Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirining
Buyrugʻi
“Gaz taʼminoti. Loyihalash meʼyorlari” shaharsozlik normalari va qoidalariga oʻzgartirish va qoʻshimcha kiritish toʻgʻrisida
(Texnik xujjatlar)
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2021-yil 23-oktabrda hisobga olindi, hisob raqami 41]
Oʻzbekiston Respublikasi Shaharsozlik kodeksiga muvofiq buyuraman:
1. ShNQ 2.04.08-13 “Gaz taʼminoti. Loyihalash meʼyorlari” shaharsozlik normalari va qoidalariga ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimcha kiritilsin.
2. Mazkur buyruq Adliya vazirligida hisobga olingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir B. ZAKIROV
Toshkent sh.,
2021-yil 15-oktabr,
188-son
Oʻzbekiston Respublikasi qurilish vazirining 2021-yil 15-oktabrdagi 188-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
ShNQ 2.04.08-13 “Gaz taʼminoti. Loyihalash meʼyorlari” shaharsozlik normalari va qoidalariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimcha
6.2-bandda:
a) uchinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Maishiy gazdan foydalanish uskunalarini ulash uchun ishlatiladigan elastik shlanglar texnik sozligini tasdiqlovchi guvohnoma va muvofiqlik sertifikatiga ega boʻlishi kerak. Bunday shlanglarning ichki diametri 10 mm dan kam boʻlmagan, uzunligi 1,5 m dan oshmagan va “gaz” soʻzi bilan markalangan boʻlishi lozim.”;
b) quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Gaz hisoblagichlar, issiqlik taʼminoti va issiq suv taʼminoti qozonlari hamda gaz plitalarni qoʻp qavatli uylarda, shuningdek tor sharoitlarda oʻrnatishda hisoblagichlarni quvurlarga ulash joylarida egiluvchan metall quvurlardan foydalanishga ruxsat etiladi. Metall quvurlar ikki tomonlama muftalar bilan mustahkamlanganda, u qoʻshimcha rezbali va payvandlangan boʻgʻinlarga ega boʻlmasligi kerak.”.