O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining
buyrug‘i
O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining yakuniy davlat attestatsiyasi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirishlar kiritish haqida
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2021-yil 16-noyabrda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 1963-3]
Mazkur buyruq O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining 2025-yil 12-martdagi 86-sonli ““O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tashkilotlari bitiruvchilarining yakuniy davlat attestatsiyasi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyruq, shuningdek unga o‘zgartirishlarni o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risida”gi buyrug‘iga (ro‘yxat raqami 1963-4, 25.03.2025-y.) asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 22-oktabrdagi PQ-5263-son “Normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 31-dekabrdagi 824-son “Oliy ta’lim muassasalarida ta’lim jarayonini tashkil etish bilan bog‘liq tizimni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining 2009-yil 22-maydagi 160-son buyrug‘i (ro‘yxat raqami 1963, 2009-yil 5-iyun) (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2009-y., 23-son, 267-modda) bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining yakuniy davlat attestatsiyasi to‘g‘risidagi nizomga ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar kiritilsin.
2. Mazkur buyruq rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Vazir A. TOSHKULOV
Toshkent sh.,
2021-yil 10-noyabr,
38-2021-son
O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining 2021-yil 10-noyabrdagi 38-2021-son buyrug‘iga
ILOVA
ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining yakuniy davlat attestatsiyasi to‘g‘risidagi nizomga kiritilayotgan o‘zgartirishlar
1. Nizom muqaddimasi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining yakuniy davlat attestatsiyasini o‘tkazish tartibini belgilaydi.”.
2. 5-bandning uchinchi xatboshisidagi “(umumkasbiy va ixtisoslik)” degan so‘zlar “(majburiy fanlar)” degan so‘zlar bilan almashtirilsin.
3. 8-bandning birinchi xatboshisidagi “ixtisoslik fanlaridan” degan so‘zlar “majburiy fanlardan” degan so‘zlar bilan almashtirilsin.
4. 9-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“9. Oliy ta’lim muassasalari tomonidan tajribali professor-o‘qituvchilarni jalb etgan holda yakuniy davlat attestatsiyasi sinovlarining dasturlari va baholash mezonlari ishlab chiqiladi hamda oliy ta’lim muassasasi Kengashi tomonidan tasdiqlanadi va yakuniy davlat attestatsiyasi boshlanishidan kamida uch oy oldin talabalar e’tiboriga yetkaziladi.”.
5. 10-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“10. Yakuniy davlat attestatsiyasi komissiyalari raisligiga nomzodlar kafedra mudiri tomonidan tasdiqlash uchun oliy ta’lim muassasasi rektoriga (filial direktoriga) taqdim etiladi.”.
6. 11-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“11. Yakuniy davlat attestatsiyasi komissiyasi raislari oliy ta’lim muassasasining idoraviy mansubligidan qat’i nazar, ushbu ta’lim muassasasida faoliyat yuritmayotgan olimlar, ishlab chiqarishning tajribali mutaxassislaridan tegishli oliy ta’lim muassasasi rektorining (filial direktorining) buyrug‘i bilan bir yil (kalendar yil) muddatga tasdiqlanadi.
Bir kishi ketma-ket bir oliy ta’lim muassasasida tegishli yo‘nalish (mutaxassislik) bo‘yicha ikki martadan ortiq yakuniy davlat attestatsiyasi komissiyasining raisi bo‘lishi mumkin emas.”.
7. 12-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“12. Yakuniy davlat attestatsiyasi komissiyasi raislari rahbarligida oliy ta’lim muassasasi rektori (filial direktori) bilan birgalikda xorijiy til bo‘yicha yakuniy davlat attestatsiya sinovi (oliy ta’lim muassasasi Kengashi qaroriga asosan) va (yoki) ta’lim yo‘nalishi (mutaxassislik) bo‘yicha fanlararo yakuniy davlat attestatsiya sinovi va diplom loyihasi yoki bitiruv malakaviy ishi (magistrlik dissertatsiyasi) himoyasi yoki majburiy fanlardan yakuniy davlat attestatsiya sinovini o‘tkazish bo‘yicha yakuniy davlat attestatsiyasi komissiyalari tarkibi shakllantiriladi.”.
