Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlarining yordamchilari faoliyatini tashkil etishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 14-oktabrda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-722-sonli Qonuni ijrosini taʼminlash, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlarining oʻz saylov okruglaridagi saylovchilar bilan muloqotini yanada samarali tashkil etish, joylarda mavjud muammolarni oʻz vaqtida aniqlash hamda tezkorlik bilan hal etish borasidagi faoliyatini kuchaytirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati yordamchisining xizmat guvohnomasi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlarining yordamchilari faoliyatini tashkil etishga doir chora-tadbirlar boʻyicha “yoʻl xaritasi” 2-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 2-ilova berilmaydi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalari rahbarlariga siyosiy partiyalar bilan birgalikda:
deputat yordamchilarining ishini tashkil etish uchun tegishli saylov okrugidagi siyosiy partiyaning hududiy boʻlimida xona ajratish va uni jihozlash, shuningdek kompyuter texnikasi, telefon aloqasi hamda Internet jahon axborot tarmogʻidan foydalanish imkoniyatini taʼminlash;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlarining taqdimnomalariga asosan deputat yordamchisi lavozimiga xodimlarni “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining va Senati aʼzosining maqomi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida belgilangan talablar asosida hamda mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq ishga qabul qilishni tashkil etish va ular faoliyatini yoʻlga qoʻyish tavsiya etilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Devoni (M. Miralimov) deputat yordamchilariga belgilangan tartibda xizmat guvohnomalari berilishini hamda hisobga olinishini tashkil etish choralarini koʻrsin.
4. Ushbu Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalarining rahbarlari zimmasiga yuklatilsin.
5. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2022-yil 17-yanvar,
1747-IV-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining 2022-yil 17yanvarda qabul qilingan 1747-IV-sonli Qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati yordamchisining xizmat guvohnomasi toʻgʻrisidagi
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati yordamchisining xizmat guvohnomasi toʻgʻrisidagi nizom (bundan buyon matnda Nizom deb yuritiladi) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati yordamchisining xizmat guvohnomasini (bundan buyon matnda xizmat guvohnomasi deb yuritiladi) tayyorlash, berish, almashtirish, hisobga olish va saqlashga doir talablarni, undan foydalanish tartibini, shuningdek uning yoʻqotilganligi, shikastlanganligi va ehtiyot qilib saqlanmaganligi uchun javobgarlikni belgilaydi.
2. Xizmat guvohnomasi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati yordamchisiga (bundan buyon matnda deputat yordamchisi deb yuritiladi) beriladi hamda uning lavozimini tasdiqlovchi hujjat hisoblanadi.
Xizmat guvohnomasi Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining pasporti (bundan buyon matnda pasport deb yuritiladi)yoki identifikatsiyalovchi ID-kartasi oʻrnini bosmaydi.
3. Xizmat guvohnomasi muayyan muddatga, biroq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining vakolat muddatidan ortiq boʻlmagan muddatga beriladi.
4. Xizmat guvohnomasi quyidagi hollarda almashtiriladi:
xodimning familiyasi, ismi va otasining ismi oʻzgarganda;
xizmat guvohnomasi yaroqsiz holga kelganda;
xizmat guvohnomasining amal qilish muddati tugaganda.
Xizmat guvohnomasi yoʻqotib qoʻyilganda siyosiy partiya tomonidan xizmat tekshiruvi oʻtkaziladi va xodimga mazkur Nizomda belgilangan tartibda yangi guvohnoma beriladi.
Xizmat guvohnomasini almashtirish hamda yoʻqotib qoʻyilgan xizmat guvohnomasi oʻrniga yangi xizmat guvohnomasini berish siyosiy partiyaning yozma murojaatiga muvofiq amalga oshiriladi.
5. Berilgan xizmat guvohnomasining saqlanishi uchun javobgarlik uning egasi zimmasida boʻladi. Xizmat guvohnomasi yoʻqotib qoʻyilganligi, yaroqsiz holga kelganligi va ehtiyot qilib saqlanmaganligi uchun aybdor shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.
