Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi tizimidagi bolalar oromgohi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
(qarorning nomi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 17-dekabrdagi 797-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.12.2025-y., 09/25/797/1181-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 19-iyuldagi PQ-5188-son “Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar faoliyatini yanada takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash hamda iqtidorli yoshlarning sanʼat, sport, ilm-fan va innovatsiya sohasidagi loyihalarini qoʻllab-quvvatlash, ularni bir gʻoya atrofida birlashtirish, bolalarning mazmunli dam olishini tashkil etish va sogʻlomlashtirish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 19-iyuldagi PQ-5188-son “Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar faoliyatini yanada takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori 13-bandiga muvofiq:
Oldingi tahrirga qarang.
“Oʻzmetkombinat” AJning Toshkent viloyati, Boʻstonliq tumanida joylashgan mazkur jamiyatga qarashli “Yoshlik” bolalar sogʻlomlashtirish oromgohi Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) tasarrufiga begʻaraz oʻtkazilganligi;
(1-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 17-dekabrdagi 797-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.12.2025-y., 09/25/797/1181-son)
kelgusi 10 yil davomida ushbu oromgohning faoliyatini yuritish va saqlash bilan bogʻliq xarajatlarni “Oʻzmetkombinat” AJ tomonidan ajratiladigan homiylik xayriyalari hisobidan qoplash belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. “Oʻzmetkombinat” AJning “Yoshlik” bolalar sogʻlomlashtirish oromgohi mol-mulki negizida Agentlik muassisligidagi “Renessans” sogʻlomlashtirish oromgohi (keyingi oʻrinlarda — Oromgoh) tashkil etilsin.
3. Quyidagilar Oromgoh faoliyatining asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:
bolalarni sogʻlomlashtirish, ularning yosh xususiyatidan kelib chiqqan holda sogʻlom turmush tarziga oʻrgatish, jismoniy tayyorgarlik darajasini oshirish;
yoshlarning IT, STEAM (ilm-fan, texnologiya, muhandislik, sanʼat, matematika), biznes boshqaruvi, ijod sohalaridagi iqtidorini rivojlantirish;
yoshlarni kasb-hunarga yoʻnaltirish, tadbirkorlikka oʻrgatish, yosh olimlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning kasbiy qobiliyatlarini rivojlantirishda ustoz-shogird anʼanalaridan keng foydalanish;
yoshlarni, shu jumladan imkoniyati cheklangan yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, startap loyihalari va oʻz ustida ishlashlariga munosib shart-sharoit yaratish hamda amaliyotga joriy etish ishlarini muvofiqlashtirish;
iqtidorli yoshlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bazasini shakllantirish va ular bilan tizimli ishlash mexanizmlarini joriy etish;
oʻquvchilarni xalqaro fan olimpiadalari va tanlovlarga samarali hamda intensiv tarzda tayyorlash;
Oromgoh bazasida Agentlik tizimidagi rahbar va pedagog kadrlarning qisqa muddatli malaka oshirish kurslari, metodologik amaliyoti, xalqaro ekspertlar ishtirokida mahorat darslarini, mahalliy va xalqaro festivallar, anjumanlar, seminar, konferensiya, forumlar va boshqa tadbirlar oʻtkazishni tashkil etish;
Agentlik tomonidan belgilangan oʻquv dasturlari asosida dars va darsdan tashqari mashgʻulotlar, individual ishlash dasturlarini shakllantirish hamda takomillashtirish;
innovatsiya va ilmiy tadqiqotlar olib borish, ilm-fan yutuqlarini tijoratlashtirish hamda oliy taʼlim va kasbga yoʻnaltirish boʻyicha yetakchi mutaxassislarni jalb etgan holda mahorat darslarini tashkil etish.
4. Belgilab qoʻyilsinki:
a) Oromgoh davlat muassasasi hisoblanadi, oʻz ustaviga, mustaqil balansiga, shaxsiy gʻazna hisobvaragʻiga, nomi davlat tilida yozilgan muhrga, shtamp va blankalarga ega boʻladi;
b) Oromgoh yil davomida faoliyat yuritadi. Bunda:
yoshlarning iqtidoridan kelib chiqib, taʼlim sifatini oshirish va individual yondashuvni joriy etish maqsadida har bir guruhda yoshlar soni 20 nafargacha shakllantiriladi;
yoshlarning alohida qobiliyatlarini rivojlantirish maqsadida yetakchi mutaxassislar ishtirokida individual mashgʻulotlar olib boriladi;
yoshlar uchun umumtaʼlim dasturlarini qamrab olgan mashgʻulotlar Oromgohning oʻzida tashkil etiladi;
v) Oromgohga Agentlik tizimidagi mahalliy va xorijiy mutaxassislar jalb etiladi;
g) Oromgohga Agentlik tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan direktor rahbarlik qiladi;
d) Oromgohning yillik daromadlar va xarajatlar smetasi Agentlik bilan kelishilgan holda Oromgoh tomonidan tasdiqlanadi. Oromgoh mablagʻlarining maqsadli sarflanishi ustidan nazorat Agentlik tomonidan amalga oshiriladi;
Oldingi tahrirga qarang.
