Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining
Qarori
Internet jahon axborot tarmogʻida yoshlar va voyaga yetmaganlar uchun milliy kontentni rivojlantirish, ularning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish madaniyati va zararli axborotdan himoya qilish masalalari yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga parlament soʻrovi yuborish haqida
Internet jahon axborot tarmogʻida yoshlar va voyaga yetmaganlar uchun milliy kontentni rivojlantirish, ularning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish madaniyati va zararli axborotdan himoya qilish masalalari yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga parlament soʻrovi yuborish masalasini koʻrib chiqib, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonunining 12-moddasiga hamda “Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 14-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati qaror qiladi:
1. Internet jahon axborot tarmogʻida yoshlar va voyaga yetmaganlar uchun milliy kontentni rivojlantirish, ularning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish madaniyati va zararli axborotdan himoya qilish masalalari yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga parlament soʻrovi ilovaga muvofiq yuborilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi parlament soʻrovini koʻrib chiqish yakunlari boʻyicha 2022-yilning 15-apreliga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga yozma javob taqdim etsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni taʼminlash masalalari qoʻmitasi (F. Boqiyev) parlament soʻroviga kelib tushadigan javobni tahlil qilib, shu yilning 1-mayiga qadar Oliy Majlis Senati Kengashiga axborot kiritsin.
4. Ushbu Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi oʻrinbosari S. Safoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2022-yil 4-fevral,
SQ-479-IV-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2022-yil 4-fevraldagi SQ-479-IV-sonli qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga
PARLAMENT SOʻROVI
(Internet jahon axborot tarmogʻida yoshlar va voyaga yetmaganlar uchun milliy kontentni rivojlantirish, ularning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish va zararli axborotdan himoya qilish masalalari yuzasidan)
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni taʼminlash masalalari qoʻmitasi tomonidan yoshlar va voyaga yetmaganlarning Internet jahon axborot tarmogʻi, ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish madaniyati va ularni zararli axborotdan himoya qilish hamda milliy kontentni rivojlantirishda amalga oshirilayotgan ishlar va mavjud muammolar oʻrganib chiqildi.
Mamlakatimizda fuqarolarning axborotni olish va tarqatishga doir konstitutsiyaviy huquqlarini roʻyobga chiqarish, ularga Internet jahon tarmogʻi hamda uning axborot resurslaridan foydalanish, tegishli axborotni ijtimoiy tarmoqlarda erkin joylashtirish, soʻz va matbuot erkinligini taʼminlashda bir qator ijobiy ishlar amalga oshirildi.
Yoshlar va bolalarni zararli axborotlardan himoya qilish maqsadida “Yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisida”gi, “Ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisida”gi, “Bolalarni ularning sogʻligʻiga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish toʻgʻrisida”gi, “Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari toʻgʻrisida”gi qonunlar qabul qilindi.
Mazkur qonunlarda fuqarolarni, shu jumladan voyaga yetmagan shaxslarni ularning hayotiga va sogʻligʻiga zarar yetkazuvchi, bolalarda qoʻrquv, vahima yoki sarosima uygʻotadigan, inson qadr-qimmatini kamsituvchi, ishchanlik obroʻsiga putur yetkazish kabi axborotlarni tarqatganlik uchun javobgarlik belgilangan.
Internet va ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan asoslanmagan maʼlumotlar, noqonuniy xatti-harakatlar uchun axborot sohasidagi qonunlar normalaridagi taʼsirchan choralar vakolatli davlat idoralari tomonidan yetarli darajada qoʻllanilmayotganligi kuzatilmoqda.
Natijada amaldagi qonunchilikka zid ravishda media makonda urush va zoʻravonlik, shafqatsizlikni targʻib qilishni, ijtimoiy, milliy, irqiy va diniy adovat uygʻotishga qaratilgan terrorizm va diniy ekstremizm gʻoyalarini yoyishni oʻz ichiga olgan, yoshlar va voyaga yetmaganlarning ruhiyatiga salbiy taʼsir etadigan axborotlar Internet va ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalmoqda.
Bugungi kunda yoshlar orasida ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari soni yildan-yilga ortib bormoqda. Statistik maʼlumotlarga koʻra, ayni vaqtda respublikada ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari soni 46 million boʻlib, tarmoq foydalanuvchilarining aksariyatini yoshlar va voyaga yetmaganlar tashkil etadi.
