Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirining
buyrugʻi
Toshkent davlat yuridik universiteti bakalavriatiga xorijiy fuqarolarni qabul qilish uchun suhbat oʻtkazish va uning natijalarini belgilash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2021-yil 28 dekabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2896-1]
1. Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2017-yil 29-iyundagi 164-mh-son buyrugʻi (roʻyxat raqami 2896, 2017-yil 29-iyun) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 26-son, 602-modda) bilan tasdiqlangan Toshkent davlat yuridik universiteti bakalavriatiga xorijiy fuqarolarni qabul qilish uchun suhbat oʻtkazish va uning natijalarini belgilash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir R. DAVLETOV
Toshkent sh.,
2021-yil 27-dekabr,
24-mh-son
Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 27-dekabrdagi 24-mh-son buyrugʻiga
ILOVA
Toshkent davlat yuridik universiteti bakalavriatiga xorijiy fuqarolarni qabul qilish uchun suhbat oʻtkazish va uning natijalarini belgilash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. 3-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“3. Suhbat Adliya vazirligi bilan kelishgan holda TDYU tomonidan belgilangan muddatlarda oʻtkaziladi.”.
2. 12-bandning uchinchi xatboshisidagi “oʻrta maxsus va kasb-hunar taʼlimi” degan soʻzlar “oʻrta maxsus va professional taʼlim” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
3. 16-band quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Xorijiy fuqarolar bilan suhbat bevosita yoki zaruratga koʻra masofaviy (onlayn) tarzda amalga oshiriladi.”.
4. 20-band quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Masofaviy (onlayn) suhbat kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda real vaqt rejimida amalga oshiriladi. Bunda, ushbu kommunikatsiya texnologiyalari abituriyentning shaxsini tasdiqlash imkonini beradigan texnik talablarga javob berishi lozim.”.
5. 24-band quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Masofaviy (onlayn) suhbatda xorijiy fuqaro tomonidan savollar berilgan biletni tanlash masofaviy tarzda (tegishli bilet raqamini real vaqt rejimida tanlash orqali) amalga oshiriladi.”.
6. 27-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“27. Suhbat natijalari uning bevosita yoki masofaviy (onlayn) tarzda oʻtkazilishidan qatʼi nazar ballar qoʻyish yoʻli bilan 100 ballik tizimda baholanadi. Ushbu Nizomning 1-bandida koʻrsatilgan har bir mezon boʻyicha ballarning eng yuqori miqdori 25 ballni tashkil etadi.”.
7. 35-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“35. Suhbat natijalariga koʻra TDYU bakalavriatiga xorijiy fuqarolarni qabul qilish haqida TDYU rektori tomonidan buyruq qabul qilinadi.”.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.12.2021-y., 10/21/2896-1/1210-son)