Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan Turkmaniston Adolat vazirligi oʻrtasida
Anglashuv Memorandumi
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va Turkmaniston Adolat vazirligi, bundan keyin “Ishtirokchilar” deb ataluvchilar,
doʻstona aloqalarni rivojlantirish istagini bildirib,
huquq va adliya sohasida xalqaro hamkorlikning muhimligiga alohida eʼtibor bergan holda,
oʻzaro manfaatli masalalar yuzasidan hamkorlikni rivojlantirishga boʻlgan istaklarini inobatga olgan holda,
quyidagilar toʻgʻrisida oʻzaro anglashuvga erishdilar:
1-paragraf
Hamkorlik maqsadi
Hamkorlik maqsadi
Anglashuv memorandumining (Memorandum) maqsadi oʻzaro manfaatdorlik va tenglik asosida huquq va adliya sohasida ikki tomonlama hamkorlikni ragʻbatlantirish va rivojlantirishga qaratilgan institutsional aloqalar uchun asos yaratishdan iborat.
2-paragraf
Hamkorlik sohalari
Hamkorlik sohalari
Ishtirokchilar oʻz vakolatlari doirasida va oʻz davlatlarining qonunchiligiga amal qilgan holda quyidagi sohalarda hamkorlik olib boradilar:
1) qonun (norma) ijodkorligi va huquqni qoʻllash amaliyoti;
2) fuqarolarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish;
3) yuridik kadrlarni tayyorlash va kasbiy rivojlantirish;
4) kadrlar bilan ishlash;
5) arbitraj;
6) oʻzaro manfaatli boʻlgan boshqa sohalar.
3-paragraf
Hamkorlik shakllari
Hamkorlik shakllari
Mazkur Memorandumning 2-paragrafida nazarda tutilgan hamkorlik sohalari quyidagi shakllarda amalga oshiriladi:
1) bir-birining adliya organlari va muassasalari faoliyati bilan yaqindan tanishish maqsadida qisqa muddatli va uzoq muddatli mutaxassislar (xodimlar) bilan almashish;
2) Ishtirokchilarning ekspert va mutaxassislarini normativ-huquqiy hujjat loyihalarini tayyorlashga jalb qilish;
3) oʻzaro tajriba almashish uchun qoʻshma tadbirlarni tashkil etish va oʻtkazish, xususan konferensiya, seminar, trening, maʼruza va amaliy mashgʻulotlar, “davra suhbatlari” va boshqalar;
4) xalqaro tadbirlarda ishtirok etish;
5) qoʻshma tadqiqotlarni tashkil etish va oʻtkazish;
6) huquqiy axborot va adabiyotlar hamda boshqa nashrlar bilan almashish;
7) hamkorlikning oʻzaro manfaatli boʻlgan boshqa shakllari.
4-paragraf
Dasturlar va uchrashuvlar
Dasturlar va uchrashuvlar
Mazkur Memorandum qoidalarini amalga oshirish maqsadida Ishtirokchilar oʻzaro kelishuv asosida qisqa va uzoq muddatli hamkorlik tadbirlar dasturlarini tayyorlaydilar.
Ishtirokchilar mazkur dasturlarni oʻz vaqtida va samarali amalga oshirishga intiladilar.
Ishtirokchilar mazkur Memorandumni amalga oshirilishini taʼminlash uchun ishchi guruhlarini tuzishlari mumkin.
Mazkur Memorandumda koʻzda tutilgan kelishuvlar bajarilishini koʻrib chiqish uchun Ishtirokchilar bir-birining davlatlarida muqobil ravishda uchrashuvlar oʻtkazishlari mumkin. Zarur hollarda Ishtirokchilarning kelishuvi asosida videokonferensaloqa orqali ham muzokaralar olib borishlari mumkin.
5-paragraf
Axborotdan foydalanish
Axborotdan foydalanish
Ishtirokchilar mazkur Memorandum doirasida boshqa Ishtirokchidan olingan hujjatlar, maʼlumotlar va boshqa materiallarning oshkor qilinmasligini taʼminlaydilar hamda ularni taqdim etuvchi Ishtirokchining dastlabki yozma roziligisiz uchinchi tomonga bermaydilar.
6-paragraf
Ishchi til
Ishchi til
Mazkur Memorandum boʻyicha hamkorlikni amalga oshirishda Ishtirokchilar rus tilidan foydalanadilar.
7-paragraf
Moliyaviy xarajatlar
Moliyaviy xarajatlar
Ishtirokchilar mazkur Memorandumni amalga oshirish bilan bogʻliq oʻz xarajatlarini, agar har bir alohida holatda boshqacha tartib kelishilmagan boʻlsa, mustaqil tarzda qoplaydilar.
8-paragraf
Huquq va majburiyatlar
Huquq va majburiyatlar
Mazkur Memorandum xalqaro shartnoma hisoblanmaydi va Ishtirokchilar uchun xalqaro huquq bilan tartibga solinadigan huquq va majburiyatlar keltirib chiqarmaydi.
9-paragraf
Nizolarni hal qilish
Nizolarni hal qilish
Mazkur Memorandumni talqin qilish yoki qoʻllash bilan bogʻliq barcha kelishmovchiliklar Ishtirokchilar tarafidan maslahatlashuvlar opqali hal qilinadi.
10-paragraf
Oʻzgartish va qoʻshimchalar
Oʻzgartish va qoʻshimchalar
Mazkur Memorandumga Ishtirokchilarning oʻzaro kelishuviga muvofiq, uning ajralmas qismi hisoblanadigan hamda alohida bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladigan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
11-paragraf
Kuchga kirishi, amalda boʻlishi va bekor qilinishi
Kuchga kirishi, amalda boʻlishi va bekor qilinishi
Mazkur Memorandum imzolangan vaqtdan boshlab kuchga kiradi va Ishtirokchilardan birining ikkinchisini uning amal qilishini tugatish niyati toʻgʻrisida yozma ravishda xabardor qilgan kundan boshlab uch (3) oy muddat oʻtgungacha amal qiladi.
Ushbu Memorandumning bekor qilinishi uning qoidalariga muvofiq amalga oshirilayotgan qoʻshma dastur va tadbirlarning yakuniy ijro qilinishiga, agar Ishtirokchilar ularning tugatilishi haqida bildirmasalar, taʼsir qilmaydi.
Toshkent shahrida 2021-yil 5-oktabrda ikki asl nusxada, har biri oʻzbek, turkman va rus tillarida imzolandi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Mazkur Memorandum qoidalarini talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan taqdirda, rus tilidagi matn ustuvor hisoblanadi.
(imzolar)