Internet tarmogʻidagi “.UZ” domenida roʻyxatdan oʻtgan domenlar soni hozirgi kunda 98 mingtadan oshgan boʻlsa-da, milliy resurslarga tashrif buyuruvchilarning oʻrtacha oylik soni 60 milliondan ortiqdir. Bu oʻz navbatida milliy kontent resurslarini yanada boyitishni taqozo etadi.
Tahlillarga koʻra Internet jahon axborot tarmogʻida yoshlar va voyaga yetmaganlar uchun milliy kontentni rivojlantirish, ularni milliy veb-resurslar va ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishga jalb etish yuzasidan mutasaddi vazirlik va idoralarning amaliy ishlarida natijadorlik sezilmayapti.
Qonunchilikda Internet jahon axborot tarmogʻining global va milliy segmenti rivojlanishi tendensiyalarini muntazam oʻrganish, zamonaviy veb-resurslarni shakllantirish, rasmiy veb-saytlarni rivojlantirish, milliy veb-resurslar sonini koʻpaytirish, milliy kontentni rivojlantirish mexanizmlarini takomillashtirish boʻyicha takliflarni shakllantirish masalalari belgilanganligiga qaramasdan, ayrim masʼullar tomonidan oʻz vazifalarini bajarishga yetarlicha eʼtibor qaratilmagan.
Jumladan, Turizm va sport vazirligi tomonidan “Vikipediya” Internet ensiklopediyasiga Oʻzbekistonning mashhur sportchilari va sport tashkilotlari faoliyati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni joylashtirish, Oʻzbekiston Yoshlar ishlari agentligi tomonidan Oʻzbekiston toʻgʻrisida turli tillardagi maʼlumotlar hajmini oshirish kabi ishlar esa tizimli ravishda amalga oshirilmagan.
Shuningdek, oʻzbek adabiyoti va sanʼati mumtoz namoyandalarining asarlaridan barchaning foydalanish imkoniyatini taʼminlash uchun veb-portal tashkil qilish vazifasi Madaniyat vazirligi zimmasiga yuklangan boʻlsa-da, bu boradagi ishlar yakuniga yetkazilmagan.
Xorijiy ijtimoiy tarmoqlar, messenjerlarning oʻrnini bosa oladigan, barcha mavjud imkoniyatlarni koʻzda tutgan milliy messenjerlar va ijtimoiy tarmoqlarni yaratish ishlariga lozim darajada eʼtibor berilmagan.
Internet jahon axborot tarmogʻida yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan targʻibot materiallarini berib borish, bolalarni Internetdagi turli axborot xurujlaridan himoyalashga qaratilgan elektron shaklda illyustratsiya qoʻllanmalari yaratish borasidagi ishlar talab darajasida olib borilmagan.
“Vikipediya” platformasida Oʻzbekiston haqida maʼlumotlar kamligi (toʻliqmasligi) yoki maʼlumotlar eskiligi, ommabop onlayn platformalarda mamlakatimiz haqidagi sifatli kontentlar kamligi oqibatida yoshlar oʻzlariga zarur boʻlgan maʼlumotlarni topishda maʼlum qiyinchiliklarga duch kelmoqda.
Mafkuraviy tahdidlar orqali aholining maʼlum bir qatlamlari, ayniqsa yoshlarning qarashlarini oʻzlariga maʼqul boʻlgan yoʻnalishda oʻzgartirishga, axloqsizlik kabi buzgʻunchi gʻoyalarni singdirishga urinishlar boʻlmoqda. Internet tarmogʻi orqali tarqatilayotgan gʻarazli maʼlumotlar, turli buzgʻunchi gʻoyalar, odob-axloqni yemiruvchi illatlar aholini tashvishga solmoqda.
Xususan, “.UZ” domenidagi veb-saytlarda ham milliy mentalityetimizga yot boʻlgan, fuqarolarning, shu jumladan yoshlarning ongi, ruhiyati, maʼnaviy-maʼrifiy tarbiyasiga salbiy taʼsir koʻrsatadigan, axloqsizlik, behayolik, pornografiya, shafqatsizlik va zoʻravonlik, qimor va tavakkalchilikka asoslangan oʻyinlar targʻibotiga xizmat qilishi mumkin boʻlgan materiallar yoki boshqa veb-resurslarga havolalar (foydalanuvchilar tomonidan) joylashtirish kuzatilmoqda.
