Oʻzbekiston Respublikasi Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasining
Qarori
Presslash va ekstraksiyalash usuli bilan oʻsimlik yogʻi ishlab chiqarish xodimlari uchun xavfsizlik qoidalariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2022-yil 10 fevralda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2225-2]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 25-iyuldagi PF-6035-son “Koronavirus pandemiyasini yumshatish, aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi va salomatligini saqlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni, Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 31-dekabrdagi 1066-son “Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi va 2020-yil 11-noyabrdagi 712-son “Isteʼmolchilar elektr qurilmalarini texnik ekspluatatsiya qilish qoidalari va isteʼmolchilar elektr qurilmalarini ekspluatatsiya qilishda xavfsizlik texnikasi qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarorlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yer qaʼrini geologik oʻrganish, sanoatda, konchilikda va kommunal-maishiy sektorda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻining 2011-yil 25-apreldagi 93-son buyrugʻi (roʻyxat raqami 2225, 2011-yil 10-may) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 19-son, 194-modda) bilan tasdiqlangan Presslash va ekstraksiyalash usuli bilan oʻsimlik yogʻi ishlab chiqarish xodimlari uchun xavfsizlik qoidalariga ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Rais B. GULYAMOV
Toshkent sh.,
2022-yil 1-fevral,
25/YuB-22-son
Oʻzbekiston Respublikasi Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasining 2022-yil 1-fevraldagi 25/YuB-22-son qaroriga
ILOVA
Presslash va ekstraksiyalash usuli bilan oʻsimlik yogʻi ishlab chiqarish xodimlari uchun xavfsizlik qoidalariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. 10-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“10. Tashkilotlarda mehnat faoliyati bilan bogʻliq ravishda sodir boʻlgan baxtsiz hodisalar va boshqa jarohatlanishlarni tekshirish va hisobini yuritish Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 6-iyundagi 286-son qarori bilan tasdiqlangan Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarni va xodimlar salomatligining mehnat vazifalarini bajarish bilan bogʻliq boshqa xil zararlanishini tekshirish va hisobga olish toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq amalga oshirilishi lozim.”.
2. 33-band oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
3. 81-banddagi “davlat sanitariya nazorati organlari” degan soʻzlar “sanitariya-epidemiologiya xizmatlari” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
4. 129-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“129. Tashkilotlarda elektr qurilmalarini oʻrnatish va ulardan foydalanishda Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 11-noyabrdagi 712-son qarori bilan tasdiqlangan Isteʼmolchilar elektr qurilmalarini texnik ekspluatatsiya qilish qoidalari va Isteʼmolchilar elektr qurilmalarini ekspluatatsiya qilishda xavfsizlik texnikasi qoidalari va mazkur Qoidalar talablariga rioya qilinishi kerak.”.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.02.2022-y., 10/22/2225-2/0119-son)