Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Diniy tashkilotning faoliyati tugatilganda kreditorlarning daʼvolari boʻyicha undirish qaratilishi mumkin boʻlmagan, ibodat qilish uchun moʻljallangan mol-mulk roʻyxatini tasdiqlash haqida
“Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 29-moddasida diniy tashkilotning faoliyati tugatilganda kreditorlarning daʼvolari boʻyicha undirish qaratilishi mumkin boʻlmagan, ibodat qilish uchun moʻljallangan mol-mulkning roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanishi nazarda tutilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Diniy tashkilotning faoliyati tugatilganda kreditorlarning daʼvolari boʻyicha undirish qaratilishi mumkin boʻlmagan, ibodat qilish uchun moʻljallangan mol-mulkning roʻyxati ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Vazirlar Mahkamasining Yoshlar, jamoat tashkilotlari, mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash masalalari kotibiyatiga hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisi S.D. Toshboyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2022-yil 26-yanvar,
42-son
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 26-yanvardagi 42-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Diniy tashkilotning faoliyati tugatilganda kreditorlarning daʼvolari boʻyicha undirish qaratilishi mumkin boʻlmagan, ibodat qilish uchun moʻljallangan mol-mulk
ROʻYXATI
1. Masjidda namoz ibodatini ado etish uchun moʻljallangan mato (joynamoz).
2. Masjidda maʼruza uchun moʻljallangan minbar.
3. Masjidda ibodat yoʻnalishini belgilash uchun oʻrnatiladigan mehrob.
4. Diniy mazmundagi adabiyotlar.
5. Ibodatlarda foydalaniladigan tasbeh.
6. Juma namozi maʼruzasida foydalaniladigan hassa.
7. Shialik yoʻnalishida namoz ibodatida sajda uchun foydalaniladigan tosh.
8. Namozxon ibodati davomida oldiga qoʻyib foydalanadigan toʻsiqlar (sutra).
9. Namoz vaqtlarini koʻrsatuvchi tablolar.
10. Qurʼon oʻqish uchun ishlatiladigan tagtaxtachalar (lavh).
11. Avliyolar jasadi boʻlaklari solinadigan idish.
12. Devoriy mozaika.
13. Devoriy surat.
14. Diniy mazmundagi devoriy yopingʻich.
15. Ikona.
16. Ikona qoʻyish uchun moslama.
17. Ikonostas (ikonalar jamlamasi).
18. Iso Masihning xochga mixlangan timsoli.
19. Iso Masih haykali.
20. Maʼbud haykali.
21. Mehrob (altar).
22. Mehrob uchun yopingʻich.
23. Mehrob uchun stol.
24. Minbar (tribuna).
25. Moy solinadigan idish.
26. Musiqiy likobcha.
27. Muqaddas non solinadigan quti.
28. Nogʻora.
29. Organ (musiqa asbobi).
30. Ruhoniylarning ibodat libosi.
31. Sanamlar haykalchasi.
32. Tavba qilish va gunohlarni kechirish (indulgensiya) koʻchma xonasi.
33. “Tavrot” kitobi oʻrami.
34. Choʻqintirish uchun likobcha.
35. Choʻqintirish uchun oʻtirish moslamasi.
36. Shamdon (lampada, minora).
37. Qoʻngʻiroq.
38. Xoch.
39. Xoch qoʻyish uchun moslama.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.01.2022-y., 09/22/42/0067-son)