Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“ANGREN GOLD KOMPANII” QOʻSHMA KORXONASINI TASHKIL ETISH VA UNING FAOLIYATI SHARTLARI TOʻGʻRISIDA
[Koʻchirma]
Oʻzbekiston Respublikasida qimmatbaho metallar ishlab chiqarishni xorijiy investitsiyalarni jalb etish yoʻli bilan koʻpaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi, Oʻzbekiston oltin qazib olish va olmosga ishlov berish korxonalari uyushmasi, Nyumont (Oʻzbekiston) Limited va Mitsui Oʻzbekiston Development B.V. kompaniyalarining yopiq turdagi aksiyadorlik jamiyati shaklidagi “Angren gold kompanii” qoʻshma korxonasini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
2. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki:
qoʻshma korxonaning boshlangʻich ustav jamgʻarmasi 20 mln AQSH dollarini tashkil etadi va keyinchalik ishlab chiqilgan texnik-iqtisodiy asoslash asosida koʻpaytiriladi;
ustav jamgʻarmasidagi ulushlar quyidagicha taqsimlanadi: Oʻzbekiston tomoni 40 foiz, xorijiy qatnashchilar 60 foiz (shu jumladan Nyumont (Oʻzbekiston) Limited — 40 foiz, Mitsui Oʻzbekiston Development B.V. 20 foiz);
moddiy va nomoddiy aktivlar, shu jumladan ruda omborlari, kavlanayotgan konlar, Angren ZIF, togʻ jinslari qoldiqlari, va boshqa axborotlar Oʻzbekiston tomonining qoʻshma korxona ustav jamgʻarmasiga qoʻshgan ulushi hisoblanadi;
pul mablagʻlari va texnologik asbob-uskunalar xorijiy qatnashchilar ulushi hisoblanadi.
3. Belgilansinki, 1-ilovaga* muvofiq, loyiha hududi chegarasida joylashgan oʻrganilgan va yangidan razvedka qilingan konlarda qimmatbaho metallarni izlash, razvedka qilish va qazib olish, shuningdek, rudani qayta ishlash, oltin, kumush va boshqa qoʻshimcha mahsulot ishlab chiqarish va sotish qoʻshma korxonaning asosiy vazifalari hisoblanadi.
*1-ilova berilmaydi
Oldingi tahrirga qarang.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 7-iyuldagi 133-sonli qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan— OʻR QHT, 2006-y., 28-29-son, 270-modda)
5. “Angren gold kompani” qoʻshma korxonasiga uning faoliyati butun davriga 3-ilovaga muvofiq huquqlar berilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 7-iyuldagi 133-sonli qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan— OʻR QHT, 2006-y., 28-29-son, 270-modda)
7. Moliya vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasi bir oy muddatda royalti toʻlash, mintaqani ijtimoiy rivojlantirishga ajratmalar, soliq imtiyozlari va boshqa imtiyozlarni amalga oshirish, buxgalteriya hisobini yuritish tartibini nazarda tutgan holda “Angren gold kompanii” qoʻshma korxonasida soliq solish va buxgalteriya hisobini yuritish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomni ishlab chiqsinlar va tasdiqlasinlar.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya qoʻmitasi “Angren gold kompanii” qoʻshma korxonasiga 1-ilovada koʻrsatilgan loyiha hududi chegaralarida qazib olish va geologiya-razvedka ishlarini olib borish huquqini bergan holda yer osti boyliklaridan foydalanishga belgilangan tartibda litsenziya berishga vakil qilinsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat Tabiatni muhofaza qilish qoʻmitasi qoʻshma korxona moʻljallanayotgan faoliyatning atrof-muhitga taʼsirini baholashning ekologiya ekspertizasini belgilangan tartibda oʻtkazsin.
Belgilansinki, qoʻshma korxona istalgan mavjud ekologiya shart-sharoitlari, shuningdek qoʻshma korxonaga bogʻliq boʻlmagan uchinchi shaxslarning harakatlari natijasida paydo boʻladigan ekologik oqibatlar uchun javob bermaydi.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi qoʻshma korxonaga uning faoliyat koʻrsatishi uchun zarur boʻlgan davlat mulki, shu jumladan konlar, fabrika va Oʻzbekiston tomonining uchinchi shaxslarning barcha huquqlaridan erkin boʻlgan ularga tegishli boʻlgan obyektlari berilishini belgilangan tartibda rasmiylashtirsin.
