O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Quyi bo‘g‘inda suv resurslarini boshqarishni takomillashtirish hamda suv iste’molchilari orasidagi munosabatlarni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida
So‘nggi yillarda iqlimning global o‘zgarishi natijasida kuzatilayotgan suv tanqisligining salbiy ta’sirini yumshatish maqsadida suv resurslarini boshqarish, ularning hisobi va hisobotini yuritish hamda suv munosabatlarini yanada takomillashtirish, shuningdek, suvdan tejamli va samarali foydalanish yuzasidan mamlakatimizda keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Shunga qaramasdan, quyi bo‘g‘inda suv resurslarini boshqarish, suv tanqisligi sharoitida iste’molchilar o‘rtasida suv taqsimlash, suvning hisobi va hisobotini yuritish hamda suvdan foydalanish samarasi pastligicha qolmoqda.
Suv resurslarini samarali boshqarish, ularning hisobi va hisobotini to‘laqonli yuritish, suv iste’molchilari orasidagi munosabatlarni takomillashtirish hamda ushbu jarayonlarga xususiy sektorni keng jalb qilish maqsadida:
1. Quyi bo‘g‘inda suv resurslarini boshqarishning ustuvor yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilansin:
qishloq xo‘jaligi mahsuloti ishlab chiqaruvchilar va aholi tomorqalarini suv resurslari bilan ishonchli ta’minlash;
irrigatsiya tizimlari va sug‘orish tarmoqlarining hamda ulardagi gidrotexnika inshootlarini doimiy texnik soz holatda ushlab turish;
yirik qishloq xo‘jaligi mahsuloti ishlab chiqaruvchilarni o‘z hududida suvni boshqarish va taqsimlash ishlariga jalb qilish;
iqtisodiyot tarmoqlarini suv bilan ta’minlashga oid davlat funksiyalarini xususiy sektorga o‘tkazish bo‘yicha davlat-xususiy sheriklik tamoyillarini keng joriy etish;
suvning hisobi va hisobotini inson omiliga minimal ravishda bog‘liq bo‘lgan avtomatlashtirilgan tizimlar orqali yuritish.
2. Suv xo‘jaligi vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi hamda viloyatlar hokimliklarining:
qishloq xo‘jaligi yerlari o‘z hisobida mavjud bo‘lgan klasterlarga o‘zlariga tegishli maydonlardagi barcha suv xo‘jaligi obyektlarini davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida boshqaruvga berish;
meva-sabzavotchilik hamda sholichilikka ixtisoslashgan tumanlar suv xo‘jaligi obyektlari boshqaruviga davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida xususiy sektorni jalb qilish;
mazkur bandning ikkinchi va uchinchi xatboshisida nazarda tutilmagan qishloq xo‘jaligi sug‘oriladigan yerlarida faoliyat ko‘rsatayotgan suv iste’molchilari va tuman irrigatsiya bo‘limlari o‘rtasida suv yetkazib berish va suv xo‘jaligi xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin.
3. Mazkur qarorning 2-bandi ikkinchi va uchinchi xatboshisida nazarda tutilgan suv xo‘jaligi obyektlarini davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida boshqaruvga berishda klasterlar o‘z hisobiga olgan yer maydonlarida, suv xo‘jaligi obyektlarini boshqaruvga olgan xususiy korxonalar esa xizmat ko‘rsatish hududida:
mavjud bo‘lgan barcha suv xo‘jaligi obyektlarini mustaqil boshqaradi;
dehqon xo‘jaliklari va aholi tomorqalarini belgilangan tartibda suv olish limiti doirasida suv bilan ta’minlaydi;
suv hisobi va hisobotining to‘liq yuritilishini ta’minlaydi hamda bu jarayonga avtomatlashtirilgan tizimlarni joriy qiladi;
xizmat ko‘rsatish hududidagi barcha suv xo‘jaligi obyektlarining bosqichma-bosqich modernizatsiyasini ta’minlaydi.
