O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi direktorining
buyrug‘i
Kripto-birjalar faoliyatini litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi nizomning 1a-ilovasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2021-yil 22-noyabrda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 3127-6]
Mazkur buyruq O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining 2022-yil 14-iyuldagi 32-sonli “Kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlari faoliyatini litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyrug‘iga (ro‘yxat raqami 3380, 15.08.2022-y.) asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 3-iyuldagi PQ-3832-son “O‘zbekiston Respublikasida raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi va 2018-yil 2-sentabrdagi PQ-3926-son “O‘zbekiston Respublikasida kripto-birjalar faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlariga muvofiq kripto-aktivlar aylanmasi sohasini yanada rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish hamda O‘zbekiston Respublikasi hududida kripto-aktivlarning yashirin aylanmasini kamaytirish maqsadida buyuraman:
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligining 2019-yil 21-yanvardagi 16-son buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3127, 2019-yil 22-yanvar) (Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 23.01.2019-y., 10/19/3127/2525-son) bilan tasdiqlangan Kripto-birjalar faoliyatini litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi nizomning 1a-ilovasiga ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
2. Ushbu buyruq rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Direktor Li D. R.
Toshkent sh.,
2021-yil 11-noyabr,
34-son
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi direktorining 2021-yil 11-noyabrdagi 34-son buyrug‘iga
ILOVA
ILOVA
Kripto-birjalar faoliyatini litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi nizomning 1a-ilovasiga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar
1. 2-bandda:
o‘n ikkinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“token — ma’lum bir aktivga bo‘lgan majburiyatni yoki mulk huquqini tasdiqlash uchun mo‘ljallangan, taqsimlangan ma’lumotlar reyestridagi hisob birligi. Token faoliyatga moliyaviy mablag‘lar va investitsiyalarni jalb qilish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi hududida ro‘yxatdan o‘tgan yuridik shaxslar yoki yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan chiqariladi;”;
quyidagi mazmundagi o‘n uchinchi — o‘n yettinchi xatboshilar bilan to‘ldirilsin:
“tokenni chiqarish — tokenning fuqarolik huquqlarining obyekti sifatida paydo bo‘lishiga qaratilgan tashkiliy-texnik tadbirlar;
tokenni joylashtirish — tokenning kripto-birjalarda u bilan kripto-birja savdolarini amalga oshirish maqsadida joylashtirish;
tokenni chiqarishni ro‘yxatdan o‘tkazish — chiqarilgan tokenlarni kripto-birjalar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi hududida muomalaga chiqarish maqsadida ro‘yxatdan o‘tkazish;
tokenni muomalaga kiritish — tokenlarni sotib olish, sotish hamda boshqa kripto-aktivlarga almashtirishga qaratilgan operatsiyalarni amalga oshirish;
ta’minlanmagan token — biror-bir moddiy va (yoki) boshqa mulk bilan ta’minlanmagan token;”;
o‘n uchinchi — o‘ttizinchi xatboshilar tegishli ravishda o‘n sakkizinchi — o‘ttiz beshinchi xatboshilar deb hisoblansin;
yigirma ikkinchi xatboshidagi “kripto-aktiv va tokenlarni” degan so‘zlardan keyin “milliy va (yoki)” degan so‘zlar bilan to‘ldirilsin;
quyidagi mazmundagi yigirma oltinchi xatboshi bilan to‘ldirilsin:
“tokenlarni chiqarish, chiqarishni ro‘yxatdan o‘tkazish, joylashtirish va muomalaga kiritish;”;
yigirma oltinchi — o‘ttiz beshinchi xatboshilar tegishli ravishda yigirma yettinchi — o‘ttiz oltinchi xatboshilar deb hisoblansin.
2. 3-bandda:
quyidagi mazmundagi sakkizinchi — o‘n uchinchi xatboshilar bilan to‘ldirilsin:
“kripto-birjada tokenlarni chiqarish va joylashtirishga qaratilgan faoliyatni amalga oshiradigan yuridik shaxslarning rahbarlari, yakka tartibdagi tadbirkorlar hamda ularning vakillarini ushbu Qoidalarning 11-bandida nazarda tutilgan shaxslar toifasiga kirish yoki kirmasligini aniqlashga;
tokenlarni ta’minlash uchun kiritilgan moddiy va (yoki) boshqa mulkning haqiqatda mavjudligini tekshiruvdan o‘tkazilishini ta’minlashga;
quyidagilarni inobatga olgan holda tokenlarni chiqarish, chiqarishni ro‘yxatdan o‘tkazish, joylashtirish va muomalaga kiritish tartibini tasdiqlashga:
tokenlarni joylashtirish uchun jalb etilishi rejalashtirilgan mablag‘larning kamida 10 foiz miqdorini milliy va (yoki) chet el valyutasida kripto-birjaning HKKPdagi alohida virtual hisob-raqamiga qo‘yish;
tokenlarni kripto-birjaga joylashtirgan shaxsning HKKPdagi alohida virtual hisob-raqamidagi mablag‘lar hisobidan shartnoma majburiyatlarida nazarda tutilgan hollarda va miqdorda uning tokenlarini sotib olinishini ta’minlash;
chiqarilgan tokenlarning nomlanishi yoki ramzlarida “davlat”, “davlat tomonidan ta’minlangan”, “davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlangan”, “O‘zbekiston”, “o‘zbek”, “milliy”, “so‘m (UZS)” hamda O‘zbekiston Respublikasi shaharlarining nomlarini to‘liq yoki qisqartirilgan shaklda, shuningdek ularning birliklaridan foydalangan holda, istalgan tilda va har qanday shaklda ishlatishni taqiqlash;”;
sakkizinchi xatboshidagi “qonun” degan so‘z “qonunchilik” degan so‘z bilan almashtirilsin;
sakkizinchi xatboshi tegishli ravishda o‘n to‘rtinchi xatboshi deb hisoblansin.
3. 5-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“5. O‘zbekiston Respublikasining rezidentlari kripto-birjalarda:
kripto-aktivlar va tokenlar bilan kripto-birja savdolarining barcha turlarini milliy valyutada;
O‘zbekiston Respublikasining norezidentlari bilan faqatgina kripto-aktivlar va tokenlarni sotishga doir operatsiyalarni xorijiy valyutada amalga oshirish huquqiga ega.
Sotib olish obyekti sifatida kripto-aktivlarni tanlash va bu tanlovning tegishli oqibatlari sotib oluvchining o‘z tavakkalchiligidir.”.
4. 6-band quyidagi mazmundagi ikkinchi va uchinchi xatboshilar bilan to‘ldirilsin:
“O‘zbekiston Respublikasi hududida kripto-birjalar tomonidan ta’minlanmagan tokenlarni chiqarish, chiqarishni ro‘yxatdan o‘tkazish va joylashtirish taqiqlanadi.
Kripto-birja ta’minlanmagan tokenlarni chiqarganligi, chiqarishni ro‘yxatdan o‘tkazganligi, joylashtirganligi va muomalaga kiritganligi uchun qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortiladi.”.
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 22.11.2021-y., 10/21/3127-6/1081-son)