Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON AVTOMOBIL TRANSPORTI (“OʻZAVTOTRANS”) DAVLAT-AKSIONERLIK KORPORATSIYASINI TAShKIL ETISh VA UNING FAOLIYATI MASALALARI
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 5-iyundagi 245-sonli “Avtomobil transporti sohasida boshqaruvning tashkiliy tuzilmasini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan.
“Oʻzbekiston avtomobil transporti (“Oʻzavtotrans”) davlat-aksionerlik korporatsiyasini tashkil etish toʻgʻrisida”gi Farmonni bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Belgilab qoʻyilsinki, Oʻzbekiston avtomobil transporti (“Oʻzavtotrans”) davlat-aksionerlik korporatsiyasi:
yopiq turdagi aksionerlik jamiyati hisoblanadi;
Oʻzbekiston Respublikasi avtomobil transporti vazirligi ilgari tuzgan barcha shartnomalar va oʻz zimmasiga olgan majburiyatlar boʻyicha javob beradi;
korporatsiya tarkibiga kirgan korxonalar va tashkilotlar uchun moddiy-texnika resurslari fondlarini saqlab turuvchi hisoblanadi, markazlashtirilgan sugʻurta, investitsiya va boshqa jamgʻarmalarni tashkil etadi;
oʻz faoliyatida Vazirlar Mahkamasiga hisob beradi.
2. “Oʻzavtotrans” davlat-aksionerlik korporatsiyasi tarkibiga kiradigan birlashmalar, korxonalar va tashkilotlar roʻyxati 1-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 1-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
Korporatsiya tarkibiga kiradigan birlashmalar, korxonalar va tashkilotlar oʻz xoʻjalik mustaqilligini va yuridik shaxs huquqlarini saqlab qoladilar.
3. Kengash “Oʻzavtotrans” davlat-aksionerlik korporatsiyasini boshqarishning yuqori organi hisoblanadi, u boshqaruvni saylaydi, boshqaruv apparati sonini va tuzilishini belgilaydi, mehnatga haq toʻlash tizimini, xodimlarni moddiy ragʻbatlantirish shartlarini belgilaydi.
“Oʻzavtotrans” korporatsiyasiga boshqaruv raisining 4 nafar oʻrinbosari, shu jumladan, bitta birinchi oʻrinbosari boʻlishiga ruxsat etilsin.
Korporatsiya boshqaruvi raisi va uning oʻrinbosarlari korporatsiya Kengashi tomonidan saylanadi va Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Korporatsiya Boshqaruvi raisi maqomi, maishiy taʼminot, tibbiy va transport xizmati koʻrsatish shartlari boʻyicha respublika vaziriga, raisning birinchi oʻrinbosari vazirning birinchi oʻrinbosariga, rais oʻrinbosarlari — vazir oʻrinbosarlariga tenglashtirilsin.
4. Mulkchilikning yangi shakllariga oʻtish vositasini ishlab chiqish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulkini boshqarish va xususiylashtirish qoʻmitasi hamda “Oʻzavtotrans” davlat aksionerlik korporatsiyasining umumiy foydalanishdagi avtomobil transporti birlashmalari, korxonalari va tashkilotlarini davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish chora-tadbirlarini bosqichma-bosqich amalga oshirish haqidagi taklifi qabul qilinsin.
Umumiy foydalanishdagi avtomobil transporti davlat birlashmalari, korxonalari va tashkilotlarini 1993—1995-yillarda 2-ilovaga* muvofiq mulkchilikning boshqa shakllariga aylantirishga doir tashkiliy tadbirlar tasdiqlansin.
* 2-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
5. Tasdiqlangan tashkiliy tadbirlarga muvofiq “Oʻzavtotrans” davlat-aksionerlik korporatsiyasi tarkibida konsernlar va viloyat avtotransport birlashmalari negizida hududiy davlat-aksionerlik avtotransport birlashmalari tashkil etilsin, “Toshviloyatyoʻlovchitrans” konserni va “Samarqandyoʻlovchitrans” birlashmasi bundan mustasnodir.
Oldingi tahrirga qarang.
(5-bandning ikkinchi—toʻrtinchi xatboshilari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 30-iyundagi 272-sonli qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan)
6. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi davlat mulki jamgʻarmasi:
“Oʻzavtotrans” korporatsiyasiga davlatga tegishli boʻlgan aksiyalar (ulushlar, paylar)ga muvofiq davlat-aksionerlik birlashmalari tarkibiga kirmagan aksionerlik jamiyatlari, boshqa jamiyatlar va shirkatlar faoliyatini boshqarish huquqlarini berishni;
hududiy davlat-aksionerlik birlashmalariga, davlatga tegishli boʻlgan aksiyalar ulushiga muvofiq, aksionerlik jamiyatlariga aylantirilgan yuk avtotransporti korxonalari faoliyatiga rahbarlik qilish huquqlarini berishni;
Oldingi tahrirga qarang.
(6-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 17-dekabrdagi 525-sonli qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan)
7. “Oʻzavtotrans” davlat-aksionerlik korporatsiyasi bir oy muddat ichida:
korporatsiya Ustavini ishlab chiqsin va kelishib olish uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasiga 1993—1995-yillarda davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish moʻljallangan birlashmalar, korxonalar va tashkilotlarning obyektlar boʻyicha roʻyxatini oʻzgartirishning mehnat jamoalari tanlagan tashkiliy-huquqiy shakllarini koʻrsatgan holda taqdim etsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi bilan birgalikda avtotransport vositalarini ijaraga berish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomni ishlab chiqsin va koʻrib chiqish uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Aloqa vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Avtomobil transporti vazirligi uchun oʻrnatilgan barcha aloqa turlari va telefonlarni “Oʻzavtotrans” davlat-aksionerlik korporatsiyasi uchun saqlab qolsin.
9. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, vazirliklar va idoralar “Oʻzavtotrans” korporatsiyasi tarkibiga kiradigan hududiy davlat aksionerlik avtotransport birlashmalari, korxonalari va tashkilotlarini rivojlantirish va ular faoliyati boʻyicha oʻz vakolatlariga kirgan masalalarning oʻz vaqtida hal etilishiga koʻmaklashsinlar va taʼminlasinlar.
10. “Oʻzavtotrans” davlat-aksionerlik korporatsiyasining boshqaruv apparati quyidagi manzilga joylashtirilsin: Toshkent sh., Amir Temur koʻchasi, 6-uy.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Avtomobil transporti vazirligi toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlash haqida” 1991-yil 19-apreldagi 108-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
12. Qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Q N. Toʻlaganov zimmasiga yuklatilsin. Qarorning qanday bajarilayotgani 1993-yil fevral oyida koʻrib chiqilsin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1993-yil 12-yanvar,
21-son