Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi Rayosatining
Qarori
Ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengash toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirishlar kiritish haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2022-yil 27 yanvarda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2893-5]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 23-martdagi PF-6191-son “Aholi va tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlaridan foydalanishda yanada qulay sharoitlar yaratish, bu borada byurokratik toʻsiqlarni qisqartirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi, 2021-yil 24-iyuldagi PF-6269-son “Davlat xizmatlari koʻrsatish infratuzilmasini takomillashtirish va aholining davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmonlari va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 27-avgustdagi 545-son “Ilmiy va innovatsion faoliyatni boshqarish tizimini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi Rayosati qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi Rayosatining 2017-yil 31-maydagi 239/3-son qarori (roʻyxat raqami 2893, 2017-yil 23-iyun) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 25-son, 568-modda) bilan tasdiqlangan Ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengash toʻgʻrisidagi nizomga ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Rais A. YUSUPOV
Toshkent sh.,
2022-yil 5-yanvar,
IHL-1874/21-son
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi Rayosatining 2022-yil 5-yanvardagi INL-1874/21-son qaroriga
ILOVA
Ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengash toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. 1-bandning ikkinchi va sakkizinchi xatboshilaridagi, 3-bandning birinchi xatboshisidagi, 11-banddagi va 35-bandning birinchi xatboshisidagi “ilmiy tashkilot yoki taʼlim muassasasi” degan soʻzlar “ilmiy yoki taʼlim tashkiloti” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
2. 4-bandda:
birinchi va ikkinchi xatboshilaridagi “ilmiy tashkilot va taʼlim muassasalari” degan soʻzlar “ilmiy va taʼlim tashkilotlari” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
toʻrtinchi xatboshidagi “ilmiy tashkilot yoki taʼlim muassasasida” degan soʻzlar “ilmiy yoki taʼlim tashkilotida” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
3. 46-bandning sakkizinchi xatboshisidagi “ilmiy tashkilotlar hamda taʼlim muassasalarining” degan soʻzlar “ilmiy hamda taʼlim tashkilotlarining” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
4. 2-ilovaning 3 va 4-bandlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
5. 9-ilovada:
7-band oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin;
8-banddan “oliy maʼlumoti toʻgʻrisidagi hujjatning nusxasi; fan doktori (DSc) ilmiy darajasi talabgori uchun fan nomzodi yoki falsafa doktori (PhD) yoxud unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy daraja diplomining nusxasi;” degan soʻzlar chiqarib tashlansin.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.01.2022-y., 10/22/2893-5/0090-son)