Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining
Qarori
Aydar-Arnasoy koʻllar tizimida yuzaga kelayotgan muammolarning ekologiya hamda aholi salomatligiga taʼsiri yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga parlament soʻrovi yuborish haqida
Aydar-Arnasoy koʻllar tizimida yuzaga kelayotgan muammolarning ekologiya hamda aholi salomatligiga taʼsiri yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga parlament soʻrovi yuborish haqidagi masalani koʻrib chiqib, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonunining 12-moddasiga hamda “Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 14-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati qaror qiladi:
1. Aydar-Arnasoy koʻllar tizimida yuzaga kelayotgan muammolarning ekologiya hamda aholi salomatligiga taʼsiri yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga parlament soʻrovi ilovaga muvofiq yuborilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi parlament soʻrovini koʻrib chiqish yakunlari boʻyicha 2022-yilning 15-martiga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga yozma javob taqdim etsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Agrar, suv xoʻjaligi masalalari va ekologiya qoʻmitasi (B. Tajiyev) parlament soʻroviga kelib tushgan javobni tahlil qilib, 2022-yilning 1-apreligacha Oliy Majlis Senati Kengashiga axborot kiritsin.
4. Mazkur Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi oʻrinbosari S. Safoyev zimmasiga yuklansin.
5. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2021-yil 16-dekabr,
SQ-458-IV-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2021-yil 16-dekabrdagi SQ-458-1U-sonli Qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga
PARLAMENT SOʻROVI
(Aydar-Arnasoy koʻllar tizimida yuzaga kelayotgan muammolarning ekologiya hamda aholi salomatligiga taʼsiri yuzasidan)
Aydar-Arnasoy koʻllar tizimining ekologik va biologik muhitini yaxshilash, undan foydalanish samaradorligini oshirish bilan bogʻliq muayyan ishlar amalga oshirilgan.
Xususan, qonunchilikka muvofiq “Aydar-Arnasoy koʻllar tizimi direksiyasi” DUK tashkil etilib, koʻllar tizimining qirgʻoq boʻyi mintaqalarida baliq yetishtirish parvarishxonalari, inkubatsiya sexlari hamda baliq oʻstirish havzalarini qurish ishlari amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, Aydar-Arnasoy koʻllar tizimidan (keyingi oʻrinlarda — Koʻllar tizimi deb yuritiladi) foydalanishda qator muammoli masalalar saqlanib qolmoqda.
Xususan, koʻllar tizimining suv hajmi 1994-2000-yillarda 44 mlrd m3 boʻlib, hududning umumiy maydoni 350 ming gektarga, uzunligi 250 kilometrga yetgan boʻlsa, “Chordara” suv omboridan 2013-2021-yillarda koʻllar tizimiga suv tashlanmaganligi bois suv hajmi qariyb 34 mlrd m3ga tushib qolgan.
Shuningdek, koʻllar tizimida yillik suvlarning parlanishi 10 foizni tashkil etmoqda. Koʻllar tizimidagi suvning sathi 2 metrga pasayib, minerallashganlik darajasi soʻnggi 10 yilda 5,1 g/l dan 8,6 g/l gacha oshgan. Hozirgi vaqtga kelib, koʻllarning eng oxirgi qismi boʻlgan Boymurod hududi atrofida 12 g/l ni tashkil etadi.
Suv sathining pasayishi va suv tarkibining shoʻrlanishi natijasida ayrim qirgʻoq boʻylari 15 — 50 metrga ortga chekinib, 15 — 20 sm gacha tuz qatlami hosil boʻlgan. Bu esa kuchli shamol vaqtida tuzli changlarga sabab boʻlmoqda, qishloq xoʻjaligi yerlari ekin maydonlariga va inson salomatligiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.
Koʻllar tizimida baliqchilik sohasini rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlar yetarli darajada tashkil etilmagan.
Baliqlantirish va baliq ovlash, baliq mahsulotlarini qayta ishlash, intensiv texnologiyalarni joriy etish, koʻlning atrof hududida ekoturizmni rivojlantirish boʻyicha zarur choralar koʻrilmagan.