2-bob. Xizmat guvohnomasini tayyorlash va hisobga olish
6. Xizmat guvohnomasini tayyorlash va hisobga olish bilan bogʻliq ishlar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Devonining (bundan buyon matnda Devon deb yuritiladi) Tashkiliy ishlar va kadrlar boʻlimi tomonidan amalga oshiriladi.
7. Siyosiy partiyalarning kadrlar bilan ishlash uchun masʼul boʻlgan boʻlimi xodimni deputat yordamchisi lavozimiga ishga qabul qilinganligi toʻgʻrisida tegishli buyruq chiqarilgan kundan eʼtiboran oʻn kun ichida quyidagilarni ilova qilgan holda Devonni yozma ravishda xabardor qiladi:
xodimning deputat yordamchisi lavozimiga ishga qabul qilinganligi toʻgʻrisidagi tegishli buyruqning koʻchirma nusxasi;
xodimning shaxsini tasdiqlovchi hujjati (pasport yoki identifikatsiyalovchi ID-karta) nusxasi;
xodimning 3 x 4 sm oʻlchamli 4 dona fotosurati.
8. Xodimning xizmat guvohnomasini almashtirish yoki yoʻqotilgan xizmat guvohnomasi oʻrniga yangi xizmat guvohnomasi berish zarur boʻlganda siyosiy partiya xodimning shaxsini tasdiqlovchi hujjati (pasport yoki identifikatsiyalovchi ID-karta) nusxasi va 3 x 4 sm oʻlchamli 4 dona fotosuratini ilova qilgan holda Devonni yozma ravishda xabardor qiladi. Yoʻqotilgan xizmat guvohnomasi oʻrniga yangi xizmat guvohnomasini berish haqidagi xatga oʻtkazilgan xizmat tekshiruvi xulosasi ham ilova qilinishi shart.
9. Xizmat guvohnomasi ushbu Nizomning 7 va 8-bandlarida koʻrsatilgan hujjatlar Devonga kelib tushgan kundan eʼtiboran mazkur Nizomning 1-ilovasida* koʻrsatilgan talablar va namuna asosida yetti ish kunida tayyorlanadi.
10. Xizmat guvohnomasi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri (u yoʻqligida uning vazifasini bajarish vaqtincha zimmasiga yuklatilgan Spiker oʻrinbosari) tomonidan imzolanadi va Qonunchilik palatasining gerbli muhri bilan tasdiqlanadi.
11. Xizmat guvohnomasining berilganligi va qaytarilganligi mazkur Nizomning 2-ilovasida* keltirilgan shaklga muvofiq Devon tomonidan yuritiladigan daftarda roʻyxatdan oʻtkaziladi.
* Ilovalar berilmaydi.
12. Xizmat guvohnomasi deputat yordamchisiga topshirish uchun tegishli deputatga beriladi.
13. Xizmat guvohnomasi uning amal qilish muddati tugagan, deputat yordamchisi ishdan boʻshagan kundan yoki xizmat guvohnomasi yaroqsiz holga kelganligi aniqlangan kundan eʼtiboran oʻn kundan kechiktirmay siyosiy partiyaning kadrlar bilan ishlash uchun masʼul boʻlgan boʻlimi tomonidan Devonga qaytarilishi shart.
3-bob. Xizmat guvohnomasidan foydalanish
14. Deputat yordamchisi oʻz xizmat guvohnomasidan faqat funksional vazifalarini bajarish uchun foydalanishi mumkin boʻlib, uni boshqa shaxslarga berish qatʼiyan taqiqlanadi.
15. Deputat yordamchisining oʻz xizmat guvohnomasidan belgilangan maqsadda foydalanishi va xizmat guvohnomasining lozim darajada saqlanishi siyosiy partiyalar tomonidan nazorat qilib boriladi.
4-bob. Xizmat guvohnomasini yoʻq qilish
16. Amal qilish muddati tugagan yoki yaroqsiz holga kelgan xizmat guvohnomasi haqiqiy emas deb hisoblanadi va Devonning Tashkiliy ishlar va kadrlar boʻlimi tomonidan yoʻq qilinadi.
17. Olib qoʻyilgan va qaytarilgan xizmat guvohnomalari yoʻq qilinganligi haqida Devonning Tashkiliy ishlar va kadrlar boʻlimi tomonidan tegishli dalolatnoma rasmiylashtiriladi.