Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Toshkent viloyatida tomorqachilikni rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Tomorqa yer uchastkalaridan samarali foydalanish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, sohada ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini taʼminlash, tomorqachilik yoʻnalishida malaka oshirish jarayoniga zamonaviy axborot va raqamli texnologiyalarni joriy etish, tomorqachilikni rivojlantirish istiqbollarini hisobga olgan holda, ilgʻor xorijiy tajriba va agrotexnologiyalar boʻyicha yetarli bilim va malakalarga ega boʻlgan kadrlarni qayta tayyorlash tizimini takomillashtirish hamda aholiga xizmat koʻrsatish darajasini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
a) Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaligi va tomorqa yer egalari kengashi huzuridagi Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi taʼsischiligida masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “Tomorqachilikni rivojlantirish milliy markazi” (keyingi oʻrinlarda — Markaz) tashkil etilganligi;
Keyingi tahrirga qarang.
b) Markazning asosiy vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari etib:
tomorqachilik yoʻnalishi boʻyicha ilmiy va innovatsion faoliyatni samarali tashkil etish orqali aholiga tomorqa yer uchastkalaridan yiliga kamida 3-marta hosil olishga erishishga koʻmaklashish;
tomorqa yer egalari, fermer, dehqon xoʻjaliklari, “Tomorqa xizmati” MChJ ishchilari va qishloq xoʻjaligi kooperativlari aʼzolari, qishloq xoʻjaligi sohasining boshqa mutaxassislari hamda band boʻlmagan aholi uchun zarur boʻlganda, yuqori malakali mahalliy va xorijiy mutaxassislarni jalb etgan holda, tomorqachilik yoʻnalishi boʻyicha malaka oshirish va qayta tayyorlash kurslarini tashkil etish;
mamlakatimiz va jahon ilm-fani hamda amaliyotining ilgʻor yutuqlaridan foydalangan holda koʻchatchilik, urugʻchilik va naslchilikni rivojlantirish, tomchilatib sugʻorishni keng joriy qilish, muqobil energiyadan foydalanish, tomorqa yer uchastkalarida baliq boqish uchun hovuzlar tashkil etish sohasida ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish;
qishloq xoʻjaligida ilgʻor innovatsion texnologiyalarni yaratish tashabbuskorlarini qoʻllab-quvvatlash, jismoniy shaxslarning novatorlik gʻoyalarini aholining tomorqa yer uchastkalarida joriy etishga koʻmaklashish;
tomorqa yer egalarini sifatli urugʻlar va koʻchatlar bilan taʼminlash hamda ularga tomorqa yoʻnalishi boʻyicha agroxizmatlar koʻrsatish;
tomorqa yer egalari uchun qishloq xoʻjaligi ekinlarini yetishtirish boʻyicha koʻrgazmali oʻquv-seminarlar tashkil etish hamda tavsiyalar ishlab chiqish;
qishloq xoʻjaligi mutaxassisliklari boʻyicha taʼlim oladigan talabalar uchun ishlab chiqarish amaliyotini tashkil etish, shuningdek, qishloq xoʻjaligi boʻyicha tadqiqot olib borayotgan ilmiy tadqiqotchilarga koʻmaklashish;
Markaz ustav fondiga ajratiladigan mablagʻlar hisobidan meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash korxonalari, sovitkichli omborxonalar, chorvachilik komplekslari, issiqxona majmualarini qurish, intensiv bogʻ va tokzorlar barpo etish, shuningdek, meva-sabzavot mahsulotlarini saralash va qadoqlash, omixta yem ishlab chiqarish, sutni qayta ishlash, mineral oʻgʻitlar tayyorlash asbob-uskunalari hamda oʻsimliklarni zararli organizmlardan himoya qilish uchun kimyoviy vositalar olib kelish hamda sotish faoliyati bilan shugʻullanish belgilanligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaligi va tomorqa yer egalari kengashi, Toshkent viloyati hokimligining Markazni Toshkent viloyatining Yangiyoʻl tumani A. Ortiqov qishloq fuqarolar yigʻinidagi “Said ota” mahallasi “Said ota” koʻchasida joylashgan Yangiyoʻl tumani 1-son kasb-hunar maktabi (keyingi oʻrinlarda — kasb-hunar maktabi) binosining birinchi qavatiga tekin foydalanish huquqi bilan joylashtirish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi, Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi va Toshkent viloyati hokimligi:
Keyingi tahrirga qarang.