11. Qoʻshma korxona faoliyatining butun davomida Oʻzbekiston Respublikasi, uning subyektlari yoki Oʻzbekiston tomoni bilan qoʻshma korxona, Nyumont yoki Mitsui oʻrtasidagi nizolar xalqaro hamkorlik muhokamasi tomonidan, uning qarorlarini Oʻzbekiston Respublikasi imzolagan Davlatlar va xorijiy shaxslar oʻrtasidagi investitsiya nizolarini hal etish tartibi toʻgʻrisidagi Konvensiyaga muvofiq bajargan holda hal qilinishiga rozilik berilsin.
13. Vazirliklar, idoralar, tashkilotlar, davlat boshqaruvi mahalliy organlari qoʻshma korxonaning samarali faoliyatini taʼminlash, shu jumladan yer uchastkalari, suv, energetika resurslari va boshqa resurslarni belgilangan tartibda uzoq muddatli foydalanishga berish, shuningdek portlovchi moddalarni olib kelish va ulardan foydalanish huquqini berish, xorijiy tibbiy xizmatlar koʻrsatilishi tashkil etilishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratsinlar.
14. Davlat geologiya qoʻmitasi va “Oʻzolmosoltin” uyushmasi Angren oltin qazish koni obyektlari “Angren gold kompani” qoʻshma korxonasi tarkibiga berilgandan keyin kombinat ishlab chiqarishining uzluksiz ishlashi maqsadida flyus xom ashyosining geologik zaxiralari zarur hajmlarda boʻlishini, shuningdek uning qazib olinishini va Olmaliq kon-metallurgiya kombinatiga yetkazib berilishini taʼminlasinlar.
15. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Oʻ.T. Sultonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1997-yil 19-avgust,
407-son
Oldingi tahrirga qarang.
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 7-iyuldagi 133-sonli qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan— OʻR QHT, 2006-y., 28-29-son, 270-modda)
Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 19-avgustdagi 407-son qaroriga
3-ILOVA
3-ILOVA
“Angren gold kompanii” qoʻshma korxonasiga berilgan
huquqlar
Korxona faoliyatining butun davrida loyiha hududida, shu jumladan Qizilolmasoy, Mejdurechye, Samarchuk va Kuchbuloq konlarini razvedka qilish va qazib olishga mutlaq huquqlar;
1-ilovaga muvofiq loyiha hududida 10 yil davomida yangi konlarni qidirish va razvedka qilish uchun va yangidan razvedka qilingan konlardan qoʻshma korxona faoliyatining butun davrida foydalanish uchun mutlaq huquqlar;
loyiha hududidagi konlarni qazishda olingan oltin, kumush va boshqa qoʻshimcha mahsulotlar (shu jumladan qimmatbaho metallar bozori London uyushmasida sertifikatsiya qilingan raqobatbardoshli affinaj ishlab chiqarishi Oʻzbekiston tomonidan taqdim etilmagan hollarda Dore qotishmasi)ni chet elga eksport qilish va jahon narxlarida erkin almashtiriladigan valyutaga belgilangan tartibda sotish. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bitishuv amalga oshirilayotgan paytda shakllanayotgan jahon narxlari boʻyicha oltin va kumushning bir qismini sotib olish huquqiga egadir;
chet elda kredit va qarz olish hamda toʻlash, chet elda aksiyadorlarga erkin almashtiriladigan valyutada yoki qoʻshma korxona mol-mulki bilan dividend toʻlash;
har qanday valyutada schyotlar ochish va ulardan foydalanish, respublika hududida hisob-kitoblar milliy valyuta — soʻmda yuritilishini nazarda tutgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki belgilagan tartibda chet el valyutasini olish, ulardan foydalanish va ularni Oʻzbekistondagi va uning tashqarisidagi banklarda saqlash;
ham milliy valyutada, ham AQSH dollarida hisob-kitob yuritish moliya va soliq hisobotlarini tuzish, ustav jamgʻarmasini hisob-kitob va soliqlar, royaltilar, dividendlar toʻlash, ijtimoiy normalarga ajratmalar uchun funksional valyuta sifatida AQSH dollarida belgilash;
loyiha hududi doirasida qoʻshma korxona faoliyatiga tegishli boʻlgan geologik va boshqa xil axborotlarni vazirliklar, idoralar, tashkilotlar va korxonalardan olish, foydalanish hamda ulardan nusxa koʻchirish, shuningdek, bunday axborotlarni belgilangan tartibda chet elga olib ketish.