Birgina 2021-yilning dekabr holatiga koʻra milliy domen hududidagi 289 ta veb-saytda (1 734 ta qonun buzilish) pornografiya, 91 ta veb-saytda esa (363 ta qonun buzilish) behayolik va maʼnaviy buzuqlikni targʻib qiluvchi holatlar aniqlangan boʻlib, 2 097 ta qonun buzilishi holati qayd etilgan.
Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarning oʻzbek segmentida maʼnaviy buzuqlikni targʻib qiluvchi 130 ga yaqin guruh, sahifa va kanallar mavjudligi aniqlangan boʻlib, ularda 2 646 ta material (foto, video, matnli va boshqalar) tarqatilgan.
Ushbu materiallarning aksariyati “Odnoklassniki” (55 ta guruhning 1 962 ta materiali) va “Instagram” (60 ta guruhning 684 ta materiali) ijtimoiy tarmoqlarning hissasiga toʻgʻri keladi.
2021-yilda axloqsizlik, behayolikni targʻib qiluvchi 1 650 ta veb-saytdan mamlakat hududida foydalanish belgilangan tartibda cheklangan.
Eng ommabop boʻlgan “Telegram” messenjeridagi 35 ta faol kanalda odob-axloq talablariga mos kelmaydigan oʻzbek auditoriyasiga qaratilgan 7 738 ta material mavjudligi aniqlangan.
Birgina “Telegram” messenjeri va “TikTok” videoplatformasining Oʻzbekiston auditoriyasi uchun yoʻnaltirilgan resurslarida fahsh yoki pornografik kontent orqali auditoriya toʻplash va reklama hisobidan daromad topishga qaratilgan 7 ta kanal aniqlangan (umumiy obunachilari soni — 120 721 nafar).
“Telegram” messenjerida umumiy obunachilari soni 44 479 nafar boʻlgan aqidaparastlik yoki ekstremistik mazmundagi virtual 43 ta resurs mavjudligi, xuddi shu mazmundagi materiallarning tarqatilishi va targʻiboti bilan “TikTok” videoplatformasida 20 ta profil faoliyat koʻrsatayotgani, uning umumiy obunachilari soni 25 458 nafarni tashkil etayotgani achinarli holatdir.
“Instagram” tarmogʻida qurol-yarogʻlar targʻiboti bilan shugʻullanuvchi 2 ta sahifa mavjud boʻlib, kanalning umumiy aʼzolari soni 17 924 nafarni tashkil etadi.
Internet resurslari va ijtimoiy tarmoqlarda buzgʻunchi materiallarni tarqatganlik uchun aybdorlarga nisbatan jazo choralari qoʻllanilmasdan qolmoqda.
Yuqorida qayd etilganlardan kelib chiqib, oʻquvchi yoshlarning ongiga zarar yetkazishi mumkin boʻlgan axloqsizlikni targʻib qiluvchi kontentlarga qarshi kurashish, diniy adovatni qoʻzgʻatuvchi, tavakkalchilikka asoslangan onlayn oʻyinlar, totalizatorlar, oilaviy qadriyatlarni inkor etadigan hamda jamiyatda buzgʻunchilik gʻoyalarini targʻib etadigan veb-resurslarni doimiy ravishda cheklab borish ustuvor vazifa hisoblanadi.
Shu bois bugungi kunda maʼnaviy-maʼrifiy targʻibot tizimini takomillashtirish, davlat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari dolzarb ahamiyat kasb etadi.
Axborot hujumlarining oldini olish, aniq chora-tadbirlar dasturiga muvofiq xorijiy ommaviy axborot vositalarida mamlakatimiz imijini oshirish, ijtimoiy tarmoqlar, radio va teledasturlar, reklama roliklarida yoshlarimizni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda targʻibot materiallarini kuchaytirish lozim boʻladi.
