Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Aviaspottingni rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekistonning ijobiy imiji, turistik salohiyati va investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, mamlakat aeroportlari va aviakompaniyalarini dunyo jamoatchiligiga tanitish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Belgilansinki:
2022-yil 1-maydan boshlab Oʻzbekiston Respublikasidagi xalqaro aeroportlarda aviaspotting — belgilangan tartibga asosan aeroportlarda havo kemalari harakatini hamda parvozini kuzatish, shuningdek ularni professional va havaskorlar (aviaspotterlar) tomonidan foto, video tasvirga olishni amalga oshirish yoʻlga qoʻyiladi;
respublikadagi barcha xalqaro aeroportlar hududida ularning boshqaruv shaklidan qatʼi nazar, shuningdek, ularga tutash hududlarda parvozlar xavfsizligi talablari, Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti (IKAO) tavsiyalari va ilgʻor xorijiy tajriba hisobga olingan holda, aviaspotting mashgʻulotlari uchun ixtisoslashtirilgan joylar (keyingi oʻrinlarda — kuzatish maydonchalari) bosqichma-bosqich ajratiladi;
kuzatish maydonchalariga, shu jumladan, ular joylashgan joylarga nisbatan talablar “Uzbekistan Airports” AJ takliflari asosida Oʻzbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligi va Transport vazirligi tomonidan tasdiqlanadi;
2022-yil 1-maydan boshlab xorijiy aviaspotterlar jalb qilingan holda, mahalliy havaskorlar va professional aviaspotterlar uchun har choraklik mavsumiy tanlovlar, shuningdek, har yilgi tanlovlar taʼsis etiladi hamda tashkil qilinadi;
xalqaro aeroportlar hududida kuzatish maydonchalarini tashkil qilish va jihozlash ishlari aeroportlarning oʻz moliyaviy resurslari, shuningdek, qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa mablagʻlar, ularga tutash hududlarda esa — xususiy sektor jalb qilingan holda mahalliy budjetlar mablagʻlari, shuningdek, qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa mablagʻlar hisobidan amalga oshiriladi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi Turizm va sport vazirligi, Ichki ishlar vazirligi hamda “Uzbekistan Airports” AJ bilan birgalikda kuzatish maydonchalari va ular joylashgan joylarga nisbatan quyidagilarni nazarda tutuvchi talablarni bir oy muddatda tasdiqlasin:
aviaspotterlarni kuzatish maydonchalariga kiritish va ular tomonidan aeroportlar ichki tartibiga rioya etilishi reglamentini tasdiqlash;
oʻta muhim reyslar parvozlari vaqtida kuzatish maydonchalariga kiritishni kelishish;
videokuzatuv tizimini tashkil qilish va unga xalqaro aeroportlar aviatsiya xavfsizligi xizmatini ulash.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Andijon, Buxoro, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Fargʻona, Xorazm viloyatlari va Toshkent shahar hokimliklari:
2022-yil 1-fevralga qadar “Uzbekistan Airports” AJ bilan birgalikda aviaspotting bilan shugʻullanish uchun kuzatish maydonchalarini va tegishli infratuzilmani tashkil qilish maqsadida xalqaro aeroportlarga tutash hududlarni belgilasin;
2022-yil 1-mayga qadar xorijiy tajribani oʻrgangan holda, xalqaro aeroportlarga tutash hududlarda kuzatish maydonchalarining toʻliq faoliyat koʻrsatishini taʼminlasin va ularni zarur infratuzilma (kirish yoʻli, avtoturargoh, sanuzel, umumiy ovqatlanish joylari, videokuzatuv tizimi va boshqalar) bilan jihozlasin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi:
ushbu qarorning 1-bandida koʻrsatilgan tanlovlarni mazkur qaror talablari inobatga olingan holda oʻtkazish reglamentini ikki oy muddatda ishlab chiqib tasdiqlasin;
“Uzbekistan Airports” AJ, Fuqaro aviatsiyasi agentligi, “Oʻzaeronavigatsiya markazi” DUK bilan birgalikda 2022-yil 1-mayga qadar birinchi bosqichda Islom Karimov nomidagi “Toshkent” xalqaro aeroporti va “Samarqand” xalqaro aeroportida, 2022-yil 1-iyuldan boshlab — qolgan barcha xalqaro aeroportlar hududida aviaspotting bilan shugʻullanish uchun kuzatish maydonchalarining toʻliq faoliyat koʻrsatishini taʼminlasin;
“Uzbekistan Airports” AJ, Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Toshkent shahar hokimligi bilan birgalikda ikki oy muddatda Oʻzbekiston milliy aviatsiya muzeyini tashkil qilish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin;
“Uzbekistan Airports” AJ bilan birgalikda mahalliy aviaspotterlar uchun mahorat saboqlari oʻtkazish, shuningdek, ushbu sohani yanada rivojlantirish maqsadida ularning tavsiyalari va takliflarini olish uchun taniqli aviaspotterlarni doimiy asosda jalb qilinishini taʼminlasin;
aeroportlarda taʼlim muassasalari oʻquvchilari va talabalari uchun ochiq eshiklar kunlarining muntazam oʻtkazilishini taʼminlasin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligi Transport vazirligi, “Uzbekistan Airports” AJ va “Uzbekistan Airways” AJ bilan birgalikda aviaspotting boʻyicha fotosuratlarni mashhur onlayn platformalarda (“Gettylmages”, “Flickr”, “Shutterstock.com”, “Depositphotos.com” va boshqalarda) joylashtirish choralarini koʻrsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi Turizm va sport vazirligi hamda “Uzbekistan Airports” AJ bilan birgalikda parvozlar koʻp amalga oshiriladigan, aviaspotting va aviaspotterlar uchun zarur shart-sharoitlar yaratilgan dunyodagi yirik aeroportlar faoliyati muntazam oʻrganilishini taʼminlasin, shuningdek, oʻrganish natijalari boʻyicha ushbu faoliyatni Oʻzbekiston Respublikasida rivojlantirib borish yuzasidan zarur choralar koʻrsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — turizm va sport vaziri A.A. Abduxakimov va Oʻzbekiston Respublikasi transport vaziri I.R. Mahkamov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2022-yil 26-yanvar,
43-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.01.2022-y., 09/22/43/0068-son)