O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Mahallalarda tadbirkorlikni yanada qo‘llab-quvvatlash va tadbirkorlik subyektlari bilan aholi o‘rtasida kooperatsiyani rivojlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida
“Mahallabay” ishlash tizimi asosida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishdan ortda qolayotgan va ishsizlik darajasi yuqori bo‘lgan mahallalarda (keyingi o‘rinlarda — “og‘ir” mahalla) tadbirkorlikni yanada qo‘llab-quvvatlash hamda tadbirkorlik subyektlari va xonadonlar o‘rtasida iqtisodiy kooperatsiyani kengaytirish maqsadida:
1. Andijon viloyatida 210 ta “og‘ir” mahalla aniqlanganligi hamda ushbu mahallalarda tadbirkorlikni yanada qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, tadbirkorlik subyektlari va xonadonlar o‘rtasida iqtisodiy kooperatsiyani kengaytirish uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 21-iyundagi “Yangi Andijon” shaharchasini barpo etish va Andijon viloyatida tadbirkorlikni yanada qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-5154-son qaroriga muvofiq 40 million AQSH dollari ekvivalentidagi mablag‘lar ajratilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. “Mahallabay” va “xonadonbay” ishlash asosida “og‘ir” mahallalarda tadbirkorlikni yanada qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangicha yondashuvni (keyingi o‘rinlarda — “Andijon tajribasi”) respublikaning boshqa hududlariga ham tatbiq etish uchun Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan davlat ulushiga ega bo‘lgan tijorat banklariga alohida tasdiqlanadigan taqsimotga asosan 100 million AQSH dollari ekvivalentidagi mablag‘lar 3 yillik imtiyozli davr bilan 7 yil muddatga 7 foiz stavkada ajratilsin.
3. Respublika hududlari kesimida “Andijon tajribasi” asosida “mahallabay” ishlash tizimi joriy etiladigan mahallalar soni va ajratiladigan resurs miqdori ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Bosh vazir o‘rinbosari J. Qo‘chqorov va Markaziy bank raisi M. Nurmuratovga “og‘ir” mahallalarga biriktirilgan “yetakchi” tadbirkorlik subyektlarining haqiqiy talabidan kelib chiqqan holda ajratilayotgan resurslarni tijorat banklari kesimida taqsimlash vakolati berilsin.
4. Belgilansinki:
tijorat banklari tomonidan kreditlar kooperatsiya asosida kichik biznesni va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishga ko‘maklashish uchun “og‘ir” mahallalarga biriktirilgan “yetakchi” tadbirkorlik subyektlariga 3 yil muddatgacha yillik 10 foiz stavkada bitta mahalla uchun 2 milliard so‘mgacha miqdorda ajratiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
(4-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-noyabrdagi PF-193-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 11.11.2023-y., 06/23/193/0844-son)
5. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlari ikki hafta muddatda “Andijon tajribasi” asosida “mahallabay” ishlash tizimi joriy etiladigan “og‘ir” mahallalarning manzilli ro‘yxatini Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi bilan kelishgan holda tasdiqlasin.
6. Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda “2021-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasini Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga belgilangan tartibda kiritsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari J.A. Qo‘chqorov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 5-avgust,
PQ-5214-son
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 5-avgustdagi PQ-5214-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
“Andijon tajribasi” asosida “mahallabay” ishlash tizimi joriy etiladigan mahallalar soni va ajratiladigan resurs miqdori
|
Hudud nomi |
Jami mahallalar soni |
“Og‘ir” mahallalar soni |
Ajratiladigan mablag‘ (mln AQSH doll.) | |
|
Jami |
7 838 |
500 |
100 | |
|
1. |
Qoraqalpog‘iston Respublikasi |
422 |
38 |
7,6 |
|
2. |
Buxoro viloyati |
544 |
42 |
8,4 |
|
3. |
Jizzax viloyati |
299 |
27 |
5,4 |
|
4. |
Qashqadaryo viloyati |
792 |
52 |
10,4 |
|
5. |
Navoiy viloyati |
307 |
27 |
5,4 |
|
6. |
Namangan viloyati |
777 |
52 |
10,4 |
|
7. |
Samarqand viloyati |
1 114 |
52 |
10,4 |
|
8. |
Surxondaryo viloyati |
721 |
47 |
9,4 |
|
9. |
Sirdaryo viloyati |
236 |
27 |
5,4 |
|
10. |
Toshkent viloyati |
1 050 |
52 |
10,4 |
|
11. |
Farg‘ona viloyati |
1 050 |
52 |
10,4 |
|
12. |
Xorazm viloyati |
526 |
32 |
6,4 |
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 06.08.2021-y., 07/21/5214/0765-son; 11.11.2023-y., 06/23/193/0844-son)