O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish faoliyatini amalga oshirish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ko‘p kvartirali uy-joylarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida” 2021-yil 19-iyundagi PQ-5152-son qarori ijrosini ta’minlash, shuningdek ko‘p kvartirali uylarni boshqarishni yanada takomillashtirish asosida sifatli kommunal xizmatlar ko‘rsatishni tashkil qilish hamda ko‘p kvartirali uydagi umumiy mol-mulkni va unga tutash yer uchastkasini talab darajasida saqlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish faoliyatini amalga oshirish qoidalari 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
ko‘p kvartirali uyni boshqarishda ma’lumotlarni ko‘p kvartirali uylardagi joylar mulkdorlari va boshqa foydalanuvchilarga yetkazib berish shartlari, tartibi va muddatlari;
ko‘p kvartirali uydagi umumiy mol-mulkni saqlash va ta’mirlash uchun xizmatlar va ishlarni shakllantirish va tasdiqlash tartibi;
ko‘p kvartirali uylarni billing tizimi orqali boshqarish, mukammal va joriy ta’mirlash ishlarini amalga oshirish, shuningdek avariya-dispetcherlik xizmatlarini ko‘rsatish tartibi;
ko‘p kvartirali uyning texnik hujjatlari, uyni boshqarish uchun zarur bo‘ladigan boshqa hujjatlar hamda texnik vositalar va asbob-uskunalarni topshirish-qabul qilish tartibi.
2. Belgilansinki:
a) ko‘p kvartirali uyni boshqarish organi (keyingi o‘rinlarda — boshqarish organi) tomonidan doimiy ravishda ko‘p kvartirali uylardagi joy mulkdori yoki foydalanuvchisining so‘rovnomasi asosida kommunal xizmatlarning hajmi (miqdori), umumiy mol-mulkni saqlash maqsadida sarflangan xarajatlar, kommunal xizmat ko‘rsatish qoidalarida nazarda tutilgan talablar buzilishi to‘g‘risidagi ma’lumotlar berib boriladi;
b) boshqarish organi tomonidan ko‘p kvartirali uylarni boshqarish:
har bir ko‘p kvartirali uyga alohida boshqarishning mustaqil obyekti sifatida, geodezik va iqlimiy xususiyatlariga qarab, ko‘p kvartirali uyning joylashishi, umumiy mulkning tarkibi va dizayn xususiyatlari, jismoniy eskirish darajasi va texnik holati;
ko‘p kvartirali uydagi umumiy mol-mulkni saqlash, undan foydalanish hamda uni ta’mirlash va tutash bo‘lgan yer uchastkasini obodonlashtirish uchun zarur bo‘lgan xizmatlar va ishlar hisobga olingan holda amalga oshiriladi;
v) ko‘p kvartirali uyda umumiy mol-mulkning talab darajasida saqlanishini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan xizmatlar va ishlarning ro‘yxati Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar xalq deputatlari kengashlari tomonidan tasdiqlangan minimal ro‘yxat asosida ko‘p kvartirali uydagi joylar mulkdorlarining umumiy yig‘ilishida tasdiqlanadi;
g) boshqarish organlari tomonidan ko‘p kvartirali uylarda avariya vaziyatlarini bartaraf etadigan, 24 soat mobaynida faoliyat yuritadigan avariya-dispetcherlik xizmati tashkil etiladi, avariya-dispetcherlik xizmati faoliyatini tashkil etishga va uni saqlab turishga moliyaviy imkoniyati yoki moddiy-texnik bazasi yetarli bo‘lmagan taqdirda, avariya-dispetcherlik xizmatini ko‘rsatuvchi boshqa tashkilotlar jalb qilinadi;
d) boshqarish organlari tomonidan ko‘p kvartirali uylarni boshqarish billing tizimi orqali amalga oshiriladi;
Oldingi tahrirga qarang.
e) ko‘p kvartirali uy-joy fondini ta’mirlash uchun boshqarish organi tomonidan har bir ko‘p kvartirali uy uchun majburiy badallarning yoki to‘lovlarning alohida hisobi yuritiladi.
(2-bandning “e” kichik bandi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 22-sentabrdagi 602-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 22.09.2025-y., 09/25/602/0862-son)
Oldingi tahrirga qarang.
3. Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda:
(3-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 24-fevraldagi 100-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 26.02.2024-y., 09/24/100/0152-son)
mazkur qaror bilan tasdiqlangan Qoidalarda belgilangan talablarga muvofiq hududlarda ko‘p kvartirali uylarni boshqarishni yanada takomillashtirish borasida tizimli ishlarni yo‘lga qo‘ysin va ushbu talablarga qat’iy rioya etilishini nazorat qilib borsin;
qarorning mazmun-mohiyati va amaliy ahamiyati bo‘yicha aholi o‘rtasida targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga 2-ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritilsin.
5. Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari A.J. Ramatov va O‘zbekiston Respublikasi uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri Sh.S. Xidoyatov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2022-yil 3-yanvar,
3-son
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 3-yanvardagi 3-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish faoliyatini amalga oshirish
QOIDALARI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Qoidalar ko‘p kvartirali uylarni boshqarish faoliyatini amalga oshirish tartibini belgilaydi.
2. Mazkur Qoidalarda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
ko‘p kvartirali uylarni boshqarish organlari — bular:
yuridik shaxs bo‘lgan boshqaruvchi tashkilot;
jismoniy shaxs (yakka tartibdagi tadbirkor) bo‘lgan boshqaruvchi;
ko‘p kvartirali uy bevosita joylarning mulkdorlari tomonidan boshqarilgan taqdirda, ko‘p kvartirali uy kengashi;
uy-joy mulkdorlari shirkati boshqaruvi;
umumiy mol-mulk — ko‘p kvartirali uydagi umumiy joylar, tayanch va to‘siq konstruksiyalar, kvartiralar oralig‘idagi ihotalangan (o‘rama) pillapoyalar, zinapoyalar, liftlar, liftning shaxtalari hamda boshqa shaxtalar, dahlizlar, texnik qavatlar, yerto‘lalar, cherdaklar va tomlar, uy ichidagi muhandislik tarmoqlari va kommunikatsiyalari, joylarning tashqarisida yoki ichida joylashgan hamda bittadan ortiq joyga xizmat ko‘rsatadigan mexanik, elektr, sanitariya-texnika uskunalari va qurilmalari hamda boshqa uskuna va qurilmalar.
3. Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish faoliyati O‘zbekiston Respublikasining Uy-joy kodeksi, “Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish to‘g‘risida”gi Qonuni, ko‘p kvartirali uylarni boshqarish sohasidagi qonunchilik hujjatlari hamda ko‘p kvartirali uylardagi joylar mulkdorlarining (keyingi o‘rinlarda — joylar mulkdorlari) umumiy yig‘ilishi (keyingi o‘rinlarda — umumiy yig‘ilish) qarorlari asosida amalga oshiriladi.
4. Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish (keyingi o‘rinlarda — boshqaruv faoliyati) mazkur ko‘p kvartirali uylarda istiqomat qiluvchilarning yashashi va ularga yashash uchun mo‘ljallanmagan joylardan, shu jumladan ko‘p kvartirali uyga tutash yer uchastkasidan foydalanishda qulay hamda xavfsiz sharoitlarini ta’minlash, umumiy mol-mulkni lozim darajada saqlash hamda ulardan foydalanish masalalarini hal etish bo‘yicha zarur bo‘lgan xizmatlar va ishlarni qamrab olgan chora-tadbirlar majmuini o‘z ichiga oladi.
2-bob. Ma’lumotlarni joylar mulkdorlariga va boshqa foydalanuvchilarga yetkazib berish tartibi
5. Ko‘p kvartirali uyni boshqarish organi doimiy ravishda quyidagi ma’lumotlarni joylashtirib borishi shart:
a) boshqarish organi joylashgan yerning kirish qismida:
boshqarish organining nomi;
boshqarish organining manzili;
boshqarish organining telefon raqamlari va elektron pochta manzili;
boshqarish organining ish tartibi;
b) ko‘p kvartirali uyning barcha kirish qismlarida yoki ko‘p kvartirali uy joylashgan hududda joylashgan e’lon taxtasida:
boshqarish organining nomi, reyestr raqami, joylashgan manzili, ish vaqti, telefon raqami, elektron pochta manzili, veb-saytining manzili (agar mavjud bo‘lsa);
barcha kommunal xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlarning shoshilinch xizmatlari va avariya-dispetcherlik xizmati aloqa telefonlari;
ko‘p kvartirali uyning joylar mulkdorlari va boshqa foydalanuvchilar uchun noqulaylik tug‘diradigan, rejalashtirilgan ta’mirlash-tiklash ishlari va boshqa tadbirlar hamda bunday tadbirlar o‘tkaziladigan vaqt;
majburiy badal va (yoki) ko‘rsatilgan xizmatlar uchun to‘lov miqdori.
Ushbu bandda ko‘rsatilgan ma’lumotlar o‘zgarganda, bunday ma’lumotlar o‘zgargan kundan boshlab uch ish kuni ichida yangilanishi shart.
6. Boshqarish organi joylar mulkdorlari va boshqa foydalanuvchilarning so‘rovnomasiga binoan, so‘rovnoma kelib tushgan kundan keyingi kundan kechiktirmay, ushbu Qoidalarga muvofiq ma’lumotni (boshqa shaxslarga oid ma’lumotlar bundan mustasno) joylar mulkdorlari va boshqa foydalanuvchilarga taqdim etadilar.
