O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Avtomototransport vositalarini sotib olish jarayoniga axborot tizimlarini joriy etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida
“UzAuto Motors” AJ tomonidan ishlab chiqarilayotgan avtomototransport vositalarini sotib olish jarayonida korrupsiya holatlarning oldini olish hamda axborot tizimlarini integratsiya qilish orqali ushbu jarayonda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, “TRADE-IN” dasturini rivojlantirish orqali aholi va tadbirkorlik subyektlariga qulay shart-sharoit yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Belgilansinki, 2022-yil 1-apreldan boshlab “UzAuto Motors” AJ tomonidan avtomototransport vositasini xarid qilish bo‘yicha shartnoma tuzgan shaxsga avtomatik ravishda rasmiylashtiriladigan hisob-ma’lumotni O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xizmatiga faqat elektron shaklda taqdim etish amaliyoti joriy qilinadi.
2. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda “UzAuto Motors” AJ bilan birgalikda 2022-yil 1-aprelga qadar Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xizmati va “UzAuto Motors” AJ o‘rtasida himoya darajasiga ega bo‘lgan integratsiyalashgan elektron ma’lumot almashish tizimini joriy qilsin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
4. Ushbu qarorga ilovadagi 1-bandining “b” kichik bandi 2022-yil 1-apreldan kuchga kiradi.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari — iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri J.A. Qo‘chqorov, O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri P.R. Bobojonov va “O‘zavtosanoat” AJ boshqaruvi raisi Sh.B. Umurzakov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2022-yil 21-fevral,
78-son
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-fevraldagi 78-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 31-avgustdagi 683-son qarori bilan tasdiqlangan Avtomototransport vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomda:
a) 2-bandda:
o‘n to‘rtinchi xatboshidagi “yangi” so‘zidan keyin “yoki eski” so‘zlari qo‘shilsin;
o‘n beshinchi xatboshidagi “rasmiy diler” so‘zlaridan keyin “(distribyutor)” so‘zi qo‘shilsin;
b) 18-bandning beshinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“maxsus savdo tashkiloti (avtomototransport vositalari tashkiloti — ishlab chiqaruvchisi, uning vakili yoki vositachi (distribyutorlik, dilerlik) tashkilotlar hamda “TRADE-IN” dasturi bo‘yicha yuridik shaxs) tomonidan beriladigan hisob-ma’lumot, “UzAuto Motors” AJ avtomobillariga beriladigan elektron hisob-ma’lumot”.
2. Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 12-iyuldagi 578-son qarori bilan tasdiqlangan Qishloq xo‘jaligi texnikasini kredit va lizing shartlarida xarid qilishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tartibi to‘g‘risidagi nizomda:
a) 2-bandning ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“qishloq xo‘jaligi texnikasi — qishloq xo‘jaligi ishlarini bajaradigan va O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilgan mashina va uskuna, o‘ziyurar mashina, traktor, traktor tirkamasi, yarim tirkamasi va osma texnikalar”;
b) 8-banddagi “faqat lizing yoki kredit shartnomasi tuzilgan kunda ishlab chiqarilgan muddati ikki yildan oshmagan” so‘zlari chiqarib tashlansin.
Oldingi tahrirga qarang.
(3-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 29-avgustdagi 549-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.08.2025-y., 09/25/549/0791-son)
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.02.2022-y., 09/22/78/0151-son; 30.08.2025-y., 09/25/549/0791-son)