Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining
Qarori
Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirining koʻp kvartirali uy-joylarga xizmat koʻrsatish holati, shu jumladan, boshqaruv kompaniyalarining faoliyati yuzasidan axboroti toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirining koʻp kvartirali uy-joylarga xizmat koʻrsatish holati, shu jumladan, boshqaruv kompaniyalarining faoliyati yuzasidan axborotini eshitib, bu borada muayyan ishlar amalga oshirilganini qayd etadi.
Jumladan, 2017 — 2021-yillar davomida soha yoʻnalishida “Koʻp kvartirali uylarni boshqarish toʻgʻrisida”gi Qonun (bundan buyon matinda — Qonun), Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1 ta Farmoni va 2 ta qarori hamda 5 ta Hukumat qarori qabul qilingan.
Qonun normalarini aprobatsiya qilish yuzasidan Toshkent shahrining Yakkasaroy tumani hamda Jizzax va Margʻilon shaharlarida koʻp kvartirali uylarni boshqarish boʻyicha huquqiy eksperiment oʻtkazilib, natijasi boʻyicha ushbu Qonunning 18 ta moddasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilgan.
Respublikada 2021-yil 1-sentabr holatiga koʻra 38 373 ta koʻp kvartirali uy mavjud boʻlib, shundan 25 987 tasi 4 185 ta uy-joy mulkdorlari shirkati va 9 840 tasi 290 ta boshqaruv tashkiloti, 714 tasi bevosita mulkdorlar va tashkilotlar (balansida boʻlgani uchun) tomonidan boshqariladi.
Qonun normalarini aprobatsiya qilish boʻyicha Toshkent shahri Yunusobod tumanida oʻtkazilgan huquqiy eksperiment koʻp kvartirali uylarga xizmat koʻrsatilishi xarajatlarining qisqarishiga, xizmat koʻrsatish darajasining ortishiga ijobiy taʼsir etgan.
Jumladan, tumandagi koʻp kvartirali boshqaruv kompaniyalarining xizmat koʻrsatishi natijasida avariya holatlarini 60 foizga, mulkdorlarning muddati oʻtgan majburiy badallar boʻyicha qarzdorligi 25 foizga qisqargan hamda 1 mlrd 400 mln soʻmlik bank krediti qaytarilgan.
Shu bilan birga, oʻrganishlar sohada oʻz yechimini kutayotgan muammo hamda toʻliq foydalanilmayotgan imkoniyatlar mavjudligini koʻrsatdi.
Xususan, sohaga oid qonun hujjatlari va belgilangan chora-tadbirlarning oʻz vaqtida ijro etilmaslik holatlari mavjud.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 19-iyundagi PQ-5152-sonli qarorida belgilangan normalar Qonunga toʻliq muvofiqlashtirilmagan.
Qonunga muvofiq koʻp kvartirali uylarni boshqarish organlarining, mulkdorlarining huquqlari va qonuniy manfaatlari bilan bogʻliq faoliyati toʻgʻrisidagi axborotni vazirlikning rasmiy veb-saytiga joylashtirish va uni yangilab borish belgilangan boʻlishiga qaramasdan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 19-iyundagi PQ-5152-sonli qaroridan tashqari boshqa qonun va qonunosti hujjatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar joylashtirilmagan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 24-apreldagi PQ-2922-sonli qarorida 2017-yilning 1-sentabriga qadar “Taʼmirlash-tiklash xizmati” DUK hamda uning shahar va tuman filiallarini maxsus texnika va mexanizmlarning namunaviy roʻyxati asosida 2 156 ta maxsus texnika hamda mexanizmlar bilan taʼminlash belgilangan boʻlsa-da, vazirlik tomonidan ushbu ishlar oxiriga yetkazilmagan.
Shuningdek, yuqoridagi qaror bilan koʻp xonadonli uylarni (mulkchilik shaklidan qatʼiy nazar) pasportlashtirish va natijasi boʻyicha yagona maʼlumotlar bazasini shakllantirish hamda uni muntazam yangilab borishni taʼminlash belgilangan.
Biroq, hozirda jami 38 ming 373 ta koʻp kvartirali uylardan 18 ming 762 tasiga (49 foiz) kadastr hujjatlari rasmiylashtirilmagan.
Toshkent shahrining Yunusobod va Yakkasaroy tumanlarida faoliyat yuritayotgan boshqaruv kompaniyalari faoliyatida ham qator hal etilishi zarur boʻlgan masalalar mavjud.
Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 19-iyundagi PQ-5152-sonli qarori bilan shirkatlardan boshqaruvchi tashkilotlarga oʻtgan uy-joylar uchun jalb qilingan kreditlarning muddatini mahalliy hokimliklar kafilligi asosida uch yilgacha uzaytirish belgilangan boʻlsa-da, Toshkent shahrining Yunusobod va Yakkasaroy tumanlari hokimliklari tomonidan mazkur talablar bajarilmagan.
Shuningdek, qayd etilgan qarorga muvofiq koʻp kvartirali uy-joylarda istiqomat qiluvchi, ijtimoiy himoyaga muhtoj “Temir daftar”ga kiritilgan oilalarning majburiy badalini “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari” jamgʻarmalari hisobidan subsidiya ajratish uchun boshqaruv kompaniyalari va shirkatlarga mablagʻlar berilmagan. Qolaversa, ushbu maqsadlarga mablagʻlarni ajratish tartibi ham mavjud emas.
Yakkasaroy tumanidagi “Classic bilding communal” MCHJ tasarrufidagi (60 ta) koʻp kvartirali uylar joylashgan Boshliq mahallasida 40 nafar “Temir daftar”ga, 115 nafar “Yoshlar daftari”ga va 17 nafar “Ayollar daftari”ga kiritilgan fuqarolar mavjud boʻlsa-da, boshqaruv kompaniyasi tomonidan jamgʻarmalardan subsidiya olinishi taʼminlanmagan.
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 4-yanvardagi 5-sonli qaroriga muvofiq tajriba tariqasida Yunusobod tumanida 229 ta, Shayxontohur tumanida 35 ta, Yakkasaroy tumanida 22 ta faoliyat yuritmayotgan shirkatlarning kreditlarini hamda majburiy badallar boʻyicha qarzlarini belgilangan tartibda yangi tashkil etilgan Yunusobod tumanidagi 12 ta, Shayxontohur tumanidagi 11 ta va Yakkasaroy tumanidagi 6 ta boshqaruv kompaniyasiga oʻtkazib berilmagan.
Natijada mulkdorlardan majburiy badal pullari toʻliq boshqaruv kompaniyalari tomonidan yigʻib olingan va oʻz maqsadlariga sarf qilinib, faoliyat yuritmayotgan shirkatlarning esa zimmasidagi muammoli kredit qarzlarining ortishiga olib kelgan.
Bundan tashqari, koʻp kvartirali uylar mulkdorlari tomonidan oʻz vaqtida toʻlanmagan majburiy badallarni undirish darajasi past boʻlib, badal toʻlanmaganligi uchun mulkdorga nisbatan taʼsirchan choralar koʻrish imkoniyati mavjud emas.
Xususan, Yunusobod tumanida 2020-yilda majburiy undiruvga qaratilgan 72 mln soʻmlik 10 ta ijro hujjatidan faqat 1 391 soʻm undirilgan.
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-yanvardagi 67-sonli qarori bilan tasdiqlangan chora-tadbirlar rejasiga asosan Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi tomonidan 2019-yil 1-mayga qadar “Obod uy” elektron dasturi bilan koʻp kvartirali uylarni toʻliq qamrab olish belgilangan boʻlishiga qaramasdan, bugungi kunga qadar mavjud 4 185 ta shirkatdan 2 286 tasi (55 foizi) hamda 38 373 ta koʻp kvartirali uydan 35 270 tasi (92 foizi), 1 288 801 ta xonadondan 760 342 tasi (59 foizi) dasturga kiritilgan xolos, maʼlumotlar bazasi toʻliq shakllanmagan.
Bundan tashqari, koʻp kvartirali uy-joylarga xizmat koʻrsatilishida qator kamchiliklar kuzatilgan.
Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligining Koʻp kvartirali uy-joy fondidan foydalanish sohasini nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan koʻp xonadonli uy-joy fondini, unga tutash hududlarni saqlash va undan foydalanish qoidalariga rioya etish yuzasidan 111 674 ta holatda kamchiliklar aniqlanib, ularni bartaraf etish yuzasidan aybdorlarga va mahalliy hokimlik organlariga aksariyat hollarda majburiy koʻrsatma yuborish bilan cheklangan.
Inspeksiya tomonidan faqat lift uskunalariga xizmat koʻrsatish holati oʻrganilgan boʻlib (3 831 ta kamchilik va huquqbuzarlik holatlari aniqlangan), kommunal sohadagi issiqlik suvi, ichimlik suvi, elektr energiya taʼminoti, tabiiy gaz hamda chiqindilarni olib chiqib ketish sohasidagi tashkilotlar tomonidan meʼyoriy hujjatlar talablariga rioya etish borasidagi faoliyati toʻliq nazorat qilinmagan.
Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligining “Kommunaloʻquv” oʻquv-metodik markazi” DUK tashkil etilgan boʻlib, faoliyat yuritayotgan 4 ming 185 ta shirkatning faqat 60 nafar (1,5 foizi) rahbari hamda 290 ta boshqaruv kompaniyasining faqat Toshkent shahridagi 20 nafar mutaxassisi (7 foizi) malakasi oshirilgan va tegishli sertifikat berilgan.
Vaholanki, Qonunga muvofiq boshqaruv kompaniyalari shtatida tegishli malaka (attestatsiya) sertifikatiga ega boʻlgan kamida ikki nafar mutaxassis boʻlishi zarurligi belgilangan.
Xususan, Yakkasaroy tumanida 77 nafar, Jizzax shahrida 35 nafar, Margʻilon shahrida 14 nafar shirkat boshqaruvi raisi malaka sertifikatiga ega boʻlmagan holda faoliyat yuritgan.
Shuningdek, Jizzax shahrida 38 ta, Margʻilon shahrida 28 ta shirkatga aksariyatini oʻrta maxsus maʼlumotli yoki umuman koʻp kvartirali uylarni boshqarish sohasiga aloqasi boʻlmagan fuqarolar rahbarlik qilgan.
Qonunda shirkat raislari mulkdorlar ishtirokida oʻtkaziladigan yigʻilish qarori bilan saylanishi belgilangan boʻlsa-da, Jizzax va Margʻilon shaharlarida 16 nafardan, Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida 38 nafar shirkat boshqaruvi raislari mahalla fuqarolar yigʻinlari raislarining buyruqlari asosida tayinlangan.
Shirkat faoliyatida korrupsiya holatlari mavjud boʻlib, birgina Yunusobod tumanida 2018 — 2020-yillarda 10 ta shirkat tomonidan 733 mln soʻm talon-toroj qilingan.
Xususan, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan Yunusobod tumanidagi “Baxt qasri kommunal” xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati rahbari va boshqalar tomonidan uy-joy mulkdorlaridan badal toʻlovi, issiq suv va issiqlik energiyasi taʼminoti hamda avtoturargoh uchun undirilgan 288 mln 300 ming soʻmni bank muassasasiga topshirmasdan, oʻzlashtirish yoʻli bilan talon-toroj qilganliklari aniqlangan.
Yuqorida bayon etilganlarni inobatga olib, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamenti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 321-moddasiga hamda “Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 10-moddasiga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati qaror qiladi:
1. Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi tomonidan koʻp kvartirali uy-joylarning umumiy mol-mulkini saqlash, uni taʼmirlash, tutash yer uchastkasini obodonlashtirish ishlarini hamda xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlarining faoliyati ustidan nazoratni taʼminlash borasida olib borilayotgan ishlar yetarli emasligi qayd etilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
uch oy muddatda “Koʻp kvartirali uylarni boshqarish toʻgʻrisida”gi Qonun va qonunosti hujjatlarining ijrosi, sohada mavjud muammolar hamda ularni bartaraf etishga qaratilgan qonunchilikni takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
ikki oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligining vakolatlarini qayta koʻrib chiqib, uni takomillashtirish hamda tuzilmalar faoliyatini samarali tashkil etish boʻyicha takliflar tayyorlash;
yangi koʻp kvartirali uylarni va zamonaviy dahalarni barpo qilish uchun ruxsat berilishi faqat ularning muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari, shu jumladan, oqova suv tizimi infratuzilmasi bilan taʼminlangani darajasini hisobga olgan holda amalga oshirish hamda bu borada foydalanish hajmining ortishini doimiy ravishda nazorat qilish choralarini koʻrsin.
3. Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda:
bir oy muddatda koʻp kvartirali uy-joylarga xizmat koʻrsatish holati, shu jumladan, boshqaruv kompaniyalarining faoliyatini oʻrganish jarayonida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqsin;
ikki oy muddatda vazirlikning Koʻp kvartirali uy-joy fondidan foydalanish sohasini nazorat qilish inspeksiyasi faoliyatini qayta koʻrib chiqish, inspeksiya faoliyatiga oid qonunchilik hujjatlarini takomillashtirish, inspeksiyani malakali kadrlar bilan toʻldirish, tizimda korrupsiya holatlarining oldini olishga qaratilgan hamda masofadan “online” rejimda hududiy boʻlinmalarning ishini nazorat qilish imkonini beruvchi dasturni joriy etish boʻyicha takliflar ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
bir oy muddatda vazirlik veb-saytini tubdan takomillashtirish va oʻzgartirish, interaktiv xizmatlarni koʻpaytirgan holda sohaga oid yangiliklarni hamda koʻp kvartirali uylarni boshqarish organlarining mulkdorlarining huquqlari va qonuniy manfaatlari bilan bogʻliq axborotlarni veb-saytga doimiy ravishda joylashtirsin va yangilab borsin;
uch oy muddatda “Taʼmirlash-tiklash xizmati” DUK va uning barcha hududiy filiallari faoliyatini talab darajasida tashkil etilishini taʼminlasin;
koʻp kvartirali uy-joylarga xizmat koʻrsatish va boshqaruv kompaniyalari faoliyati samaradorligini oshirishda mavjud qarzdorlikni kamaytirish, oʻz vaqtida toʻlanmagan badallarni mulkdorlardan majburiy undirish harakatlarini takomillashtirish yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi bilan hamkorlikda takliflar ishlab chiqib, 2022-yil 1-yanvarga qadar Vazirlar Mahkamasiga taqdim etsin;
uch oy muddatda “Kommunaloʻquv” oʻquv-metodik markazi” DUK faoliyatini jadallashtirish hamda barcha shirkat rahbarlarini va boshqaruv kompaniyalarining masʼul xodimlarini koʻp kvartirali uylarni boshqarishning amaldagi qonunchilik talablariga asosan malakasini oshirishni taʼminlasin;
uch oy muddatda shirkat va boshqaruv kompaniyalarining faoliyatini samarali tashkil etilishini masofadan turib nazorat qilish imkonini beruvchi billing tizimi — “Obod uy” elektron dasturini takomillashtirish choralarini koʻrsin.
Mazkur Qarorning ijrosi yuzasidan amalga oshirilgan ishlar haqida umumlashtirilgan batafsil axborotni 2022-yilning 1-fevraliga qadar Oliy Majlis Senatiga taqdim etsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bir oy muddatda koʻp kvartirali uy-joylarda istiqomat qiluvchi, “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida roʻyxatga olingan muhtoj oilalarga majburiy badalni toʻlab berish uchun “Temir daftar”ga kiritilgan oilalarni qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlarini moliyalashtirish manbalari, “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari” jamgʻarmalari hisobidan subsidiya ajratish boʻyicha tegishli meʼyoriy hujjatlar qabul qilish choralarini koʻrsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi, Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi bilan hamkorlikda:
koʻp kvartirali uylarni (mulkchilik shaklidan qatʼiy nazar) pasportlashtirish va natijasi boʻyicha yagona maʼlumotlar bazasini shakllantirish hamda uni muntazam yangilab borish boʻyicha belgilangan va amalda bajarilmasdan qolgan vazifalar ijrosini taʼminlasin;
mulkdorlar yoki boshqaruvchilarga koʻp kvartirali uy-joylarga tutash yer uchastkalari chegaralari va oʻlchamlarini belgilash, shu jumladan, kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish uchun toʻlovlarni bir yil davomida teng ulushlarda boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyatini yaratish boʻyicha taklif kiritsin.
6. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga:
uch oy muddatda tijorat banklari bilan birgalikda koʻp kvartirali uy-joylarni boshqarish usuli shirkatlardan boshqaruv kompaniyalariga oʻtgan uy-joylar uchun jalb qilingan kreditlarning muddatini, mahalliy hokimliklar kafilligi asosida uzaytirish choralarini koʻrsin;
koʻp kvartirali uy-joylarni boshqarishda samarasiz faoliyat olib borayotgan shirkatlarning moddiy-texnika bazasining holati va iqtisodiy ahvolini tahlil qilib, ularni belgilangan tartibda tugatilishini taʼminlasin.
7. Senatning Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasi masʼul vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki hafta muddatda hududlarda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holatini tahlil qilsin hamda Qoʻmita majlisida muhokama qilsin.
8. Senatning Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni taʼminlash masalalari qoʻmitasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi bilan hamkorlikda aholi bilan doimiy muloqot oʻrnatib, koʻp kvartirali uylarga xizmat koʻrsatish yuzasidan bildiriladigan eʼtirozlarga tezkor munosabat bildirilishini yoʻlga qoʻysin.
9. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga:
koʻp kvartirali uy-joydagi umumiy mol-mulkning talab darajasida saqlanishini taʼminlash uchun zarur boʻlgan xizmatlar va ishlarning minimal roʻyxatini tasdiqlash;
uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish hududiy boʻlinmalari boshliqlarining sohaga oid qonunchilik hujjatlari ijro etilishi holati toʻgʻrisidagi axborotlarini oʻz sessiyalarida muhokama qilish tavsiya etilsin.
10. Mazkur Qaror ijrosini nazorat qilish Senatning Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasi (E. Gadoyev) zimmasiga yuklansin.
11. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2021-yil 20-oktabr,
SQ-408-IV-son