Bunda, biriktirilgan hududdagi suv xo‘jaligi obyektlarining ekspluatatsiya xarajatlari uchun Davlat budjetida nazarda tutiladigan mablag‘larning bir qismi xususiy sherikka to‘lab beriladi.
4. Bosh vazir o‘rinbosari Sh.M. G‘aniyev mazkur qarorning 2-bandi to‘rtinchi xatboshisida nazarda tutilgan qishloq xo‘jaligi sug‘oriladigan yerlarida faoliyat ko‘rsatayotgan suv iste’molchilari va tuman irrigatsiya bo‘limlari o‘rtasida suv yetkazib berish va suv xo‘jaligi xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha shartnoma asosidagi tizimning ishga tushirilishiga shaxsan javobgar etib belgilansin.
Oldingi tahrirga qarang.
5. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyat hokimliklari Suv xo‘jaligi vazirligi (A.A. Mirzayev), Qishloq xo‘jaligi vazirligi (M.I. Ro‘zmetov) va Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi (A.V. Allaberganov) bilan birgalikda 2026-yil yakuniga qadar qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar hududidagi suv xo‘jaligi obyektlarini to‘liq xatlovdan o‘tkazsin hamda ularning balansiga berilishini, shuningdek, belgilangan tartibda kadastr hujjatlari rasmiylashtirilishini ta’minlasin.
(5-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 20-iyundagi PF-101-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.06.2023-y., 06/23/101/0412-son)
Bunda:
bitta suv iste’molchiga xizmat ko‘rsatuvchi ichki sug‘orish va kollektor-drenaj tarmog‘i, ulardagi bosh va ichki suv olish hamda boshqa inshootlarni ulardan doimiy va maqsadli foydalanish hamda ta’mirlash-tiklash uchun tegishli suv iste’molchisi balansiga;
ikki va undan ortiq suv iste’molchisiga xizmat ko‘rsatuvchi fermerlararo ichki sug‘orish va kollektor-drenaj tarmog‘i, ulardagi bosh va ichki suv olish hamda boshqa inshootlarni ulardan doimiy va maqsadli foydalanish hamda ta’mirlash-tiklash uchun tegishli xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot balansiga to‘lovlarsiz beriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
6. Suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Suv xo‘jaligi obyektlari xavfsizligini va suvdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi suvdan foydalanish va suv iste’moli bo‘yicha qonunchilik hujjatlari talablariga amal qilinishi, suv xo‘jaligi obyektlarini o‘z balansiga olgan subyektlar tomonidan suv olish limiti asosida suv yetkazib berilishi hamda suv iste’molchilari tomonidan suvdan oqilona foydalanilishi ustidan tizimli nazorat o‘rnatsin.
(6-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 16-fevraldagi PF-36-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 16.02.2024-y., 06/24/36/0130-son)
7. Bosh prokuratura (Sh.J. Raximov) suv xo‘jaligi obyektlarini boshqaruvga olgan subyektlarning faoliyatiga noqonuniy aralashuvlar yuzasidan tizimli nazorat o‘rnatsin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda quyidagilarni nazarda tutadigan Hukumat qarorini qabul qilsin:
tuman irrigatsiya bo‘limlarining suv iste’molchilariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma asosida xizmat ko‘rsatishi;
suv xo‘jaligi tashkilotlari tomonidan suv yetkazib berish bo‘yicha ko‘rsatilgan xizmatlar uchun haq to‘lash tartibi;
suv xo‘jaligi obyektlarini boshqarishga davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida xususiy sektorni jalb qilish shartlari.
9. Suv xo‘jaligi vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
10. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Sh.M. G‘aniyev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2022-yil 1-mart,
PQ-145-son
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 02.03.2022-y., 07/22/145/0171-son; 21.06.2023-y., 06/23/101/0412-son; 16.02.2024-y., 06/24/36/0130-son)