Bu borada axborot xavfsizligini taʼminlash, tashqi xurujlar manbalarini aniqlash, baholash va bashorat qilish, davlat hokimiyati organlari va axborot-matbuot xizmatlari faoliyatini muvofiqlashtirish, “ommaviy madaniyat” niqobi ostidagi buzgʻunchilik va zoʻravonlik gʻoyalari tarqatilishiga keskin chora koʻrish, axborot sohasida milliy manfaatlarning kafolatini taʼminlash pirovard maqsad hisoblanadi.
Yuqoridagilarni inobatga olib, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy Qonunning 12-moddasi hamda “Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Qonunning 14-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati:
1. Internet jahon axborot tarmogʻida milliy mentalityetimizga yot boʻlgan maʼnaviy-maʼrifiy, diniy adovatni qoʻzgʻatuvchi axborot xurujlariga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar;
2. Xorijiy davlatlar tajribasidan kelib chiqqan holda, Internet va ijtimoiy tarmoqlarda ilgari surilayotgan gʻoya va fikrlarni monitoring qilish, ularning dinamikasini aniqlash;
3. Internet jahon axborot tarmogʻida milliy kontentni rivojlantirish mexanizmlarini takomillashtirish, xorijiy ijtimoiy tarmoqlar, messenjerlarning oʻrnini bosa oladigan, barcha mavjud imkoniyatlarni koʻzda tutgan milliy messenjerlar va ijtimoiy tarmoqlarni yaratish boʻyicha koʻrilayotgan choralar;
4. Axborot-kommunikatsiya sohasida malakali dasturchi va mutaxassislarni tayyorlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar holati;
5. Internet jahon axborot tarmogʻi va ijtimoiy tarmoqlarda yoshlar va voyaga yetmaganlar uchun qiziq boʻlgan matnli, foto-, video, audiovizual materiallarga boy boʻlgan kontentlarni koʻpaytirish, “Vikipediya” platformasida Oʻzbekiston haqidagi maʼlumotlarning toʻliq aks etayotganlik holatini tahlil etish va oʻrganish;
6. Internet jahon axborot tarmogʻida foydalanuvchilarning intellektual va ijodiy salohiyatini rivojlantirishga koʻmaklashadigan zamonaviy veb-resurslarni shakllantirish, shuningdek, axborot makonida Oʻzbekistonning tarixi, fani, madaniyati va sanʼatini targʻib qilishni qoʻllab-quvvatlash borasidagi ishlar;
7. Taʼlim muassasalarining faoliyatiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy qilish, foydalanuvchilarning axborot-kutubxona resurslariga, mamlakat arxiv va muzeylariga masofadan kirish imkoniyatini yaratish va ularga Internet jahon axborot tarmogʻida xizmat koʻrsatilishini taʼminlash boʻyicha amalga oshirilgan ishlar;
8. Internet jahon axborot tarmogʻining global va milliy segmenti rivojlanishi tendensiyalarini muntazam oʻrganib borish va tahlil qilish, Internet jahon axborot tarmogʻida yoshlar va voyaga yetmaganlar uchun kontentlarni rivojlantirish, ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish madaniyati va zararli axborotdan himoya qilish borasidagi ilgʻor xorijiy davlatlar tajribasini oʻrganish va tahlil etish;
9. Sohaga oid meʼyoriy-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish, Internet tarmogʻida, shu jumladan ijtimoiy tarmoqlarda sodir etilayotgan huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olish choralarini takomillashtirish yuzasidan amaliy choralarni kuchaytirish;
10. Bolalar va oʻsmirlarda maktab davridan, oliy oʻquv yurti talabalarida mediasavodxonlik, tanqidiy fikrlash, axborot manipulatsiyasi, Internetda shaxsiy maʼlumotlar daxlsizligi toʻgʻrisida tushunchalar berish, ularda zamonaviy axborot muhitiga toʻgʻri yondashuvni shakllantirish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar hamda koʻzda tutilayotgan rejalar toʻgʻrisida yozma ravishda asoslantirilgan tushuntirish berish yoki oʻz nuqtai nazaringizni bayon qilish talabi qoʻyilgan parlament soʻrovi bilan murojaat etadi va javobingiz Senatning navbatdagi yalpi majlisida muhokama etilib, uning yakunlari boʻyicha qaror qabul qilinishi maʼlum qilinadi.