Baliq zaxiralarini saqlab qolish va himoya qilish boʻyicha nazorat tizimi toʻgʻri yoʻlga qoʻyilmaganligi oqibatida noqonuniy baliq ovlash holatlari ortib bormoqda.
Baliq ovlash konturlarini ijaraga berish, ijara haqini undirish, baliq zaxiralarini muhofaza etish, ovlash qoidalariga rioya qilishni nazoratga olish, baliq ovlashda foydalanadigan texnikalarni roʻyxatga olish va ularning nazoratini yuritish ishlari turli davlat organlariga yuklatilgan, lekin ularning faoliyatini muvofiqlashtirish ishlari olib borilmagan.
Ekologik vaziyatning ogʻirlashib borayotganligi hamda tadbirkorlarning Arnasoy ornitologik buyurtma qoʻriqxonasida faoliyat olib borishi oqibatida qushlarning qishlashi uchun tabiiy sharoit yoʻqolib bormoqda.
Koʻllar tizimida ilgʻor innovatsion, intensiv texnologiyalar joriy qilinmagan. Xususan, qafas usulida baliq yetishtirish texnologiyasi samarali qoʻllanilmayapti.
Koʻllar tizimiga doir oʻrnatilgan meʼyorlar asosida suvning shoʻrlanish darajasini yumshatish ishlari tizimli tashkil etilmagan. Tizimdan foydalanish boʻyicha qabul qilingan hujjatlarda nomuvofiqlik holatlari mavjud.
Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish sohasidagi nazorat boʻyicha tuman (shahar) inspeksiyalariga Aydar-Arnasoy koʻllar tizimini muhofaza qilish boʻyicha shtat birliklari ajratilmagan.
Yuqoridagilarni inobatga olib, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy Qonunning 12-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati:
1.Koʻllar tizimining suv hajmini oshirish, suvning minerallashganlik darajasini pasaytirish, qoʻshimcha suv tashlash maqsadida investitsiya loyihalarini amalga oshirish;
2. Suv sathining pasayishi va suv tarkibining shoʻrlanishi natijasida qirgʻoq boʻylarida tuz qatlami hosil boʻlishining oldini olish, ekologik xavfni bartaraf etish, koʻllar tizimida tuproq-iqlim sharoitiga mos daraxt va butalardan ihotalar barpo etish;
3. Koʻllar tizimini baliqlantirish hamda baliqchilikni rivojlantirishda ilgʻor innovatsion, intensiv texnologiyalarni joriy etish, koʻlning atrof hududida ekoturizmni rivojlantirish;
4. Baliq zaxirasini saqlab qolish va himoya qilish, reproduktor sunʼiy havzalar va inkubatsiya sexlarini koʻpaytirishda zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish;
5. Baliq ovlash konturlarini ijaraga berish, ijara haqlarini undirish, baliq zaxiralarini muhofaza etish, ovlash qoidalariga rioya qilishni nazoratga olish, baliq ovlashda foydalanadigan texnikalarni roʻyxatga olish ishlarini tizimli yoʻlga qoʻyish;
6. Koʻllar tizimining fauna va florasini oʻrganish, hisobini yuritish, koʻpaytirish va saqlash boʻyicha ilmiy-tadqiqot ishlari olib borish;
7. Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish hamda baliq ovlash qoidalariga rioya qilmagan fuqaro va mansabdor shaxslarga nisbatan javobgarlik choralarini kuchaytirish;
8. Koʻllar tizimining qoʻriqxonaga ajratilgan qismida suv-botqoq qushlarining qishlashi uchun sharoit yaratish choralarini koʻrish;
9. Tuzli changlar hosil boʻlishi, ularning qishloq xoʻjaligi yerlari ekin maydonlari va inson salomatligiga salbiy taʼsirini kamaytirish, shoʻrlanish, degradatsiyaning oldini olish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar hamda koʻzda tutilayotgan rejalar toʻgʻrisida yozma ravishda asoslantirilgan tushuntirish berish yoki oʻz nuqtai nazaringizni bayon qilish talabi qoʻyilgan
PARLAMENT SOʻROVI
bilan Sizga murojaat etadi hamda javobingiz Senatning navbatdagi yalpi majlisida muhokama etilishi va yakunlari boʻyicha qaror qabul qilinishini maʼlum qiladi.