Markaz kasb-hunar maktabi binosining birinchi qavatiga tekin foydalanish huquqi asosida belgilangan tartibda joylashtirilishini;
tomorqachilik klasteri faoliyatini yoʻlga qoʻyish maqsadida bino va inshootlar qurish uchun kasb-hunar maktabining qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan 1,24 gektar yer uchastkasi Oʻzbekiston Respublikasining Yer kodeksida belgilangan tartibda Markazga ajratib berilishini;
kasb-hunar maktabida oʻquvchilarning amaldagi oʻquv dasturlari asosida taʼlim olishni davom ettirishini va taʼlim jarayoni sifatli tashkil qilinishini taʼminlasin.
4. Quyidagilar Markaz faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasidan Markaz ustav fondini shakllantirish uchun ajratiladigan mablagʻlar;
Keyingi tahrirga qarang.
xoʻjalik faoliyatidan va shartnoma asosida xizmatlar koʻrsatishdan tushadigan tushumlar;
xalqaro moliya institutlari va donor tashkilotlarning texnik koʻmagi va grantlari;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
5. Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashining 2021 — 2023-yillarda Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasidan Markaz ustav fondini shakllantirish uchun zarur mablagʻlarni yoʻnaltirish hamda ushbu mablagʻlardan Markazga qarashli yer maydoni hududida tomorqachilik klasteri faoliyatini yoʻlga qoʻyish uchun bino hamda inshootlar qurish, aholiga agroxizmatlar koʻrsatish markazini tashkil etish, yangi texnologiyalarni joriy etish, zamonaviy tajriba va koʻchatchilik issiqxonalarini tashkil qilish, tegishli infratuzilmani rekonstruksiya qilish uchun maqsadli foydalanish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Belgilansinki:
kasb-hunar maktabining mavjud oʻquv yoʻnalishlari doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan moliyalashtirish tizimi saqlab qolingan holda, tomorqachilik yoʻnalishini rivojlantirish boʻyicha boshqa malaka oshirish va qayta tayyorlash kurslari Markaz mablagʻlari hisobidan tashkil etiladi;
kasb-hunar maktabida taʼlim jarayoni va oʻquvchilarning amaliyoti Markaz bilan hamkorlikda tashkil etiladi;
Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaligi va tomorqa yer egalari kengashi va uning tarkibidagi tashkilotlar Markazning bino va inshootlaridan tekin foydalanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasining 2022-yil uchun tasdiqlanadigan xarajatlar smetasida Markazning oʻquv xonalarini zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlash ishlari moliyalashtirilishini nazarda tutsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari Sh.M. Gʻaniyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2021-yil 30-dekabr,
798-son
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 30-dekabrdagi 798-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi huzuridagi fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida” 2018-yil 7-iyundagi 433-son qarorida:
a) 2-bandga quyidagi mazmundagi ikkinchi xatboshi qoʻshilsin:
“Jamgʻarma Vasiylik kengashi bilan kelishgan holda Toshkent shahri hududida yer maydoni sotib olib, maʼmuriy bino qurishi yoki tayyor binoni xarid qilishi mumkin”;
b) Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi huzuridagi Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizomda:
5-bandning oltinchi xatboshidagi “qishloq xoʻjaligi texnikasi,” soʻzlaridan keyin “qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini tashishga moʻljallangan transport vositalari” soʻzlari qoʻshilsin;
uchinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Jamgʻarmaning daromadlari boʻyicha har yilgi prognozlarni tasdiqlaydi”;
toʻrtinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Jamgʻarma tomonidan tijorat banklariga kredit ajratish, “Tomorqa xizmati” MChJlar ustav fondida ishtirok etish, lizing xizmatlarini koʻrsatish hamda Jamgʻarmaning boshqa asosiy faoliyat yoʻnalishlariga mablagʻlar ajratishning har yilgi parametrlarini belgilaydi. Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan loyihalarga tashabbuskorlarning talabidan kelib chiqqan holda, har yilgi parametrlarga qoʻshimcha ravishda mablagʻlar ajratilishi mumkin”;
13-bandga quyidagi mazmundagi ikkinchi va uchinchi xatboshlar qoʻshilsin:
“Jamgʻarma xodimlarining lavozim maoshlari Jamgʻarma Vasiylik kengashi tomonidan tasdiqlanadigan shtatlar jadvali asosida belgilanadi.