Boshqarish organi quyidagi masalalar yuzasidan joy mulkdori yoki boshqa foydalanuvchining so‘rovnomasi kelib tushgan kundan boshlab uch ish kunidan kechiktirmay quyidagi ma’lumotlarni taqdim etishga majbur:
uyning umumiy hisoblagichi orqali har oyda iste’mol qilinadigan kommunal xizmatlar miqdori, ko‘p kvartirali uyning turar va noturar joylari iste’mol qiladigan kommunal xizmatlarning umumiy hajmi (miqdori), ko‘p kvartirali uydagi umumiy mulkni saqlash maqsadida sarflangan xarajatlar to‘g‘risida ma’lumot;
joylar mulkdorlari yoki boshqa foydalanuvchilarining hayoti, sog‘lig‘i va mulkiga, mulkdorlarning umumiy mulkiga zarar yetkazilganligi to‘g‘risida, shuningdek, joylar mulkdorlari yoki boshqa foydalanuvchilarga kommunal xizmat ko‘rsatish qoidalarida nazarda tutilgan talablarning buzilishi to‘g‘risida ma’lumot;
ta’mirlash ishlari va ko‘rsatilgan xizmatlar sifatsiz bajarilganligi va (yoki) kommunal xizmatlar ko‘rsatishda uzilishlar belgilangan muddatdan oshib ketganligi to‘g‘risida ma’lumot.
Ushbu bandda nazarda tutilgan ma’lumotlar aloqa vositalari va billing tizimi orqali yuborilishi mumkin.
7. So‘rovnoma pochta orqali, shaxsiy qabullarda og‘zaki yoki elektron shaklda yuborilishi mumkin. Agar so‘rovnomada boshqa shakl so‘ralmagan bo‘lsa, ma’lumot so‘rovnoma qabul qilingan shaklda taqdim etiladi.
8. Ushbu Qoidalarda nazarda tutilmagan masalalar bo‘yicha joylar mulkdori yoki boshqa foydalanuvchining so‘rovnomasiga tegishli javob so‘rovnoma ro‘yxatga olingan kundan boshlab 15 ish kunidan kechiktirmay beriladi.
3-bob. Ko‘p kvartirali uydagi umumiy mol-mulkni saqlash va ta’mirlash uchun xizmatlar hamda ishlar ro‘yxatini shakllantirish va tasdiqlash
9. Ko‘p kvartirali uy ulushli mulk huquqi asosida joylarning mulkdorlariga tegishli bo‘lgan umumiy mol-mulkni (keyingi o‘rinlarda — umumiy mol-mulk) o‘z ichiga oladi.
Oldingi tahrirga qarang.
10. Ko‘p kvartirali uylardagi umumiy mol-mulkning talab darajasida saqlanishini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan xizmatlar va ishlarning minimal ro‘yxati (keyingi o‘rinlarda — minimal ro‘yxat) Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tomonidan tegishli hududdagi boshqarish organlari bilan birgalikda ishlab chiqilib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar xalq deputatlari kengashlari tomonidan tasdiqlanadi.
(10-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 24-fevraldagi 100-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 26.02.2024-y., 09/24/100/0152-son)
Umumiy mol-mulkning saqlanishini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan xizmatlar va ishlarning ro‘yxati minimal ro‘yxatni hisobga olgan holda, boshqarish organi tomonidan ko‘p kvartirali uydagi joylar mulkdorlari bilan birgalikda shakllantiriladi va ko‘p kvartirali uydagi joylar mulkdorlarining umumiy yig‘ilishida tasdiqlanadi.
Boshqarish organi bir nechta ko‘p kvartirali uylarni boshqarganda har bir ko‘p kvartirali uydagi umumiy mol-mulkning saqlanishini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan xizmatlar va ishlar ro‘yxatini mazkur uydagi joylar mulkdorlarining umumiy yig‘ilishi muhokamasiga alohida ko‘rib chiqish va tasdiqlash uchun kiritishi lozim.
11. Xizmatlar va ishlar ro‘yxatida nazarda tutilgan xizmatlarni ko‘rsatish va ishlarni bajarish zaruriyatini tasdiqlash uchun ko‘p kvartirali uydagi joylar mulkdorlariga boshqarish organi tomonidan joylar mulkdorlari umumiy yig‘ilishining qaroriga binoan ko‘p kvartirali uyning texnik holatini tekshirish natijasi to‘g‘risidagi dalolatnoma, aniqlangan nuqsonlar (nosozliklar, shikastlanishlar) to‘g‘risidagi ma’lumotlarni aks ettiruvchi boshqa hujjatlar, shuningdek ko‘p kvartirali uyning texnik holatini sirtdan tekshirish orqali ilg‘ab bo‘lmas nosozlik va shikastlanishlar fakti tasdiqlangan tegishli mutaxassisning xulosasi taqdim etiladi.
12. Xizmatlar va ishlar ro‘yxati ko‘p kvartirali uydagi umumiy mol-mulkni saqlash va ta’mirlash bo‘yicha ko‘rsatiladigan xizmatlar va bajariladigan ishlar hajmi, shuningdek narxi va bajarish muddatlarini o‘z ichiga olgan bo‘lishi kerak.
