OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI XALQ TAʼLIMI VAZIRLIGI
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI SOGʻLIQNI SAQLASh VAZIRLIGINING
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI SOGʻLIQNI SAQLASh VAZIRLIGINING
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi huzuridagi Respublika oʻquvchi-yoshlar markaziga taʼtillar davrida oʻquvchilarni qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirishlar kiritish haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2021-yil 11-noyabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2597-1]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-sentabrdagi PQ-3931-son “Xalq taʼlimi tizimiga boshqaruvning yangi tamoyillarini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori hamda Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 27-maydagi 331-son “Maktabdan tashqari taʼlim tizimini takomillashtirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi va Sogʻliqni saqlash vazirligi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi va Sogʻliqni saqlash vazirligining 2014-yil 16-iyundagi 40, 9-son qarori (roʻyxat raqami 2597, 2014-yil 24-iyun) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2014-y., 26-son, 320-modda) bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi huzuridagi Respublika oʻquvchi-yoshlar markaziga taʼtillar davrida oʻquvchilarni qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Xalq taʼlimi vaziri Sh. ShERMATOV
Toshkent sh.,
2021-yil 26-oktabr,
30-mh-son
Sogʻliqni saqlash vaziri A. XADJIBAYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 20-oktabr,
32-son
Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligining 2021-yil 26-oktabrdagi 30-mh-son, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining 2021-yil 20-oktabrdagi 32-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi huzuridagi Respublika oʻquvchi-yoshlar markaziga taʼtillar davrida oʻquvchilarni qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. 8-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“8. Markazga ushbu Nizomning 2-bandida nazarda tutilgan oʻquvchilar quyidagi mezonlar asosida tanlab olinadi:
fan olimpiadalari Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bosqichlarining 1 — 5-oʻrin sovrindorlari;
umumtaʼlim maktablarida chet tili, informatika va boshqa fanlarni “aʼlo” baholarga oʻzlashtirayotgan oʻquvchilar;
“Umid nihollari”, “Quvnoq startlar”, “Alpomish” va “Barchinoy” sport musobaqalarining umumtaʼlim maktablari, tuman (shahar) bosqichlari 1 — 3-oʻrin sovrindorlari;
umumtaʼlim maktablarining “Eng faol oʻquvchi” nominatsiyasi gʻoliblari;
“Konstitutsiya — erkinligimiz kafolati” respublika tanlovining tuman (shahar) bosqichi 1 — 3-oʻrin sovrindorlari;
“Faol kitobxon oʻquvchi” tanlovining respublika bosqichi 1, 2, 3-oʻrin sovrindorlari;
umumtaʼlim maktablarining iqtidorli va ijodkor (sheʼr yozadigan, rasm chizadigan va h.k.) oʻquvchilari;
xalq taʼlimi organlari va “Barkamol avlod” bolalar maktablari tomonidan tashkil etiladigan turli tadbirlar gʻoliblari va faol ishtirokchilari;
musiqa va sanʼat sohasi boʻyicha xalqaro va respublika tanlovlari gʻoliblari;
umumtaʼlim maktablari “Yoshlar ittifoqi” yoshlar ijtimoiy harakati boshlangʻich tashkilotining faol aʼzolari.”.
2. 10-banddagi “xalq taʼlimi muassasalari faoliyatini metodik taʼminlash va tashkil etish tuman (shahar) boʻlimlari” degan soʻzlar “tuman (shahar) xalq taʼlimi boʻlimlari” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
3. 11-bandning beshinchi xatboshisidagi “Kamolot” YIHning” degan soʻzlar “Yoshlar ittifoqining” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
4. 12-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“12. Markazga oʻquvchilarni tanlab olish boʻyicha tuman (shahar) komissiyasi (bundan buyon matnda tuman (shahar) komissiyasi deb yuritiladi) tuman (shahar) xalq taʼlimi boʻlimi mudirining buyrugʻi bilan quyidagi tarkibda tuziladi:
mudir;
mudir oʻrinbosari;
taʼlim muassasalari faoliyatini tashkil etish shuʼbasi rahbari;
maʼnaviy-axloqiy tarbiya va bolalarni ijtimoiy himoyalash shuʼbasi rahbari;
oʻquv-tarbiya jarayonini metodik taʼminlash shuʼbasi rahbari;
taʼlim sifati monitoringi boʻlimi rahbari.”.
5. 13-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“13. Markazga oʻquvchilarni tanlab olish boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar komissiyalari (bundan buyon matnda hududiy komissiya deb yuritiladi) quyidagi tarkibda tuziladi:
Qoraqalpogʻiston Respublikasida — Qoraqalpogʻiston Respublikasi xalq taʼlimi vaziri, vazir oʻrinbosari, umumiy oʻrta taʼlim muassasalari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻlimi boshligʻi, maʼnaviy-axloqiy tarbiya va maktabdan tashqari taʼlim boʻlimi boshligʻi va 1 nafar tajribali xodim;
Viloyatlarda — viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi boshligʻi, boshliq oʻrinbosari, umumiy oʻrta taʼlim muassasalari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻlimi boshligʻi, maʼnaviy-axloqiy tarbiya va maktabdan tashqari taʼlim boʻlimi bosh mutaxassisi va 1 nafar tajribali xodim;
Toshkent shahrida — Toshkent shahar xalq taʼlimi bosh boshqarmasi boshligʻi, boshliqning birinchi oʻrinbosari, boshliqning oʻrinbosari, umumiy oʻrta taʼlim muassasalari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻlimi boshligʻi, maʼnaviy-axloqiy tarbiya va maktabdan tashqari taʼlim boʻlimi boshligʻi va 1 nafar tajribali xodim.”.
6. 29-bandning uchinchi xatboshisi chiqarib tashlansin;
toʻrtinchi xatboshi uchinchi xatboshi deb hisoblansin.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.11.2021-y., 10/21/2597-1/1041-son)