Jamgʻarma oʻz xodimlarining lavozim maoshlariga 3 baravargacha oʻsib boruvchi koeffitsiyentni qoʻllashga haqli”;
ikkinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalariga 3 yilgacha muddatga, shu jumladan 1 yillik imtiyozli davr bilan, bogʻdorchilik, uzumchilik va limonchilikni tashkil etish uchun 7 yilgacha muddatga, shu jumladan 3 yillik imtiyozli davr bilan 2019-yilning 31-dekabriga qadar yillik 7 foizlik stavkada, bankning 2 foizlik marjasini hisobga olgan holda kreditlar ajratish uchun resurslarni “Mikrokreditbank” ATB, “Agrobank” ATB, “Turonbank” ATB hamda AT “Xalq banki”ga joylashtirish. 2020-yil 1-yanvardan boshlab resurslarni joylashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasidan 4 foizlik bandni chegirib tashlagan holda, 2022-yil 1-yanvardan boshlab esa yillik 10 foiz stavkada amalga oshiriladi”;
uchinchi xatboshidagi “4 foizlik bandni chegirib tashlagan holda” soʻzlaridan keyin “, 2022-yil 1-yanvardan boshlab esa yillik 10 foiz stavkada” soʻzlari qoʻshilsin;
quyidagi mazmundagi toʻqqizinchi — oʻn ikkinchi xatboshlari qoʻshilsin:
“tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha tuman (shahar) hokimi yordamchisining tavsiyasiga koʻra “Tomorqa xizmati” MChJlarga urugʻlik va koʻchat, motokultivator va minitraktor, inkubator xarid qilish hamda aylanma mablagʻ uchun 300 million soʻmgacha garovsiz kredit ajratishga;
yetakchi tadbirkorlik subyektlariga aholi tomorqalarida qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini kooperatsiya asosida yetishtirish va yetishtirilgan mahsulotlarni xarid qilish uchun aylanma mablagʻlarni toʻldirishga kreditlar ajratishga;
2026-yil 1-yanvarga qadar tomorqada yetishtirilgan mahsulotlarni kafolatli xarid qilish maqsadida tomorqa yer egalari bilan kooperatsiya asosida ish tashkil etgan tadbirkorlik subyektlariga omborxonalarni jihozlash, shuningdek, quritish, saralash va qadoqlash uskunalari xarid qilish xarajatlarining 30 foizi miqdorida, biroq 150 mln soʻmdan ortiq boʻlmagan hajmda subsidiya berishga;
“Tomorqa xizmati” MChJlar, fermer xoʻjaliklari va dehqon xoʻjaliklari, ishlab chiqarish kooperativlari rahbarlari va xodimlarining, shu jumladan tomorqa yer egalarini bilim va malakasini oshirish uchun oʻquv kurslarini oʻtkazish, shuningdek, oʻquv markazlarining bu boradagi faoliyatini tashkil etish bilan bogʻliq xarajatlarni subsidiyalashga”;
toʻqqizinchi — yigirmanchi xatboshilar tegishli ravishda oʻn uchinchi — yigirma toʻrtinchi xatboshilar deb hisoblansin;
yigirma birinchi xatboshidagi “oʻn ikkinchi xatboshida” soʻzlari “yigirmanchi xatboshida” soʻzlari bilan almashtirilsin;
yigirma toʻrtinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“2020-yil 1-yanvardan boshlab kreditlar Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining asosiy stavkasida, 2022-yil 1-yanvardan boshlab esa, tijorat banklari tomonidan yillik 14 foiz stavkada beriladi”;
21-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan kreditlar hududiy fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashlari bilan kelishilgan holda beriladi, tomorqa yer egalari — jismoniy shaxslarga 33 million soʻmgacha, fermer, dehqon xoʻjaliklari va boshqa tadbirkorlik subyektlariga 225 million soʻmgacha miqdorda ajratiladigan kreditlar bundan mustasno. Ushbu summadagi kreditlar har bir mahallaga mahallabay ishlash boʻyicha biriktirilgan hokim yordamchisi tomonidan beriladigan tavsiyalar asosida ajratiladi”;
22-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Bosh kelishuvni tuzgan respublika tijorat banklari yoki ularning viloyat filiallari mablagʻlar olish uchun Jamgʻarmaga hududiy fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashlari bilan kelishilganligini tasdiqlovchi axborot va hududlar boʻyicha qarz oluvchilar — loyiha tashabbuskorlari koʻrsatilgan buyurtmanomani taqdim etadilar”;
24-bandga quyidagi mazmundagi ikkinchi va uchinchi xatboshilar qoʻshilsin:
“Jamgʻarma mablagʻlari fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari, “Tomorqa xizmati” masʼuliyati cheklangan jamiyatlari, qishloq xoʻjaligi kooperativlari hamda boshqa tashabbuskorlarga maxsus elektron axborot dasturlari orqali rasmiylashtirib berilishi mumkin.
Tomorqa yer egalariga onlayn tarzda mikrokreditlar ajratish uchun resurslar hududiy fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashlarining takliflariga asosan Jamgʻarma tomonidan respublika tijorat banklariga tumanlar kesimida joylashtiriladi”.
Oldingi tahrirga qarang.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining2022-yil 19-apreldagi 195-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.04.2022-y., 09/22/195/0319-son)
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2021-y., 09/21/798/1226-son, 19.04.2022-y., 09/22/195/0319-son; 18.02.2025-y., 06/25/22/0156-son)