Xizmatlar va ishlar ro‘yxatini tasdiqlash yuzasidan umumiy yig‘ilishda qaror qabul qilinishi uchun barcha joylar mulkdorlarining yoki ular vakillarining ellik foizidan ko‘prog‘i hozir bo‘lishi hamda uni yoqlab joylar mulkdorlarining yoki ularning umumiy yig‘ilishda hozir bo‘lgan vakillarining ellik foizidan ko‘prog‘i ovoz berishi lozim.
4-bob. Ko‘p kvartirali uylarni billing tizimi orqali boshqarish
13. Billing tizimi boshqarish organi hamda joylar mulkdorlari va boshqa foydalanuvchilar o‘rtasida bajarilgan ishlar va ko‘rsatilgan xizmatlar, shuningdek, to‘langan majburiy badal va to‘lovlar, ko‘p kvartirali uylarni boshqarish bo‘yicha boshqa ma’lumotlar almashish jarayonidan iborat.
Boshqarish organlari tomonidan ko‘p kvartirali uylarni boshqarish faoliyatini billing tizimi orqali amalga oshirilishi majburiydir.
14. Boshqarish organi ko‘p kvartirali uyni boshqarish bo‘yicha joylar mulkdorlari bilan shartnoma tuzadi hamda xizmat ko‘rsatish sifati uchun javob beradi.
15. Boshqarish organi ko‘p kvartirali uyni billing tizimi orqali boshqarishda:
Oldingi tahrirga qarang.
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan axborot tizimi orqali aholiga xizmat ko‘rsatilishini tashkil etishni;
(15-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 24-fevraldagi 100-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 26.02.2024-y., 09/24/100/0152-son)
joylar mulkdorlari va boshqa foydalanuvchilarning — jismoniy shaxs bo‘lganda — jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami, yuridik shaxs bo‘lganda — soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami va ularga tegishli mol-mulki kadastr raqamidan foydalangan holda ma’lumotlarni shakllantirishni;
majburiy badal yoki to‘lovlar uchun kelib tushgan mablag‘larning hisobini xonadon kesimida yuritishni;
joylar mulkdorlarining qarzi to‘g‘risida mobil telefon aloqa vositalariga qisqa xabar (SMS) jo‘natishni;
joy mulkdorining shaxsiy kabinetida boshqarish bilan bog‘liq barcha yangilik va xabarnomalarni (majburiy badal va/yoki to‘lovlar miqdori, to‘lovlar tarixi, so‘rovnoma natijalari, uy haqida to‘liq ma’lumot va boshqalar) kiritib borishni;
boshqarish organi haqida to‘liq ma’lumot joylashtirish va hujjatlarni yuklab olish imkoniyatini yaratishni;
joylar mulkdorlari o‘rtasida so‘rovnomalar o‘tkazish orqali boshqarish organi faoliyati to‘g‘risida fikr-mulohazalarni onlayn qabul qilish va tahlil qilishni;
bajarilgan ishlar to‘g‘risidagi hisobotlarni onlayn shaxsiy kabinetlar orqali e’lon qilishni;
har olti oyda majburiy badallar va/yoki to‘lovlarning tushumi va ko‘p kvartirali uylarni boshqarish bo‘yicha xarajatlar to‘g‘risida mulkdorlarga hisobotlarni onlayn shaxsiy kabinetlar orqali berishni;
kvitansiyani yuklab olish va chop etish imkoniyati bilan hisob-fakturani batafsil ko‘rsatishni;
24 soat mobaynida avariya vaziyatlari to‘g‘risida boshqarish organiga xabarnomani yuborishni;
boshqarish organi tomonidan bajarilgan ishlar va ko‘rsatilgan xizmatlar sifatini baholanishini ta’minlaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
16. Boshqarish organi tomonidan boshqaruv faoliyati billing tizimi orqali amalga oshirilishi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi (keyingi o‘rinlarda — Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi nazorati inspeksiyasi) tomonidan kuzatib boriladi.
(16-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 22-sentabrdagi 602-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 22.09.2025-y., 09/25/602/0862-son)
5-bob. Avariya-dispetcherlik xizmatlarni ko‘rsatish
17. Boshqarish organi hududda ko‘p kvartirali uylarda avariya vaziyatlarini bartaraf etadigan, 24 soat mobaynida faoliyat yuritadigan avariya-dispetcherlik xizmatini tashkil etishi lozim.
Boshqarish organining ushbu avariya-dispetcherlik xizmati faoliyatini tashkil etishga va uni saqlab turishga moliyaviy imkoniyati yoki moddiy-texnik bazasi yetarli bo‘lmasa, boshqaruv organi tomonidan ushbu ko‘p kvartirali uydagi avariya holatlarini bartaraf etish uchun avariya-dispetcherlik xizmatini ko‘rsatuvchi boshqa tashkilotlar jalb qilinishi shart.
