O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Kasanachilikni rivojlantirish asosida aholi bandligini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida
Kasanachilikni rivojlantirish orqali ishsiz aholi, ayniqsa xotin-qizlar, mehnatga layoqatli nogironligi bo‘lgan shaxslarning ish bilan bandligiga ko‘maklashish, ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatishni yanada kengaytirish maqsadida:
1. 2022-yil 1-iyuldan boshlab kasanachilikni mehnat shartnomasi bilan bir qatorda ishlarni bajarish, tovarlar ishlab chiqarish yoki xizmatlar ko‘rsatish haqidagi fuqarolik-huquqiy shartnomalar, shu jumladan pudrat shartnomasi asosida tashkil etishga ruxsat etilsin.
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (N. Xusanov) bir oy muddatda kasanachilik shartlarida amalga oshiriladigan faoliyat turlari ro‘yxatini tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin. Bunda, kasanachilik shartlarida ko‘rsatilishi mumkin bo‘lgan xizmat turlarini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
2. Belgilansinki:
a) 2022-yil 1-iyuldan 2025-yil 1-yanvarga qadar:
kasanachilarga jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i kasanachilikdan olinadigan jami daromadni 50 foizga, biroq hisobot davrida (bir oyda) ko‘pi bilan bir million so‘mgacha kamaytirgan holda hisoblanadi;
kasanachilar ijtimoiy soliq to‘lovini o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun belgilangan tartibda amalga oshiradi;
b) Hunarmandchilik va kasanachilikni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan mahallalarda kasanachilikni tashkil etgan tadbirkorlik subyektlariga har bir kasanachining dastlabki uch oy davomidagi kasanachilik faoliyati uchun bir oylik o‘rtacha daromadi miqdorida bir martalik subsidiya ajratiladi.
(2-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-noyabrdagi PF-193-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 11.11.2023-y., 06/23/193/0844-son)
Oldingi tahrirga qarang.
3. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 5-avgustdagi “Mahallalarda tadbirkorlikni yanada qo‘llab-quvvatlash va tadbirkorlik subyektlari bilan aholi o‘rtasida kooperatsiyani rivojlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-5214-son qaroridagi “yetakchi” tadbirkorlik subyektlariga Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi tomonidan kredit summasining 75 foizi miqdorigacha kafillik berish bo‘yicha tartib mahallalarda faoliyat yurituvchi kasanachilar soni kamida 10 nafar bo‘lgan tadbirkorlik subyektlariga ham tatbiq etilsin.
(3-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-noyabrdagi PF-193-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 11.11.2023-y., 06/23/193/0844-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(4-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-fevraldagi PQ-64-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 18.02.2025-y., 07/25/64/0154-son)
5. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda ikki hafta muddatda har bir hudud uchun alohida kasanachilikni rivojlantirish asosida aholi bandligini ta’minlashga oid chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(6-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-noyabrdagi PF-193-sonli Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 11.11.2023-y., 06/23/193/0844-son)
7. Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi koordinatorlari (S. Xolxo‘jayev, A. Kamalov, D. Sultanov) Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (N. Xusanov) bilan birgalikda 2022-yil uchun oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida ajratilayotgan kreditlarning kamida 500 milliard so‘mini kasanachilikni rivojlantirish bo‘yicha loyihalarni moliyalashtirishga yo‘naltirsin.
8. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (N.Xusanov) ish beruvchilarning buyurtmasi asosida kasanachilarni “Ishga marhamat” monomarkazlari, tuman (shahar) kasb-hunarga o‘qitish markazlari va mahalla aholisini kasb-hunarga o‘qitish maskanlarida o‘qitishni tashkil etsin. Bunda:
mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha tuman (shahar) hokimi yordamchilari va tuman (shahar) aholi bandligiga ko‘maklashish markazi xodimlari kasanachilik orqali fuqarolarni ishga olish istagida bo‘lgan tadbirkorlarni aniqlaydi va faoliyat yo‘nalishi kesimida ularning ro‘yxatini shakllantiradi;
tuman (shahar) aholi bandligiga ko‘maklashish markazi xodimlari tadbirkorlar tomonidan taklif etilayotgan kasanachilik faoliyati bilan shug‘ullanish uchun kasblar ro‘yxatini shakllantiradi;
kasanachilarni o‘qitish xarajatlari Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi;
kasanachilik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan ishsiz shaxslar “Ishga marhamat” monomarkazlari, kasb-hunarga o‘qitish markazlari va mahalla aholisini kasb-hunarga o‘qitish maskanlarida talab etiladigan kasblarga o‘qitiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
(9-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-fevraldagi PQ-64-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 18.02.2025-y., 07/25/64/0154-son)
10. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tashkiliy tuzilmasining umumiy shtatlar soni doirasida vazirlik markaziy apparatida, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar bandlik bosh boshqarmalari tuzilmasida kasanachilik faoliyatini rivojlantirish va muvofiqlashtirishga mas’ul bo‘lgan bo‘limlar tashkil qilinsin.