8. 14-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“14. Yakuniy davlat attestatsiya komissiyalari tarkibi kamida 5 nafar professor-o‘qituvchi va mutaxassislardan shakllantiriladi. Yakuniy davlat attestatsiyasida vasiylik kengashi va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari vakillari, bitiruvchilarning ota-onalari yoki ularning qonuniy vakillari hamda kadrlar buyurtmachilari jamoatchilik asosida kuzatuvchi sifatida qatnashishi mumkin.
Yakuniy davlat attestatsiya sinovlari jarayoni onlayn rejimda ovozli videotranslyatsiya qilinadi hamda ushbu video tasvirlar 1 yil davomida mutaxassislik kafedrasida saqlanadi.”.
9. 17-banddagi “olti oy” degan so‘zlar “uch oy” degan so‘zlar bilan almashtirilsin.
10. 19-bandda:
birinchi xatboshidagi “ixtisoslik fanlaridan” degan so‘zlar “majburiy fanlardan” degan so‘zlar bilan almashtirilsin;
ikkinchi xatboshidagi “ixtisoslik fanlaridan” degan so‘zlar “majburiy fanlardan” degan so‘zlar bilan almashtirilsin.
11. 23-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“23. Yakuniy davlat attestatsiyasi sinovidan o‘ta olmagan shaxs o‘qish muddati tugagandan so‘ng, arizasiga muvofiq yakuniy davlat attestatsiyasi sinovini keyingi 3 yil davomida qayta topshirish huquqiga ega.
Yakuniy davlat attestatsiyasi sinovidan o‘ta olmagan shaxs keyingi o‘quv yili boshlanganidan keyin yakuniy davlat attestatsiya sinovini qayta topshirishga ruxsat berishni so‘rab oliy ta’lim muassasasi rektori (filial direktori) nomiga ariza bilan murojaat qilishi mumkin. Bunda, shaxsga yakuniy davlat attestatsiya sinovini keyingi har bir o‘quv yilida (3 yil davomida) 2-martadan ortiq qayta topshirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Yakuniy davlat attestatsiya sinovini qayta topshirishga ruxsat berish oliy ta’lim muassasasi rektorining (filial direktorining) buyrug‘i bilan rasmiylashtiriladi.”.
12. 24-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“24. Yakuniy davlat attestatsiyasi sinovidan keyingi 3 yil davomida qayta o‘ta olmagan talabaga akademik ma’lumotnoma beriladi va u o‘rnatilgan tartibda, to‘lov-kontrakt asosida tegishli bitiruv kursiga o‘qish uchun qayta tiklanishi mumkin.”.
13. 27-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“27. Yakuniy davlat attestatsiyasi sinovlarida olgan bahosiga e’tiroz bildirgan bitiruvchilarning arizalarini ko‘rib chiqish uchun oliy ta’lim muassasasi rektorining (filial direktorining) buyrug‘i bilan apellyatsiya komissiyasi tuziladi.
Apellyatsiya komissiyasi oliy ta’lim muassasasining ilmiy-pedagogik kadrlari (apellyatsiya komissiyasi umumiy tarkibining 40 foizigacha), shuningdek tegishli sohaning malakali mutaxassislari, turdosh oliy ta’lim muassasalarining tajribali professor-o‘qituvchi va ilmiy xodimlari orasidan kamida 5 kishidan iborat tarkibda shakllantiriladi.
Apellyatsiya komissiyasi tarkibiga joriy yilda yakuniy davlat attestatsiyasi komissiyasi ishida ishtirok etgan shaxslarning kiritilishi taqiqlanadi.”.
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 16.11.2021-y., 10/21/1963-3/1063-son)