Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
DAVLAT MOLIYASINI BOSHQARISHNI ISLOH QILISH” LOYIHASINI AMALGA OSHIRISHGA TAYYORLANISH CHORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 1-noyabrdagi PQ-721-sonli “Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida “Davlat moliyasini boshqarishni isloh qilish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Davlat moliyasini boshqarishni takomillashtirish, zamonaviy kompyuterlar va axborot texnologiyalaridan foydalangan holda budjet mablagʻlarining samarali sarflanishini taʼminlash, budjet ijrosining moliya tizimini yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki tomonidan “Davlat moliyasini boshqarishni isloh qilish” loyihasini (keyingi oʻrinlarda loyiha deb ataladi) tayyorlashga 400,0 ming AQSH dollari miqdorida avans berishga rozilik bildirilgani;
Yaponiya Hukumatining moliya axborot tizimining funksional va texnikaviy tuzilmasini ishlab chiqishga 500,0 ming AQSH dollari miqdorida grant berishni maʼqullaganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Koʻrsatib oʻtilgan loyihani tayyorlashni tashkil etish va uning amalga oshirilishi yuzasidan masʼuliyat Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga yuklansin.
3. Loyihani tayyorlash va amalga oshirish boʻyicha ilovaga muvofiq tarkibda Muvofiqlashtiruvchi kengash tuzilsin.
Quyidagilar Muvofiqlashtiruvchi kengashning asosiy vazifalari etib belgilansin:
koʻrsatib oʻtilgan loyihani tayyorlash va amalga oshirish boʻyicha monitoring olib borish;
loyiha doirasida jalb etiladigan vakolatli organlar, konsalting kompaniyalari faoliyatini muvofiqlashtirish;
loyihani tayyorlash va amalga oshirish uchun jalb etiladigan mablagʻlardan samarali foydalanish ustidan nazoratni taʼminlash;
tender savdolari oʻtkazish boʻyicha qarorlar qabul qilish va ularning natijalarini maʼqullash, tegishli tender komissiyalari tarkibini tasdiqlash;
ekspertizalar oʻtkazish va jalb etiladigan konsultantlar va ekspertlar hisobotlarini maʼqullash.
Muvofiqlashtiruvchi kengash ikki hafta muddatda Muvofiqlashtiruvchi kengash ish tartibini tasdiqlasin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga loyihani tayyorlashga doir tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish uchun 4 kishidan iborat vaqtinchalik ishlaydigan ishchi guruh tuzishga, ularga Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki mablagʻlari hisobidan milliy valyutada ish haqi toʻlashga ruxsat etilsin.
5. Moliya vaziri loyihani tayyorlashga Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki avansini hamda Yaponiya Hukumati grantini olish yuzasidan Bitim-xatni Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan imzolashga vakil qilinsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Moliya vazirligining buyurtmanomalariga binoan, loyihani tayyorlash va amalga oshirishda qatnashuvchi xorijiy mutaxassislarga davlat boji undirmasdan kelish vizalari berilishini taʼminlasin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Moliya vazirligining buyurtmanomalariga binoan, loyihani tayyorlash va amalga oshirishda qatnashuvchi xorijiy mutaxassislarga davlat boji undirmasdan koʻp martalik vizalar berilishini va ularning muddati uzaytirilishini, shuningdek ularning vaqtinchalik roʻyxatdan oʻtkazilishini va vaqtinchalik roʻyxatdan oʻtkazish muddati uzaytirilishini taʼminlasin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari R.S.Azimov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2002-yil 26-aprel,
144-son
Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 26-apreldagi 144-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
“Davlat moliyasini boshqarishni isloh qilish” loyihasini tayyorlash va amalga oshirish boʻyicha Muvofiqlashtiruvchi kengash
TARKIBI
| 1. | Nurmurodov M.B. | — | Moliya vaziri, Kengash raisi |
| 2. | Mannopbekov N.T. | — | Vazirlar Mahkamasi Tashqi iqtisodiy aloqalar va xorijiy investitsiyalar departamenti boshligʻi, Kengash raisining oʻrinbosari |
| 3. | Guskova T.N. | — | Moliya vazirining birinchi oʻrinbosari |
| 4. | Oripov S. O. | — | Davlat bojxona qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari |
| 5. | Jumageldiyev M.R. | — | Markaziy bank raisining birinchi oʻrinbosari |
| 6. | Qoʻchqorov J.A. | — | Moliya vazirining oʻrinbosari |
| 7. | Soliyev N.L. | — | Davlat soliq qoʻmitasi raisining oʻrinbosari |
| 8. | Kilberg V.G. | — | Moliya vazirligi bosh boshqarmasi boshligʻining oʻrinbosari, Kengashning masʼul kotibi |
* Kengash aʼzolari boshqa ishga oʻtganda Kengash tarkibiga ularning oʻrniga yangi tayinlangan shaxslar kiritiladi.