18. Avariya-dispetcherlik xizmati muhandislik tarmoqlarining kunu-tun ishlashini, joylar mulkdorlari va boshqa foydalanuvchilardan kommunal xizmatlar ko‘rsatish, umumiy mulkni saqlash va ta’mirlash bo‘yicha ishlarni bajarish bilan bog‘liq masalalar yuzasidan arizalar, shuningdek, muhandislik tizimlarining ishlamay qolishi va shikastlanishini bartaraf etish, ko‘p kvartirali uyni boshqarish shartnomasida nazarda tutilgan boshqarish organining boshqa majburiyatlarini bajarish hamda avariya vaziyatlari yoki ularning paydo bo‘lishi xavfi tug‘ilganda fuqarolarning xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha tezkor choralar ko‘radi.
19. Muhandislik uskunalarining ishlashini doimiy monitoring qilish natijasida olingan ma’lumotlar avariya-dispetcherlik xizmati tomonidan tegishli jurnallarda aks ettiriladi va elektron shaklda saqlanadi.
20. Avariya-dispetcherlik xizmati tomonidan quyidagilar ta’minlanishi lozim:
ko‘p kvartirali uydagi joylar mulkdorlari va boshqa foydalanuvchilarning avariya-dispetcherlik xizmatiga qilgan qo‘ng‘iroqlariga 3 daqiqadan ko‘p bo‘lmagan vaqt oralig‘ida javob berilishi;
telefon orqali xabar qilingan murojaatlar (ma’lumotlar) belgilangan tartibda qayd etib borilishi;
ichimlik suvi, issiq suv, issiqlik va elektr ta’minoti tarmoqlarining ichki tizimlaridagi, ko‘p kvartirali uyning tom qismidagi avariya shikastlanishlari to‘g‘risidagi ariza ro‘yxatdan o‘tkazilgan paytdan e’tiboran ushbu shikastlanishlarni yarim soatdan ko‘p bo‘lmagan vaqtda lokalizatsiya qilinishi;
xonadon ichidagi oqova suv quvurlari (kanalizatsiya)ning tiqilib qolish va muhandislik tarmoqlarining ifloslanish holatlarini ariza ro‘yxatdan o‘tkazilgan vaqtdan boshlab ikki soat ichida bartaraf etilishi;
sovuq (ichimlik) va issiq suv, issiqlik hamda elektr ta’minoti va oqova suv tizimlarining hamda boshqa ichki muhandislik tizimlarining avariyaviy shikastlanishini ushbu holat ro‘y berganligi ma’lum bo‘lgan vaqtdan yoki bu haqda kelib tushgan ariza ro‘yxatdan o‘tkazilgan paytdan boshlab 3 kundan oshmagan muddatda bartaraf etilishi.
21. Murojaatlar avariya-dispetcherlik xizmatiga murojaatchilarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri tashrif buyurishi jarayonida, aloqa vositalari, shu jumladan ko‘p kvartirali uylarning kirish yo‘laklari va lift kabinalarida o‘rnatilgan aloqa vositalari orqali qabul qilinadi.
Aloqa vositalari orqali qilingan qo‘ng‘iroqlarga avariya-dispetcherlik xizmati tomonidan 3 daqiqa oralig‘ida javob berilmaganligi va avariya bartaraf etilmaganligi oqibatida ko‘p kvartirali uylardagi umumiy mol-mulkka va/yoki joylar mulkdorlarining shaxsiy mol-mulkiga yetkazilgan barcha zararlar, aybsizligini isbotlay olmagan boshqarish organi hisobidan qoplanadi.
22. Murojaatlarni ro‘yxatdan o‘tkazish ro‘yxatga olish jurnalida va/yoki yozib olishning elektron tizimi orqali (agar mavjud bo‘lsa) hamda qonunchilikka muvofiq telefon suhbatini yozib olish usuli yordamida amalga oshiriladi.
Murojaatlarni ro‘yxatga olish jurnali avariya-dispetcherlik xizmati tomonidan shnurlangan, raqamlangan va muhrlangan bo‘lishi kerak. Ushbu jurnal avariya-dispetcherlik xizmati faoliyat yuritayotgan binoda saqlanishi va murojaat muallifi, uning talabiga binoan murojaati ro‘yxatdan o‘tganligini tasdiqlash uchun jurnal bilan tanishtirilishi shart.
23. Boshqarish organi ichimlik suvi va oqova suv tarmoqlari, issiqlik, elektr va gaz ta’minoti tarmoqlarining ichki muhandislik tizimlari shikastlanganda, ular haqida ushbu holatlarni bartaraf etish xizmatlari ko‘rsatilishini ta’minlovchi tashkilotlarni xabardor qiladi.
24. Ushbu Qoidalarning 21-bandida nazarda tutilmagan zarur ishlar (xizmatlar) shartlari va ro‘yxatiga muvofiq kichik nosozliklar va shikastlanishlarni bartaraf etish to‘g‘risidagi arizalarni bajarish, arizani yuborgan joylar mulkdorlari yoki boshqa foydalanuvchilar bilan kelishilgan holda kunning istalgan paytida amalga oshiriladi.