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga quyidagi qo‘shimcha vazifa va funksiyalar yuklatilsin:
kasanachilik sohasida yagona davlat siyosati yuritilishini ta’minlash va hududlarning ixtisosligidan kelib chiqib, kasanachilik faoliyati bo‘yicha maqsadli dasturlar ishlab chiqish;
kasanachilikni rivojlantirish bo‘yicha ishlarni samarali tashkil etish orqali norasmiy bandlikni qisqartirish va mahallalarda ish bilan band bo‘lmagan fuqarolarni kasanachilik faoliyatiga jalb qilish;
ishsiz fuqarolarni kasanachilik faoliyati bo‘yicha kasb-hunarga o‘qitish ishlarini tashkil etish;
kasanachilik faoliyatini rivojlantirish yuzasidan ajratilayotgan subsidiyalarning maqsadliligini ta’minlash va maqsadsiz foydalanilgan subsidiyalarni Davlat budjetiga qaytarilishini ta’minlash;
ijtimoiy muhofazaga muhtoj aholi qatlamlariga kasanachilik bilan shug‘ullanishlari uchun imtiyozlar berish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish.
Oldingi tahrirga qarang.
11. Belgilansinki, ish beruvchi va kasanachi o‘rtasida tuzilgan mehnat, fuqarolik-huquqiy yoki pudrat shartnomalari Soliq qo‘mitasining Yagona elektron shartnomalar axborot portalida majburiy tartibda ish beruvchi tomonidan ro‘yxatdan o‘tkaziladi.
(11-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-noyabrdagi PF-193-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 11.11.2023-y., 06/23/193/0844-son)
12. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (N. Xusanov), Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi (S. Xolxo‘jayev), Moliya vazirligi (T. Ishmetov) ikki oy muddatda:
a) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda kasanachilik rivojlanishini samarali monitoring qilish uchun va idoralararo ma’lumot almashinuvini yo‘lga qo‘yish maqsadida “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksi tarkibida mavsumiy va kasanachilik ishlari portali ishga tushirilishini ta’minlasin;
b) quyidagilarni tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:
kasanachilarga asbob-uskuna xarid qilib berish xarajatlari uchun tadbirkorlik subyektlariga Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasidan subsidiya ajratish va foydalanilmayotgan asbob-uskunalarga ajratilgan subsidiyalarni qaytarib olish tartibini;
olis va chekka hududlardagi mahallalarda kasanachilikni tashkil etgan tadbirkorlik subyektlariga har bir kasanachining dastlabki uch oy davomidagi kasanachilik faoliyati uchun bir oylik o‘rtacha daromadi miqdorida subsidiya ajratish tartibini.
13. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi mazkur qarorning maqsadi, vazifalari va undan kutilayotgan natijalarni ommaviy axborot vositalari, Internet va ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritish ishlarini tashkil qilsin.
14. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
15. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib bandlik va mehnat munosabatlari vaziri N.B. Xusanov belgilansin.
Qaror ijrosini nazorat qilish va ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari J.A. Qo‘chqorov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2022-yil 21-aprel,
PQ-214-son
Oldingi tahrirga qarang.
(1-ilova O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-noyabrdagi PF-193-sonli Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 11.11.2023-y., 06/23/193/0844-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(2-ilova O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-noyabrdagi PF-193-sonli Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 11.11.2023-y., 06/23/193/0844-son)
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2022-y., 07/22/214/0333-son; 11.11.2023-y., 06/23/193/0844-son; 18.02.2025-y., 07/25/64/0154-son)