagi toʻrtinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“parvarishlash nafaqasi”;
toʻrtinchi xatboshi beshinchi xatboshi deb hisoblansin;
4-band quyidagi mazmundagi ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Saxovat” uylarida hamda Urush va mehnat faxriylari uchun respublika pansionatlarida yashovchi davlat pensiyasini tayinlash uchun zarur boʻlgan ish stajiga ega boʻlmagan shaxslarga, ularning shaxsiy sarf-xarajatlari uchun tegishli yoshga doir yoki nogironlik nafaqasining 20 foizi miqdoridagi mablagʻ toʻlab boriladi.”;
quyidagi mazmundagi III1-bob bilan toʻldirilsin:
“III1. Parvarishlash nafaqasi
131. Parvarishlash nafaqasi oʻzgalar parvarishiga muhtoj nogironligi boʻlgan 18 yoshgacha bolaning parvarishi bilan band boʻlgan qonuniy vakilga qonunchilik hujjatlarida belgilangan miqdorlarda tayinlanadi. Bunda, parvarishlash nafaqasi oʻzgalar parvarishiga muhtoj nogironligi boʻlgan 18 yoshgacha bolaga nogironlik belgilangan muddatga tayinlanadi.
Qonuniy vakilga har bir oʻzgalar parvarishiga muhtoj nogironligi boʻlgan 18 yoshgacha bolaning parvarishi uchun alohida parvarishlash nafaqasi tayinlanadi.
132. Parvarishlash nafaqasi qonunchilik hujjatlarida belgilangan kasalliklar roʻyxatiga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi tomonidan berilgan nogironligi boʻlgan 18 yoshgacha bolaning oʻzgalar parvarishiga muhtojligi toʻgʻrisidagi elektron maʼlumotga asosan tayinlanadi.
133. Parvarishlash nafaqasi qonuniy vakilga (otasi, onasi, vasiysi, homiysi, oilaga tarbiyaga oluvchisi (patronat) va farzandlikka oluvchisi) oʻzgalar parvarishiga muhtoj nogironligi boʻlgan bola 18 yoshga toʻlguniga qadar tayinlanadi”;
171-banddagi “nafaqa” soʻzidan keyin “(parvarishlash nafaqasi bundan mustasno)” soʻzlari bilan toʻldirilsin;
quyidagi mazmundagi 172-band bilan toʻldirilsin:
“172. “Saxovat” uylarida hamda Urush va mehnat faxriylari uchun respublika pansionatlarida yashovchi shaxslarga nafaqa tayinlash toʻgʻrisida mazkur tashkilotlar maʼmuriyati tomonidan tashkilot joylashgan yerdagi Davlat xizmatlari markaziga murojaat qilinadi.”;
21-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“21. Yoshga doir nafaqa tayinlashni soʻrab ushbu Nizomning 6-bandida nazarda tutilgan yoshga toʻlgandan soʻng oltmish kun ichida;
nogironlik nafaqasini tayinlashni soʻrab nogironlik guruhi belgilanganidan soʻng oltmish kun ichida;
boquvchisini yoʻqotganlik nafaqasini tayinlashni soʻrab nafaqa olish huquqiga ega boʻlgan shaxs vafot etgan kundan boshlab olti oy ichida;
parvarishlash nafaqasini tayinlashni soʻrab nogironligi boʻlgan 18 yoshgacha bola oʻzgalar parvarishiga muhtojligi belgilanganidan soʻng oltmish kun ichida murojaat etilgan boʻlsa, nafaqa uni olish huquqi paydo boʻlgan kundan eʼtiboran tayinlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi hududida belgilangan tartibda karantinli va inson uchun xavfli boʻlgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo boʻlishi va tarqalishi munosabati bilan cheklovchi choralar (karantin) joriy etilganda, agar fuqarolar cheklovchi choralar (karantin) davrida yoki ular tugatilgandan keyin nafaqa tayinlashni soʻrab bir oy ichida murojaat qilgan boʻlsa, ularga nafaqa uni olish huquqi yuzaga kelgan kundan eʼtiboran tayinlanadi.
Qolgan barcha holatlarda nafaqa murojaat qilingan kundan boshlab tayinlanadi”;
25-bandning uchinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Nafaqalar nogironlik muddati belgilangan soʻnggi oy uchun, mehnatga layoqatli boʻlmagan oila aʼzosining 18 yoshga toʻlgan oy uchun, oʻzgalar parvarishiga muhtoj nogironligi boʻlgan bola 18 yoshga toʻlgan oy uchun toʻliq miqdorda toʻlanadi”;
26-band quyidagi mazmundagi beshinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Bunda, “Saxovat” uylarida hamda Urush va mehnat faxriylari uchun respublika pansionatlarida yashovchi shaxslarga, Davlat xizmatlari markaziga qilgan murojaatlariga asosan nafaqaning 20 foizi toʻlanadi.”;
29-band “, parvarishlash nafaqasi bundan mustasno” soʻzlari bilan toʻldirilsin.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.04.2022-y., 06/22/128/0369-son; 27.12.2025-y., 06/25/258/1223-son)