Avariya-dispetcherlik xizmati tungi vaqtda (soat 23.00 dan 06.00 gacha) o‘z faoliyatini fuqarolarning tinchligi va osoyishtaligini buzmaslik choralarini ta’minlagan holda amalga oshirishi lozim.
25. Boshqarish organi va joylar mulkdorlari ikki va undan ortiq xonadonga xizmat qiluvchi muhandislik tarmoqlaridagi avariya holatlarini bartaraf etish maqsadida avariya-dispetcherlik xizmati xodimlarini ushbu tarmoqlarga va joylar mulkdorlari egallab turgan joyga kirishini ta’minlashlari shart.
26. Murojaat kelib tushganda, avariya-dispetcherlik xizmati ushbu murojaat sabablarini, mazmunini aniqlaydi va avariya-ta’mirlash xizmatlarini ko‘rsatuvchi boshqa tegishli tashkilotlar bilan o‘zaro aloqada tezkor qarorlar qabul qiladi. Qabul qilingan murojaatlarda qayd etilgan avariya holatlarini ushbu Qoidalarning 20-bandida belgilangan muddatlarda bartaraf etilishini ta’minlaydi.
27. Murojaatni ro‘yxatdan o‘tkazishda avariya-dispetcherlik xizmati murojaat etuvchi joy mulkdori yoki boshqa foydalanuvchiga mazkur murojaatni buyurtma sifatida olib, ro‘yxatga olish raqami, ushbu murojaatda qayd etilgan masalalarni bajarilishining belgilangan muddatlari va choralari to‘g‘risida ma’lumot beradi.
28. Avariya-dispetcherlik xizmati ko‘rsatilishini amalga oshirish jarayonida odamlarning hayoti va sog‘lig‘i, atrof-muhitni, joylar mulkdorlari va boshqa foydalanuvchilarning umumiy mol-mulki xavfsizligi ta’minlanishi kerak.
29. Avariya-dispetcherlik xizmati xodimlari kelib tushgan buyurtmani bajarish uchun zarur barcha vositalar va asbob-uskunalarga ega bo‘lishi lozim.
Avariya-dispetcherlik xizmati xodimlari buyurtmani bajarish uchun joy mulkdorining xonadoniga yoki boshqa foydalanuvchi egallab turgan joyga kirishi zarur bo‘lganda, joy mulkdorini yoki boshqa foydalanuvchini bu haqda hamda buyurtmani bajarish vaqti, buyurtmani bajaruvchi avariya-dispetcherlik xizmati xodimi (xodimlari) haqida ma’lumot berish orqali ogohlantirishi zarur.
30. Avariya-dispetcherlik xizmati ko‘rsatilib, yuzaga kelgan avariya holatlari bartaraf etilganda, murojaat qilgan joy mulkdori yoki boshqa foydalanuvchi tomonidan avariya holatlari bartaraf etilganligi to‘g‘risida dalolatnoma tuzilib, har ikki taraf tomonidan imzolash yo‘li bilan tasdiqlanadi.
6-bob. Ko‘p kvartirali uylarni mukammal va joriy ta’mirlash ishlarini amalga oshirish
31. Ko‘p kvartirali uy-joy fondini mukammal va joriy ta’mirlash uchun boshqarish organi tomonidan har bir ko‘p kvartirali uy uchun majburiy badallarning va/yoki to‘lovlarning alohida hisobi yuritiladi.
32. Boshqarish organi tomonidan ko‘p kvartirali uylarni mukammal va joriy ta’mirlash ishlarini amalga oshirish uchun ish turlarini aniqlash, loyiha-smeta hujjatlarini tayyorlash, shuningdek, manzilli ro‘yxatlarni ishlab chiqish va kelishish, ta’mirlash ishlarini moliyalashtirish hamda nazorat qilib borish qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartib asosida amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
33. Ko‘p kvartirali uyni boshqarish organlari har olti oyda bir marta ko‘p kvartirali uy-joylardagi tayanch va to‘siq konstruksiyalar (umumiy mol-mulk) butligini xatlovdan o‘tkazadi va Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi nazorati inspeksiyasiga ma’lumot kiritib boradi.
(33-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 22-sentabrdagi 602-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 22.09.2025-y., 09/25/602/0862-son)
Boshqarish organlari tomonidan:
Oldingi tahrirga qarang.
ko‘p kvartirali uylardagi tayanch va to‘siq konstruksiyalarni qonunchilik hujjatlarini buzgan holda o‘zgartirish, shuningdek ko‘p kvartirali uylarda va ularga tutash hududlarda o‘zboshimchalik bilan qurilmalar qurilganligi yoxud bunday harakatlarning amalga oshirilayotganligi aniqlanganda, o‘ziga ma’lum bo‘lgan vaqtdan boshlab darhol Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi nazorati inspeksiyasining hududiy nazorat qilish inspeksiyalariga;
(33-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 22-sentabrdagi 602-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 22.09.2025-y., 09/25/602/0862-son)
daraxtlar va butalarni qonunga xilof ravishda kesganlik, kundakov qilganlik, shikast yetkazganlik, boshqa joyga ko‘chirib o‘tkazganlik hamda parvarish qilmaslik oqibatida ularning qurib qolishi aniqlanganda, bu haqida Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, ichki ishlar organlari yoki Milliy gvardiya bo‘linmalariga ma’lum qilishi shart.
