Oʻzbekiston Respublikasi Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasining
Qarori
Meva-sabzavot mahsulotlari yetishtirish xodimlari uchun ishlar xavfsizligi qoidalariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2021-yil 24-dekabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2213-4]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 25-iyuldagi PF-6035-son “Koronavirus pandemiyasini yumshatish, aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi va salomatligini saqlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni, Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 31-dekabrdagi 1066-son “Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi va 2020-yil 11-noyabrdagi 712-son “Isteʼmolchilar elektr qurilmalarini texnik ekspluatatsiya qilish qoidalari va isteʼmolchilar elektr qurilmalarini ekspluatatsiya qilishda xavfsizlik texnikasi qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarorlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yer qaʼrini geologik oʻrganish, sanoatda, konchilikda va kommunal-maishiy sektorda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻining 2011-yil 1-martdagi 56-son buyrugʻi (roʻyxat raqami 2213, 2011-yil 4-aprel) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 14-son, 144-modda) bilan tasdiqlangan Meva-sabzavot mahsulotlari yetishtirish xodimlari uchun ishlar xavfsizligi qoidalariga ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Rais B. GULYAMOV
Toshkent sh.,
2021-yil 14-dekabr,
25/YuB-14-son
Oʻzbekiston Respublikasi Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasining 2021-yil 14-dekabrdagi 25/YuB-14-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Meva-sabzavot mahsulotlari yetishtirish xodimlari uchun ishlar xavfsizligi qoidalariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. 10-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“10. Tashkilotlarda mehnat faoliyati bilan bogʻliq ravishda sodir boʻlgan baxtsiz hodisalar va boshqa jarohatlanishlarni tekshirish va hisobini yuritish Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 6-iyundagi 286-son qarori bilan tasdiqlangan Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarni va xodimlar salomatligining mehnat vazifalarini bajarish bilan bogʻliq boshqa xil zararlanishini tekshirish va hisobga olish toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq amalga oshirilishi lozim.”.
2. 33-banddagi “hududiy davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazlari” degan soʻzlar “Oʻzbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining hududiy boshqarmalari” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
3. 136-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“136. Tashkilotlarda elektr qurilmalarini oʻrnatish va ulardan foydalanishda Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 11-noyabrdagi 712-son qarori bilan tasdiqlangan Isteʼmolchilar elektr qurilmalarini texnik ekspluatatsiya qilish qoidalari va Isteʼmolchilar elektr qurilmalarini ekspluatatsiya qilishda xavfsizlik texnikasi qoidalari va mazkur qoidalar talablariga rioya qilinishi kerak.”.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 24.12.2021-y., 10/21/2213-4/1192-son)