e) yoshlarning startap va innovatsion loyihalarini takomillashtirish va amaliyotga tatbiq etish belgilangan tartibda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligining Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi hamda mahalliy va xorijiy investorlar mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
(4-bandning “e” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 17-dekabrdagi 797-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.12.2025-y., 09/25/797/1181-son)
5. Agentlik uch oy muddatda:
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, “Oʻzmetkombinat” AJ, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda Toshkent viloyati, Boʻstonliq tumani Yusufxona qishlogʻida joylashgan “Yoshlik” bolalar sogʻlomlashtirish oromgohini balans qiymatida begʻaraz qabul qilsin;
Oromgoh ustavini tasdiqlasin va uning davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini taʼminlasin;
Oromgohni chuqur bilim, yuqori kasb mahoratiga ega, tajribali rahbar, mahalliy va xorijiy pedagog kadrlar hamda malakali mutaxassislar bilan toʻldirsin;
Xalq taʼlimi vazirligi bilan birgalikda Oromgohda oʻqitiladigan umumtaʼlim fanlarining oʻquv rejasini tasdiqlasin;
Oromgohga iqtidorli yoshlarni jalb qilish tartibini tasdiqlasin.
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Innovatsion rivojlanish vazirligi Agentlikning talabnomasiga asosan iqtidorli yoshlarni ilmiy tadqiqotchilarga biriktirish, ularning tadqiqot laboratoriyalaridan foydalanishlari uchun shart-sharoitlar yaratsin.
6. Toshkent viloyati hokimligi Agentlik, “Oʻzmetkombinat” AJ, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi va Moliya vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda Oromgoh uchun zamonaviy oʻquv kampusi, oʻquv laboratoriyalari, oʻquv resurs markazi, oʻquv binosi, mediamarkaz, sport kompleksi, kongress-xoll, kinoteatr, yotoqxona, jalb etiladigan xodimlar uchun mehmonxona, Agentlik xodimlari hamda pedagog xodimlari uchun dam olish maskani loyihasi ishlab chiqilishi va xalqaro standartlar asosida rekonstruksiya qilinishi va qoʻshimcha qurilishi boʻyicha loyiha (loyihaoldi) hujjatlarini ishlab chiqsin va Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturiga qoʻshish uchun asoslangan takliflarni bersin.
Bunda, zamonaviy mebel va jihozlar, oʻquv-laboratoriya asbob-uskunalari, kompyuter, multimedia hamda video-kuzatuv vositalari, shuningdek, imkoniyati cheklangan yoshlar uchun zarur jihozlar bilan taʼminlash — “Oʻzmetkombinat” AJ mablagʻlari, shuningdek, qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
7. Quyidagilar Oromgoh faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
“Oʻzmetkombinat” AJ tomonidan ajratiladigan homiylik xayriyalari;
Oldingi tahrirga qarang.
Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi huzuridagi Iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasining mablagʻlari;
(7-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 17-dekabrdagi 797-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.12.2025-y., 09/25/797/1181-son)
startap loyihalarni amalga oshirishdan olinadigan daromadlar;
Oromgohning xizmat koʻrsatishdan olinadigan daromadlari;
yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari;
xalqaro moliya institutlari va tashkilotlarining grantlari, texnik koʻmaklashish mablagʻlari;
qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa mablagʻlar.
8. Toshkent viloyati hokimligi, Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi 2022-yil 1-iyunga qadar Oromgohga olib boruvchi 12 km uzunlikdagi ichki xoʻjalik yoʻlini mahalliy budjet mablagʻlari hisobidan taʼmirlash choralarini koʻrsin.
9. Agentlik manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Prezident taʼlim muassasalari agentligi direktori X.Oʻ. Umarova zimmasiga va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari kotibiyatiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2022-yil 9-fevral,
65-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.02.2022-y., 09/22/65/0112-son; 19.12.2025-y., 09/25/797/1181-son)