7-bob. Ko‘p kvartirali uyning texnik hujjatlari, uyni boshqarish uchun zarur bo‘ladigan boshqa hujjatlar hamda texnik vositalar va asbob-uskunalarni topshirish-qabul qilish tartibi
34. Joylar mulkdorlarining umumiy yig‘ilishi tomonidan ko‘p kvartirali uyni boshqarish usulini o‘zgartirish to‘g‘risida qaror qabul qilinganda yoki ko‘p kvartirali uyni boshqarish shartnomasining amal qilish muddati tugaganda yoxud bunday shartnoma muddatidan avval bekor qilinganda, umumiy yig‘ilish vakolat bergan shaxs yoki boshqarish organi besh ish kunida yig‘ilishda qabul qilingan qarorning nusxasini ilova qilgan holda yig‘ilish o‘tkazilgan kunga qadar mazkur uyga ko‘p kvartirali uylarni boshqarish xizmatini ko‘rsatib kelgan boshqarish organiga, shuningdek, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligining tuman (shahar)lar uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish bo‘limlariga (keyingi o‘rinlarda — Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligining hududiy bo‘limi) ma’lum qiladi.
Ushbu ma’lumotda ko‘p kvartirali uylardagi joylar mulkdorlari tomonidan uyni boshqarish uchun tanlangan tashkilot nomi, manzili, soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami (STIR) va bevosita joylarning mulkdorlari tomonidan boshqarish usuli tanlanganda, umumiy yig‘ilish qarori bilan saylangan ko‘p kvartirali uyning Kengashi a’zolari haqidagi ma’lumotlar bo‘lishi kerak. Mazkur ma’lumotlar elektron axborot tizimlari orqali yuborilishi mumkin.
35. Boshqarish organi ko‘p kvartirali uyni boshqarish usuli o‘zgargan yoki bu haqda xabar berilgan kundan e’tiboran uch ish kuni ichida ko‘p kvartirali uyning texnik hujjatlarini va uyni boshqarish bilan bog‘liq boshqa hujjatlarni, qoldiq pul mablag‘larni, umumiy mol-mulk tarkibiga kiradigan joylarning kalitlarini hamda ko‘p kvartirali uydan foydalanish va uni boshqarish uchun zarur bo‘lgan boshqa texnik vositalarni hamda asbob-uskunalarni yangi saylangan boshqarish organiga yoki Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligining hududiy bo‘limiga topshirishi shart.
36. Agar ko‘p kvartirali uyni avval boshqargan boshqarish organida ko‘p kvartirali uyni boshqarish funksiyasini (vazifasini) yangi saylangan (tanlangan) boshqarish organiga topshirish kunida ko‘p kvartirali uyning texnik hujjatlari va uyni boshqarish bilan bog‘liq boshqa hujjatlar hamda ko‘p kvartirali uydan foydalanish va uni boshqarish uchun zarur bo‘lgan texnik vositalar hamda asbob-uskunalar mavjud bo‘lmasa (yo‘qotilganligi yoki boshqa sabablarga ko‘ra), boshqarish organi (boshqarish funksiyasini topshiruvchi boshqarish organi) bir oy muddat ichida ularni tiklash choralarini ko‘rishi va belgilangan tartibda yangi tanlangan boshqarish organiga yoxud umumiy yig‘ilish qarorida belgilangan joy mulkdoriga, ularni alohida topshirish qabul qilish dalolatnomasi asosida topshirishi lozim.
Topshirish qabul qilish dalolatnomasida qabul qilingan hujjatlar, texnik vositalar va asbob-uskunalar to‘g‘risida ma’lumot (nomi, soni, turi va boshqa ko‘rsatkichlar), dalolatnoma tuzilgan sana va ma’lumotlarning to‘g‘riligini tasdiqlovchi shaxslarning imzolari bo‘lishi zarur.
37. Dalolatnoma imzolagan kundan boshlab uning bir nusxasi ushbu Qoidalarning 35-bandida nazarda tutilgan hujjat va asbob-uskunalarni qabul qilgan shaxs tomonidan besh ish kunidan kechiktirmasdan Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligining hududiy bo‘limiga yuborilishi kerak.
Mazkur Qoidalarning 35-bandida nazarda tutilgan hujjat va asbob- uskunalar ularni topshirishi shart bo‘lgan boshqarish organi tomonidan belgilangan muddatda topshirilmagan taqdirda, yangi tanlangan boshqarish organi yoxud umumiy yig‘ilish qarorida belgilangan ko‘p kvartirali uydagi joy mulkdori bu haqida Uy-joy-kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligining hududiy bo‘limiga ma’lumot yuborishi lozim.
8-bob. Yakunlovchi qoida
38. Mazkur Qoidalar buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilikka muvofiq javob beradilar.
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 3-yanvardagi 3-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan o‘zgartirishlar va qo‘shimcha
Oldingi tahrirga qarang.
(1-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 21-maydagi 325-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 22.05.2025-y., 09/25/325/0460-son)
2. Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 15-iyuldagi 194-son qarori bilan tasdiqlangan Iste’molchilarga suv ta’minoti va oqova suvni chiqarish xizmatlari ko‘rsatish qoidalarida:
a) 76-bandning birinchi xatboshidagi “oyda” so‘zi “uch oyda” so‘zlari bilan almashtirilsin;
b) 87-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“87. Suvni hisobga olish asbobi bilan ta’minlanmagan iste’molchilar tomonidan sarflangan ichimlik suv miqdori sutkasiga quyidagicha hisoblanadi:
a) I guruh iste’molchilari uchun:
ko‘chadagi umumiy foydalanadigan ichimlik suvi kolonkasidan tashib ichuvchilar uchun kishi boshiga — 50 litr;
markazlashgan ichimlik suv tarmog‘iga ulangan, suv berish jadvali asosida suv beriladigan xonadonlar uchun kishi boshiga — 200 litr;
markazlashgan ichimlik suv tarmog‘iga ulangan xonadonlar uchun kishi boshiga — 350 litr;
suv sepish va sug‘orish maydonining har 1 metr kvadrati uchun 15 litr (suv sepish va sug‘orish davri 1-apreldan 1-oktabrgacha bo‘lgan davrni o‘z ichiga oladi);
hovuz (basseyn), mikroiqlim yoki favvora mavjud bo‘lgan hollarda ichimlik suv iste’moli hajmi asosiy ichimlik suv tarmog‘i ulanmasining suv o‘tkazish quvvatidan kelib chiqib, ushbu Qoidalar 87-bandining “b” kichik bandi bo‘yicha amalga oshiriladi;
b) II va III guruh iste’molchilari uchun hisoblash asosiy ichimlik suv tarmog‘i ulanmasining suv o‘tkazish quvvati bo‘yicha quyidagi formula bilan amalga oshiriladi:
M — 0,60 — 0,62 ga teng bo‘lgan zulfin orqali suv sarfi koeffitsiyenti;
F — suyuqlik oqib o‘tadigan quvur yoki teshik kesimi maydoni (ichki diametr bo‘yicha), m2;
g — 9,8 m/sekund2 ga teng bo‘lgan erkin tushish tezligi;
N — kommunal suv tarmog‘iga ulanish yoki suv olish nuqtasidagi suvning metr hisobidagi bosimi;
t — oyning kalendar kunlari, 24 soat (suv berish jadvalini hisobga olgan holda) mobaynidagi sekundlardagi vaqt”.
3. Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 22-iyundagi 409-son qarori bilan tasdiqlangan Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohasi xodimlari mehnatiga haq to‘lash va ularni moddiy rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risidagi nizomda:
a) 4-band quyidagi mazmundagi xatboshilar bilan to‘ldirilsin:
“Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi va uning hududiy bo‘linmalari xodimlarining Mehnatga haq to‘lashning yagona tarif setkasi bilan tasdiqlangan razryadlariga muvofiq, lavozim maoshini belgilashda tarif koeffitsiyenti markaziy apparatda — 2 baravarga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, viloyatlar uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmalari va Toshkent shahar uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish bosh boshqarmasida — 1,5 baravarga, tuman (shahar) uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish bo‘limlarida — 1,3 baravarga oshirilgan miqdorda qo‘llaniladi.
Bunda, ushbu tadbirlarni amalga oshirish bilan bog‘liq xarajatlar O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi huzuridagi Uy-joy kommunal xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi”;
b) 13-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“13. O‘zbekiston Respublikasi uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri tomonidan tasdiqlanadigan Budjet tashkilotlari xodimlari faoliyatini baholashning tarmoq reyting tizimiga muvofiq lavozim maoshiga quyidagi miqdorlarda har oylik shaxsiy ustamalar to‘lanishi mumkin:
70 balldan 75 ballgacha to‘plaganlarga — 50 foiz;
76 balldan 80 ballgacha to‘plaganlarga — 75 foiz;
81 balldan 85 ballgacha to‘plaganlarga — 100 foiz;
86 balldan 90 ballgacha to‘plaganlarga — 125 foiz;
91 balldan 95 ballgacha to‘plaganlarga — 150 foiz;
96 balldan 100 ballgacha to‘plaganlarga — 200 foiz”.
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.01.2022-y., 09/22/3/0002-son; 26.02.2024-y., 09/24/100/0152-son; 22.05.2025-y., 09/25/325/0460-son; 22.09.2025-y., 09/25/602/0862-son)